Umumiy qoidalar
Ii Bo‘Lim. Mehnat Sohasidagi Ijtimoiy Sheriklik
34-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik o‘z vakillari timsolida xodimlar, ish beruvchilar, ularning vakillari, davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi bo‘lib, bu tizim yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni hamda ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish masalalari yuzasidan xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini muvofiqlashtirishni ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi.
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
taraflar va ularning vakillari tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etish;
taraflar vakillarining vakolatliligi;
taraflarning teng huquqliligi;
taraflar manfaatlarining hisobga olinishi;
taraflarning shartnoma asosidagi munosabatlarda ishtirok etishdan manfaatdorligi;
mehnat va mashg‘ulot sohasiga kiradigan masalalarni tanlash hamda muhokama qilish erkinligi;
taraflar tomonidan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishning ixtiyoriyligi;
taraflar o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlarning haqiqiyligi va ularni bajarishning majburiyligi;
davlatning ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga ko‘maklashishi;
qabul qilingan jamoa kelishuvlarining, jamoa shartnomasining, shuningdek ijtimoiy sheriklikning boshqa hujjatlarida ko‘rsatilgan qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat;
taraflarning, ular vakillarining o‘z aybi bilan jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi bajarilmaganligi uchun javobgarligi.
35-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik:
boshlang‘ich darajada (tashkilotda yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchida);
hududiy darajada;
tarmoq darajasida;
respublika darajasida amalga oshiriladi.
36-modda. Mehnat jamoasi
Ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan barcha xodimlar mehnat jamoasini tashkil etadi.
Mehnat jamoasi ijtimoiy sheriklik sohasidagi o‘z vakolatlarini umumiy yig‘ilish (konferensiya) o‘tkazish orqali amalga oshiradi.
Mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi, agar unda ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning yarmidan ko‘prog‘i hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Mehnat jamoasining konferensiyasi, agar unda tashkilot bo‘linmalari delegatlarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Mehnat jamoasi umumiy yig‘ilishining (konferensiyasining) qarori, agar umumiy yig‘ilishda (konferensiyada) ishtirok etayotgan xodimlarning (delegatlarning) ellik foizidan ko‘prog‘i uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi.
Mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi):
xodimlarning mehnat jamoasi manfaatlarini ifodalash vakolati berilgan vakillik organini belgilaydi;
jamoa shartnomasini ma’qullash yoki ma’qullamaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
amal qilishi tegishli xodimlarga va ish beruvchiga nisbatan tatbiq etiladigan jamoa kelishuvlarining, shuningdek jamoa shartnomasining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
jamoa kelishuvining, jamoa shartnomasining taraflar tomonidan ijro etilishi samaradorligiga baho beradi;
ish tashlashga oid masalalar to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
36-modda. Mehnat jamoasi (davomi)
qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq o‘zga vakolatlarni amalga oshiradi.
37-modda. Xodimlarning birlashish huquqi
Xodimlar o‘z huquqlari va manfaatlarini biror-bir farqqa qaramasdan ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda o‘z xohishiga ko‘ra va oldindan ruxsat olmasdan kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga a’zo bo‘lish huquqiga ega.
Ijtimoiy sheriklikning tegishli darajalarida kasaba uyushmalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, xodimlar o‘z manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni ta’minlash uchun boshqa birlashmalar tuzishga haqlidir.
Kasaba uyushmalariga yoxud xodimlarning boshqa birlashmalariga mansublik yoki mansub emaslik fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari va erkinliklarini biror-bir tarzda cheklashga sabab bo‘lmaydi.
Kasaba uyushmalarining yoki xodimlar boshqa birlashmalarining barcha a’zolari ushbu Kodeksda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, kasaba uyushmalarining yoki xodimlarning boshqa birlashmalari ustavlarida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan o‘z huquq va majburiyatlari borasida tengdir.
Ishga qabul qilishni, xodim uchun ehtimol tutilgan imtiyozlar va preferensiyalarni, shu jumladan ustamalarni, mukofot pullarini, ishda yuqori martabaga ko‘tarilishni, shuningdek mehnat shartnomasining bekor qilinishini muayyan kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmasiga mansublik yoki mansub emaslik, unga a’zo bo‘lish yoxud undan chiqish bilan bog‘lash taqiqlanadi.
37-modda. Xodimlarning birlashish huquqi (davomi)
Kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga mansubligi yoki mansub emasligi belgisi bo‘yicha o‘zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitilganlik fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Kamsitilgan shaxsning kamsitishni bartaraf etish, buzilgan huquqini tiklash va o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablari sud tartibida hal etiladi.
Xodimlarning birlashish huquqini amalga oshirishga monelik qilishga, shuningdek ularni kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga a’zo bo‘lishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodimning kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga a’zo bo‘lmaslik to‘g‘risidagi yozma yoki og‘zaki majburiyatlari haqiqiy emasdir.
38-modda. Ish beruvchilarning birlashish huquqi
Ish beruvchilar o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish maqsadida oldindan ruxsat olmasdan ixtiyoriy ravishda o‘z birlashmalarini tuzish, shuningdek ish beruvchilar birlashmalariga ularning ustavlarida belgilangan tartibda a’zo bo‘lish huquqiga ega.
Ish beruvchilar birlashmasi yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilarning va (yoki) ish beruvchilar birlashmalarining ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir.
Ish beruvchilarning birlashish huquqini amalga oshirishga monelik qilishga, shuningdek ularni ish beruvchilarning u yoki bu birlashmalariga a’zo bo‘lishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
39-modda. Ijtimoiy sheriklik taraflari
Boshlang‘ich darajadagi ijtimoiy sheriklik ikki tomonlama xususiyatga ega. Mehnat jamoasi va ish beruvchi boshlang‘ich darajadagi ijtimoiy sheriklik taraflaridir.
Tarmoq va hududiy darajalardagi ijtimoiy sheriklik ikki tomonlama yoki uch tomonlama xususiyatga ega. Xodimlar va ish beruvchilarning tegishli birlashmalari tarmoq va hududiy darajadagi ikki tomonlama ijtimoiy sheriklik taraflaridir. Hududiy darajadagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda xodimlar va ish beruvchilar hududiy birlashmalarining taklifiga ko‘ra mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor davlat organlari ishtirok etadi. Tarmoq darajasidagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda xodimlarning va ish beruvchilarning tarmoq birlashmalari taklifiga ko‘ra tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirok etadi. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ish beruvchilar sifatida ishtirok etadigan hollarda tarmoq darajasidagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda ishtirok etadi.
Respublika darajasidagi ijtimoiy sheriklik uch tomonlama xususiyatga ega. Xodimlar va ish beruvchilarning respublika birlashmalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar respublika darajasidagi ijtimoiy sheriklik taraflaridir.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ish beruvchilar sifatida ish yuritadigan hollarda ular ijtimoiy sheriklikning ish beruvchiga vakillik qiladigan tarafi bo‘ladi.
40-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning mehnat huquqi normalarini o‘z ichiga olgan huquqiy hujjatlari
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning huquqiy hujjatlari quyidagilardan iborat:
jamoa kelishuvlari;
jamoa shartnomasi;
tashkilotning ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan boshqa ichki hujjatlari.
41-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish shakllari
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha jamoaviy muzokaralar;
jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasini tuzish;
ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishgan holda ichki hujjatlarni qabul qilish;
ijtimoiy sheriklik taraflari tomonidan jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi va ijtimoiy sheriklikning boshqa hujjatlari qoidalarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
xodimlarning o‘z vakillari orqali ijtimoiy sheriklik darajasiga muvofiq tashkilotlarni, hududni, tarmoqni, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etishi;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va ijtimoiy sheriklik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning ayrim qoidalarini ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining dastlabki roziligi bilan qo‘llashi;
yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, xodimlarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha ijtimoiy sheriklik taraflari tomonidan o‘zaro maslahatlashuvlar (muzokaralar) o‘tkazish;
mehnat nizolarini hal etishda (tartibga solishda) xodimlar va ish beruvchilar vakillarining ishtirok etishi.
41-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish shakllari (davomi)
Ijtimoiy sheriklik qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 34-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari
- Lavozimga saylanish yoki tegishli lavozimni egallash uchun tanlovdan o‘tish natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
- Lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
- Ish beruvchining zimmasiga mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini yuklatish to‘g‘risidagi sud qarori qabul qilinishi natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
To‘g‘ri javob: Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari. 34-modda: Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari.
Mehnat kodeksi: «Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari» qaysi moddada belgilangan?
- 32-modda
- 27-modda
- 34-modda
- 28-modda
To‘g‘ri javob: 34-modda. 34-modda: Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik nima?
- faqat xodimlar va kasaba uyushmalari hamda ularning vakillari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi
- xodimlar, ish beruvchilar, ularning vakillari va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi
- ish beruvchilar, soliq organlari va tegishli vazirliklar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi
- xodimlar, sud organlari va prokuratura o‘rtasidagi nizolarni hal qilish va ko‘rib chiqish tizimi
To‘g‘ri javob: xodimlar, ish beruvchilar, ularning vakillari va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi. 34-moddaga ko‘ra ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, vakillari va davlat organlari munosabatlari tizimidir.
Quyidagilardan qaysi biri ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplariga KIRMAYDI?
- taraflarning teng huquqliligi
- taraflar vakillarining vakolatliligi
- taraflar tomonidan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishning ixtiyoriyligi
- bir tarafning ikkinchi tarafga bo‘ysunishi
To‘g‘ri javob: bir tarafning ikkinchi tarafga bo‘ysunishi. 34-moddada teng huquqlilik, vakolatlilik, ixtiyoriylik prinsiplari sanalgan; bo‘ysunish prinsipi yo‘q.
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik prinsiplariga ko‘ra taraflar yoki ularning vakillari qanday holda javobgar bo‘ladi?
- o‘z aybi bilan jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi bajarilmaganda
- jamoa shartnomasi bajarilmaganda, ayb mavjudligidan qat’i nazar
- faqat jamoa shartnomasi sud tomonidan bekor qilinganda
- faqat ish tashlash e’lon qilinganda
To‘g‘ri javob: o‘z aybi bilan jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi bajarilmaganda. 34-moddada javobgarlik taraflar o‘z aybi bilan jamoa kelishuvi yoki shartnomasini bajarmaganda yuzaga keladi.
Tashkilotda jamoa shartnomasi bo‘yicha muzokaralarda xodimlar nomidan bir shaxs qatnashmoqda, ammo mehnat jamoasi uni vakil etib belgilamagan va unga vakolat bermagan. Ijtimoiy sheriklikning qaysi prinsipi buzilmoqda?
- taraflar manfaatlarining hisobga olinishi
- davlatning ijtimoiy sheriklikka ko‘maklashishi
- taraflar vakillarining vakolatliligi
- taraflarning shartnoma asosidagi munosabatlarda ishtirok etishdan manfaatdorligi
To‘g‘ri javob: taraflar vakillarining vakolatliligi. 34-modda prinsiplari qatorida taraflar vakillarining vakolatliligi mavjud.
Mehnat kodeksi — 35-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari
- Lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
- Xodimlarning birlashish huquqi
- O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma mavjud bo‘lganda mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
To‘g‘ri javob: Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari. 35-modda: Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari.
Mehnat kodeksi: «Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari» qaysi moddada belgilangan?
- 37-modda
- 30-modda
- 35-modda
- 28-modda
To‘g‘ri javob: 35-modda. 35-modda: Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash