XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» qonun · 9–15-m.

Vazirlar Mahkamasining vakolatlari (1/2)

Moddalar

9-modda. Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi;

barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;

atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi;

fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi;

9-modda. Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari (davomi)

fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;

ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzalarni taqdim etadi;

davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish haqida takliflar ishlab chiqadi;

strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari davlat boshqaruvi tizimiga joriy etilishini ta’minlaydi;

mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim hamda ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar hamda “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish yuzasidan choralar ko‘radi.

9-modda. Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari (davomi)

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

10-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini va industrial siyosat olib borilishini ta’minlaydi;

barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni isloh etish va tarkibiy o‘zgartirish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda uning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlari joriy etilishini va uning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari shakllantirilishini ta’minlaydi;

bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, iste’molchilar huquqlarining ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlash bo‘yicha choralar ko‘radi;

sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirishni, innovatsion ishlanmalarni va energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etishni, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishni, shuningdek atom energetikasini rivojlantirishni ta’minlaydi;

iqtisodiyot tarmoqlarini strategik jihatdan rivojlantirish davlat dasturlarini, davlat rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

10-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari (davomi)

maxsus iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va monitoring qilishni amalga oshiradi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi;

davlat boshqaruvi usullarini takomillashtiradi, shu jumladan elektron hukumat prinsiplari asosida takomillashtiradi, bozor prinsiplariga asoslangan korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullari joriy etilishini rag‘batlantiradi;

qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, agrar sektorni modernizatsiya qilish va uni iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, zamonaviy resurslarni tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, yer resurslari sifatini saqlash va yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish choralarini ko‘radi;

urbanizatsiya jarayonlarining davlat tomonidan tartibga solinishini va davlat uy-joy siyosati amalga oshirilishini, yer munosabatlarida zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishini ta’minlaydi;

erkin tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, “xufiyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iqtisodiy jarayonlarda davlatning ishtirokini maqbullashtirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali shart-sharoitlar yaratadi;

tadbirkorlar, shu jumladan chet ellik investorlar murojaatlari bilan ishlash, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash bo‘yicha samarali tizimni joriy etish choralarini ko‘radi.

11-modda. Vazirlar Mahkamasining budjet, moliya va soliq sohasidagi vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

budjet, moliya va soliq sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, respublikani iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini va eng muhim dasturlarini inobatga olgan holda soliq hamda budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqilishini va bajarilishini tashkil etadi;

xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlab qolgan holda Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlash choralarini amalga oshiradi;

samarali fiskal siyosat olib boradi, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligi tizimining sifati va samaradorligini yaxshilash choralarini ko‘radi;

davlat qarzini boshqarish bo‘yicha choralar ko‘radi, xususan, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi, O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga oid shartnomalarni va ularga doir qo‘shimcha kelishuvlarni tuzadi, davlat qarzini boshqarish strategiyasini tasdiqlaydi hamda uning amalga oshirilishini nazorat qiladi, davlat qarzining makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turilishini ta’minlaydi;

bank, sug‘urta, lizing va boshqa moliya institutlarini rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshiradi.

12-modda. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

ijtimoiy sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus, professional, oliy ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimi uyg‘un holda rivojlantirilishini, uning sifati va samaradorligi oshirilishini, uzluksiz ta’limdan va inklyuziv ta’limdan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, shuningdek davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida nodavlat ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish choralarini ko‘radi;

oliy ta’lim tizimi, ilm-fan va innovatsiyalar ilg‘or xalqaro tajriba asosida rivojlantirilishini, iste’dodli yoshlar nufuzli xorijiy ta’lim tashkilotlarida o‘qishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

o‘qituvchilarning jamiyat va davlatni rivojlantirishdagi rolini oshirish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi hamda kasbiy jihatdan o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi;

ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

sog‘liqni saqlash tizimini, shu jumladan uning birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish, ushbu sohaga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish, tibbiy yordam sifatini, samaradorligi va qulayligini oshirish, tibbiy sug‘urta turlarini rivojlantirish, kafolatlangan tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish hisobidan aholining sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi;

12-modda. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari (davomi)

jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda sport infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha choralarni amalga oshiradi;

aholi bandligini ta’minlash, uni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi, shuningdek yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqadi, mehnat bozori infratuzilmasi rivojlantirilishini, fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishini, ularning ijtimoiy va pensiya ta’minoti tizimlarining ishlashini ta’minlaydi;

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek respublikaga qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

oila, onalik, otalik va bolalik muhofaza qilinishini ta’minlaydi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish choralarini ko‘radi;

xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek ularning sifatli ta’lim olishini ta’minlash hamda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi, fuqarolarning haqiqiy daromadlarini oshirish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralarini ko‘radi;

12-modda. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari (davomi)

aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini yaxshilash, ularning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish choralarini ko‘radi;

keksalarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va ularning sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha maqsadli ijtimoiy dasturlar amalga oshirilishini hamda ular mazmunli dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi, ularning ishga joylashishi va ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularga zarur bo‘lgan axborotni moneliksiz olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

13-modda. Vazirlar Mahkamasining madaniy-gumanitar sohadagi vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

madaniy-gumanitar sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;

madaniyat va san’atni rivojlantirishga, madaniy qadriyatlardan keng ko‘lamda foydalanishni ta’minlashga, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda to‘la huquqli tarzda ishtirok etishiga ko‘maklashadi;

teatr-tomosha, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar hamda muzeylar faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘radi;

madaniyat, san’at va adabiyot vakillarining, ma’naviyat sohasi xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha maqsadli ishlarni amalga oshiradi;

tarixiy va madaniy merosning muhofaza qilinishini, mamlakatning butun hududida ijtimoiy hayotning barcha sohalarida davlat tilining har tomonlama rivojlantirilishi hamda amal qilishini ta’minlaydi;

xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda rivojlantirish choralarini ko‘radi.

14-modda. Vazirlar Mahkamasining hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

hududlarning iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ularning sanoat hamda eksport salohiyatini oshirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks va mutanosib ravishda rivojlantirishni ta’minlaydi;

iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani strategik jihatdan rivojlantirish davlat dasturlarini, hududiy rivojlantirish dasturlarini, shuningdek hududlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ma’muriy islohotlarni amalga oshirish choralarini ko‘radi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining maqsadli ijrosini ta’minlaydi;

hududlarni, eng avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlarini hamda shaharlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal qilish bo‘yicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini ta’minlash choralarini ko‘radi;

hududlarni kompleks rivojlantirishga, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, hududlarda aholi bandligi va turmush darajasi uzluksiz oshirib borilishini ta’minlashga doir islohotlar amalga oshirilishi jarayonini monitoring qilish asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tamoyillarining kompleks tahlilini o‘tkazadi;

14-modda. Vazirlar Mahkamasining hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari (davomi)

chet el investitsiyalarini jalb qilish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish choralarini ko‘radi, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan va uning iqtisodiy xavfsizligidan kelib chiqqan holda, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, bayonnoma qarorlari va topshiriqlarining bajarilishi jarayonini maqsadli o‘rganishni amalga oshiradi;

hududlarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi eng muhim ustuvorliklar, iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari va sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

15-modda. Vazirlar Mahkamasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

Vazirlar Mahkamasi:

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash choralarini ko‘radi;

tabiiy resurslarni, shu jumladan yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosini hamda boshqa tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda tabiatdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha faoliyatni tashkil etadi;

suv xo‘jaligi tizimini modernizatsiya va isloh qilish, shuningdek sohaga zamonaviy innovatsion va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi;

atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish hamda respublika ahamiyatiga va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni ro‘yobga chiqarishga, shuningdek mazkur yo‘nalishdagi milliy loyihalarni yanada kengaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

yirik avariyalar va halokatlarning, shuningdek tabiiy ofatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Bilimingizni sinang

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» qonun — 9-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Vazirlar Mahkamasining tashqi siyosatni amalga oshirish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
  2. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari
  3. Vazirlar Mahkamasining hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
  4. Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari

To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari. 9-modda: Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari.

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» qonun: «Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 14-modda
  2. 9-modda
  3. 5-modda
  4. 16-modda

To‘g‘ri javob: 9-modda. 9-modda: Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari.

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunga ko‘ra, Hukumat iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati hamda ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga doir dasturlarning nimasi uchun javobgar bo‘ladi?
  1. Faqat ularning Prezident tomonidan tasdiqlanishi uchun
  2. Faqat ularni xorijiy davlatlar bilan kelishish uchun
  3. Ularning referendumga qo‘yilishi uchun
  4. Ularning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun

To‘g‘ri javob: Ularning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun. 9-moddaga ko‘ra, Hukumat dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi.

Quyidagilardan qaysi biri Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlariga kiradi?
  1. Qonunlarni qabul qilish va Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha choralar ko‘rish
  2. Kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish
  3. Sud hukmlarini qayta ko‘rish va sudyalarni lavozimga tayinlash bo‘yicha choralar ko‘rish
  4. Referendum o‘tkazish va siyosiy partiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish

To‘g‘ri javob: Kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish. 9-moddaga ko‘ra, Hukumat kambag‘allikni qisqartirish, munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘radi.

Qaysi sohalarda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini Vazirlar Mahkamasi 9-moddaga ko‘ra ta’minlaydi?
  1. Xalqaro savdo, bojxona tarifi va valyuta kursini belgilash hamda markaziy bank faoliyatini boshqarish sohalarida
  2. Ichki ishlar, mudofaa va chegara xavfsizligi, shuningdek sud tizimi faoliyatini boshqarish sohalarida
  3. Iqlim o‘zgarishi, epidemiya va pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida
  4. Diniy va milliy masalalar, siyosiy partiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish va saylovlar o‘tkazish sohalarida

To‘g‘ri javob: Iqlim o‘zgarishi, epidemiya va pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida. 9-moddada atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi, epidemiya va pandemiyalarga qarshi kurash sohalarida yagona davlat siyosati ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi oilaga nisbatan qanday choralarni ko‘radi?
  1. Oilani faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash va qonuniy huquqlarini cheklash, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi
  2. Oilani qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish hamda nikoh yoshini oshirish va farzandlar sonini cheklash choralarini ko‘radi
  3. Faqat ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kam ta’minlangan oilalarga nafaqa to‘lash bo‘yicha choralar ko‘radi
  4. Oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi

To‘g‘ri javob: Oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi. 9-moddaga ko‘ra, Hukumat oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi.

Vazirlar Mahkamasi strategiyalar, konsepsiyalar va dasturlar bilan birga mamlakatni rivojlantirishning qanday hujjatlarini amalga oshirish choralarini ko‘radi?
  1. hisobot jadvallari
  2. reglamentlar
  3. yo‘l xaritalari
  4. nizomlar

To‘g‘ri javob: yo‘l xaritalari. Vazirlar Mahkamasi strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar hamda “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish choralarini ko‘radi.

Vazirlar Mahkamasi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzalarni kimga taqdim etadi?
  1. Senatga
  2. Konstitutsiyaviy sudga
  3. Oliy sudga
  4. Qonunchilik palatasiga

To‘g‘ri javob: Qonunchilik palatasiga. 9-moddaga ko‘ra, har yilgi ma’ruzalar Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiVazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish tartibiKeyingi →Vazirlar Mahkamasining vakolatlari (2/2)