Xodimlarning va ish beruvchilarning ijtimoiy sheriklikdagi vakilligi
Ii Bo‘Lim. Mehnat Sohasidagi Ijtimoiy Sheriklik
42-modda. Xodimlarning vakilligi
Tashkilotda yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchida xodimlarning vakilligini hamda ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni boshlang‘ich darajada kasaba uyushmasi qo‘mitasi amalga oshiradi. Xodimlarning va ish beruvchilarning manfaatlarini aynan bitta vakillik organi ifoda etishi hamda himoya qilishi mumkin emas.
Xodimlar vakilligini, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni quyidagilar amalga oshiradi:
hududiy va tarmoq darajalarida — tegishli kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari va bo‘linmalari (bundan buyon matnda hududiy va tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalari deb yuritiladi);
respublika darajasida — respublika kasaba uyushmalari birlashmalari.
43-modda. Xodimlar vakillarining huquqlari
Xodimlarning vakillari quyidagi huquqlarga ega:
jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomalarini tuzish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
ijtimoiy sheriklikning turli darajalarida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish masalalarini hal qilishda ishtirok etish;
tashkilotning ichki normativ hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda esa ish beruvchi tomonidan tegishli ichki hujjat qabul qilinishiga o‘z roziligini yoki noroziligini bildirish;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
ish beruvchilarga, ularning vakillariga mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha takliflar kiritish;
vakolatli davlat organlariga xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etishni to‘xtatish to‘g‘risida takliflar kiritish;
mehnat masalalari, tashkilotning faoliyati, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha zarur axborot olish;
ish joylariga moneliksiz tashrif buyurish, ish beruvchilardan, ularning vakillaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlarni olish;
mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) organlarida xodimlarning manfaatlarini himoya qilish;
ish beruvchining va u vakolat bergan shaxslarning qarorlari ustidan, agar ular qonunchilikka yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga zid bo‘lsa yoxud xodimlarning huquqlarini boshqacha tarzda buzadigan bo‘lsa, sudga shikoyat qilish;
43-modda. Xodimlar vakillarining huquqlari (davomi)
agar xodimlarning ijtimoiy-mehnat munosabatlaridagi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa harakatlar qonunchilikka zid bo‘lmasa, ularni ham amalga oshirish.
Xodimlarning vakillari tomonidan huquqlarni amalga oshirish ish beruvchilarning ish samaradorligini pasaytirmasligi, ularning belgilangan ish tartibi va rejimini buzmasligi kerak.
44-modda. Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga beriladigan mehnat kafolatlari
Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga xodimlarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga hamda himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshirishi munosabati bilan ish beruvchilar, ularning vakillari tomonidan biror-bir shakldagi ta’qib qilinishdan himoya qilinish kafolatlanadi.
Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarni ularning saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolatlari tugaganidan keyin ikki yil ichida ish beruvchining tashabbusi bilan mazkur shaxslar o‘z faoliyatini amalga oshirgan vakillik organining oldindan roziligini olmasdan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodimlarning tegishli vakillik organi rahbari bo‘lgan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek xodimlarning vakillik organi rahbari bo‘lgan xodim bilan mehnatga oid munosabatlarni uning vakolatlari tugaganidan keyin ikki yil ichida ish beruvchining tashabbusi bilan mazkur vakillik organi ishtirokchi bo‘lgan xodimlarning tegishli hududiy yoki tarmoq birlashmasining oldindan roziligini olmasdan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
44-modda. Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga beriladigan mehnat kafolatlari (davomi)
Xodimlarning vakillik organidagi saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylanganligi oqibatida ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlarga ularning saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolatlari tugaganidan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa boshqa teng ish (lavozim) beriladi.
Kasaba uyushmasi organlariga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ular qonun hujjatlarida yoki jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi.
45-modda. Ish beruvchilarning xodimlar vakillarining faoliyatini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishga doir majburiyatlari
Ish beruvchilar:
xodimlar vakillarining huquqlarini buzmasligi, ularning faoliyatiga ko‘maklashishi;
xodimlarning manfaatlariga daxldor qarorlar qabul qilinguniga qadar xodimlar vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishi, qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda esa ularning roziligini olishi;
xodimlar vakillarining takliflarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi va qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida ularga yozma shaklda asoslangan tarzda xabar qilishi;
xodimlarning vakillarini ular qaysi xodimlar manfaatlarini ifodalayotgan bo‘lsa, o‘sha xodimlarning ish joylariga moneliksiz kiritishi;
xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari masalalariga oid zarur axborotni xodimlar vakillariga bepul taqdim etishi;
xodimlarning vakillari o‘z vazifalarini bajarishi uchun zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlashi;
xodimlarning vakili bo‘lgan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan shaxslarga ish vaqtida xodimlarning manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish majburiyatlarini bajarish uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda vaqt berishi. Ko‘rsatilgan shaxslarga taqdim etiladigan vaqtning aniq davomiyligi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchilar yoki ularning vakillari bilan kelishib belgilanadi. Bunda ushbu vaqtning davomiyligi ish haftasi soatlari miqdorining o‘ttiz foizidan kam bo‘lishi mumkin emas;
45-modda. Ish beruvchilarning xodimlar vakillarining faoliyatini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishga doir majburiyatlari (davomi)
xodimlarning vakillariga jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun va miqdorlarda mablag‘lar ajratishi shart.
Ish beruvchilarning zimmasida xodimlar vakillariga nisbatan qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham bo‘ladi.
46-modda. Ish beruvchilarning vakillari
Ish beruvchining vakilligini hamda ularning huquq va manfaatlarini boshlang‘ich darajada ifoda etish va himoya qilishni tashkilot rahbari, jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchi yoki ular vakolat bergan shaxslar ushbu Kodeksga, qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, ish beruvchining ta’sis hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Hududiy, tarmoq va respublika darajasida ish beruvchilarning vakilligini hamda ularning huquq va manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilishni tegishincha ish beruvchilarning hududiy, tarmoq va respublika birlashmalari amalga oshiradi.
47-modda. Xodimlar va ish beruvchilar vakillarining faoliyatiga to‘sqinlik qilishni taqiqlash
Xodimlar va ish beruvchilar vakillarining qonuniy faoliyatiga har qanday shaklda to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.
Ish beruvchilarning tashabbusi bilan xodimlar vakillarining faoliyatini tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodimlar vakillarining qonuniy faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan yoxud ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlarni sodir etgan ish beruvchilar, ular vakolat bergan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Xodimlar va ish beruvchilar vakillarining faoliyati o‘z ta’sis hujjatlarida belgilangan tartibda, shuningdek sudning qarori bilan tugatilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 42-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga beriladigan mehnat kafolatlari
- Xodimlarning vakilligi
- Xodimlar vakillarining huquqlari
- Mehnat jamoasi
To‘g‘ri javob: Xodimlarning vakilligi. 42-modda: Xodimlarning vakilligi.
Mehnat kodeksi: «Xodimlarning vakilligi» qaysi moddada belgilangan?
- 42-modda
- 44-modda
- 36-modda
- 43-modda
To‘g‘ri javob: 42-modda. 42-modda: Xodimlarning vakilligi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, tashkilotda xodimlarning vakilligini va ularning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishni boshlang‘ich darajada kim amalga oshiradi?
- Kasaba uyushmasi qo‘mitasi
- Tashkilotning kuzatuv kengashi
- Hududiy mehnat inspeksiyasi
- Ish beruvchilarning hududiy birlashmasi
To‘g‘ri javob: Kasaba uyushmasi qo‘mitasi. 42-modda: boshlang‘ich darajada xodimlar vakilligini kasaba uyushmasi qo‘mitasi amalga oshiradi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimlar va ish beruvchilarning manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish haqidagi qaysi hukm to‘g‘ri?
- Ikkala tomon manfaatini umumiy kengash ifoda etishi shart, alohida organlar ruxsat etilmaydi
- Ikkala tomonning manfaatini aynan bitta vakillik organi ifoda etishi mumkin emas
- Ikkala tomonning manfaatini faqat kasaba uyushmasi ifoda etadi, ish beruvchilarniki esa yo‘q
- Ikkala tomonning manfaatini faqat davlat organi ifoda etadi, vakillik organlari tuzilmaydi
To‘g‘ri javob: Ikkala tomonning manfaatini aynan bitta vakillik organi ifoda etishi mumkin emas. 42-modda: xodimlar va ish beruvchilarning manfaatlarini aynan bitta vakillik organi ifoda etishi va himoya qilishi mumkin emas.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, respublika darajasida xodimlar vakilligini, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kim amalga oshiradi?
- Hududiy kasaba uyushmalari bo‘linmalari
- Tarmoq kasaba uyushmalari qo‘mitalari
- Respublika kasaba uyushmalari birlashmalari
- Ish beruvchilarning respublika birlashmalari
To‘g‘ri javob: Respublika kasaba uyushmalari birlashmalari. 42-modda: respublika darajasida xodimlar vakilligini respublika kasaba uyushmalari birlashmalari amalga oshiradi.
Mehnat kodeksi — 43-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimlar vakillarining huquqlari
- Ijtimoiy sheriklik taraflari
- Xodimlarning vakilligi
- Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar
To‘g‘ri javob: Xodimlar vakillarining huquqlari. 43-modda: Xodimlar vakillarining huquqlari.
Mehnat kodeksi: «Xodimlar vakillarining huquqlari» qaysi moddada belgilangan?
- 42-modda
- 50-modda
- 43-modda
- 39-modda
To‘g‘ri javob: 43-modda. 43-modda: Xodimlar vakillarining huquqlari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri xodimlar vakillarining huquqiga kiradi?
- Ish beruvchi nomidan mehnat shartnomalarini imzolash
- Xodimlarga intizomiy jazo qo‘llash
- Tashkilot rahbarini lavozimidan ozod etish
- Ish joylariga moneliksiz tashrif buyurish
To‘g‘ri javob: Ish joylariga moneliksiz tashrif buyurish. 43-modda: xodimlar vakillari ish joylariga moneliksiz tashrif buyurish huquqiga ega.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash