XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 22-§

Qoraqalpoqlarning qo‘shni xalqlar bilan munosabatlari

XVI–XIX ASRLARDA QORAQALPOQLAR

Bilasizmi?

Qoraqalpoqlar antropologik jihatdan qozoqlar, Xorazm mang‘itlari va quramalarga yaqin. Qoraqalpoq tili qipchoq tillari guruhining qipchoq-no‘g‘ay shoxobchasiga kiradi.

Manbalarda

X–XI asrlarda qoraqalpoqlar yashagan hududlar O‘g‘uz davlatiga, keyinchalik qudratli Xorazm davlatiga bo‘ysungan. XIII–XIV asrlarda mo‘g‘ullar hukmronligi ostida bo‘lgan, XIX asrning ikkinchi yarmida esa Rossiya davlati tarkibiga kiritilgan.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Qoraqalpoq xalqining etnik negizida bijanak qavmi qanday o‘ringa ega? 2. Qoraqalpoqlar nega doim ko‘chib yurishga majbur bo‘lganlar? 3. Oydo‘stbiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonning oldini olish mumkinmidi? 4. Qoraqalpoqlarning antropologik jihatdan qozoq, qirg‘izlarga yaqinligi nimani anglatadi? 5. Nega biylar qoraqalpoqlar jamiyatida katta ta’sirga ega bo‘lgan?

Qoraqalpoq va Rossiya munosabatlari

XVIII asrning 20-yillaridan boshlab qoraqalpoq xoni Rossiya bilan yaqinlashish yo‘llarini qidira boshlaydi. Buning sababi, birinchidan, qoraqalpoqlarning Rossiya bilan savdo aloqalarini (Tatariston va Boshqirdiston) yanada kengaytirishdan manfaatdorligi edi.

Ikkinchidan esa, XVIII asrning 20-yillari boshlarida Jung‘orlar hujumi xavfi nihoyatda kuchayadi. Ayni paytda qoraqalpoqlarning Rossiya bilan yaxshi aloqa o‘rnatish yo‘llaridagi harakatlari Rossiya uchun ham foydali edi. Chunki Rossiya xazinasi davom etayotgan Shimoliy urush oqibatida borgan sari bo‘shab borardi.

Uchinchidan, Rossiyaning savdo karvonlarini O‘rta Osiyo xonliklariga olib boradigan yo‘l qoraqalpoqlar hududidan o‘tar edi. Savdo yo‘llarining xavfsizligini ta’minlashda qoraqalpoqlar katta rol o‘ynagan.

Qoraqalpoq va Rossiya munosabatlari

Eshmuhammadxonning 1721-yilda Rossiyaga yuborgan elchilariga javoban ruslar ham qoraqalpoqlar yurtiga elchi jo‘natadi.

Biroq bu elchi almashinuvlar o‘z samarasini bermasdanoq, 1723-yilda jung‘orlarning (qalmiqlar – g‘arbiy mo‘g‘ullar) hujumi boshlanadi (1635-yilda tashkil topgan bu davlat 1758-yilda Chin imperiyasi tomonidan tugatilgan).

Bu hujum natijasida qoraqalpoq xalqi uch guruhga bo‘linib ketadi. Ularning bir guruhi Xitoy va afg‘onlar yurtiga ko‘chadi. Ikkinchi guruhi O‘rta Osiyoning keng dalalaridan boshpana topadi.

Uchinchi guruhi hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yashab qoladi va ular hozirgi qoraqalpoq xalqining bobokalonlari hisoblanadilar.

Qoraqalpoq va Rossiya munosabatlari

Qoraqalpog‘iston hududida qolganlarning bir qismi Sirdaryoning yuqori oqimidan Toshkentga, qolganlari esa daryoning quyi oqimi bo‘ylab Orol dengiziga qarab siljiydilar. Shu tariqa qoraqalpoqlar shartli ravishda “quyi” va “yuqori” qoraqalpoqlarga bo‘linib qoladi.

Quyi qoraqalpoqlarning asosiy qismi Quvondaryo atrofida (Amudaryo bilan Sirdaryo oralig‘ida o‘zlashtirilmagan yer) joylashadilar.

Ular qozoqlarning Kichik juz xonligiga o‘lpon to‘lab turadilar. 1724-yildan boshlab qoraqalpoqlar yana Rossiya bilan munosabatlarini qayta tiklashga harakat qiladi.

1726-yilda qozoq xoni Abulxayrxon Peterburgga o‘z elchilarini jo‘natadi. Uning tarkibida qoraqalpoqlar vakili ham bor edi. Bunga javoban 1731-yilda Rossiya M.Tevkelevni Abulxayrxon huzuriga yo‘llaydi. Muzokaralar natijasida Kichik juz qozoqlari va quyi qoraqalpoqlar Rossiya fuqaroligiga qabul qilinadi. Ayni paytda, qoraqalpoqlarning Rossiyaga emas, Kichik juz xonligiga o‘lpon to‘lashi tan olinadi.

Qoraqalpoq va Rossiya munosabatlari

Biroq keyinchalik qoraqalpoqlar Kichik juzga qaramlikdan chiqishlarini ma’lum qilib, Peterburgga elchi yuboradilar.

Rus imperatorining bu taklifga roziligini olish uchun 1743-yilda atoqli botir Mamanbiy boshchiligida Peterburgga elchi yuboriladi. Mamanbiy rus hukumatidan Rossiyaga qo‘shilganliklari haqidagi yorliqnomani oladi va qoraqalpoqlar o‘lponni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga to‘laydigan bo‘ladilar. Ammo Rossiya imperiyasi saroyidagi ichki nizo-janjallar tufayli qoraqalpoqlarga berilgan yorliq unutiladi. Bundan foydalangan Abdulxayrxon qoraqalpoqlar yurtiga hujum qiladi va ularni o‘ziga qayta bo‘ysundiradi.

Manbalarda

“...bobolarimiz tili va dinining boshqaligiga qaramasdan, o‘zlaridek oqko‘ngil, Kuyov (Kiyev Rusi) o‘ris eli bilan qiz olishib, qiz berishib, quda-anda bo‘lib yashayverishibdi. Uzun qo‘lli Yuriy (Yuriy Dolgorukiy) podsho tirikligida qanotliga qoqdirmay, tumshuqliga cho‘qitmay ularga g‘amxo‘rlik qilibdi. Afsuski, uzun qo‘lli Yuriy podshodan keyin mamlakatga allaqaysi yovuz, qudratli dushman bostirib kelib, el-u elatlar pardek to‘zg‘ib ketibdi. Bobolarimiz tag‘in boshpanasiz, vatansiz qolib, yana sarsonlikka tushibdilar. Avvaliga Bolqon tog‘lari tevaragida “qora bo‘rklilar” degan nom bilan yashabdi.

Yana bir payt “hap sanimi” deb yurgan dushmanlari ularni tirqiratib quvganida, naq Sulaymon tog‘i etaklarida bir to‘xtab, bu atrofda “Qavmi kulohi siyoh” nomi bilan yashabdi. Keyinchalik ular bu maqomda ham muqim yashashga imkon topmay, Turkistonga kelibdi.

Manbalarda

Darhaqiqat, xalqimiz tarix o‘yinlarida sal-sari koptokdek dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga, u makondan bu makonga ko‘p badarg‘a bo‘lgan. Bobolarimiz davrlar to‘fonlarida goh ummonlar qa’riga cho‘kib, goh yana yuzaga qalqib chiqib, har gal omon qolib yashayverganlar.

Davr suronlaridan omon chiqishga-ku chiqqanlar. Biroq, baribir, qoraqalpoqlar xalq sifatida bu behalovat va sershovqin olamni yashnatish-yashartishga qanday hissa qo‘shdi, bu yo‘lda kimlarga qanday ta’sir qilib, kimlarga qanday ziyon-zahmat yetkazdi, degan savollar ham beixtiyor oldingizda ko‘ndalang bo‘ladi.

Qoraqalpoqlar tarixi – yarimko‘chmanchi, mabodo qo‘nim topgudek bo‘lsa, mehnatdan bo‘yin tovlamaydigan dehqonning tarixi, saraton otashida kuyib, tog‘-toshlarda tovoni tilinib mol haydagan podachining tarixi. Bu xalqning tarixini yozgan harflar – vatandan vatanga darbadar kezgan paytlarida qo‘noq joylarda qolgan o‘choqlar.

Manbalarda

Uning o‘z tarixini yozgan qalamlar – yangi makonini gullatib-yashnatish umidida yer haydagan omoch-bo‘yinturuqlari. Uning o‘z tarixini yozgan siyohi – makon tutgan yerini himoya qilish yo‘lida ayollar va norasida bolalarning otalar qoniga aralash-quralash oqqan ko‘z yoshlari!

Bu xalqning fe’l-atvoridagi allanechuk olazaraklik – qo‘sh haydaganda bir ko‘zi omochida, ikkinchi ko‘zi tevaragida, ko‘chsa – bir ko‘zi oldida, ikkinchi ko‘zi ortida; qo‘nsa – bir ko‘zi uyquda, ikkinchisi notinch yotganining natijasi. Bu xalqning ozligi, nochorligi, ustiga ustak, ko‘p urug‘ga bo‘linganligi sabab, bir urug‘ining boshqasiga ola qaraganligi tufayli yiqqan-terganlarini kuchlilar bosib olaverganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bobolarimiz hech qayerga ma’lum va mashhur bosh qal’a, poytaxt ham tiklay olmaganlar.

Manbalarda

Bu xalqning eng yaxshi fazilati – bir makonda andak o‘troqlashsa, suv topsa, non topsa, darrov qo‘shni qidirgan, do‘st izlagan, o‘zlarining oz sonligini, ojiz-nochorligini tushunib, kuchliroq panoh izlagan.

T.Qayipbergenov, “Qoraqalpoqnoma”

Qoraqalpoq va Xiva munosabatlari

Abdulxayrxonning qoraqalpoqlarga nisbatan siyosati ularni ko‘chishga majbur etadi. Biroq Abdulxayrxon qoraqalpoqlar xohishiga qarshi ularning bir qismini Talas daryosi bo‘yiga ko‘chishga majburlaydi. Shunday bo‘lsa-da, qoraqalpoqlarning asosiy qismi Yangidaryo va Quvondaryo bo‘ylariga ko‘chib ketishga muvaffaq bo‘ladilar. Bu yerda avval ko‘chib kelishga ulgurgan qoraqalpoqlar yashardi.

Bu yerlar Xiva xonligiga chegara hududlar edi. Yangi yerlar qoraqalpoq xalqining o‘ta mashaqqatli mehnati evaziga o‘zlashtiriladi.

Tarixchi olimlar Yangidaryoda yaratilgan ajoyib sug‘orish inshootlari tizimiga – bu qoraqalpoq xalqi ajdodlari qahramonona mehnatining ulug‘vorligi xotirasidir, deb baho berganlar.

Qoraqalpoq va Xiva munosabatlari

Asta-sekin qoraqalpoqlarning orolbo‘yi o‘zbeklari (qo‘ng‘irotlar) bilan yaqinlashuvi yuz bera boshladi.

Orollik o‘zbeklar Xiva xonligi markaziy hokimiyatiga muxolifatda edilar. Endilikda, qoraqalpoqlar orollik o‘zbeklar bilan birgalikda markaziy hokimiyatga qarshi turadilar. Shu tariqa ular o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topadi.

Xiva xonligi avval qoraqalpoqlarni bo‘ysundirmasdan turib orollik o‘zbeklarni itoat ettira olmasligini to‘g‘ri baholaydi.

Elbarsxon davrida orolbo‘yi o‘zbeklari va qoraqalpoqlar Xiva xonligi hokimiyatini tan oladilar. Muhammad Amin inoq davrida (1770–1790) qoraqalpoqlar ixtiyoriy ravishda Xiva xonligi fuqaroligiga o‘ta boshlaydilar. Chunki qoraqalpoqlar uchun ham tinch hayot juda muhim edi.

Qoraqalpoq va Xiva munosabatlari

1811-yilda qoraqalpoqlar to‘la Xiva xonligiga bo‘ysundiriladi. Shu tariqa qoraqalpoqlar Xiva xonligi fuqarosiga aylanadilar.

Oydo‘stbiy boshchiligidagi qo‘zg‘olon

Muhammad Rahimxon I qoraqalpoq biylaridan biri Oydo‘stbiyni biylar biyi lavozimiga tayinlaydi va unga katta imtiyozlar beradi. Xivaga kelganida uning hurmati joyiga qo‘yilib, biy bobo deb siylangan va katta in’omlar berilgan. Biroq Olloqulixon davrida unga berilgan imtiyozlar bekor qilinadi. Natijada Oydo‘stbiy Olloqulixonning siyosatidan norozi bo‘ladi.

O‘zini kamsitilgan deb hisoblagan Oydo‘stbiy 1827-yilda soliqlarning oshirilishidan norozi bo‘lgan xalqni qo‘zg‘olon ko‘tarishga da’vat etadi.

Xiva xoni Olloqulixon Oydo‘stbiy qo‘zg‘olonini bostirish uchun qo‘shin yuboradi. Oydo‘stbiy qoraqalpoq ovullariga otliq choparlar jo‘natib: “Hamma bola-chaqasi bilan qo‘zg‘olonga yig‘ilsin. Kimda-kim bosh tortsa – u dushman hisoblanadi” degan mazmunda buyruq beradi.

Oydo‘stbiy boshchiligidagi qo‘zg‘olon

To‘qnashuv davomida Oydo‘stbiy tarafdorlarining aksariyati halok bo‘ladi. Qolganlari dengiz tomon chekinadi.

Oydo‘stbiy Qo‘ng‘irotda navkarlarining yengilganini eshitib, o‘ziga yaqin odamlari bilan o‘tovni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. Hal qiluvchi jangda qo‘zg‘olonchilar tor-mor etiladi. Oydo‘stbiy va uning ikki o‘g‘li ham halok bo‘ladi.

Mustaqil faoliyat

Savollar: 1. Qoraqalpoq xalqining etnik tarixi haqida ma’lumot bering. 2. Qoraqalpoq – Rossiya, Qoraqalpoq – Xiva munosabatlariga oid ma’lumotlardan qanday xulosa chiqarish mumkin?
Savollar: 3. Oydo‘stbiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonning oldini olish mumkin edimi? Qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
Savollar: 4. Qoraqalpoqlar hayotida urug‘chilik va qabiladoshlik munosabatlarining mustahkamlanishiga nimalar sabab bo‘lgan?
Savollar: 5. Nega biylar qoraqalpoq jamiyatida katta ta’sirga ega bo‘lgan?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Qoraqalpoq tili qipchoq tillari guruhining qaysi shoxobchasiga kiradi?
  1. Qipchoq-bulg‘or
  2. Qipchoq-no‘g‘ay
  3. Qipchoq-o‘g‘uz
  4. Qarluq-uyg‘ur

To‘g‘ri javob: Qipchoq-no‘g‘ay. Qoraqalpoq tili qipchoq tillari guruhining qipchoq-no‘g‘ay shoxobchasiga kiradi.

Qoraqalpoqlar antropologik jihatdan qaysi xalqlarga yaqin?
  1. Qozoqlar, Xorazm mang‘itlari va quramalarga
  2. Tojiklar, afg‘onlar va eroniy forslarga
  3. Turkmanlar, kurdlar, arablar va ozarbayjonlarga
  4. Ruslar, tatarlar, boshqirdlar va ukrainlarga

To‘g‘ri javob: Qozoqlar, Xorazm mang‘itlari va quramalarga. Qoraqalpoqlar antropologik jihatdan qozoqlar, Xorazm mang‘itlari va quramalarga yaqin.

Qoraqalpoqlar yashagan hududlar qaysi davrda O‘g‘uz davlatiga, keyinchalik qudratli Xorazm davlatiga bo‘ysungan?
  1. XII–XIII asrlarda
  2. XIV–XV asrlarda
  3. VIII–IX asrlarda
  4. X–XI asrlarda

To‘g‘ri javob: X–XI asrlarda. X–XI asrlarda qoraqalpoqlar yashagan hududlar O‘g‘uz davlatiga, so‘ngra Xorazm davlatiga bo‘ysungan.

Qoraqalpoqlar yashagan hududlar qaysi asrlarda mo‘g‘ullar hukmronligi ostida bo‘lgan?
  1. XIII–XIV asrlarda
  2. XV–XVI asrlarda
  3. X–XI asrlarda
  4. XVII–XVIII asrlarda

To‘g‘ri javob: XIII–XIV asrlarda. Qoraqalpoqlar yashagan hududlar XIII–XIV asrlarda mo‘g‘ullar hukmronligi ostida bo‘lgan.

Qoraqalpoqlar yashagan hududlar qaysi asrning ikkinchi yarmida Rossiya davlati tarkibiga kiritilgan?
  1. XIX asrning
  2. XVIII asrning
  3. XVII asrning
  4. XVI asrning

To‘g‘ri javob: XIX asrning. Qoraqalpoqlar yashagan hududlar XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya davlati tarkibiga kiritilgan.

X–XI asrlarda qoraqalpoqlar yashagan hududlar qaysi davlatga bo‘ysungan?
  1. Somoniylar davlatiga
  2. Qoraxoniylar davlatiga
  3. O‘g‘uz davlatiga
  4. G‘aznaviylar davlatiga

To‘g‘ri javob: O‘g‘uz davlatiga. X–XI asrlarda bu hududlar O‘g‘uz davlatiga, keyinchalik Xorazm davlatiga bo‘ysungan.

Qoraqalpoqlar yashagan hududlar Rossiya davlati tarkibiga qaysi davrda kiritilgan?
  1. XVII asrning oxirgi choragida
  2. XVIII asrning birinchi choragida
  3. XVIII asrning o‘rtalarida
  4. XIX asrning ikkinchi yarmida

To‘g‘ri javob: XIX asrning ikkinchi yarmida. Qoraqalpoq hududlari XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya tarkibiga kiritilgan.

Qoraqalpoq xoni Rossiya bilan yaqinlashish yo‘llarini qidira boshlagan davr qaysi asrning 20-yillariga to‘g‘ri keladi?
  1. XVIII asrning
  2. XVI asrning
  3. XIX asrning
  4. XVII asrning

To‘g‘ri javob: XVIII asrning. Qoraqalpoq xoni XVIII asrning 20-yillaridan boshlab Rossiya bilan yaqinlashishga harakat qildi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiXVI–XIX asrning birinchi yarmida qoraqalpoqlarKeyingi →Qoraqalpoqlarning turmush tarzi