XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 87–93-m.

Jamoa kelishuvlari (2/2)

Ii Bo‘Lim. Mehnat Sohasidagi Ijtimoiy Sheriklik

87-modda. Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi

Jamoa kelishuvlari loyihalari jamoaviy muzokaralar jarayonida ishlab chiqiladi.

Jamoa kelishuvlari loyihalari jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish uchun tegishli kasaba uyushmalari birlashmalariga taqdim etilishi mumkin.

Budjetdan moliyalashtirishni talab etadigan jamoa kelishuvlarini tuzish hamda ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish kelishuvning amal qilish muddatiga taalluqli bo‘lgan moliya yili uchun tegishli budjet loyihasi tayyorlanguniga qadar mazkur kelishuv taraflari tomonidan amalga oshiriladi.

Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi, muddatlari ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha tegishli komissiya tomonidan belgilanadi. Komissiya jamoa kelishuvini tuzish bo‘yicha jamoaviy muzokaralar boshlanishi to‘g‘risidagi axborotni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishi shart.

Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya jamoa kelishuvi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha jamoaviy muzokaralar olib borayotgan ish beruvchilar birlashmasining a’zolari bo‘lmagan ish beruvchilarni jamoaviy muzokaralar boshlanishi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qilish huquqiga ega. Mazkur xabarnomani olgan ish beruvchi bu haqda kasaba uyushmasi qo‘mitasini xabardor qilishi shart. Jamoa kelishuvini tuzish bo‘yicha jamoaviy muzokaralar olib borayotgan ish beruvchilar birlashmasining a’zosi bo‘lmagan ish beruvchi ish beruvchilarning ushbu birlashmasiga a’zolikka kirish orqali yoki ushbu ish beruvchilar birlashmasi tomonidan belgilangan boshqa shakllarda jamoaviy muzokaralarda ishtirok etishga haqli.

87-modda. Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi (davomi)

Jamoa kelishuvi loyihasining ayrim qoidalari bo‘yicha taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilmagan taqdirda jamoaviy muzokaralar boshlangan kundan e’tiboran uch oy ichida, bosh jamoa kelishuvi loyihasini tayyorlash bo‘yicha jamoaviy muzokaralar o‘tkazilayotganda esa ular boshlangan kundan e’tiboran olti oy ichida taraflar kelishuvni bir vaqtning o‘zida ixtiloflar bayonnomasini tuzgan holda, kelishilgan shartlarda imzolashi kerak.

Hal etilmagan ixtiloflar kelgusidagi jamoaviy muzokaralar predmeti bo‘lishi yoki jamoaviy mehnat nizolari uchun belgilangan tartibda hal etilishi (tartibga solinishi) mumkin.

Jamoa kelishuvi taraflarning vakolatli vakillari tomonidan imzolanadi.

88-modda. Jamoa kelishuvlarini xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish

Taraflar tomonidan imzolangan jamoa kelishuvi, uning ilovalari yetti kunlik muddatda ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan jamoa kelishuvi taraflariga, shuningdek xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasiga yuboriladi.

Jamoa kelishuvining kuchga kirishi uni xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish faktiga bog‘liq bo‘lmaydi.

Jamoa kelishuvida xodimlarning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlar aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi ularni bartaraf etish maqsadida jamoa kelishuvi taraflarini bu haqda xabardor qiladi hamda qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘radi.

Jamoa kelishuvlarini, ularga doir o‘zgartish va qo‘shimchalarni xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

89-modda. Jamoa kelishuvlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish

Jamoa kelishuvlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taraflarning o‘zaro roziligi bilan ushbu Kodeksda uni tuzish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jamoa kelishuvlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar ushbu Kodeksning 88-moddasiga muvofiq xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olinadi.

90-modda. Jamoa kelishuvlarining shaxslar doirasi bo‘yicha amal qilishi

Jamoa kelishuvining amal qilishi vakillari ushbu kelishuvni tuzgan xodimlar va ish beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.

Uch tomonlama jamoa kelishuvi tuzilgan taqdirda uning amal qilishi ushbu kelishuv tarafi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organiga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Bosh jamoa kelishuvi O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha xodimlar va ish beruvchilarga, shuningdek barcha ijro etuvchi hokimiyat organlariga nisbatan tatbiq etiladi.

91-modda. Jamoa kelishuvlarining kuchga kirishi va amal qilish muddati

Jamoa kelishuvi u imzolangan kundan e’tiboran yoki jamoa kelishuvida belgilangan kundan e’tiboran kuchga kiradi hamda ushbu kelishuvda nazarda tutilgan muddat ichida, biroq ko‘pi bilan uch yil amal qiladi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, jamoa kelishuvi taraflar yangisini tuzguniga yoki amaldagi jamoa kelishuviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritguniga qadar bo‘lgan davrda amal qiladi. Jamoa kelishuvining amal qilish muddati tugaguniga qadar taraflar uni uzaytirishi mumkin.

92-modda. Jamoa kelishuvlarini e’lon qilish

Jamoa kelishuvlari imzolangan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalarida yoki ular taraflarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi lozim.

Xabardor qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tgan hududiy va tarmoq jamoa kelishuvlari ular ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Bosh jamoa kelishuvi imzolangan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

93-modda. Jamoa kelishuvlarining bajarilishi ustidan nazorat

Jamoa kelishuvlarining bajarilishi ustidan nazorat ularning taraflari, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tegishli organlari hamda boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 87-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi
  2. Jamoa kelishuvlari shartlarining haqiqiy emasligi
  3. Hududiy jamoa kelishuvlari
  4. Jamoa kelishuvlarining turlari

To‘g‘ri javob: Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi. 87-modda: Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi.

Mehnat kodeksi: «Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 86-modda
  2. 87-modda
  3. 82-modda
  4. 81-modda

To‘g‘ri javob: 87-modda. 87-modda: Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, jamoa kelishuvlari loyihalari jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish uchun kimga taqdim etilishi mumkin?
  1. Tegishli kasaba uyushmalari birlashmalariga
  2. Faqat sudga va prokuratura organlariga
  3. Faqat hokimlikka va mahalliy mehnat organiga
  4. Prokuraturaga va ichki ishlar organlariga

To‘g‘ri javob: Tegishli kasaba uyushmalari birlashmalariga. 87-modda: loyihalar jamoatchilik ekspertizasi uchun tegishli kasaba uyushmalari birlashmalariga taqdim etilishi mumkin.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va kelishuvlarni tuzish tartibi hamda muddatlarini kim belgilaydi?
  1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tegishli komissiya
  2. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha tegishli komissiya
  3. Mehnat inspeksiyasining hududiy bo‘limi va tegishli vazirlik
  4. Sud va uning mehnat nizolari bo‘yicha kollegiyasi

To‘g‘ri javob: Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha tegishli komissiya. 87-modda: tartibi va muddatlarini ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha tegishli komissiya belgilaydi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya jamoa kelishuvini tuzish bo‘yicha jamoaviy muzokaralar boshlanishi to‘g‘risidagi axborotni qanday tarqatishi shart?
  1. Faqat yopiq xat orqali yuborib
  2. Faqat og‘zaki tarzda, majlislarda
  3. Ommaviy axborot vositalari orqali
  4. Faqat sud orqali, e’lon qilmasdan

To‘g‘ri javob: Ommaviy axborot vositalari orqali. 87-modda: komissiya muzokaralar boshlanishi haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishi shart.

Jamoa kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni olib borayotgan ish beruvchilar birlashmasining a’zosi bo‘lmagan “Mega-Servis” MChJ komissiyadan muzokaralar boshlanishi haqida yozma xabarnoma oldi. Mehnat kodeksiga ko‘ra MChJ nima qilishi shart?
  1. Xabarnomani e’tiborsiz qoldirishi mumkin, chunki a’zo emas
  2. Bu haqda hokimlik va prokuraturani xabardor qilishi shart
  3. Xabarnomani sudga yuborishi va ushbu muzokaralarni to‘xtatishi shart
  4. Bu haqda kasaba uyushmasi qo‘mitasini xabardor qilishi shart

To‘g‘ri javob: Bu haqda kasaba uyushmasi qo‘mitasini xabardor qilishi shart. 87-modda: xabarnomani olgan ish beruvchi bu haqda kasaba uyushmasi qo‘mitasini xabardor qilishi shart.

Jamoa kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan ish beruvchilar birlashmasining a’zosi bo‘lmagan ish beruvchi Rustam muzokaralarda ishtirok etmoqchi. Mehnat kodeksiga ko‘ra u buni qanday amalga oshirishi mumkin?
  1. Birlashmaga a’zolikka kirish orqali yoki birlashma belgilagan boshqa shakllarda
  2. Faqat sud qarori bilan yoki Vazirlar Mahkamasining alohida ruxsatnomasi asosida
  3. Faqat hokimning ruxsati bilan va mahalliy mehnat organi tasdig‘ini olgandan keyin
  4. Muzokaralarda ishtirok etishi mumkin emas, chunki u birlashma a’zosi emas

To‘g‘ri javob: Birlashmaga a’zolikka kirish orqali yoki birlashma belgilagan boshqa shakllarda. 87-modda: a’zo bo‘lmagan ish beruvchi birlashmaga a’zolikka kirish yoki birlashma belgilagan boshqa shakllarda ishtirok etishga haqli.

Jamoa kelishuvi loyihasining ayrim qoidalari bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, taraflar jamoaviy muzokaralar boshlangan kundan qancha muddat ichida kelishuvni ixtiloflar bayonnomasi bilan imzolashi kerak?
  1. Uch oy
  2. Olti oy
  3. Bir oy
  4. Ikki oy

To‘g‘ri javob: Uch oy. Muzokaralar boshlangan kundan uch oy ichida taraflar kelishuvni ixtiloflar bayonnomasini tuzgan holda kelishilgan shartlarda imzolashi kerak.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiJamoa kelishuvlari (1/2)Keyingi →Umumiy qoidalar