XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 20-§

Qo‘ng‘irotlar davrida Xiva me’morchiligi

QO‘NG‘IROTLAR BOSHQARUVI

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Quyi sinflarda olgan ma’lumotlaringizga tayanib, Xorazm davlati me’morchiligi haqida ma’lumot bering. Ulardan qaysilari bugungi kungacha saqlanib qolgan?
Savollar: 2. Xorazmda bunyod etilgan tarixiy obidalardan qaysilarining qurilish tarixini yaxshi bilasiz? 3. Ichan qal’ada joylashgan monumental binolarning qurilishiga e’tibor qilganmisiz?

Tarix saboqlari

XVIII asrning birinchi yarmida mamlakatda yuz bergan iqtisodiy va siyosiy buhronlar xonlik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xiva imoratlarining aksariyati XVII–XIX asrlarga oid. 1740-yilda Eron qo‘shinlarining Xorazmga kirib kelishi mamlakatni vayron qiladi. 1768-yilda esa butun mamlakat bo‘ylab o‘lat tarqaladi.

Manbalarda

Munis Xorazmiy – shoir, tarixnavis, tarjimon, xattot va ma’rifatparvar. Dastlabki ma’lumotni tug‘ilgan qishlog‘ida olgan, keyinchalik Xiva madrasalarida o‘qigan.

“Xivada bor-yo‘g‘i 40 oiladan iborat aholi tirik qoldi... Shaharda hammayoqni yulg‘un bosib ketdi, uylarga yovvoyi hayvonlar uya qurib oldi”.

Munis Xorazmiy

Bilasizmi?

Munisning “Firdavs ul-iqbol” asari uzoq tarixiy davrni qamrab olgan bo‘lib, Markaziy Osiyo, ayniqsa, Xiva xonligi tarixini o‘rganishda qimmatli manbadir. Asarda Xorazmning qadimgi davrdan 1825-yilgacha bo‘lgan tarixi bayon etilgan bo‘lib, unda toj-taxt, boylik uchun olib borilgan kurashlar, shuningdek, Xiva xonlarining qo‘shni turkman va qoraqalpoq xalqlari bilan bo‘lgan munosabatlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Munis Avazbiy inoq va uning o‘g‘li Eltuzarxon davrida yashagan. Xonlikning bosh mirobi lavozimida mehnat qilgan. Munis “Firdavs ul-iqbol” tarixiy asarini Eltuzarxonning taklifi bilan yozgan. Biroq o‘limi tufayli asarni Ogahiy yakunlagan. Munis o‘z davridagi sug‘orish inshootlari va yer-suv munosabatlariga doir “Arnalar” (arna – anhor, kanal) nomli risola ham yozgan. Bu risola XVIII asr oxiri – XIX asr boshlaridagi dehqonchilik bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Bilasizmi?

Ogahiy (taxallusi; to‘liq ismi Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li).

Munisning vafotidan so‘ng uning ishini davom ettirgan.

1603-1623

Xiva faqat XVIII asrda Arab Muhammadxon hukmronlik qilgan davrda xonlikning poytaxtiga aylanadi va ravnaq topadi. Bu davrda ko‘plab inshootlar quriladi. Arab Muhammadxon madrasasi, jome masjidi va Anushaxon hammomi shular jumlasidandir.

Xiva Xorazm me’morchiligining o‘ziga xos muzeyi hisoblanadi. Dunyoga mashhur bo‘lgan Ichan qal’a ichki shahar bo‘lib, unda monumental binolar ansambli o‘rin olgan. Bu binolarning ko‘pchiligi paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan. Shulardan biri – (o‘ra) ustunli Jome masjidi o‘z davrining ajoyib arxitektura namunasi hisoblanadi. Bu yerdagi ustunlarning har biri mahalliy me’morchilik san’atining alohida bir sahifasi deyish mumkin.

1603-1623

Ichan qal’a Xiva shahrining 26 gektar qismini egallagan va qo‘rg‘on devori bilan o‘ralgan. Inshootning burchak qismida mustahkamlovchi minoralar qad ko‘targan.

Ichan qal’a me’moriy yodgorliklarining ko‘pchiligi XIX asrning birinchi yarmida qurilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi, Olloqulixon saroyi, madrasasi, karvonsaroyi va timi, Muhammad Aminxon madrasasi, Ko‘hna Ark va Toshhovli saroy ansambllari eng so‘nggi me’morchilik obidalaridir.

Xorazm qishloq me’morchiligida uy-joylarning eng ko‘p tarqalgan turi – murakkab, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi, baland paxsa devorlar bilan o‘rab olingan hovli-joylar hisoblanadi. Ularda har xil tishli, qoshli bezaklar, bursakli maqbaralar, keng va katta darvozalar mavjud bo‘lib, hovli bamisoli bir qal’aga o‘xshab ketadi.

Bilasizmi?

XIX asrda Xivada madaniy hayot yuksaldi, qurilishlar avj oldi. 1842-yilda Xiva tevaragida uzunligi 6 km bo‘lgan yangi qal’a devori va uning 6 ta darvozasi qurildi. Shahar atrofidagi Rafoniq, Nurillaboy va Nurillabek bog‘lari shahar tarkibiga kirdi. Shaharning katta halqa ichidagi qismi Dishan qal’a (tashqi qal’a) deb ataladi.

Ichan qal’a ansambli me’moriy yodgorlik sifatida muhofazaga olinib, muzeyga aylantirilgan.

Ichan qal’a

1990-yildan Ichan qal’a majmuasi YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Xorazm xalq me’morchiligining ajoyib obidalari: madrasa, masjid, saroy va minoralarning katta qismi Ichan qal’ada joylashgan. Undagi me’moriy yodgorliklarning yaratilish tarixi, asosan, 4 davrga bo‘linadi:

Birinchisi Xorazmning qadimgi davridan to mo‘g‘ullar istilosigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrdan Ko‘hna arkning g‘arbiy devori, qal’a devorining shimoli-sharqiy burchagidagi qadimgi davrga mansub burj va qal’a devori qoldiqlari saqlanib qolgan.

Ikkinchisi – Xorazmning 1220-yildagi mo‘g‘ullar istilosidan keyingi tiklanish davri. Bu davrda Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa mahobatli binolar qurilgan.

Ichan qal’a

Uchinchisi XVI–XVII asrlarga to‘g‘ri keladi. Shu paytda Ichan qal’ada Ko‘hna ark istehkomlari mustahkamlanadi. Ko‘rishishxona (xonning qabulxonasi) quriladi, bir qancha madrasalar va ma’muriy binolar bunyod etiladi. Lekin Buxoro bilan Eron o‘rtasida Xiva xonligi uchun boshlangan urush natijasida nafaqat Ichan qal’a, balki umuman Xiva shahri ham qattiq shikastlanadi.

To‘rtinchisi XVIII–XX asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda O‘rta Osiyo mahalliy me’morchilik an’analari asosida masjid, madrasa, tim va toqilar quriladi. Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yo‘l o‘tkaziladi. XVIII asr oxirida Juma masjidi qayta quriladi va uning yonida baland minora qad ko‘taradi. Ichan qal’aning xaroba devorlari tiklanadi, bir qancha imoratlar ta’mirlanadi. Ko‘hna arkda saroy qurilishi tugallanadi. Yangi va katta Toshhovli saroyi quriladi. Polvon darvozaga yaqin qo‘rg‘on devorining bir qismi buzilib, o‘rniga Olloqulixon karvonsaroyi, madrasasi va timi quriladi. Xalq ijodining ajoyib namunasi – Pahlavon Mahmud maqbarasi qad ko‘taradi. Ichan qal’a qurilishida Xiva me’morlari O‘rta Osiyoda qadimdan qo‘llanib kelgan uslub – inshootlarni ro‘parama-ro‘para qurish uslubidan (qo‘shdan) foydalanishgan.

Ichan qal’a

Xivada shahar an’anaviy ravishda ikki qismga bo‘lingan: Ichki shahar (qal’a, shahar) – Ichan qal’a (so‘zma-so‘z: ichki mudofaa devori) va tashqi shahar (rabot) – Dishan qal’a (tashqi mudofaa devori). Ichan qal’a devorlari: balandligi 8–10 metr, qalinligi 5–6 metr va tashqi perimetri bo‘ylab uzunligi 6250 metr. Tashqi va ichki “aylana”ning mudofaa qal’alari taxtadan qilingan. Ichan qal’a devorlarida har 30 metrda devorlardan tashqariga chiqib turuvchi dumaloq mudofaa minoralari qad rostlagan.

Devorlarning yuqori qismida qamal paytida dushmanga o‘q otish uchun qirrali panjaralar mavjud bo‘lgan. Mudofaa istehkomlari tizimida suv bilan to‘ldirilgan ariqlar bo‘lgan. Hozir ham bu janubiy qismdagi relyefda sezilib turadi. Shimol va g‘arbda esa asfalt qadimiy zovurlarni qoplagan.

Ichan qal’a

Yog‘och o‘ymakorligi, sangtaroshlik, ganchkorlik, sirkor sopol va boshqalar rang-barang naqqoshlik bezaklari bilan bezatilgan. Arab Muhammadxon madrasasi – Ichan qal’a ansamblidagi me’moriy yodgorlik (1616, 1838). U dastlab bir qavatli, oddiy sinchli, trapetsiya shaklida qurilgan. Serhasham ishlangan ayvon Xiva muzeyida saqlangan. Olloqulixon davrida madrasa binosi murabba tarhli, peshtoq va gumbazli qilib qayta qurilgan. Bosh tarzidagi masjid va hujralar ikki qavatli, ikki burchagida guldastalari bor. Qolgan tomonlaridagi hujralar bir qavatli. Hovli etagida oldi ayvonli masjid ham qurilgan.

Manbalarda

Arab Muhammadxon davrida Xiva xonligida davlat parokandalikning yuqori nuqtasiga yetadi. Amudaryo o‘zanining o‘zgarishi va uning qurib borishi bu davrda ham davom etadi. Natijada Arab Muhammadxon xonlik poytaxtini Urganchdan Xivaga ko‘chirishga majbur bo‘ladi. Tarqoqlik va urushlar avj olganligi Xivaning ma’muriy tuzilishiga ta’sir etadi. Chunonchi, har bir shahzodaning o‘z yerida shaxsiy idora apparati – o‘z a’yonlari, xazinasi, yasovullari, bojxona xizmatchilari va boshqalar bo‘lgan. 1623-yilda o‘g‘illari Habash va Elbars sultonlar taxt talashib unga qarshi urush boshlaydilar. Bu urushda Arab Muhammadxon yengilib, Qum qal’aga qamalgan va o‘sha yerda 1623-yilda vafot etgan. Abulg‘ozi Bahodirxon

Manbalarda

Arab Muhammadxon madrasasi

Sherg‘ozixon madrasasi

Mazkur madrasa Xivadagi me’moriy yodgorlik bo‘lib, Ichan qal’a tarkibida joylashgan ko‘plab imoratlardan biri sanaladi. Manbalarda 1719–1726-yillarda o‘zbek hukmdori Sherg‘ozixon mablag‘i va farmoni bilan qurilganligi keltiriladi. Madrasa Pahlavon Mahmud maqbarasiga yaqin qurilgan, uning qurilish tarixi marmarga o‘yilib yozilgan va madrasa peshtoqiga o‘rnatilgan. Marmar lavhalardan to‘rttasi bugungacha o‘z holicha saqlangan. Madrasaga kirish eshigining yoniga o‘rnatilgan marmar lavhalarga 32 misralik forsiy she’r bitilgan. Unda bu madrasaning qurilish tarixi, madrasaga vaqf qilib berilgan yerlar, mutavalli, mudarris, imom, muazzin, kutubxonachi, farrosh va yana shu yerda yashovchi talabalarning oylik maoshi haqida ma’lumotlar mavjud. She’riy lavhadagi “Maskani fozilon” (“Olimlar maskani”) jumlasidan madrasaning 1720-yilda qurilgani ma’lum bo‘ladi.

Sherg‘ozixon madrasasi

Madrasaning asosiy binolari bir-biri bilan bog‘langan. Madrasa ikki qavatli. Ulkan peshtoq orqali kiraverishda gumbazli miyonsaroy, uning ikki burchagida chortoq tarhli, gumbazli masjid va darsxona joylashgan. Miyonsaroy tepasidagi kichik hujralar talabalar uchun yotoqxona bo‘lgan. Devorlariga tokcha, taxmon, kosamonlar ishlangan. Hovli atrofidagi bir qavatli qator hujralar oldi ayvonli bo‘lib, hovli o‘rtasida hovuz joylashgan. Hujralar soni 55 tani tashkil etgan.

Manbalarda

Sherg‘ozixon (1714–1726) aqlli, jasur, tadbirkor, harbiy ishlarda juda mohir bo‘lgan. Ayniqsa, rus podshosi Pyotr I tomonidan Xorazmdagi oltin qumni qo‘lga kiritish uchun yuborilgan knyaz Bekovich-Cherkasskiy boshchilik qilgan rus qo‘shinini harbiy hiyla bilan tor-mor etganligi uning nomini abadiylikka muhrladi. Biroq Sherg‘ozixon o‘z xizmatkorlari tomonidan o‘ldirilgan. Shuning uchun tarixchilar uning vafoti sanasini “Dod az g‘ulomon” (“Qullar dastidan dod”) 1139-hijriy yozuvlaridan aniqlaganlar (1726-yil). Xonning qabri o‘zi qurdirgan madrasasining kun botish tomonida joylashgan.

Sherg‘ozixon madrasasi

1845-1855

Kaltaminor Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan musulmon olamidagi eng katta va eng baland minora sifatida qurilgan.

Uning rejasiga ko‘ra, minoraning balandligi 70–80 metr bo‘lishi, balandligi oshgan sayin keskin pasayib boruvchi diametri minoraning mustahkamligini oshirishi kerak edi. Muhammad Aminxon hatto Hindistondagi 73 metrlik Qutb minordan ham oshib ketadigan dunyodagi eng baland minorani qurishga qaror qiladi. Uning poydevorining diametri 14,2 metrni tashkil qiladi. Ba’zi manbalarda uning balandligi 110 metrga yetkazilishi qayd etilgan. Qurilish 1852-yilda boshlangan, lekin 1855-yilda minora balandligi 29 metrga yetganida, qurilish to‘xtatilgan. Ogahiyning yozishicha, bunga qurilish tashabbuskori Muhammad Aminxonning 1855-yilda Saraxs yaqinidagi jangda halok bo‘lganligi sabab bo‘lgan. Minora qurilishiga xivalik shoir, tarixchi va davlat arbobi Muhammad Rizo Ogahiy guvoh bo‘lgan. Muhammad Aminxon minorasida Ogahiy ijodiga oid 16 qator tarixiy ma’lumotlardan 12 tasi saqlanib qolgan.

1845-1855

Ta’mirlash paytida asl holati tiklangan yozuvda minora jannatda o‘sadigan Tubo daraxtiga qiyos qilinadi.

Manbalarda

Madrasa qurib tugatilgach, Muhammad Aminxon tomonidan uning yonida eng baland minora barpo etishga farmon berilgan. Minora qurilishi davom etayotgan paytda (1855-yil) Muhammad Aminxon Eron ustiga qo‘shin tortadi va jangda shahid bo‘ladi, natijada xon boshlagan minora bitmay qoladi.

Tarixchi Mulla Olim Maxdum Hojining

“Turkiston tarixi” asaridan

Ayvonining falakka bo‘y cho‘zgan ustuni osmon gumbazini tutib turuvchi ustun deyiladi. Ogahiy uning tugatilishi tantanasiga bir nechta she’riy ta’rixlar yozgan. Ularning biri minora yuqorisidagi chiroyli koshin plitkalarga yozib qo‘yilgan. Yozuvlar sovetlar hukmronligi davrida qo‘porib, yulib tashlangan edi.

Manbalarda

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ushbu yozuvlar Ogahiyning qo‘lyozma asari orqali topilib, qayta tiklanadi. Minora o‘z davrida “Ko‘k minor”, “Ulli (ulug‘) minor” nomlari bilan ham atalgan. Bugungi kunda Kaltaminor shaharning asosiy bezagi bo‘lib, butunlay sirlangan koshinlar bilan qoplangan yagona minora hisoblanadi.

Minorani bezashda geometrik naqshlar ko‘p qo‘llanilgan. Ikkinchi qavatidan boshlab minoraning yuqorisiga chiqish mumkin. Ichkarisida yuqoriga olib chiquvchi yog‘och zinapoya mavjud. Bu zinapoya tez-tez ta’mirlab turilgan. Bezagida oq, yashil, feruza rangli koshinlar qo‘llanilgan (feruza rangli koshin ko‘p ishlatilganidan Ko‘kminor deb ham ataladi). Xiva shahrining 2500 yilligi arafasida (1996–1997) Kaltaminorning ustki qismidan tushib ketgan koshinkori yozuvlari quruvchilar tomonidan to‘liq ta’mirlanadi va undagi Ogahiy tomonidan fors tilida yozilgan “nasta’liq” yozuvlari qayta tiklanadi. Harflarni ta’mirchi usta Rustam Tohirov qaytadan tiklagan.

Manbalarda

Kaltaminor o‘zining tugallanmaganligi, shuningdek, o‘ziga xos bezaklari bilan mashhur.

Amir Nasrulla 1826-1860

Rivoyatga ko‘ra, Xiva xoni shaharda ulkan va baland minora qurishni buyuradi. “Uning tepasidan Buxoroyi azim ko‘rinib tursin” deydi. Bundan xabar topgan Buxoro amiri usta bilan kelishib, xuddi shunga o‘xshash minorani Buxoroda ham qurishni reja qiladi. Buni eshitgan Xiva xoni minora bitgandan keyin ustani minoradan tashlashni buyuradi. Xon bunday minora boshqa joyda takrorlanishini istamaydi.

Buni bilib qolgan ustalar bu haqda g‘ishtga yozib tepaga, katta ustaga yetkazishadi. U esa kerakli anjomlarni topishni aytib, o‘ziga qanot yasab uchib ketgan ekan.

Minora bitsa dunyodagi eng baland minora bo‘lishi mumkin edi.

Anushaxon hammomi

Anushaxon hammomi taxminan 1657–1664-yillarda bunyod etilgan. U shu turga mansub me’moriy yodgorliklar ichida eng qadimiysidir. Anusha Muhammadxon hammomi ancha murakkab reja asosida barpo etilgan.

Anushaxon hammomi ixtisoslashgan kasalxona vazifasini ham o‘tagan. Bu yerda tibbiy uqalash muolajalari ham o‘tkazilgan. Issiq bug‘dan oyoq-bo‘g‘im va bod kasalliklarini davolashda foydalanilgan. Hammomning alohida xonasida tishi og‘rigan bemorlarning tishi olib tashlangan. Qon bosimi, ya’ni xafaqon dardiga uchragan bemorlardan qon ham olingan. Xafaqon xastaligiga uchragan kishilardan ortiqcha qonni olish orqali qon bosimi me’yorga tushirilgan. Mijozlar uchun hammomda choyxona ham tashkil etilgan. Choyxonada odamlar o‘zaro gurunglashib, dam olishiga sharoitlar yaratilgan.

Anushaxon hammomi

Hammom xonalari issiqni yaxshi saqlash uchun yer ostida joylashtirilgan bo‘lib, tashqaridan faqat gumbazlar ko‘rinib turgan. Anushaxon hammomida dahliz, kiyimxona, sovuqxona, issiqxona, issiq suv turadigan hovuzcha, go‘lax bo‘lgan. Hammom pishiq g‘ishtdan ishlangan. Ichki tomoni suvalgan, bezak berilmagan. Hammom arxitekturasi juda sodda. Xonalar pol tagidagi maxsus quvurlar yordamida qizdirilgan.

Devor va gumbaz sathi suvga chidamli qorishma bilan suvalgan. Xonalar kichik bo‘lgani uchun ustalar oddiy tuzilishdagi gumbazlarni qo‘llashgan.

Hammomga gumbazli dahliz orqali kirish eng qulay yo‘l hisoblangan. Devorlarning butun kengligi bo‘ylab to‘rtta bo‘shliqli xonalar bo‘lgan. U xona orqali maxsus cho‘zinchoq yo‘lak bilan doira shaklidagi kiyinish xonasiga o‘tilgan. Kiyinish xonasidan so‘ng asosiy kir yuvish xonasiga kirilgan. Kir yuvish xonasi kvadrat, ikkita chuqurlik bilan ajratilgan. Shimoliy va janubiy devorlarda chuqurlik tomonlari bo‘lsa, sharqiy tomonda ikkita kichik kir yuvishga moslashtirilgan sayozlik hududi bo‘lgan. Kir yuvish xonalari o‘sha davrda noyob hisoblangan maxsus suv yo‘laklari orqali issiq suv bilan ta’minlangan. Suvni isitishda ko‘mirdan foydalanilgan. Quduqlar orqali suv chiqarilgan va maxsus yo‘l hammomga olib borgan. Asosiy zalning tepasida qurilish qotishmasidan yasalgan fonus o‘rnatilgan. Shiftga qo‘yilgan plitalar ustiga qamish yotqizilgan va hammomdagilarga xavf tug‘dirmaydigan qilib mustahkamlangan. To‘rtburchak xonalar naqshlar bilan bezatilgan. Ichki devorlarga suv o‘tkazmaydigan qilib maxsus ishlov berilgan.

Anushaxon hammomi

Hammomning umumiy maydoni – 27,0×15,0 m, zallarning yon tomonlari – 4,3 m, 4,0×4,0 m; 4,7×4,2 m, qubba balandligi – 5,0×3,2 m; 3,7×3,7 m, suv quduqlari hajmi – 8,0 dan 6,5; 4,0 m bo‘lgan.

Anushaxon

Anushaxon, Abulmuzaffar Muhammad – shayboniylardan Abulg‘ozi Bahodirxonning o‘g‘li. Buxoro xoni Abdulazizga qarshi jang (1657-yil)da qahramonlik ko‘rsatib, jang taqdirini xivaliklar foydasiga hal qiladi va otasini o‘limdan saqlab qoladi.

Buning uchun otasi Anushaxonga tug‘, lashkar va Hazorasp shahrini in’om etadi hamda Xivada uning nomiga katta hammom qurdiradi.

Anushaxon taxtga o‘tirgach, xonlik chegaralarini mustahkamlash uchun Yangi Kot, Shohobod qal’alarini qurdirgan. Anushaxon davrida Buxoro – Xiva munosabatlari yanada keskinlashadi. Buxoro xonligiga yurish qilib, G‘ijduvon, Hazora, Samarqand, Qarshi va Shahrisabzni egallaydi. Anushaxon turkmanlar, Ashtarxon ruslari bilan ham aloqalarni tiklaydi. Natijada Turkmaniston hududi orqali Kaspiy dengizi va Xiva o‘rtasidagi savdo yo‘lini qayta ochishga erishadi.

Anushaxon

Anushaxon savdo-tijorat yo‘llariga egalik qilish maqsadida Buxoroga qarshi bir necha marta harbiy yurishlar uyushtiradi.

1686-yili Anushaxon va Subhonqulixon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda Anushaxon katta talafot bilan chekinadi va fitnachilar tomonidan o‘ldiriladi.

Anushaxon davrida Qoraqalpog‘istondagi Sulton Uvays bobo va Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbaralari, Oq masjid ta’mirlangan, “Shajarayi turk” asari oxiriga yetkazilgan. Anushaxon Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etilgan.

1672-yilda XV–XIX asrlarda diplomatik yozishmalarda foydalanish uchun siyosiy arboblarining unvonlari haqida ma’lumot beruvchi, “Buyuk davlat kitobi yoki rus hukmdorlarining shajarasi” kitobida berilgan

Anushaxon

Anushaxonning portreti

Polvon darvoza

Bu darvoza Ichan qal’aning sharqiy darvozasi sanaladi. Darvoza Xiva shahrining asosiy kirish eshigi bo‘lib, bir mirshab boshchiligida yettita navkar qo‘riqlagan. Qal’a devorining atrofini Amudaryodan suv keladigan kanal o‘rab turgan. Darvozaning kechasi ko‘tarib qo‘yiladigan ko‘prigi bo‘lgan. Polvon darvoza mirshabi Xiva xoni saroyi bo‘lgan Arkning darvozasida soqchilik qiladigan mirshab bilan teng miqdorda maosh olgan. Polvon darvozaning hozirgi qiyofasi bir qancha ta’mirlashlar natijasidir. Avval darvoza qal’a devoridan ozroq tashqi tomonga bo‘rtib chiqqan shaklda bo‘lgan. Uning ustida shahar tashqarisini kuzatib turish qulay bo‘lgan.

Polvon darvoza

Darvoza 1806-yilda Eltuzarxon tomonidan pishiq g‘ishtdan qayta qurilgan. Darvozaning yon tomonidagi burjlari shahar devori bilan ulanib ketgan. 1835-yilda darvoza ichkarisida Olloqulixon madrasasi qurilishi bilan uning g‘arbiy qismi qaytadan tiklangan. Chiroyli koshin plitkalar bilan bezatilgani uchun “Gul darvoza” nomini ham olgan. Darvoza xivalik shoir, yetti asr muqaddam yashagan, uch yuzdan ortiq ruboiy muallifi, shahar himoyachisi hisoblangan Pahlavon Mahmud sharafiga nomlangan. Pahlavon Mahmud Juma masjidining orqa tarafida joylashgan mahobatli maqbaraga dafn etilgan.

Polvon - Gul darvoza Tosh Ota Bog’cha

1672-yilda XV–XIX asrlarda diplomatik yozishmalarda foydalanish uchun siyosiy arboblarining unvonlari haqida ma’lumot beruvchi, “Buyuk davlat kitobi yoki rus hukmdorlarining shajarasi” kitobida berilgan Anushaxonning portreti

1. Mavzuda keltirilgan tarixiy yodgorliklarning qurilish uslublariga e’tibor qarating, ularning o‘ziga xos jihatlarini aniqlang.

Savollar: 2. Hozirgi kunda saqlanib qolgan me’moriy obidalar haqida taqdimot tayyorlang. 3. Matnda berilgan ma’lumotlarga siz yana qanday ma’lumotlarni ilova qilgan bo‘lardingiz? 4. Agar sizdan biror xorijlik mehmon Xivani tanishtiring deb so‘rasa, ekskursiyani qayerdan boshlagan bo‘lardingiz?

Polvon - Gul darvoza Tosh Ota Bog’cha

Savollar: 5. Xiva arxitekturasi Buxoro arxitekturasidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Ularning bir-biriga o‘xshash jihatlari ham bormi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Xiva xonligi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan iqtisodiy va siyosiy buhronlar qaysi asrning birinchi yarmida yuz bergan?
  1. XIX asr
  2. XVII asr
  3. XVI asr
  4. XVIII asr

To‘g‘ri javob: XVIII asr. XVIII asrning birinchi yarmidagi iqtisodiy va siyosiy buhronlar xonlik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Eron qo‘shinlari Xorazmga qaysi yilda kirib kelib, mamlakatni vayron qilgan?
  1. 1768-yilda
  2. 1755-yilda
  3. 1740-yilda
  4. 1719-yilda

To‘g‘ri javob: 1740-yilda. 1740-yilda Eron qo‘shinlarining Xorazmga kirib kelishi mamlakatni vayron qilgan.

Xiva xonligida butun mamlakat bo‘ylab o‘lat qaysi yilda tarqalgan?
  1. 1768-yilda
  2. 1740-yilda
  3. 1781-yilda
  4. 1755-yilda

To‘g‘ri javob: 1768-yilda. 1768-yilda butun mamlakat bo‘ylab o‘lat tarqalgan.

Eron qo‘shinlari Xorazmga kirib kelib, mamlakatni vayron qilgan yil qaysi?
  1. 1740-yil
  2. 1768-yil
  3. 1825-yil
  4. 1842-yil

To‘g‘ri javob: 1740-yil. 1740-yilda Eron qo‘shinlarining Xorazmga kirib kelishi mamlakatni vayron qilgan.

Butun Xorazm mamlakati bo‘ylab o‘lat tarqalgan yil qaysi?
  1. 1740-yil
  2. 1768-yil
  3. 1726-yil
  4. 1855-yil

To‘g‘ri javob: 1768-yil. 1768-yilda butun mamlakat bo‘ylab o‘lat tarqalgan.

Quyidagi voqealarni qadimiysidan yangisiga tartiblang: 1) Ichan qal’a majmuasining YUNESKO Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi; 2) Xiva tevaragida uzunligi 6 km bo‘lgan yangi qal’a devorining qurilishi; 3) Eron qo‘shinlarining Xorazmga kirib kelishi; 4) mamlakat bo‘ylab o‘lat tarqalishi.
  1. 3–4–1–2
  2. 4–3–2–1
  3. 3–4–2–1
  4. 3–2–4–1

To‘g‘ri javob: 3–4–2–1. Eron qo‘shinlari 1740-yilda kirgan, o‘lat 1768-yilda tarqalgan, yangi qal’a devori 1842-yilda qurilgan, YUNESKO ro‘yxatiga esa 1990-yildan kiritilgan.

Munisning “Firdavs ul-iqbol” asarida Xorazmning qadimgi davrdan qaysi yilgacha bo‘lgan tarixi bayon etilgan?
  1. 1842-yilgacha
  2. 1825-yilgacha
  3. 1804-yilgacha
  4. 1811-yilgacha

To‘g‘ri javob: 1825-yilgacha. Asarda Xorazmning qadimgi davrdan 1825-yilgacha bo‘lgan tarixi bayon etilgan.

Munis Xorazmiy xonlikda qaysi lavozimda mehnat qilgan?
  1. Xonlikning bosh vaziri
  2. Xonlikning bosh qozisi
  3. Xonlikning bosh mirobi
  4. Xonlikning bosh devonbegisi

To‘g‘ri javob: Xonlikning bosh mirobi. Munis Avazbiy inoq va Eltuzarxon davrida xonlikning bosh mirobi bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQo‘ng‘irotlar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayotKeyingi →XVI–XIX asrning birinchi yarmida qoraqalpoqlar