Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish (1/2)
Moddalar
22-modda. Bosh vazir
Bosh vazir:
Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati oldiga qo‘yilgan maqsadli vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
davlat boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish talab etilmaydigan masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimidan ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar to‘g‘risidagi har yilgi ma’ruzasini Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a’zolari bilan birgalikda har yarim yilda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;
22-modda. Bosh vazir (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Bosh vazir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.
Bosh vazir yo‘qligida uning vazifasini Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bajarib turadi.
23-modda. Bosh vazir o‘rinbosarlari
Bosh vazir o‘rinbosarlari vazifalar taqsimotiga muvofiq:
davlat va jamiyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga qaratilgan strategiyalarda va ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik dasturlarda belgilangan vazifalarning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qiladi, mas’ul vazirliklar va idoralarning mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, parlament so‘rovi, Qonunchilik palatasi deputatining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) a’zosining so‘rovi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishining borishi monitoringini amalga oshiradi;
iqtisodiyot tarmoqlaridagi va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qiladi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarning bajarilishini bevosita tumanlar va shaharlarda nazorat va tahlil qiladi, joylardagi mavjud muammolarni hal etish choralarini ko‘radi;
aniq sohalarda va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini o‘rganish, shuningdek hududlarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni tezkor hal etish maqsadida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini, “hukumat kunlari”ni tashkil etadi;
23-modda. Bosh vazir o‘rinbosarlari (davomi)
strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflar ishlab chiqadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning faoliyatini samaradorlikka yo‘naltiradi, shu orqali tegishli sohalar va tarmoqlar bo‘yicha belgilangan parametrlar va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishini ta’minlaydi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlarini tashkil etadi;
ijtimoiy sohani, iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha belgilangan parametrlar hamda ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan manzilli choralarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘radi;
vazirlarning va boshqa ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining sa’y-harakatlarini birlashtiradi hamda ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
23-modda. Bosh vazir o‘rinbosarlari (davomi)
o‘zi mas’ul bo‘lgan sohalardagi kamchiliklarni tanqidiy jihatdan tahlil qiladi, ularni bartaraf etish bo‘yicha strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflarni ishlab chiqadi;
muammoli va istiqbolli masalalar bo‘yicha takliflarni umumlashtirish, ularni Vazirlar Mahkamasiga majlisda muhokama qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kiritish choralarini ko‘radi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasi majlislarining kun tartibi bo‘yicha takliflar kiritadi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga ishonib topshirilgan faoliyat sohasida erishilgan natijalar uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
24-modda. Bosh vazir maslahatchisi
Bosh vazir maslahatchisi vazifalar taqsimotiga muvofiq:
o‘z vakolatiga kiritilgan tegishli yo‘nalishlar va masalalar bo‘yicha Bosh vazirga takliflar ishlab chiqilishini, ularning ekspertizadan o‘tkazilishini va tayyorlanishini ta’minlaydi, shuningdek buning uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘radi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi;
vazirlarning va boshqa ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining sa’y-harakatlarini birlashtiradi hamda ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
o‘zi mas’ul bo‘lgan sohalardagi kamchiliklarni tanqidiy jihatdan tahlil qiladi, ularni bartaraf etish bo‘yicha kompleks takliflar ishlab chiqadi;
muammoli va istiqbolli masalalar bo‘yicha takliflarni umumlashtirish, ularni Vazirlar Mahkamasi majlisida muhokama qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kiritish choralarini ko‘radi;
24-modda. Bosh vazir maslahatchisi (davomi)
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Bosh vazir maslahatchisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazir maslahatchisining funksional vazifalari va uning faoliyatini tashkil etish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
25-modda. Vazirlar
Vazirlar:
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasi majlislarining kun tartibi bo‘yicha takliflar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasi ko‘rib chiqishi uchun masalalar tayyorlashni amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni ko‘rib chiqish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi;
Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kollegial tartibda ko‘rib chiqishda ularning himoya qilinishini ta’minlaydi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
tegishli vazirliklar va ularning tashkiliy bo‘ysunuvidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan harakatlar rejasini ro‘yobga chiqarishga, shuningdek vazirliklar va ularning tashkiliy bo‘ysunuvidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarning bajarilishini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda, maqsadli vazifalarni bajarishga doir choralarni amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va boshqa ishchi organlariga Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra rahbarlikni amalga oshiradi;
25-modda. Vazirlar (davomi)
o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari tuzilmasi hamda shtat birliklarini ajratilgan mablag‘lar doirasida hamda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda tasdiqlaydi;
hududdagi ehtiyojlar va sharoitlardan kelib chiqqan holda, viloyat yoxud tuman (shahar) bo‘linmalarini tuzadi yoki ularning tumanlararo (viloyatlararo) shakllarini tashkil etadi;
tizimdagi kadrlar siyosatini davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda amalga oshiradi;
vazirlikning budjet va budjetdan tashqari mablag‘larini qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf etadi.
Vazirlar tegishli sohada yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, qonun hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli va kompleks ravishda ishlab chiqish, ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari, shuningdek o‘zlari rahbarlik qilayotgan vazirliklarning faoliyati samaradorligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
26-modda. Vazirlar Mahkamasining kollegial organlari
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalar tuzadi va ularning vazifalarini, funksiyalarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiradigan ayrim masalalar bo‘yicha takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tashkil etilishi mumkin.
27-modda. Vazirlar Mahkamasiga masalalarni kiritish va ko‘rib chiqish
Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun:
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari loyihalari — qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish uchun;
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalari — qabul qilish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining Vazirlar Mahkamasi vakolatiga taalluqli qismi bo‘yicha nomenklaturasiga hamda Vazirlar Mahkamasining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga tayinlash, tasdiqlash, taqdim etish, kelishib olish uchun nomzodlar va ularni lavozimidan ozod etish bo‘yicha takliflar;
mansabdor shaxslar ayrim toifalarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga chiqishi to‘g‘risidagi, Vazirlar Mahkamasi bilan belgilangan tartibda maxsus kelishib olish talab qilinadigan takliflar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqish Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati majlislarida, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasi tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan uning vakolatiga tegishli bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan boshqa masalalar ham kiritiladi.
27-modda. Vazirlar Mahkamasiga masalalarni kiritish va ko‘rib chiqish (davomi)
Muhim davlat, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy masalalarni hal qilish uchun Vazirlar Mahkamasining kompleks yoki maqsadli dasturlari va tadbirlari ishlab chiqilib, ular Bosh vazir o‘rinbosarlari hamda maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun masalalar Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirliklarning tashkiliy bo‘ysunuviga kirmaydigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, istisno hollarda esa ularning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan kiritiladi.
Davlat ishtirokidagi tashkilotlar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirayotgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari orqali kiritiladi.
Bilimingizni sinang
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining samarali ishlashi uchun qanday javobgar bo‘ladi?
- Shaxsan javobgar bo‘ladi
- Faqat siyosiy javobgar bo‘ladi, shaxsan emas
- Faqat Prezident oldida jamoaviy javobgar bo‘ladi
- Javobgarlikka tortilmaydi
To‘g‘ri javob: Shaxsan javobgar bo‘ladi. 22-moddaga ko‘ra, Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasi majlislarida kim raislik qiladi va uning qarorlarini kim imzolaydi?
- Prezident raislik qiladi va qarorlarni imzolaydi
- Bosh vazir raislik qiladi, imzoni Prezident qo‘yadi
- Bosh vazir raislik qiladi va qarorlarni imzolaydi
- Birinchi o‘rinbosar raislik qiladi va imzolaydi
To‘g‘ri javob: Bosh vazir raislik qiladi va qarorlarni imzolaydi. 22-moddaga ko‘ra, Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qiladi va uning qarorlarini imzolaydi.
Xalqaro munosabatlarda Bosh vazir qanday vakolatga ega?
- Hukumat nomidan muzokaralar olib boradi, xalqaro shartnomalarni Prezident imzolaydi
- Prezident nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va xalqaro shartnomalarni imzolaydi
- Hukumat nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va xalqaro shartnomalarni imzolaydi
- Hukumat nomidan faqat muzokaralar olib boradi, xalqaro shartnomalarni imzolashga haqli emas
To‘g‘ri javob: Hukumat nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va xalqaro shartnomalarni imzolaydi. 22-moddaga ko‘ra, Bosh vazir xalqaro munosabatlarda Hukumat nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va xalqaro shartnomalarni imzolaydi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni kim va qanday tartibda taqsimlaydi?
- Vazirlar Mahkamasi majlisida ovoz berish orqali
- Qonunchilik palatasi qarori bilan
- Prezident Administratsiyasi tomonidan mustaqil ravishda
- Bosh vazir, Prezident bilan kelishilgan holda
To‘g‘ri javob: Bosh vazir, Prezident bilan kelishilgan holda. 22-moddaga ko‘ra, Bosh vazir Prezident bilan kelishilgan holda o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi.
Bosh vazir Prezident bilan kelishmasdan o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlab chiqdi. Konstitutsiyaviy Qonunga ko‘ra bu harakat qanday baholanadi?
- Noto‘g‘ri, vazifalarni taqsimlash Prezident bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi shart
- To‘g‘ri, Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni kelishuvsiz taqsimlashi mumkin
- Noto‘g‘ri, vazifalarni taqsimlash Qonunchilik palatasi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi shart
- Noto‘g‘ri, vazifalarni o‘rinbosarlar o‘rtasida taqsimlash faqat Prezidentning vakolatiga kiradi
To‘g‘ri javob: Noto‘g‘ri, vazifalarni taqsimlash Prezident bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi shart. 22-moddaga ko‘ra, vazifalar Prezident bilan kelishilgan holda taqsimlanadi.
Bosh vazir viloyat hokimi samarasiz ishlayotganini aniqlab, uni o‘zi lavozimidan ozod etdi. Konstitutsiyaviy Qonunga ko‘ra Bosh vazirning vakolati qanday?
- U hokimni lavozimidan ozod etish haqida Senatga takliflar kiritadi
- U Prezidentga hokimni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritadi
- U hokimni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimidan ozod etish huquqiga ega
- U Qonunchilik palatasiga hokimni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritadi
To‘g‘ri javob: U Prezidentga hokimni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritadi. 22-moddaga ko‘ra, Bosh vazir Prezidentga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritadi.
Bosh vazir Hukumat a’zolari bilan birgalikda Qonunchilik palatasiga davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida qanday muddatda hisobot taqdim etadi?
- Har chorakda
- Har yili bir marta
- Har yarim yilda
- Har ikki yilda
To‘g‘ri javob: Har yarim yilda. 22-moddaga ko‘ra, hisobot har yarim yilda taqdim etiladi.
Bosh vazir Qonunchilik palatasiga taqdim etadigan har yilgi ma’ruzada nimalar yoritiladi?
- O‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi besh yil uchun mudofaa ustuvorliklari
- Faqat o‘tgan yildagi byudjet ijrosi yakunlari va navbatdagi yil uchun soliq stavkalari loyihasi
- O‘tgan yildagi sud va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati yakunlari va navbatdagi yil rejalari
- O‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar
To‘g‘ri javob: O‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar. 22-moddaga ko‘ra, har yilgi ma’ruzada o‘tgan yil yakunlari va navbatdagi yil ustuvorliklari ko‘rsatiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash