XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida» qonun · 33–38-m.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini bajarishga doir chora-tadbirlar

Moddalar

33-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini bajarish

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro huquq normalariga muvofiq og‘ishmay va majburiy tarzda bajariladi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatini qabul qilish zarur bo‘lgan hollarda, manfaatdor davlat organlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi normalarini implementatsiya qilish masalalari bo‘yicha tegishli hujjat qabul qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda takliflar taqdim etadi.

34-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini ta’minlash yuzasidan amaliy choralar ko‘radi va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi uchun javobgarlik o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va mansabdor shaxslarni o‘z vakolatlari doirasida belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini, bunday shartnomalardan kelib chiqadigan, O‘zbekiston Respublikasiga tegishli bo‘lgan huquqlarga rioya etilishini ta’minlaydi va O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining boshqa ishtirokchilari tomonidan o‘z majburiyatlari bajarilishini kuzatib boradi.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar ikki yoki undan ortiq davlat organlarining vakolatlariga kirsa, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtirish o‘z zimmasiga yuklatiladigan davlat organini belgilaydi.

34-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini ta’minlash (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi.

35-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda yozma shaklda beriladi.

36-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi yuzasidan monitoring

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi yuzasidan monitoring O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron ma’lumotlar bazasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari har yili 31-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining yil davomidagi bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq axborot yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi davlat organlarining axborotini o‘rganish asosida:

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishi holati samaradorligiga baho beradi;

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini tegishli tarzda ta’minlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

har yili 1-martga qadar bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga umumlashtirilgan axborotni tegishli takliflar bilan kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida monitoringni amalga oshiradi.

37-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron ma’lumotlar bazasi asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari hamda boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan birgalikda shartnomalarning yagona tarzda hisobga olinishini ta’minlash va ularning huquqiy maqomini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rejali asosda inventarizatsiyadan o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq axborotni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining so‘rovnomasi asosida ikki haftalik muddat ichida taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amal qiluvchi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish, ularni prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) va qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladi.

37-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor davlat organlarini O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida xabardor qiladi.

38-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda ko‘riladigan choralar

Davlat organlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilishi holati aniqlangan paytdan e’tiboran bu haqda darhol O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladi. Zarur bo‘lgan hollarda, bunday buzilishga olib kelgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining boshqa ishtirokchilari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa manfaatdor davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga xalqaro huquq normalariga hamda xalqaro shartnomaning o‘z shartlariga muvofiq zarur choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi uning boshqa ishtirokchilari tomonidan jiddiy tarzda buzilgan taqdirda, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda, bunday shartnoma ushbu Qonunning 40 ― 48-moddalarida belgilangan tartibda tugatilishi yoki uning amal qilishi to‘xtatib turilishi mumkin.

Bilimingizni sinang

O‘zbekiston xalqaro shartnomalari qanday bajariladi?
  1. Faqat ratifikatsiya qilinganlari majburiy tarzda bajariladi
  2. Faqat milliy qonunchilik ruxsat bergan hollarda bajariladi
  3. Davlat organlarining xohishiga ko‘ra, ixtiyoriy tarzda bajariladi
  4. Xalqaro huquq normalariga muvofiq og‘ishmay va majburiy tarzda

To‘g‘ri javob: Xalqaro huquq normalariga muvofiq og‘ishmay va majburiy tarzda. 33-moddaga ko‘ra shartnomalar xalqaro huquq normalariga muvofiq og‘ishmay va majburiy tarzda bajariladi.

Shartnomani bajarish uchun qonunchilik hujjati qabul qilish zarur bo‘lsa, manfaatdor davlat organlari takliflarni kim bilan kelishgan holda taqdim etadi?
  1. Faqat Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi
  2. Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi
  3. Prezident Administratsiyasi va Bosh prokuratura
  4. Bosh prokuratura va Oliy sud apparati

To‘g‘ri javob: Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi. 33-moddaga ko‘ra takliflar TIV va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda taqdim etiladi.

Kazus: Qishloq xo‘jaligi vazirligi shartnomani bajarish uchun yangi qonun kerakligini aniqladi. U taklifni kim bilan kelishib taqdim etishi kerak?
  1. Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari bilan
  2. Faqat Oliy sud va Bosh prokuratura bilan
  3. Hech kim bilan kelishmasdan, mustaqil ravishda
  4. Faqat hokimlik va mahalla yig‘ini bilan

To‘g‘ri javob: Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari bilan. 33-moddaga ko‘ra takliflar TIV va Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda taqdim etiladi.

Konstitutsiyaga muvofiq xalqaro shartnomalarga va qabul qilingan majburiyatlarga rioya etilishini kim ta’minlaydi?
  1. Prezident
  2. Senat raisi
  3. Oliy sud raisi
  4. Bosh prokuror

To‘g‘ri javob: Prezident. 34-moddaga ko‘ra Prezident shartnomalar va majburiyatlarga rioya etilishini ta’minlaydi.

Shartnomalarning bajarilishi uchun javobgar davlat organlari va mansabdor shaxslarni o‘z vakolatlari doirasida kim belgilaydi?
  1. Oliy Majlis
  2. Vazirlar Mahkamasi
  3. Tashqi ishlar vazirligi
  4. Adliya vazirligi

To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasi. 34-moddaga ko‘ra javobgar organlar va mansabdor shaxslarni Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Shartnomalar bilan tartibga solinadigan masalalar vakolatiga kiradigan davlat organlari boshqa ishtirokchilar tomonidan majburiyatlar bajarilishiga nisbatan nima qiladi?
  1. Bajarilishini kuzatib boradi
  2. Ishtirokchilarni jarimaga tortadi
  3. Shartnomani bir tomonlama bekor qiladi
  4. Hech narsa qilmaydi

To‘g‘ri javob: Bajarilishini kuzatib boradi. 34-moddaga ko‘ra organlar boshqa ishtirokchilarning majburiyatlari bajarilishini kuzatib boradi.

Masala ikki yoki undan ortiq davlat organi vakolatiga kirsa, majburiyatlar bajarilishini muvofiqlashtiruvchi organni kim belgilaydi?
  1. Adliya vazirligi taklifiga ko‘ra Bosh prokuror yoki Oliy sud Raisi
  2. Oliy sud taklifiga ko‘ra Senat Raisi yoki Qonunchilik palatasi Spikeri
  3. Vazirliklarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra Moliya vaziri yakka o‘zi
  4. Tashqi ishlar vazirligi taklifiga ko‘ra Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi

To‘g‘ri javob: Tashqi ishlar vazirligi taklifiga ko‘ra Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi. 34-moddaga ko‘ra muvofiqlashtiruvchi organni TIV taklifiga ko‘ra Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Kazus: Xalqaro shartnoma ikki vazirlik vakolatiga kiradi, ular bajarilish uchun mas’ul organ borasida bahslashmoqda. Mas’ul muvofiqlashtiruvchi organni kim belgilaydi?
  1. TIV taklifiga ko‘ra Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi
  2. Vazirliklar o‘zlari yarim-yarim bo‘lishib belgilaydi
  3. Adliya vazirligi o‘z tashabbusiga ko‘ra yakka tartibda
  4. Oliy sud vazirliklar murojaatiga ko‘ra yakka tartibda

To‘g‘ri javob: TIV taklifiga ko‘ra Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi. 34-moddaga ko‘ra muvofiqlashtiruvchi organni TIV taklifiga ko‘ra Prezident yoki VM belgilaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini e’lon qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va saqlashKeyingi →O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining haqiqiy emasligi, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki uni tugatish (1/2)