XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 19–26-m.

Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari va yuzaga kelish asoslari (1/2)

I Bo‘Lim. Umumiy Qoidalar

19-modda. Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida

Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlaridir.

Mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lgan, ushbu Kodeksda belgilangan yoshga yetgan hamda ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xodimlar bo‘lishi mumkin.

Quyidagilar ish beruvchilar sifatida ish yuritishi mumkin:

mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tashkilotlar;

tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda tashkilotlarning alohida bo‘linmalari deb yuritiladi);

jismoniy shaxslar.

Jismoniy shaxslar quyidagi hollarda ish beruvchilar bo‘lishi mumkin:

agar ular yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa;

agar ular o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda yordamlashish maqsadida uy xizmatchilarini yollashni amalga oshirsa;

agar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ularning kasbiy faoliyati ro‘yxatdan o‘tkazilishi va (yoki) litsenziyalanishi lozim bo‘lsa hamda ular mazkur faoliyatni amalga oshirish maqsadida xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarga kirishgan bo‘lsa.

20-modda. Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati

Mehnat huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘lish layoqati (mehnatga oid huquq layoqati) hamda fuqaroning (jismoniy shaxsning) o‘z xatti-harakatlari orqali mehnat huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun mehnat majburiyatlarini olish va ularni bajarish layoqati (mehnatga oid muomala layoqati) O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun teng ravishda e’tirof etiladi.

Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, xuddi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ega bo‘lgan mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘ladi.

Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati u o‘n olti yoshga to‘lgan paytidan e’tiboran bir vaqtning o‘zida vujudga keladi, bundan ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar mustasno.

21-modda. Xodimning huquqlari

Xodim quyidagi huquqlarga ega:

ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish;

mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan ish beruvchi tomonidan ta’minlanish;

mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan ish joyiga ega bo‘lish;

o‘z malakasiga, mehnatning murakkabligiga, bajarilgan ishning miqdori va sifatiga muvofiq o‘z vaqtida hamda to‘liq hajmda ish haqi olish;

ish vaqti davomiyligining chegarasini, ayrim kasblardagi va toifalardagi xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqtini belgilash, har haftalik dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari, shuningdek yillik mehnat ta’tillari berish orqali ta’minlanadigan dam olish;

xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlariga ega bo‘lish, shuningdek ish joyidagi mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish talablari to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborot olish;

mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

o‘z mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga va boshqa tashkilotlarga birlashish;

jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi, shuningdek ular shartlarining bajarilishi to‘g‘risida axborot olish, shu jumladan o‘z vakillari orqali olish;

21-modda. Xodimning huquqlari (davomi)

mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xodimga mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish;

o‘z mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qonun bilan taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish;

mehnat nizolarini ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda belgilangan tartibda hal qilish.

Xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

22-modda. Xodimning majburiyatlari

Xodim:

mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi;

mehnat shartnomasi bilan o‘z zimmasiga yuklatilgan mehnat majburiyatlarini vijdonan bajarishi;

ichki mehnat tartibiga rioya etishi;

mehnat intizomiga rioya etishi;

belgilangan mehnat normalarini bajarishi;

mehnatni muhofaza qilish talablariga, texnologiya intizomiga, mehnat xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalariga rioya etishi;

ish beruvchining mol-mulkiga (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida turgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar bo‘lsa) nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi;

ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va doirada qoplashi;

insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga, ish beruvchining mol-mulki (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida bo‘lgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar bo‘lsa) but saqlanishiga tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelganligi to‘g‘risida ish beruvchiga yoki bevosita rahbarga darhol xabar qilishi;

boshqa xodimlarning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlarni sodir etmasligi shart.

Xodimning zimmasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

23-modda. Ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati

Ish beruvchi tashkilotlarning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati ular belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi.

Tashkilotlar alohida bo‘linmalarining mehnatga oid huquq layoqati ularning faoliyatini tartibga soluvchi nizomlar tasdiqlangan paytdan e’tiboran vujudga keladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati u yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.

Uy xo‘jaligidagi ishlarni bajarish uchun va tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa shaxsiy maqsadlarda yollanma mehnatdan foydalanayotgan jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati hamda muomala layoqati u fuqarolik muomala layoqatiga to‘liq hajmda ega bo‘lgan paytdan e’tiboran, ko‘rsatilgan yoshga to‘lmagan shaxsning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati esa u O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan hollarda o‘n sakkiz yoshga kirguniga qadar fuqarolik muomala layoqatiga to‘liq hajmda ega bo‘lgan kundan e’tiboran yuzaga keladi.

Qonunga, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, tashkilotning ta’sis hujjatlariga va ichki hujjatlarga muvofiq ish beruvchining mehnatga oid munosabatlardagi huquq va majburiyatlari:

tashkilotning mulkdori;

tashkilotning boshqaruv organlari yoki ular vakolat bergan boshqa shaxslar;

23-modda. Ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati (davomi)

ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Qonunlarda mol-mulk egasining, yuridik shaxs majburiyatlari bo‘yicha muassisning (ishtirokchining) subsidiar javobgarligi belgilangan hollarda yuridik shaxs bo‘lgan ish beruvchining mehnatga oid munosabatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlari uchun mol-mulk egasi, yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) subsidiar javobgar bo‘ladi.

24-modda. Ish beruvchining huquqlari

Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega:

ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish hamda bekor qilish;

jamoa muzokaralari tashabbusi bilan chiqish va jamoa shartnomalarini tuzish;

xodimlarni halol samarali mehnati uchun rag‘batlantirish;

xodimlardan o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishini va ish beruvchining mol-mulkiga (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida bo‘lgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar bo‘lsa) ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishini, ichki mehnat tartibiga rioya etishini talab qilish;

xodimlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish;

xodimlarni ular tomonidan ham ish beruvchiga bevosita yetkazilgan, ham boshqa shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash natijasida ish beruvchida yuzaga kelgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlikka tortish;

ichki hujjatlarni qabul qilish (bundan yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan, jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchilar mustasno);

o‘z manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida ish beruvchilar birlashmalarini tashkil etish hamda ularga a’zo bo‘lish.

Ish beruvchi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

25-modda. Ish beruvchining majburiyatlari

Ish beruvchi:

mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi;

xodimlarni mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan ta’minlashi;

xodimlarni ishga qabul qilishda, mehnat jarayonida va xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ushbu Kodeksning mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi;

majburiy mehnat va bolalar mehnatining og‘ir shakllari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymasligi;

mehnatni muhofaza qilish normativ talablariga muvofiq bo‘lgan mehnat xavfsizligini va shart-sharoitlarini ta’minlashi;

xodimlarni o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, asboblar, texnik hujjatlar va boshqa vositalar bilan ta’minlashi;

xodimlarga berilishi lozim bo‘lgan ish haqini ushbu Kodeksga, jamoa shartnomasiga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga, mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan muddatlarda to‘liq hajmda to‘lashi;

ushbu Kodeksda belgilangan tartibda jamoa muzokaralarini olib borishi, shuningdek jamoa shartnomasini tuzishi;

xodimlarning vakillariga jamoa kelishuvini va jamoa shartnomasini tuzish hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan to‘liq va ishonchli axborotni taqdim etishi;

xodimlarni ularning birlashish huquqi to‘g‘risida xabardor qilishi;

xodimlarni o‘z mehnat faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, qabul qilinayotgan ichki hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;

25-modda. Ish beruvchining majburiyatlari (davomi)

davlat mehnat inspektorlarining, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarishi;

xodimlar davlat organlaridagi saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ularning ish joyi saqlanib qolgan hollarda ushbu ish beruvchi ilgari mehnat shartnomasini bekor qilgan xodimlarni ishga qabul qilishi;

tegishli kasaba uyushmasi organlarining, xodimlar tomonidan saylangan boshqa vakillarning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning aniqlangan qoidabuzarliklari haqidagi ko‘rsatmalari hamda taqdimnomalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishi va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida mazkur organlar hamda vakillarga xabar qilishi;

xodimlarning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan maishiy ehtiyojlari ta’minlanishini amalga oshirishi;

xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasini ta’minlashi;

o‘z mehnat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan xodimlarga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda hamda shartlarda qoplashi;

25-modda. Ish beruvchining majburiyatlari (davomi)

mehnat shartnomalarini, shuningdek ularga doir o‘zgartish va qo‘shimchalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida o‘z vaqtida ro‘yxatga olishi shart.

Ish beruvchining zimmasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

2-§. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning yuzaga kelishi asoslari

26-modda. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning yuzaga kelishi

Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ushbu Kodeksga muvofiq ular tomonidan tuziladigan mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi.

Qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud tashkilot ustavida (nizomida) belgilangan hollarda va tartibda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar mehnat shartnomasiga asosan quyidagilar natijasida yuzaga keladi:

lavozimga saylanish yoki tegishli lavozimni egallash uchun tanlovdan o‘tish;

lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash;

vakolatli davlat organlari tomonidan ishga yuborish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqqa doir tasdiqnoma berish;

ota-onaning har ikkisining yoki ota-onadan birining (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsning) roziligi;

ish beruvchining zimmasiga mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini yuklatish to‘g‘risidagi sud qarorini qabul qilish;

shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlarni sud tomonidan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etish.

Mehnat shartnomasi tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan taqdirda, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ish beruvchining yoki uning shunga vakolatli bo‘lgan vakilining ijozati bilan yoki topshirig‘iga ko‘ra xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilganligi asosida ham yuzaga keladi.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 19-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ish beruvchining huquqlari
  2. Xodimning majburiyatlari
  3. Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida
  4. Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati

To‘g‘ri javob: Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida. 19-modda: Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida.

Mehnat kodeksi: «Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida» qaysi moddada belgilangan?
  1. 19-modda
  2. 22-modda
  3. 24-modda
  4. 20-modda

To‘g‘ri javob: 19-modda. 19-modda: Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida.

Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi shaxslar xodimlar bo‘lishi mumkin?
  1. Faqat O‘zbekiston fuqarolari xodim bo‘lishi mumkin, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xodim bo‘la olmaydi, hatto ular mehnat shartnomasi tuzgan bo‘lsa ham, mehnat huquqiga ega emas
  2. Mehnatga oid huquq va muomala layoqatiga ega, Kodeksda belgilangan yoshga yetgan va ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan fuqarolar, shuningdek chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar
  3. Faqat yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan, mehnatga oid muomala layoqatiga ega va Kodeksda belgilangan yoshga yetgan O‘zbekiston fuqarolari, chet elliklar esa xodim bo‘la olmaydi
  4. Ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzmagan bo‘lsa ham, ishga ariza bergan va Kodeksda belgilangan yoshga yetgan har qanday shaxs, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar

To‘g‘ri javob: Mehnatga oid huquq va muomala layoqatiga ega, Kodeksda belgilangan yoshga yetgan va ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan fuqarolar, shuningdek chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. 19-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra xodim bo‘lish uchun layoqat, yosh va tuzilgan mehnat shartnomasi talab etiladi.

Quyidagilardan qaysi biri ish beruvchi sifatida ish yuritishi mumkin?
  1. faqat mulkchilik shakli davlat bo‘lgan tashkilotlar va ularning filiallari
  2. yuridik shaxs bo‘lmagan har qanday fuqarolar guruhi yoki tadbirkorlar uyushmasi
  3. faqat idoraviy mansubligi aniq belgilangan va davlat ro‘yxatidan o‘tgan tashkilotlar
  4. tashkilotning filiali, vakolatxonasi yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linmasi

To‘g‘ri javob: tashkilotning filiali, vakolatxonasi yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linmasi. 19-moddaga ko‘ra tashkilotlar, ularning alohida bo‘linmalari va jismoniy shaxslar ish beruvchi bo‘lishi mumkin.

Fuqaro Bekzod o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda yordam berish uchun enaga yolladi. U tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan. Bekzod ish beruvchi bo‘la oladimi?
  1. Ha, chunki jismoniy shaxs uy xizmatchilarini yollash holatida ish beruvchi bo‘lishi mumkin
  2. Yo‘q, chunki faqat yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan jismoniy shaxs ish beruvchi bo‘la oladi
  3. Yo‘q, chunki jismoniy shaxs hech qachon ish beruvchi bo‘la olmaydi
  4. Ha, lekin faqat litsenziya olgandan keyin

To‘g‘ri javob: Ha, chunki jismoniy shaxs uy xizmatchilarini yollash holatida ish beruvchi bo‘lishi mumkin. 19-moddaga ko‘ra uy xizmatchilarini yollagan jismoniy shaxs ish beruvchi bo‘la oladi.

Sherzod yuridik shaxs tashkil etmasdan do‘kon ochib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va sotuvchi yollamoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. U ish beruvchi bo‘la olmaydi, chunki yuridik shaxs tashkil etmagan va faqat yuridik shaxs ish beruvchi sanaladi
  2. U faqat uy xizmatchilari yollagandagina ish beruvchi bo‘la oladi, boshqa xodimlarni ishga olish huquqiga ega emas
  3. U ish beruvchi sifatida ish yuritishi mumkin, chunki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan
  4. U ish beruvchi bo‘lishi uchun avval mehnat jamoasi ruxsatini va mahalliy mehnat organi tasdig‘ini olishi kerak

To‘g‘ri javob: U ish beruvchi sifatida ish yuritishi mumkin, chunki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan. 19-modda: yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan jismoniy shaxs ish beruvchi bo‘lishi mumkin.

Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati, odatda, qaysi yoshga to‘lgan paytdan boshlab vujudga keladi?
  1. O‘n to‘rt yoshga
  2. O‘n besh yoshga
  3. O‘n sakkiz yoshga
  4. O‘n olti yoshga

To‘g‘ri javob: O‘n olti yoshga. Xodimning mehnatga oid huquq va muomala layoqati o‘n olti yoshga to‘lgan paytdan bir vaqtda vujudga keladi, qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Mehnat kodeksi — 20-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning va mehnat shartnomasining o‘zaro nisbati
  2. Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati
  3. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati
  4. Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida

To‘g‘ri javob: Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati. 20-modda: Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarKeyingi →Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari va yuzaga kelish asoslari (2/2)