XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 31-§

Qo‘qon xonligida ta’lim va madaniyat

MINGLAR HUKMRONLIGI DAVRI

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Ta’limning rivoji uchun qanday sharoit zarur deb o‘ylaysiz? Qo‘qonda shunday sharoit mavjud edimi?
Savollar: 2. Hozirgi kunda sizning ilm olishingiz uchun yetarli sharoit bormi? Javobingizni misollar bilan asoslang.
Savollar: 3. Mamlakat tinchligi, ravnaqi va davlatning mustaqil bo‘lishi uchun ilm-fanning qanday ta’siri bor? Fikringizni misollar bilan asoslang.

XIX asr o‘rtalarida xonlikda Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Toshkent, Xo‘jand, O‘sh shahrida jami 350 dan ortiq madrasa faoliyat ko‘rsatgan.

Ta’lim tizimi

Xonlik ta’lim tizimi an’anaviy ikki bosqich – maktab va madrasadan iborat bo‘lgan. O‘z o‘rnida maktab ta’limi masjidlar qoshidagi quyi maktab hamda faqat shaharlarda, katta qishloqlarda faoliyat yuritgan yuqori maktablarga bo‘lingan. Ikki-besh yil davom etgan quyi maktab 10 nafardan 30 nafargacha o‘quvchini qamrab olgan.

Qiz bolalar maktabi alohida bo‘lib, ularga otinoyilar dars berishgan.

Manbalarda

“Mening suhbatdoshlarim va dugonalarim aqlli qizlar va iste’dodli shoiralar edi. Ellik bir yil davomida men maktabdorlik qildim va yiliga 20 tadan 30 tagacha o‘quvchim bo‘lib, sakkiz yuz to‘qsonta qizning savodini chiqardim, bulardan deyarli chorak qismi she’riyatga qobiliyatli bo‘lib, shoira va o‘z davrining aqlli va dono odamlari edi”.

Dilshodi Barno xotiralaridan

Anbar Otin uning iqtidorli o‘quvchilaridan bo‘lgan. Dilshod Otinning qalamiga mansub „Muhojirlar tarixi“, „Inson matonati va muhojirlar tarixi“ hamda „Barnoning tanlangan she’rlari" asarlari bizgacha yetib kelgan. Asarlarida xonlikdagi o‘zaro urushlar, uning xalq ommasi turmushiga ko’rsatgan ayanchli ta’siri kabi masalalar o‘z ifodasini topgan. Shoira, ayni paytda, yaxshi kunlar kelishiga ishonib asarlarining birida: „Bu jabr-u zulmat albat muvaqqat deb yozgan. Shuningdek, turkistonliklami do‘st va inoq bo‘lib yashashga ham da’vat etgan.

Manbalarda

Tarixchilik sezilarli ravishda o‘sib borganini ko‘ramiz. Minglar hukmronligi davri tarixini tadqiq etgan tarixchi, manbashunos olimlar tomonidan nazm va nasrda 40 ga yaqin tarixiy asarlar yaratilgani ma’lum.

Tarix saboqlari

Qo‘qondagi Norbo‘tabiy, Jome, Chalpak, Oliy, Modarixon, Kamol qozi, Dasturxonchi, Miyon Hazrat madrasalari, Toshkentdagi Ko‘kaldosh, Baroqxon, Mo‘yi Muborak, Beklarbegi, Eshonquli dodxoh, Yunusxon, Mahmud dasturxonchi, Normuhammad qushbegi va Abulqosim eshon madrasalari, Xo‘janddagi Muslihiddin madrasasi, Marg‘ilondagi Sayidahmadxo‘ja madrasalari xonlikdagi eng mashhur madrasalardan hisoblangan. Toshkentdagi Ko‘kaldosh va Baroqxon madrasasidan tashqari barchasi xonlik davrida qurilgan.

Madrasada talabalarga Qur’on qiroati ilmi (tajvid), aqida, fiqh, hadis, arab tili grammatikasi, falsafa, mantiq, notiqlik, meros, faroiz, shuningdek, matematika, tabobat, adabiyot kabi fanlar o‘qitilgan. Biroq tabiiy va aniq fanlar saviyasi dunyoning ilg‘or mamlakatlari darajasidan ancha orqada edi.

Tarix saboqlari

Maktab va madrasalar vaqf mulklari tomonidan moliyalashtirilgan.

Maktabxonalarda So‘fi Olloyor asari o‘rganib bo‘lingach, Sharq olamida mashhur bo‘lgan, XIII asrda yashab o‘tgan Sa’diy Sheroziyning “Bo‘ston” va “Guliston” asarlari o‘rganilgan.

BMTning Tinchlik Kengashi binosi peshtoqiga “Guliston” asaridan olingan quyidagi misralar bitilgan: “Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino bo‘lganligi tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir a’zosiga jarohat yetkazsa, boshqa a’zolari ham o‘z tinchini yo‘qotadi”.

Keyingi bosqichda Hofiz Sheroziyning (1326–1389) “Devon”ini o‘rganish boshlangan. Mazkur asar lirik she’rlar to‘plami bo‘lib, o‘quvchilarning axloqiy tarbiyasida asosiy qo‘llanma sanalgan. Shuningdek, maktabxonalarda arab grammatikasi, Alisher Navoiyning she’riy to‘plamlari hamda husnixat, hisob-kitob (arifmetika) ham o‘qitilgan.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Bu davrda Buxoro va Xivada qanday madrasalar faoliyat ko‘rsatayotgan edi? Ularda qaysi fanlardan darslar o‘tilgan? Ularning Qo‘qon xonligidagi ta’lim tizimidan farqi va o‘xshashlik tomonlari nimalardan iborat bo‘lgan?
Savollar: 2. Adabiyot fanidan olgan bilimlaringizga tayanib javob berishga harakat qiling: XIX asrda Qo‘qonda yashab ijod qilgan shoirlarni bilasizmi? Ularning ijodi haqida ma’lumotga egamisiz va qaysi she’rlarini yoddan bilasiz?

3. Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan shoirning ismini eslang.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Qo‘qon xonligida Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Toshkent, Xo‘jand va O‘sh shaharlarida jami 350 dan ortiq madrasa qaysi davrda faoliyat ko‘rsatgan?
  1. XVIII asr o‘rtalarida
  2. XX asr boshlarida
  3. XVII asr o‘rtalarida
  4. XIX asr o‘rtalarida

To‘g‘ri javob: XIX asr o‘rtalarida. XIX asr o‘rtalarida xonlikning olti shahrida jami 350 dan ortiq madrasa faoliyat ko‘rsatgan.

XIX asr o‘rtalarida Qo‘qon xonligining Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Toshkent, Xo‘jand va O‘sh shaharlarida jami nechta madrasa faoliyat ko‘rsatgan?
  1. 350 dan ortiq
  2. 150 dan ortiq
  3. 250 dan ortiq
  4. 500 dan ortiq

To‘g‘ri javob: 350 dan ortiq. Matnda xonlik shaharlarida jami 350 dan ortiq madrasa faoliyat ko‘rsatgani aytilgan.

Qo‘qon xonligida ikki-besh yil davom etgan quyi maktab eng kamida necha nafar o‘quvchini qamrab olgan?
  1. 20 nafardan
  2. 15 nafardan
  3. 5 nafardan
  4. 10 nafardan

To‘g‘ri javob: 10 nafardan. Quyi maktab 10 nafardan 30 nafargacha o‘quvchini qamrab olgan.

Qo‘qon xonligida ikki-besh yil davom etgan quyi maktab ko‘pi bilan necha nafar o‘quvchini qamrab olgan?
  1. 20 nafargacha
  2. 30 nafargacha
  3. 50 nafargacha
  4. 40 nafargacha

To‘g‘ri javob: 30 nafargacha. Quyi maktab 10 nafardan 30 nafargacha o‘quvchini qamrab olgan.

Qo‘qon xonligining an’anaviy ta’lim tizimi qaysi bosqichlardan iborat bo‘lgan?
  1. Maktab va universitet
  2. Maktab va madrasa
  3. Madrasa va akademiya
  4. Maktab, gimnaziya va madrasa

To‘g‘ri javob: Maktab va madrasa. Xonlik ta’lim tizimi an’anaviy ikki bosqich – maktab va madrasadan iborat bo‘lgan.

Ikki-besh yil davom etgan quyi maktab nechta o‘quvchini qamrab olgan?
  1. 50 nafardan 100 nafargacha
  2. 5 nafardan 10 nafargacha
  3. 10 nafardan 30 nafargacha
  4. 30 nafardan 60 nafargacha

To‘g‘ri javob: 10 nafardan 30 nafargacha. Quyi maktab 10 nafardan 30 nafargacha o‘quvchini qamrab olgan.

Xonlikda qiz bolalar maktabida kimlar dars bergan?
  1. Mudarrislar
  2. Domlalar
  3. Xalfalar
  4. Otinoyilar

To‘g‘ri javob: Otinoyilar. Qiz bolalar maktabi alohida bo‘lib, ularga otinoyilar dars bergan.

Qo‘qon xonligidagi ta’lim haqida quyidagi hukmlarni ko‘rib chiqing. I. Xonlik ta’lim tizimi maktab va madrasa bosqichlaridan iborat bo‘lgan. II. Yuqori maktablar faqat shaharlarda va katta qishloqlarda faoliyat yuritgan. III. Quyi maktab o‘n yildan ortiq davom etib, yuzlab o‘quvchini qamrab olgan. Qaysi hukmlar to‘g‘ri?
  1. faqat I
  2. I va II
  3. II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va II. Quyi maktab ikki-besh yil davom etgan va 10 nafardan 30 nafargacha o‘quvchini qamragan, shuning uchun III hukm noto‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiIchki va tashqi savdo. Soliq tizimiKeyingi →Qo‘qon adabiy muhiti