Mehnat shartnomasi (1/8)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
103-modda. Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari
Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi taraflarning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv bo‘lib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini ko‘zlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish majburiyatini, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi bo‘yicha ish berish, xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflaridir.
104-modda. Mehnat shartnomasining mazmuni
Mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo‘lgan shartlar quyidagilardan iborat:
ish joyi — xodim shartnomada shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasiga ko‘ra mehnat faoliyatini amalga oshiradigan ish beruvchi (tashkilot, uning alohida bo‘linmasi yoki jismoniy shaxs), shuningdek xodim mehnat qilishi kerak bo‘lgan joy;
mehnat vazifasi — muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoxud lavozim bo‘yicha ish, shuningdek xodimga topshiriladigan ishning aniq turi;
ishning boshlanish sanasi — xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishga kirishishi kerak bo‘lgan kalendar sana;
mehnatga haq to‘lash shartlari (shu jumladan xodimning tarif stavkasi yoki maoshi miqdori, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar);
xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda mehnat shartnomasining muddati, shuningdek ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq muddatli shartnomani tuzish uchun asoslar;
ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, agar bu xodim uchun ushbu rejim mazkur ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar uchun nazarda tutilgan ish vaqtining va dam olish vaqtining umumiy rejimidan farq qiladigan bo‘lsa;
ish joyidagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari ko‘rsatilgan holda normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar, agar xodim mazkur ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa;
zarur bo‘lgan hollarda ishning xususiyatini belgilaydigan shartlar (ko‘chma, sayyor, yo‘ldagi, ishning boshqa xususiyati);
104-modda. Mehnat shartnomasining mazmuni (davomi)
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda boshqa shartlar.
Agar mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan bo‘lsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb e’tirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Mehnat shartnomasi qo‘shimcha shartlar bilan to‘ldirilishi kerak. Bunda qo‘shimcha shartlar mehnat shartnomasining ajralmas qismi bo‘lgan, mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qo‘shimcha kelishuv bilan belgilanadi.
Mehnat shartnomasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtirmaydigan qo‘shimcha shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar nazarda tutilishi mumkin:
ish joyini aniqlashtirish (tarkibiy bo‘linma va uning joylashgan yeri ko‘rsatilgan holda) va (yoki) ish joyi to‘g‘risida;
ishga qabul qilish chog‘idagi dastlabki sinov haqida;
bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik to‘g‘risida;
davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmaslik haqida;
agar o‘qitish ish beruvchining mablag‘lari hisobidan olib borilgan bo‘lsa, xodimning o‘qishdan keyin shartnomada belgilangan muddatdan kam bo‘lmagan muddatni ishlab berish majburiyati to‘g‘risida;
xodimni qo‘shimcha sug‘urta qilish turlari va shartlari haqida;
104-modda. Mehnat shartnomasining mazmuni (davomi)
xodimga va uning oila a’zolariga taqdim etiladigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar to‘g‘risida;
xodimning ish sharoitlariga nisbatan qo‘llaniladigan xodimning va ish beruvchining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish haqida.
Xodimning va ish beruvchining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan biror-bir huquqlari va (yoki) majburiyatlarining mehnat shartnomasiga kiritilmasligi ushbu huquqlarni amalga oshirishni yoki bu majburiyatlarni bajarishni rad etish sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
105-modda. Mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Mehnat shartnomasining mazmuniga:
xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan;
mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;
xodimni qonunga xilof harakatlarni yoki ham xodimning, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan bo‘lsa, haqiqiy bo‘lmaydi.
Mehnat shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.
106-modda. Mehnat shartnomasining shakli
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada yozma (qog‘ozda yoki elektron) shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi.
Elektron shakldagi mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida rasmiylashtiriladi.
Mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi.
Ish beruvchida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasining bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi to‘g‘risidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasida shartnomaning ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Ish beruvchilar va xodimlarga mehnat shartnomalarini tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan mehnat shartnomalarining namunaviy shakllari ishlab chiqiladi.
107-modda. Mehnat shartnomasining rekvizitlari
Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasi tuzilgan sana va joy, mehnat shartnomasining raqami va uning taraflarining rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bog‘lanishga doir ma’lumotlar;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i raqami.
Ish beruvchining mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:
mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchining nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida bo‘linmasi bo‘lsa, — ushbu bo‘linmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs bo‘lgan hollarda, — jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi;
ish beruvchining mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi ma’lumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi ish beruvchi bo‘lsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi;
107-modda. Mehnat shartnomasining rekvizitlari (davomi)
ish beruvchi tashkilotning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki tashkilotning alohida bo‘linmasi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchi bo‘lgan hollarda, ushbu alohida bo‘linmaning joylashgan yeri (pochta manzili) yoxud jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining yashash yoki turgan joyi manzili;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lmagan jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilar mustasno);
tashkilotlar yoki ularning alohida bo‘linmalari bo‘lgan ish beruvchilarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank rekvizitlari;
ish beruvchining aloqa ma’lumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta manzili va boshqalar).
Agar mehnat shartnomasini tuzishda ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan rekvizitlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan bo‘lsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb e’tirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Mehnat shartnomasi yetishmayotgan rekvizitlar bilan to‘ldirilishi kerak. Bunda yetishmayotgan rekvizitlar mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qo‘shimcha kelishuv bilan belgilanadi, ushbu kelishuv mehnat shartnomasining ajralmas qismidir.
Rekvizitlar o‘zgargan taqdirda, mehnat shartnomasining tarafi ular o‘zgartirilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida bu haqda boshqa tarafga yozma shaklda xabar qilishi kerak.
108-modda. Mehnat shartnomasining kuchga kirishi va ishning boshlanish sanasi
Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Xodim mehnat shartnomasida belgilangan sanadan e’tiboran mehnat vazifalarini bajarishga kirishishi shart.
Agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan bo‘lsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.
109-modda. Mehnat shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish
Mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish, shuningdek unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.
110-modda. Mehnat shartnomasining muddati
Mehnat shartnomasi:
nomuayyan muddatga;
uch yildan ko‘p bo‘lmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati shartlashilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
111-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligi
Agar muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasi qoidalarini hisobga olgan holda tuzilgan bo‘lsa, xodim bilan ushbu shartnomani tuzish asoslidir.
Agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bo‘lajak ishning xususiyatini yoki uni bajarish shartlarini hisobga olgan holda nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 112-moddasiga muvofiq muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.
Ushbu Kodeksning 113-moddasida nazarda tutilgan hollarda muddatli mehnat shartnomasi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bo‘yicha bo‘lajak ishning xususiyatini va uni bajarish shartlarini hisobga olmasdan tuzilishi mumkin.
Belgilangan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi buning uchun ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan yetarli asoslar mavjud bo‘lmaganda nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Muddatli shartnomani tuzish sabablari bo‘lib xizmat qilgan holatlarga o‘rin qolmagan taqdirda, shuningdek yuz berishi mehnat shartnomasi muddatining tugashi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa sodir bo‘lganiga uch yildan oshgan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz belgilangan muddatga qayta tuzilishi mumkin emas.
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, muddatli mehnat shartnomasining muddati tugaganidan keyin, ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda taraflar uning amal qilish muddatini uzaytirishga haqli. Bunda muddatli mehnat shartnomasining jami muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar muddatli mehnat shartnomasining umumiy muddati u uzaytirilishidan oldin va keyin besh yildan oshgan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
111-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligi (davomi)
O‘zi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar uchun nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlarni berishdan bosh tortish maqsadida muddatli mehnat shartnomalarini tuzish taqiqlanadi.
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish chog‘ida muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
112-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan hollar
Muddatli mehnat shartnomasi:
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq ish joyi o‘zida saqlanib qoladigan, yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqti uchun;
vaqtinchalik (ikki oygacha) ishlarni bajarish vaqti uchun;
tabiiy sharoitlar tufayli ish faqat muayyan davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lganda mavsumiy ishlarni bajarish uchun;
ish beruvchining odatdagi faoliyati doirasidan tashqariga chiqadigan ishlarni (rekonstruksiya qilish, montaj qilish, ishga tushirish-sozlash ishlari va boshqa ishlar), shuningdek ishlab chiqarishni yoki ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmini oldindan ma’lum bo‘lgan vaqtinchalik (bir yilgacha) kengaytirish bilan bog‘liq ishlarni bajarish uchun;
ta’sis hujjatlariga binoan oldindan belgilangan muddatga tashkil etilgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan;
ishning tamomlanishi aniq sana bilan belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda muddatli xususiyatga ega bo‘lgan, oldindan belgilangan ishlarni bajarish uchun qabul qilinadigan shaxslar bilan;
ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini yoki stajirovkani o‘tash uchun;
mehnat organlari tomonidan vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lgan ishlarga yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yuborilgan shaxslar bilan;
muqobil xizmatni o‘tash uchun yuborilgan fuqarolar bilan;
112-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan hollar (davomi)
O‘zbekiston Respublikasiga uning hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan tuziladi.
Muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq o‘zga hollarda ham tuzilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 103-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish chog‘idagi kafolatlar
- Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar
- Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari
- Ish beruvchining bandlik va ishga joylashtirish sohasidagi majburiyatlari
To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari. 103-modda: Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari.
Mehnat kodeksi: «Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari» qaysi moddada belgilangan?
- 103-modda
- 97-modda
- 96-modda
- 98-modda
To‘g‘ri javob: 103-modda. 103-modda: Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bo‘yicha xodim qanday asosiy majburiyatni o‘z zimmasiga oladi?
- Mehnat vazifasini ish beruvchining rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish hamda ichki mehnat qoidalariga rioya etish
- Mehnat vazifasini ish beruvchining ruxsatisiz o‘rniga boshqa shaxsni yollab, natija uchun mustaqil ravishda javob berish
- Ish natijasi uchun ish beruvchi nazoratisiz mustaqil javob berish hamda o‘z ish tartibini o‘zi belgilab olish
- Ish beruvchining barcha ishlab chiqarish xarajatlarini o‘z hisobidan qoplash va ish vositalarini shaxsan sotib olish
To‘g‘ri javob: Mehnat vazifasini ish beruvchining rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish hamda ichki mehnat qoidalariga rioya etish. 103-moddaga ko‘ra, xodim ish beruvchining rahbarligi va nazorati ostida mehnat vazifasini shaxsan bajarishi shart.
Mehnat kodeksiga muvofiq, mehnat shartnomasi bo‘yicha ish beruvchining majburiyatlaridan qaysi biri to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Xodimga ish haqini yil yakunida bir martada to‘lash
- Xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash
- Xodimga ish haqini ish beruvchi xohlagan paytda to‘lash
- Xodimning mehnat vazifasini o‘zi shaxsan bajarib berishi
To‘g‘ri javob: Xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash. 103-moddaga ko‘ra, ish beruvchi ish haqini o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lashi shart.
Mehnat kodeksi — 104-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari
- Ish beruvchining bandlik va ishga joylashtirish sohasidagi majburiyatlari
- Taklif etilgan shaxslarga ishga joylashtirish sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar
- Mehnat shartnomasining mazmuni
To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasining mazmuni. 104-modda: Mehnat shartnomasining mazmuni.
Mehnat kodeksi: «Mehnat shartnomasining mazmuni» qaysi moddada belgilangan?
- 101-modda
- 103-modda
- 97-modda
- 104-modda
To‘g‘ri javob: 104-modda. 104-modda: Mehnat shartnomasining mazmuni.
Quyidagilardan qaysi biri mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo‘lgan shartlar qatoriga kiradi?
- Davlat sirlarini oshkor qilmaslik haqidagi shart
- Dastlabki sinov sharti
- Ishning boshlanish sanasi
- Xodimni qo‘shimcha sug‘urta qilish sharti
To‘g‘ri javob: Ishning boshlanish sanasi. 104-modda birinchi qismiga ko‘ra, ishning boshlanish sanasi majburiy shart; qolganlari qo‘shimcha shartlardir.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, “mehnat vazifasi” nima?
- Xodim mehnat shartnomasi tuzilgan paytdan boshlab ishga kirishishi lozim bo‘lgan aniq kalendar sana va vaqt
- Xodimga belgilangan tarif stavkasi yoki maosh miqdori hamda unga qo‘shiladigan ustamalar va mukofotlar tartibi
- Ish beruvchining joylashgan yeri, pochta manzili hamda xodim ishlaydigan tarkibiy bo‘linma nomi
- Muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoki lavozim bo‘yicha ish hamda topshiriladigan ishning aniq turi
To‘g‘ri javob: Muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoki lavozim bo‘yicha ish hamda topshiriladigan ishning aniq turi. 104-modda: mehnat vazifasi — kasb, mutaxassislik, malaka yoki lavozim bo‘yicha ish, shuningdek ishning aniq turi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash