Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar
I Bo‘Lim. Umumiy Qoidalar
10-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda mehnatga oid munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida xodimlar uchun O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligiga yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining qoidalari mehnatga oid yakka tartibdagi munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan hollarda ham qo‘llaniladi.
11-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi:
xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga;
yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini ish beruvchi tomonidan ta’minlashda xodimning mehnat vazifasini ichki mehnat tartibiga bo‘ysungan holda haq evaziga shaxsan bajarishi haqidagi, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga asoslangan munosabatlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridir.
Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar tuzish taqiqlanadi.
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
xodimni ish beruvchida ishga joylashtirishga oid munosabatlar;
xodimni ish beruvchida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va uning malakasini oshirishga oid munosabatlar;
mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik jarayonida shakllanadigan jamoaviy mehnat munosabatlari;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratga oid munosabatlar;
mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga oid munosabatlar.
11-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi (davomi)
Agar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilangan qoidalar chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan tashkilotlar yoxud ushbu fuqarolar, shaxslar ishtirokidagi, xalqaro tashkilotlar va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi mehnatga oid munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi davlat muassasalariga (diplomatik, konsullik muassasalariga va boshqa muassasalarga) ishga yuborilgan xodimlarga va muqobil xizmatni o‘tayotgan shaxslarga nisbatan qonunlarda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda tatbiq etiladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga, shuningdek ichki ishlar va davlat bojxona xizmati organlarida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatida, Milliy gvardiyasida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning maxsus qonunchilikka zid bo‘lmagan qismi tatbiq etiladi.
11-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi (davomi)
Sudyalarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning sudlar to‘g‘risidagi qonunchilikda tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.
Prokuratura organlari xodimlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka zid bo‘lmagan qismi tatbiq etiladi.
Qutqaruv xizmatlarining va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotganlar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.
Jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmi bilan hukm qilinganlarning mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida nazarda tutilgan istisnolar va cheklovlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik quyidagi shaxslarga nisbatan (agar ular ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bir vaqtning o‘zida ish beruvchilar yoki ularning vakillari sifatida ish yuritmasa) tatbiq etilmaydi:
muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga;
tashkilotlarning kuzatuv kengashlari a’zolariga;
mazkur tashkilotning xodimlari bo‘lmagan taftish komissiyalari a’zolariga (taftishchilarga);
11-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi (davomi)
fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlarni bajarayotgan (xizmatlar ko‘rsatayotgan) shaxslarga;
agar qonunda belgilangan bo‘lsa, boshqa shaxslarga.
Agar shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan bo‘lsa, biroq keyinchalik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan tartibda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bunday munosabatlarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar qoidalari qo‘llaniladi.
12-modda. Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:
jamoa kelishuvlari;
jamoa shartnomalari;
ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
13-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka nisbatan yomonlashtiruvchi qoidalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
14-modda. Jamoa kelishuvlarining o‘zaro nisbati va ichki hujjatlar bilan o‘zaro nisbati
Tarmoq va hududiy jamoa kelishuvlariga xodimlarning holatini bosh jamoa kelishuviga nisbatan yomonlashtiruvchi qoidalarni kiritish taqiqlanadi.
Tarmoq va hududiy jamoa kelishuvlari qoidalarida tafovutlar mavjud bo‘lgan hollarda, qaysi jamoa kelishuvi xodim uchun qulayroq shart-sharoitlarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, o‘sha kelishuv qoidalari qo‘llaniladi.
Ichki hujjatlarda xodimlar uchun ularga nisbatan amal qilishi tatbiq etiladigan jamoa kelishuvlarida belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari nazarda tutilishi mumkin.
Ichki hujjatlarga xodimning holatini jamoa kelishuvlariga nisbatan yomonlashtiruvchi qoidalarni kiritish taqiqlanadi.
15-modda. Ichki hujjatlarning o‘zaro nisbati
Ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan, shuningdek ish beruvchi yakka o‘zi qabul qilgan ichki hujjatlar jamoa shartnomasiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtiruvchi qoidalarni o‘z ichiga olmasligi kerak.
Ish beruvchi yakka o‘zi qabul qilgan ichki hujjatlar xodimning holatini ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan ichki hujjatlarga nisbatan yomonlashtiruvchi qoidalarni o‘z ichiga olmasligi kerak.
Agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda u yoki bu masala ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra hal etilishi kerakligi nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu talabga rioya etish ish beruvchi uchun majburiydir.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan masalalar bo‘yicha qabul qilingan qaror to‘g‘risida ish beruvchiga uning yozma murojaati olingan kundan e’tiboran yigirma kunlik muddatda yozma shaklda xabar berishi kerak, bundan ushbu Kodeksda boshqa muddat nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar mazkur muddat tugagach ish beruvchining murojaati javobsiz qolgan bo‘lsa, ish beruvchi tegishli masalani kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini olmasdan hal qilishga haqlidir.
15-modda. Ichki hujjatlarning o‘zaro nisbati (davomi)
Tashkilotda kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashkil etilmagan hollarda ish beruvchi qonunchilikka muvofiq kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olinishi kerak bo‘lgan masalalarni hal qilish niyati to‘g‘risida mehnat jamoasini yozma shaklda xabardor qilishi shart. Agar axborot olingan kundan e’tiboran ikki hafta ichida mehnat jamoasining boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotini yoki xodimlarning boshqa vakillik organini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadigan umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi) o‘tkazilmasa, ish beruvchi tegishli masalalarni mustaqil ravishda hal qilishga haqlidir.
16-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning va mehnat shartnomasining o‘zaro nisbati
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodimga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat shartnomasiga xodimning huquqiy holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlarni kiritish taqiqlanadi.
17-modda. Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar qoidalarining va mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Ushbu Kodeks 13-moddasining ikkinchi qismida, 14-moddasining birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi qismlarida, 15-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etmaslik xodimning holatini yomonlashtiradigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.
Ushbu Kodeks 16-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya etmaslik xodimning holatini yomonlashtiradigan mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.
Haqiqiy bo‘lmagan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning qoidalari, shuningdek mehnat shartnomasining shartlari qo‘llanilmaydi. Bunday qoidalar va shartlar qabul qilingan paytdan e’tiboran haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar ayrim qoidalarining yoki mehnat shartnomasi alohida shartlarining haqiqiy emasligi tegishli hujjatning yoki mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.
18-modda. Ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjatlari
Ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vakolatlari doirasida muayyan xodimga (xodimlarga) yoki jamoaga yo‘naltirilgan va bir marta qo‘llanilish (ishga qabul qilish, mehnat sharoitlarini o‘zgartirish, boshqa ishga o‘tkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish, xodimga mehnat ta’tili berish, xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash, xodimlarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi va boshqa buyruqlar) uchun mo‘ljallangan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar — buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar (bundan buyon matnda buyruqlar deb yuritiladi) qabul qilishi mumkin.
Rahbar yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar buyruqlar yoki farmoyishlar tarzida e’lon qilinadi. Kollegial ijro etuvchi organ tomonidan qabul qilinadigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar qarorlar tarzida qabul qilinadi.
Agar ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjatlari xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan shart-sharoitlarga nisbatan uncha qulay bo‘lmagan qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, bu hujjatlar yoki ularning tegishli qismlari haqiqiy bo‘lmaydi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 10-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ichki hujjatlarning o‘zaro nisbati
- Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik
- Mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash prinsipi
- Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi
To‘g‘ri javob: Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik. 10-modda: Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik.
Mehnat kodeksi: «Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik» qaysi moddada belgilangan?
- 5-modda
- 15-modda
- 10-modda
- 11-modda
To‘g‘ri javob: 10-modda. 10-modda: Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik.
Mehnat kodeksiga ko‘ra mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik nimalardan iborat?
- Faqat Mehnat kodeksidan hamda mehnat shartnomalaridan, boshqa qonunchilik hujjatlari mehnat munosabatlarini tartibga solmaydi va qo‘llanilmaydi
- Ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid va ular bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan
- Mehnat kodeksi, jamoa shartnomalari, ichki hujjatlar va tarmoq kelishuvlaridan, ya’ni yakka tartibdagi mehnatga oid hujjatlardan iborat
- Mehnat kodeksi va Vazirlar Mahkamasining barcha qarorlaridan hamda mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi vazirliklar buyruqlaridan
To‘g‘ri javob: Ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid va ular bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan. 10-moddaga ko‘ra mehnat qonunchiligi Kodeks va boshqa shunday munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Xalqaro shartnoma qoidalarini mehnat munosabatlarida qo‘llash haqida qaysi hukm to‘g‘ri?
- Xalqaro shartnoma qoidalari faqat qonunchilikda aynan takrorlangan bo‘lsagina va Oliy Majlis tasdiqlagandan so‘ng qo‘llaniladi
- Xalqaro shartnoma qoidalari mehnat munosabatlariga umuman qo‘llanilmaydi, ular faqat davlatlararo munosabatlarni tartibga soladi
- Xalqaro shartnoma qoidalari faqat chet el fuqarolariga va chet el kapitalli ish beruvchilarga nisbatan qo‘llaniladi
- Xalqaro shartnoma qoidalari mehnat qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan hollarda ham qo‘llaniladi
To‘g‘ri javob: Xalqaro shartnoma qoidalari mehnat qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan hollarda ham qo‘llaniladi. 10-moddaning oxirgi qismi shartnoma qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan hollarda ham qo‘llanilishini belgilaydi.
O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomada xodimlar uchun milliy mehnat qonunchiligidagiga qaraganda imtiyozliroq qoida belgilangan. Xodim Anvar shu qoidaga tayanmoqda. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
- Imtiyozliroq bo‘lgani uchun xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi
- Milliy qonunchilik doimo ustun turadi, shuning uchun shartnoma qoidasi qo‘llanilmaydi
- Shartnoma qoidasi faqat ish beruvchi yozma rozilik bergandagina qo‘llaniladi
- Shartnoma qoidasi qo‘llaniladi, agar u kamroq imtiyoz bersa
To‘g‘ri javob: Imtiyozliroq bo‘lgani uchun xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. 10-moddaga ko‘ra xodimlar uchun imtiyozliroq xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Konstitutsiyaviy Qonun bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda mehnat munosabatlari qanday tartibga solinadi?
- Faqat Kodeksda belgilangan qoidalar bilan
- Faqat ish beruvchining ichki hujjatlari bilan
- Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan
- Mehnat qonunchiligi bunday hududda amal qilmaydi
To‘g‘ri javob: Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan. 10-moddaning ikkinchi qismi maxsus rejimli hududda boshqacha qoidalar qo‘llanilishini belgilaydi.
Mehnat kodeksi — 11-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi prinsipi
- Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi
- Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash
- Mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash prinsipi
To‘g‘ri javob: Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi. 11-modda: Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi.
Mehnat kodeksi: «Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi» qaysi moddada belgilangan?
- 7-modda
- 11-modda
- 4-modda
- 9-modda
To‘g‘ri javob: 11-modda. 11-modda: Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilish sohasi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash