XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 24-§

Qoraqalpoqlarning madaniy hayoti

XVI–XIX ASRLARDA QORAQALPOQLAR

O‘ylab ko‘ring

“Folklor” va “san’at” atamalariga izoh bering.

Folklor, tasviriy san’at va musiqa

Qoraqalpoqlarning xalq og‘zaki ijodi juda boy. Ular so‘z ustalari bo‘lgan chechanlarni, baxshi (jirov)larni sevadilar. El oqsoqollari, rahbarlari yonidan qissaxonlar arimagan. O‘zbeklarning Afandisi kabi qoraqalpoqlarning ham qiziqchisi – O‘mirbek laqqisi bor.

O‘mirbek laqqi o‘z latifalarida jamiyatdagi kamchiliklar ustidan kuluvchi xalq qahramoni sifatida gavdalanadi.

U adolatsiz amaldorlar, qozilar, so‘zi bilan ishi mos kelmaydigan ruhoniylarning kirdikorlarini fosh qilib, mardlik, to‘g‘rilik, haqiqat, adolatni kuylagan. Latifalarni yengil mutoyiba, achchiq hajv bilan ixcham ifodalab, tinglovchilarni xursand qilgan.

Folklor, tasviriy san’at va musiqa

“Qirqqiz”, “Alpomish”, “Qublon”, “Mastposhsho”,

“Edigey” kabi qahramonlik dostonlarida qoraqalpoqlarning boy tarixi kuylanadi.

Masalan, “Edigey” dostonida Amir Temur, To‘xtamish faoliyati bilan bog‘liq voqealar bayon etilsa, “Qirqqiz”da qoraqalpoq xalqining ozodlik kurashi, Xorazm xalqining Eron shohi Nodirshohga qarshi kurashi o‘z badiiy ifodasini topgan. Qoraqalpoqlarning xalq qo‘shiqlarida el-yurt yo‘lboshchilari, qahramonlari –

Maman botir, Esangeldi mahram, Oydo‘stbiy, Ernazarbiylar ulug‘lanadi.

Qoraqalpoqlarning tasviriy san’atdagi o‘ziga xosligi, ayniqsa, ular to‘qigan gilam va kashta buyumlarda yorqin ifodasini topgan.

Folklor, tasviriy san’at va musiqa

Ularga tushirilgan naqshli bezaklar suv ramzini aks ettiruvchi to‘lqin ko‘rinishiga ega bo‘lgan. Bu bejiz emas edi. Chunki qoraqalpoqlar qadimdan daryo va ko‘l bo‘ylarida yashab kelganlar. Bundan tashqari, qoraqalpoq tasviriy san’atining yana bir o‘ziga xosligi uning qadama naqshli yog‘och o‘ymakorligida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Qoraqalpoqlar qo‘shiqchiligi mazmuniga ko‘ra xalq, tarixiy va marosim qo‘shiqlariga bo‘lingan. Ular qo‘biz, dutor, g‘ijjak, surnay, nog‘ora kabi musiqiy cholg‘u asboblari yordamida ijro etilgan. Doston ijrochilari jirovlar, baxshilar va qissaxonlar deb ataluvchi uch guruhga bo‘linganlar. Ular bir-biridan aytadigan dostonlarning mazmuni, ijro etish uslublari, kuy va musiqiy cholg‘u asboblari bilan farq qilganlar. Masalan, jirovlar qahramonlik dostonlarini qo‘biz jo‘rligida, baxshilar dutor va g‘ijjak jo‘rligida ijro etganlar.

Folklor, tasviriy san’at va musiqa

Qissaxonlar esa doston qo‘lyozmalarini zo‘r mahorat bilan o‘qib yoki yoddan aytib berganlar.

Qo‘biz chalayotgan mashshoq

Atamalar

Qo‘biz (qil qo‘biz, qobuz) – torli musiqa cholg‘usi. O‘rta asr (Mahmud Koshg‘ariy, Navoiy, Bobur, Darvishali Changiy va boshqalar) manbalarida qo‘biz turkiy xalqlarning eng sevimli torli-tirnama musiqa cholg‘usi sifatida ta’riflangan. Bu shakldagi qo‘biz (hozirgi do‘mbiraga yaqin) qirg‘izlarda qo‘muz, xakaslarda xomis nomi bilan saqlangan. O‘zbek, qozoq, qoraqalpoqlarda qo‘biz – torli-kamonli cholg‘u sifatida mashhur. Umumiy uzunligi 700 mm atrofida. O‘yma kosasi (rezonatori) va yoysimon bukilgan yo‘g‘on dastasi bir butun yog‘ochdan yasaladi. Kosasining uzunchoq pastki qismi teri bilan qoplanadi. Otning chiyratilmagan qilidan yasalgan 2 tori kvarta (ba’zan kvinta)ga sozlanadi. Yoysimon kamon (600–700 mm atrofida) qillari barmoqlar yordamida taranglashtiriladi.

Xoy yigitlar yigitlar Yuragimda ko’p dog’im Darbadar el

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘liga atab qurilgan haykal. Nukus shahri

Berdaq. Zamonaviy rasm

XVIII–XIX asrning birinchi yarmida qoraqalpoq adabiyotining ko‘zga ko‘ringan bir nechta namoyandalari qalam tebratganlarki, ularning nomlari bugungi kunda ham ardoqlanadi.

Ulardan biri Jiyen Jirov (1730–1784) mashhur baxshi, hajviy shoir sifatida kamol topadi. Qoraqalpoq adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan yana biri Kunxo‘ja Ibrohim (1799– 1880)dir. Uning, ayniqsa, “O‘roqchilar”, “Cho‘ponlar”, “El bilan” kabi she’rlari xalq orasida mashhur edi. Bu asarlarda qoraqalpoq xalqining og‘ir ahvoli, cheksiz turmushi va hukmron tabaqalarning kirdikorlari katta mahorat bilan fosh etilgan.

Xoy yigitlar yigitlar Yuragimda ko’p dog’im Darbadar el

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li (taxallusi Zevar) (1824–1878) ham qoraqalpoq xalqining atoqli shoirlaridan biri. U boshlang‘ich ta’limni Mo‘ynoqdagi eski maktabda oladi. Keyin Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida o‘qiydi. Ajiniyozdan yuzdan ortiq she’r va dostonlar meros qolgan.

She’rlarida vatan, insonparvarlik g‘oyalarini kuylagan shoirning “Bo‘zatov” dostonida qoraqalpoq xalqining boshqa yurtlarga ko‘chib ketishga majbur etilganligi katta mahorat bilan tasvirlangan. “Kerak”, “Bo‘ladi”, “Bo‘lmasa”, “Yaxshi”, “Yigitlar” kabi asarlarida Ajiniyozning insonparvar g‘oyalari, falsafiy qarashlari ifodalangan.

Xalq orasida keng tarqalgan “Qiz Mengesh bilan aytishuv” (1878) asari, ayniqsa, mashhurdir. Uning hayoti haqida shoir Ibroyim Yusupov “Ajiniyoz” asarini yaratgan. Uning asarlari o‘zbek tilida ham nashr etilgan.

Xoy yigitlar yigitlar Yuragimda ko’p dog’im Darbadar el

2024-yilda Ajiniyoz tavalludining 200 yilligi keng nishonlandi.

Berdaq. Qoraqalpoq xalq adabiyoti uning asoschisi Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li (taxallusi Berdaq) nomi bilan mashhurdir. Berdaq avval ovul maktabida, so‘ngra madrasada tahsil olgan. U Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Kunxo‘ja asarlarini chuqur mutolaa qilgan. Berdaq tarixni, xalq og‘zaki ijodini mukammal bilgan.

Uning ijodi 18–19 yoshlarida do‘mbira chertib, she’r aytishdan boshlangan. 25 yoshida iste’dodli shoir sifatida xalq orasida tanilgan.

Uning “Bo‘lgan emas”, “Umrim”, “Yordam ber” she’rlarida mehnatkash xalqning og‘ir hayoti tasvirlangan. Amaldorlar zulmiga qarshi xalq noroziligi ifodalangan.

Xoy yigitlar yigitlar Yuragimda ko’p dog’im Darbadar el

“O‘g‘limga”, “Ahmoq bo‘lma” she’rlari orqali yoshlarni vatanni sevishga, ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishga chaqiradi.

Berdaq tarixiy mavzularda ham qalam tebratgan. Uning “Avlodlar”, “Omongeldi”, “Oydo‘stbiy”, “Ernazarbiy” kabi asarlarida xonlar zulmiga qarshi kurashgan xalq qahramonlarining jasorati faxr bilan kuylanadi.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

O‘zbeklarning Afandisi kabi qoraqalpoqlarning qiziqchisi kim?
  1. O‘mirbek laqqi
  2. Jiyen jirov
  3. Maman botir
  4. Esangeldi mahram

To‘g‘ri javob: O‘mirbek laqqi. Qoraqalpoqlarning qiziqchisi O‘mirbek laqqidir.

O‘mirbek laqqi haqidagi hukmlarni baholang. I. U qoraqalpoqlarning qiziqchisi, xalq qahramoni sifatida gavdalanadi. II. U latifalarida adolatsiz amaldorlar va qozilarning kirdikorlarini fosh qilgan. III. U latifalarida amaldorlar va qozilarni maqtab, ularning odilligini kuylagan. Qaysilari to‘g‘ri?
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va II
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. O‘mirbek laqqi jamiyatdagi kamchiliklar ustidan kulgan, adolatsiz amaldorlar va qozilarni fosh qilgan, mardlik va adolatni kuylagan.

Amir Temur va To‘xtamish faoliyati bilan bog‘liq voqealar qoraqalpoqlarning qaysi dostonida bayon etilgan?
  1. “Qirqqiz”
  2. “Alpomish”
  3. “Edigey”
  4. “Qublon”

To‘g‘ri javob: “Edigey”. “Edigey” dostonida Amir Temur va To‘xtamish faoliyati bilan bog‘liq voqealar bayon etilgan.

Xorazm xalqining Eron shohi Nodirshohga qarshi kurashi qoraqalpoqlarning qaysi dostonida badiiy ifodasini topgan?
  1. “Edigey”
  2. “Alpomish”
  3. “Mastposhsho”
  4. “Qirqqiz”

To‘g‘ri javob: “Qirqqiz”. “Qirqqiz” dostonida Xorazm xalqining Nodirshohga qarshi kurashi ifodalangan.

Qoraqalpoq gilam va kashta buyumlaridagi naqshlar nima uchun suv ramzini aks ettiruvchi to‘lqin ko‘rinishiga ega bo‘lgan?
  1. Ular qadimdan dengiz savdosi bilan shug‘ullanib kelganlar
  2. Ular qadimdan suv ilohiga sig‘inib kelganlar va nazr qilganlar
  3. Ular qadimdan ipakchilik bilan shug‘ullanib kelganlar
  4. Ular qadimdan daryo va ko‘l bo‘ylarida yashab kelganlar

To‘g‘ri javob: Ular qadimdan daryo va ko‘l bo‘ylarida yashab kelganlar. Qoraqalpoqlar qadimdan daryo va ko‘l bo‘ylarida yashab kelgani uchun naqshlarda suv ramzi ustun.

Qoraqalpoq qo‘shiqchiligi mazmuniga ko‘ra qanday turlarga bo‘lingan?
  1. Dostonchilik, termachilik va marosim
  2. Xalq, tarixiy va marosim qo‘shiqlari
  3. Mehnat, diniy va hajviy qo‘shiqlar
  4. Lirik, qahramonlik va diniy qo‘shiqlar

To‘g‘ri javob: Xalq, tarixiy va marosim qo‘shiqlari. Qo‘shiqchilik xalq, tarixiy va marosim qo‘shiqlariga bo‘lingan.

Doston ijrochilari nechta guruhga bo‘lingan?
  1. Ikkita
  2. Uchta
  3. To‘rtta
  4. Beshta

To‘g‘ri javob: Uchta. Doston ijrochilari jirovlar, baxshilar va qissaxonlar deb ataluvchi uch guruhga bo‘lingan.

Jirovlar va baxshilarning ijro uslublari haqida qaysi hukm to‘g‘ri?
  1. Jirovlar dutor va g‘ijjak, baxshilar esa qo‘biz jo‘rligida kuylagan
  2. Jirov ham, baxshi ham faqat nog‘ora jo‘rligida doston ijro etgan
  3. Jirovlar qo‘biz, baxshilar esa dutor va g‘ijjak jo‘rligida ijro etgan
  4. Jirovlar doston qo‘lyozmalarini o‘qib bergan, baxshilar esa kuylamagan

To‘g‘ri javob: Jirovlar qo‘biz, baxshilar esa dutor va g‘ijjak jo‘rligida ijro etgan. Jirovlar qo‘biz, baxshilar dutor va g‘ijjak jo‘rligida ijro etgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQoraqalpoqlarning turmush tarziKeyingi →Qoraqalpoqlarning milliy kiyimlari