XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 19-§

Qo‘ng‘irotlar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot

QO‘NG‘IROTLAR BOSHQARUVI

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Xorazmning geografik joylashuvini tavsiflab bering. Uning shu davrdagi siyosiy-geografik o‘rni qanday edi?
Savollar: 2. Xiva shahrining madaniy yodgorliklari tarixini bilasizmi? Ulardan bugungi kunda qaysilari saqlangan?

Tarix saboqlari

Aholi Turonning yirik siyosiy, savdo-iqtisodiy markazlaridan biri, eskidan sharq va janubni shimol bilan bog‘lovchi yo‘llar chorrahasida joylashgan Xorazm Amudaryo quyi oqimidagi yerlarni o‘z ichiga olishi bilan birga, Orol-Kaspiy pasttekisligining shimoli-sharqiy qismini, sharqda Orol va Kaspiy dengizlari o‘rtasidagi Ustyurt yassiligi hamda Qoraqum cho‘lining shimolini, ayrim davrlarda janubda, hatto Xuroson tog‘larining shimoliy cho‘qqilari bo‘ylab cho‘zilib yotgan hududlarni, shimoli-sharqda Qizilqum sahrosidan to Sirdaryoning quyilishigacha bo‘lgan yerlarni egallagan.

Qumli keng sahro xonlikni ikki bo‘lakka – Amudaryo orqali sug‘oriladigan – Suvbo‘yi (daryo tomoni) va Kopetdog‘ning tog‘oldi yerlari – Tog‘bo‘yi hududlariga ajratgan.

Tarix saboqlari

Aholining asosini qadimgi o‘troq xalqning avlodlari tashkil etgan. XVI–XVII asrlar davomida Qipchoq dashtidan ko‘chmanchi urug‘lar Turon, xususan, Xorazm vohasiga ommaviy tarzda kirib kelgan. Keyinchalik ular dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy aholi orasiga singib ketishgan.

Xonlikning shimoli-sharqiy chegaralarida, Amudaryoning qo‘ltiqlari oralig‘ida qoraqalpoqlar joylashgan bo‘lib, ularning bir qismi bu yerda oldindan yashab kelgan bo‘lsa, bir qismi Sirdaryoning quyi oqimlaridan XVIII asrda ko‘chib o‘tganlar. Qoraqalpoq urug‘lari joylashgan hududning jug‘rofiy o‘ziga xosligi ishlab chiqarish an’analari va xo‘jalik munosabatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Tarix saboqlari

Turkmanlarning katta qismi esa Kaspiy dengizi bo‘ylarida yashagan. XVI asr o‘rtalariga kelib, yaylovlarning siyraklashib qolishi tufayli turkmanlar sharqqa, xususan, Xorazm va Xurosonning dehqonchilik hududlariga ko‘chgan.

XVII asrning boshlarida esa turkmanlarning Xorazm hayotidagi ishtiroki sezilarli darajada oshgan va ularning xonlik hududlariga kelib joylashuvi XIX asrning birinchi yarmiga qadar davom etgan.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Donli ekinlar deganda qaysi o‘simliklar tushuniladi? Hozirda mamlakatimiz hududida qanday donli ekinlar yetishtiriladi?

2. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda bug‘doyning ahamiyatini misollar bilan sharhlashga harakat qiling.

Dehqonchilik va chorvachilik

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zlashtirilgan yerlarning 93 foizi xonlikning janubiy qismiga to‘g‘ri kelgan. Janubiy Xorazm dehqonchiligi mutlaqo sun’iy sug‘orishga asoslanganligi bilan Turonning boshqa hududlaridan tubdan farq qilgan. Tuproq hosildorligining pastligi unga ishlov berishning maxsus usullarini qo‘llashni talab etgan. Dala eniga va bo‘yiga 5, 10, hatto 20 martalab haydalgan.

Xonlikda ekinlarni almashlab ekish tajribasi qo‘llanilgan. Ko‘p yillik ekinlar bir dalada, boshqa turdagi o‘simliklar bilan ma’lum bir ketma-ketlikda ekib borilgan. Xonlik xo‘jaligida donli ekinlar asosiy o‘rinni egallagan.

“Sharqda ham, g‘arbda ham Xorazm qovuniga teng keladigani yo‘q” bo‘lib, uning oftobda quritilgan qoqisi Hindiston va hatto Xitoyning uzoq shaharlarida ham sotilgan.

Dehqonchilik va chorvachilik

XVII asrda Balxda (Afg‘oniston) meva va sabzavotlarning navini yaxshilash maqsadida Xorazmda yetishtirilgan qovunlarning ko‘ktarnay navidan foydalanilgan.

Voha iqtisodiyotida bog‘dorchilikning o‘rni yuqori bo‘lmasa-da, mevalarning deyarli barcha turlari va eng yaxshi navlari yetishtirilgan. Xorazmning o‘troq agrar xo‘jaligida chorvachilikning ham o‘rni katta edi. Yerga ishlov berishda ot, ho‘kiz, tuya va qisman eshakdan foydalanilgan.

Dehqonchilikda otlar asosiy ish kuchi hisoblanib, Xorazm otlarning turkman oti va qozoq oti singari zotlari bilan mashhur bo‘lgan. Turkman oti, asosan, chavandozlikda, qozoq oti esa ishchi kuchi sifatida foydalanilgan.

Dehqonchilik va chorvachilik

Chorvachilikda zotdor qo‘ylar yetishtirilgan bo‘lib, ularning ham turkmani qo‘y, qozoqi qo‘y hamda arabi qo‘y va guzari qo‘y kabi zotlari qimmatli ahamiyatga ega bo‘lgan.

Manbalarda

“Xiva mevalari shu qadar yaxshiki, ularga o‘xshashini nafaqat Eron va Turkiyada, balki butun Yevropada ham topish qiyin. Ayniqsa, Hazoraspning olmalari, Xivaning nok va uzumlari va uzoq Pekingacha mashhur bo‘lgan beqiyos ajoyib qovunlari tahsinga loyiq”.

Arminiy Vamberi

Yer egaligi

Xonlikda barcha yerlar davlat (xon) mulki hisoblansa-da, egalik shakliga ko‘ra davlat yerlari, xususiy yerlar va vaqf yerlari shakllari mavjud bo‘lgan.

Hukmdorga qarashli yerlar, asosan, zabt etilgan hududlar hisobidan shakllantirilgan va yer solig‘ini to‘lash evaziga dehqonlarga ijaraga berilgan. Davlat yerlari qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish va obodonlashtirish hisobiga ham to‘ldirilgan. Hujjatlarda ularning “zamini maita”, “bekor yer”, “bo‘z yerlar” singari shakllari tilga olinadi. Davlat yerlarining yana bir manbayi yer egalari bilan tuzilgan fuqarolik shartnomalari yoki meros huquqi – “zamini matruka” asosida davlatga o‘tgan yerlar bo‘lgan. Shariatga ko‘ra, vafot etgan shaxsning yeri vorisi bo‘lmagan taqdirda meros tariqasida xalifa yoki uning noibi: sulton, amir, xonga o‘tgan. Bu toifaga aybdor shaxslarning musodara qilingan yer mulklari ham kirgan.

Yer egaligi

Hukmdor bu yerlarni o‘z mulozimlariga davlat solig‘ini to‘lash va mehnat majburiyatlarini o‘tash evaziga vorislik huquqi asosida ijaraga bergan. Xiva xonligida XVI–XVIII asrlardagi siyosiy keskinliklar va tartibsizliklar aholining boshpanasiz qolishiga va dehqonchilikning izdan chiqishiga sabab bo‘ladi.

XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib qo‘ng‘irotlar hokimiyatiga qarshi muxolif kuchlarning bartaraf etilishi va ularga tegishli mulklarning musodara qilinishi hisobiga davlat yer jamg‘armasi kengayadi. Keng miqyosli sug‘orish ishlarining yo‘lga qo‘yilishi (bosh ariqlarning tiklanishi va qurilishi) natijasida o‘zlashtirilgan katta miqdordagi qo‘riq yerlar ham davlat yer maydonlarining ko‘payishini ta’minlaydi.

Manbalarda

“Ul vaqtda Mazdehqon qal’asindin to Baqirg‘anning beri yuzi Quyg‘un tegan yergacha bug‘doy ekilur erdi. Bizning xon (Arab Muhammadxon) Tuk qal’asining yuqorisidin bir ariq qazdurub tururlar. Faqir dunyog‘a kelmasdin bir yil burun. Me’zon bo‘lg‘anda saqasini ko‘marlar erdi. Bug‘doyni o‘rg‘an vaqtda ocharlar erdi. Bir necha yildin so‘ng ariqning kengligi otqan o‘q o‘tmasday bo‘ladi. Suvning oyoqi Quyg‘un boradi. Yolg‘uz bug‘doy ekilur erdi. Otli kishi o‘n kunda bug‘doyning toshindan aylanib kela bilmas erdi. Ul vaqtda pul-puchak, yarim misqol ko‘mush bir tanga yerina yurur erdi. Bir tangaga yarim teva yuki bug‘doy berurlar erdi. Bir misqol ko‘mushga bir xarvor bug‘doy berurlar erdi”.

Manbalarda

Abulg‘ozi Bahodirxon, “Shajarayi turk” asaridan

Hunarmandchilik

Xonlikning xo‘jalik hayotida otlar muhim o‘rin tutganligi bois, otning anjomlari – egar-jabduqlar tayyorlash va ularga bezak berishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, Xorazmda Amudaryo orqali savdo qilish, kemalar qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu kemachilikni hunarmandchilikning yana bir rivojlangan turiga aylantirgan. Xorazm ustalari kichik qayiqlardan tortib katta kemalargacha mahorat bilan yasashgan.

Sun’iy sug‘orishga asoslangan xo‘jalik Xiva xonligida chig‘ir tayyorlashning keng tarqalishiga sabab bo‘ladi. Hunarmand ustalar chig‘irning uchta asosiy qismlarini (suv idishlari o‘rnatilgan g‘ildirak, gorizontal o‘q va charxlarni) yasashda katta mahoratga ega bo‘lishgan.

Hunarmandchilik

Hunarmandlarning mehnati savdo-sotiq bilan bevosita bog‘langan edi. Ular o‘z mahsulotini ko‘pincha olibsotar orqali, ayrim hollarda esa o‘zlari sotar edilar.

Xorazm Turonning yirik savdo markazlari qatorida G‘arb bilan Sharqning iqtisodiy aloqalarida o‘ziga xos o‘ringa ega edi. Karvonsaroylarga keltirilgan xilma-xil mollarning bir qismi Xivada sotilsa, qolgan qismi boshqa joylarda sotilgan. Hunarmandchilik ko‘p tarmoqli bo‘lib, har bir soha ma’lum bir mahsulotni tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu o‘rinda Xorazmning tabiiy-iqlim sharoiti va hududiy xususiyatlari hisobga olingan.

Xonlikda to‘quvchilik nisbatan keng tarqalgan. Zero, ipak va paxta matolarga talab katta edi. Hunarmandchilikning rivojiga, ayniqsa, chegaradosh ko‘chmanchi dasht aholisining ehtiyoji ham sabab bo‘lgan. Ayni paytda to‘qimachilikning rivojlanishi nafaqat ichki, balki tashqi bozor uchun ishlovchi shaharlarning taraqqiyotini ham ta’minlagan.

Hunarmandchilik

Xorazmda hunarmandchilikning Turonda rivoj topgan deyarli barcha turlari mavjud bo‘lgan. Kigiz-namat to‘qish va kigizfurushlik, po‘stindo‘zlikda, cho‘girma – qorako‘l terisidan maxsus telpaklar tikishda Xorazm ustalari katta mahoratga ega bo‘lishgan. Turkman gilamlari ham tayyorlangan.

Madaniy hayot

Xorazm o‘lkasida ta’lim tizimi Turonning boshqa hududlarida bo‘lgani singari quyi bosqich – maktablar va yuqori bosqich – madrasa negizida faoliyat yuritgan. Maktablar yirik shaharlarning deyarli har bir mahallasida mavjud bo‘lib, bolalar 6 yoshdan (ba’zan 5 yoshdan) ta’lim olishni boshlar va 15–16 yoshgacha davom ettirar edi. Maktablar odatda mahalla masjidlari qaramog‘ida bo‘lgan. Maktablarda qiz bolalar uchun maxsus sinflar ham ajratilgan.

Madrasalar odatdagidek hukron sulola vakillari, yirik amaldorlar tomonidan qurdirilgan. Ularning ko‘pchiligi Xiva shahrida faoliyat yuritgan. Madrasalar Urganch, Shohobod, Shovot, Hazoraspda ham mavjud edi.

Madaniy hayot

Kitobat va xattotlik, musiqa san’ati juda rivojlangan.

Bilasizmi?

1. Xorazmlik o‘rta yashar erkak. 2. Erkaklar turma belbog‘i. 3. Din peshvolarining ustki kiyimi. 4. Chopon. Olacha, jiyak. 5. Kavush.

6. Ayollar bosh kiyimi. 7. Chopon. Olacha. 8. Xorazmlik o‘rta yashar ayol. 9. Mahsi. 10. Paranji, chachvon. 10

Mustaqil faoliyat

Savollar: 1. Bu davrda Xorazm vohasida dehqonchilikning o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat edi? Xorazm o‘zining qaysi dehqonchilik mahsulotlari bilan dunyoga tanilgan?
Savollar: 2. Yerga egalik qilishda qanday o‘zgarishlar ro‘y bergan? Yer egaligining qanday shakllari bor edi va ularning bir-biridan farqlarini aytib bering.
Savollar: 3. Berilgan rasmlar asosida o‘sha davrdagi hunarmandchilikning o‘ziga xos jihatlarini sanang. 4. Nima deb o‘ylaysiz, o‘rganilayotgan davrdagi kiyinish madaniyati hozirgi kunda ham saqlanib qolganmi?

5. Buxoro va Xorazm madaniy hayotining o‘xshash va farqli jihatlarini yoritib bering va to‘plagan ma’lumotlaringiz asosida taqdimot tayyorlang.

Mustaqil faoliyat

Yog‘och o‘ymakor usta

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Xorazm Turonning qanday yo‘llar chorrahasida joylashgan edi?
  1. Sharq va janubni shimol bilan bog‘lovchi yo‘llar
  2. Faqat Xitoyni Rim bilan bog‘lovchi yo‘l
  3. Hindistonni Eron bilan bog‘lovchi dengiz yo‘li
  4. Faqat Kaspiy bo‘yi savdo yo‘li

To‘g‘ri javob: Sharq va janubni shimol bilan bog‘lovchi yo‘llar. Xorazm eskidan sharq va janubni shimol bilan bog‘lovchi yo‘llar chorrahasida joylashgan.

Qumli keng sahro xonlikni qaysi ikki bo‘lakka ajratgan?
  1. Shimoliy va Janubiy qism
  2. Suvbo‘yi va Tog‘bo‘yi
  3. Sharqiy va G‘arbiy qism
  4. Dashtbo‘yi va Vohabo‘yi

To‘g‘ri javob: Suvbo‘yi va Tog‘bo‘yi. Sahro xonlikni Suvbo‘yi (daryo tomoni) va Tog‘bo‘yi hududlariga ajratgan.

Atamalarni ta’riflar bilan moslang. 1. Suvbo‘yi; 2. Tog‘bo‘yi; 3. Zamini matruka; 4. Cho‘girma. A) Kopetdog‘ning tog‘oldi yerlari; B) meros huquqi yoki shartnoma asosida davlatga o‘tgan yerlar; C) qorako‘l terisidan tikilgan maxsus telpak; D) Amudaryo orqali sug‘oriladigan hudud.
  1. 1-A, 2-D, 3-B, 4-C
  2. 1-D, 2-A, 3-C, 4-B
  3. 1-D, 2-B, 3-A, 4-C
  4. 1-D, 2-A, 3-B, 4-C

To‘g‘ri javob: 1-D, 2-A, 3-B, 4-C. Suvbo‘yi — Amudaryo bilan sug‘oriladigan qism, Tog‘bo‘yi — Kopetdog‘ tog‘oldi, zamini matruka — meros yoki shartnoma orqali davlatga o‘tgan yer, cho‘girma — qorako‘l telpak.

Qipchoq dashtidan ko‘chmanchi urug‘lar Xorazm vohasiga ommaviy tarzda qaysi asrlarda kirib kelgan?
  1. XIV–XV asrlar
  2. XVIII–XIX asrlar
  3. XVI–XVII asrlar
  4. XII–XIII asrlar

To‘g‘ri javob: XVI–XVII asrlar. Ko‘chmanchi urug‘lar XVI–XVII asrlarda Xorazm vohasiga ommaviy kirib kelib, keyin o‘troq aholiga singib ketgan.

Qoraqalpoqlarning bir qismi Sirdaryoning quyi oqimlaridan Xiva xonligining shimoli-sharqiga qaysi asrda ko‘chib o‘tgan?
  1. XVI asrda
  2. XV asrda
  3. XVIII asrda
  4. XIX asrda

To‘g‘ri javob: XVIII asrda. Qoraqalpoqlarning bir qismi Sirdaryo quyi oqimlaridan XVIII asrda ko‘chib kelgan.

Qipchoq dashtidan Xorazm vohasiga ko‘chmanchi urug‘lar ommaviy kirib kelgan davr qaysi?
  1. XII–XIII asrlar
  2. XIX asr oxiri
  3. XVI–XVII asrlar
  4. VIII–IX asrlar

To‘g‘ri javob: XVI–XVII asrlar. Qipchoq dashtidan ko‘chmanchi urug‘lar XVI–XVII asrlar davomida kirib kelgan.

Xonlikning shimoli-sharqiy chegaralarida, Amudaryo qo‘ltiqlari oralig‘ida qaysi xalq joylashgan edi?
  1. Qozoq urug‘lari
  2. Qirg‘iz urug‘lari
  3. Yamut turkmanlari
  4. Qoraqalpoqlar

To‘g‘ri javob: Qoraqalpoqlar. Shimoli-sharqiy chegarada, Amudaryo qo‘ltiqlari oralig‘ida qoraqalpoqlar joylashgan.

XVI–XVII asrlarda Qipchoq dashtidan Xorazm vohasiga kirib kelgan ko‘chmanchi urug‘larning keyingi taqdiri qanday bo‘ldi?
  1. Ular dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy aholi orasiga singib ketgan
  2. Ular alohida ko‘chmanchi xonlik tuzib, voha shimolidagi yerlarni egallab olgan
  3. Ular qoraqalpoqlar bilan birga Sirdaryo quyi oqimiga qaytib, o‘z yurtiga ketgan
  4. Ular Kopetdog‘ tog‘oldiga o‘rnashib, o‘troqlashishdan uzoq vaqt bosh tortgan

To‘g‘ri javob: Ular dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy aholi orasiga singib ketgan. Ko‘chmanchilar mahalliy o‘troq dehqon aholi bilan qo‘shilib ketgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTashqi siyosatKeyingi →Qo‘ng‘irotlar davrida Xiva me’morchiligi