Mehnat shartnomasi (6/8)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
153-modda. Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish
Xodimni ishdan chetlashtirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtirilib, buyruq ushbu Kodeks 151-moddasining ikkinchi yoki uchinchi qismida nazarda tutilgan, xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan aniq sabab ko‘rsatilishi kerak.
Ish beruvchining ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i ishdan chetlashtirilgan xodimga imzo qo‘ydirib yetkaziladi. Xodimning ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi bunda hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruqning tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini unga xodim murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay xodimning talabiga ko‘ra berishi shart.
Xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi xodimga tegishli buyruq chiqarilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida buyruqning ko‘chirma nusxasini bildirish xati bilan yuborishi shart.
Ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruqda chetlashtirish amalga oshirilayotgan muddat belgilanishi kerak. Xodimni ishdan chetlashtirish davri tugaydigan aniq sanani oldindan aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda, qaysi hodisa boshlanishi bilan xodimni ishdan chetlashtirish muddati tugaydigan bo‘lsa, o‘sha hodisa (xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va boshqalar) ish beruvchining buyrug‘ida ko‘rsatiladi.
153-modda. Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish (davomi)
Ishdan chetlashtirilgan xodim chetlashtirish muddati yoki chetlashtirish qaysi holatlar sababli amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha holatlar tamom bo‘ladigan muddat tugaganidan keyingi birinchi ish kunida ishga kirishishi shart.
154-modda. Ishdan qonunga xilof ravishda chetlashtirishning huquqiy oqibatlari
O‘zini qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan deb hisoblovchi xodim o‘zining ishdan chetlashtirilishi ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan xodimning unga avvalgi ishini taqdim etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni (agar qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirish sababli xodimga ma’naviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan bo‘lsa) kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish chog‘ida xodimni ishdan chetlashtirishning qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga, xodim vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra ishdan chetlashtirilgan hollarda esa xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan tegishli davlat organining zimmasiga yuklatiladi.
Agar xodim ish beruvchi tomonidan qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, bunday xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Agar xodim vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanadi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinadi, keyinchalik aybdor shaxslardan regress tartibida undiriladi.
154-modda. Ishdan qonunga xilof ravishda chetlashtirishning huquqiy oqibatlari (davomi)
5-§ . Mehnat shartnomasini bekor qilish
155-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilish tushunchasi va asoslari
Mehnat shartnomasini bekor qilish deganda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni tugatish tushuniladi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:
- 1) taraflarning kelishuvi (ushbu Kodeksning 157-moddasi);
- 2) mehnat shartnomasi muddatining tugashi (ushbu Kodeksning 158-moddasi);
- 3) mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish (ushbu Kodeksning 160-moddasi);
- 4) mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish (ushbu Kodeksning 161-moddasi);
- 5) tashkilot mulkdorining almashganligi, uning qayta tashkil etilganligi, tashkilotning idoraviy taalluqliligi (bo‘ysunuvi) o‘zgarganligi munosabati bilan xodimning ishni davom ettirishni rad etishi (ushbu Kodeks 156-moddasining beshinchi qismi);
- 6) xodimning yangi mehnat shartlarida ishlashni davom ettirishni rad etishi (ushbu Kodeks 137-moddasining to‘rtinchi qismi);
- 7) xodimning ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ishlash uchun ko‘chishni rad etishi (ushbu Kodeks 146-moddasining beshinchi qismi);
- 8) xodimning tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazishni rad etishi yoxud ish beruvchida tegishli ish bo‘lmagan taqdirda (ushbu Kodeks 143-moddasining ikkinchi qismi);
- 9) taraflarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (ushbu Kodeksning 168-moddasi);
155-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilish tushunchasi va asoslari (davomi)
- 10) yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan o‘tmaganlik yoxud saylovda, tanlovda ishtirok etishni rad etish (ushbu Kodeksning 169-moddasi);
- 11) ushbu Kodeks yoxud boshqa qonunlar alohida toifadagi xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida mehnatga oid munosabatlarni tugatishning qo‘shimcha asoslari to‘g‘risidagi shartni nazarda tutish imkoniyatini mustahkamlaydigan hollarda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar.
Mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan o‘zga asoslar bo‘yicha ham bekor qilinishi mumkin.
156-modda. Tashkilotning mulkdori almashganda, tashkilot qayta tashkil etilganda, uning idoraviy taalluqliligi (bo‘ysunuvi) o‘zgarganda mehnat shartnomasi amal qilishining davom etishi
Tashkilotning mulkdori almashganda, xuddi shuningdek tashkilot qayta tashkil etilganda (qo‘shib yuborilganda, qo‘shib olinganda, bo‘linganda, ajratib chiqarilganda, o‘zgartirilganda) yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xodimning roziligi bilan davom ettiriladi.
Yangi mulkdor tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter va tashkilot alohida bo‘linmasi rahbari bilan ushbu Kodeks 489-moddasining birinchi qismi 1-bandiga muvofiq mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Tashkilotning boshqa xodimlari bilan mehnat shartnomasini faqat ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq bekor qilish mumkin.
Tashkilotning mulkdori almashganda xodimlar sonini yoki shtatini o‘zgartirishga faqat mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
Tashkilotning idoraviy taalluqliligi (bo‘ysunuvi) o‘zgarganligi yoki qayta tashkil etilganligi (qo‘shib yuborilganligi, qo‘shib olinganligi, bo‘linganligi, ajratib chiqarilganligi, o‘zgartirilganligi) ushbu tashkilotning xodimlari bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Xodim ushbu moddaning birinchi yoki to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ishni davom ettirishni rad etganda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 173-moddasiga muvofiq tegishli ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘langan holda bekor qilinadi.
157-modda. Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek muddatli mehnat shartnomasi istalgan vaqtda taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilinishi mumkin. Mehnat shartnomasi mazkur asos bo‘yicha bekor qilinadigan sana xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv bilan yozma shaklda rasmiylashtiriladi, unda mehnat shartnomasi bekor qilinadigan sana, qo‘shimcha kelishuv tuzilgan sana va taraflarning rekvizitlari ko‘rsatilishi shart.
158-modda. Muddatli mehnat shartnomasini uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish
Muddatli mehnat shartnomasi uning amal qilish muddati tugashi bilan bekor qilinadi. Mehnat shartnomasini uning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan bekor qilish to‘g‘risida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni ushbu asos bo‘yicha tugatishga qaror qilgan taraf boshqa tarafni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak, bundan ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodim yo‘q bo‘lgan davrga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugaydigan hollar mustasno.
Agar mehnat shartnomasining muddati tugaganidan keyin yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etsa va taraflardan birortasi ham ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda bir hafta davomida ularning tugatilishini talab qilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodimning yo‘q bo‘lgan vaqtiga tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu xodim ishga qaytgan kundan e’tiboran bekor qilinadi.
159-modda. Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka to‘lash
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda ushbu shartnomada taraflarning neustoyka to‘lash haqidagi o‘zaro majburiyati nazarda tutilishi mumkin bo‘lib, unga binoan, agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq bo‘lmagan asoslar bo‘yicha ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra tugatilgan bo‘lsa, ish beruvchi xodimga neustoyka to‘laydi, agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xodimning tashabbusiga ko‘ra, shuningdek xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha tugatilgan bo‘lsa, xodim ish beruvchiga neustoyka to‘laydi. Agar mehnat shartnomasida neustoykaning miqdori belgilanmagan bo‘lsa, taraflar uni to‘lashdan ozod etiladi.
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoykaning miqdori ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini ko‘zlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlab bergan davrga va boshqa holatlarga qarab farqlanishi mumkin.
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda xodim tomonidan to‘lanadigan neustoyka miqdori ish beruvchi to‘laydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas.
Agar mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 160-moddasining sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollarda xodimning tashabbusiga ko‘ra muddatidan oldin bekor qilingan bo‘lsa, u neustoykani to‘lashdan ozod etiladi.
Taraflardan biri neustoykani to‘lashni rad etgan taqdirda, uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
160-modda. Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish
Xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. O‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari quyidagilarga nisbatan belgilab qo‘yilgan:
tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilotning bosh buxgalteri va tashkilot alohida bo‘linmasining rahbari (ushbu Kodeks 489-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlari);
mavsumiy xodimlar (ushbu Kodeks 494-moddasining birinchi qismi);
vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar (ushbu Kodeks 499-moddasining birinchi qismi);
mikrofirmalar ish beruvchilarining xodimlari (ushbu Kodeks 506-moddasining birinchi qismi);
yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan shaxslar (ushbu Kodeks 511-moddasining birinchi qismi);
uy ishchilari (ushbu Kodeks 518-moddasining birinchi qismi);
qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa xodimlar.
Ogohlantirish muddatining o‘tishi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi olinganidan so‘ng keyingi kunda boshlanadi.
Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani pochta jo‘natmasini topshirish haqidagi xabarnoma bilan yuborishga haqli. Bunda mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ogohlantirish muddatini hisoblab chiqarish ish beruvchi tomonidan ariza olingan sanadan so‘ng keyingi kunda boshlanadi.
160-modda. Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish (davomi)
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq belgilangan yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugaganidan keyin xodim ishni tugatishga haqli, ish beruvchi esa xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini, mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani berishi hamda u bilan hisob-kitobni amalga oshirishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq belgilangan yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra belgilangan ogohlantirish muddati davomida, shu jumladan ogohlantirish muddati so‘nggi kuni ish vaqti tugaguniga qadar xodim o‘zi bergan arizani chaqirib olishga haqlidir.
Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etayotgan bo‘lsa, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotadi, mehnat shartnomasini ushbu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishi mumkin emasligi (ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak.
160-modda. Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish (davomi)
Muddatli mehnat shartnomasi xodimning tashabbusiga ko‘ra muddatidan oldin bekor qilinganda ushbu Kodeksning 159-moddasida nazarda tutilgan tartibda xodim tomonidan neustoyka to‘lash belgilanishi mumkin.
161-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish asoslangan bo‘lishi kerak.
Quyidagi sabablardan (asoslardan) birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asoslanganligini bildiradi:
- 1) tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi;
- 2) texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari sonining yoki shtatining o‘zgarganligi;
- 3) xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi;
- 4) xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil ichida xodim tomonidan takroran intizomiy nojo‘ya harakat sodir etilganligi mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzishdir;
161-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish (davomi)
- 5) xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxatini belgilash ushbu Kodeksning 162-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi;
- 6) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan o‘zga sabablar (asoslar).
Mehnat shartnomasini ushbu modda ikkinchi qismining 2 va 3-bandlariga ko‘ra bekor qilishga ushbu Kodeks 144-moddasining talablariga rioya etilgan holda yo‘l qo‘yiladi.
Mehnat shartnomasini xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilish intizomiy jazo chorasi bo‘lib, u ushbu Kodeksda belgilangan intizomiy jazolarni qo‘llash tartibi va muddatlariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
Umumiy o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarining, shuningdek davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilari bilan mehnat shartnomasi ushbu mehnat shartnomasi tuzilgan kundan e’tiboran uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida ish beruvchi bu haqda mahalliy mehnat organiga yozma shaklda xabar qilishi kerak.
162-modda. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxatini belgilash
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxati:
ichki mehnat tartibi qoidalari;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tashkilot mulkdori va rahbari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi;
o‘ziga nisbatan intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan intizom to‘g‘risidagi ustavlar hamda nizomlar bilan belgilanadi.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxatini belgilashda nojo‘ya xatti-harakatning og‘ir-yengilligidan hamda bunday nojo‘ya xatti-harakat keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan kelib chiqish lozim.
Bilimingizni sinang
Ish beruvchi ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruqning tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini xodim murojaat qilgan kundan boshlab qancha muddatdan kechiktirmay berishi shart?
- uch kundan
- bir kundan
- o‘n kundan
- besh kundan
To‘g‘ri javob: uch kundan. Xodimning talabiga ko‘ra buyruq ko‘chirma nusxasi murojaat kunidan e’tiboran uch kundan kechiktirmay beriladi.
Xodimni ishdan chetlashtirish haqidagi buyruq bilan tanishtirish imkoni bo‘lmasa, ish beruvchi buyruq chiqarilgan kundan boshlab necha ish kuni ichida ko‘chirma nusxasini bildirish xati bilan yuborishi shart?
- yetti ish kuni
- besh ish kuni
- ikki ish kuni
- uch ish kuni
To‘g‘ri javob: uch ish kuni. Tanishtirish imkoni bo‘lmasa, ko‘chirma nusxa buyruq chiqarilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida bildirish xati bilan yuboriladi.
Mehnat kodeksi — 153-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimni ishdan chetlashtirish hollari
- Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish
- Xodimni ishdan chetlashtirish davrida ish haqini hisoblash
- Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish
To‘g‘ri javob: Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish. 153-modda: Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish.
Mehnat kodeksi: «Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish» qaysi moddada belgilangan?
- 151-modda
- 152-modda
- 153-modda
- 157-modda
To‘g‘ri javob: 153-modda. 153-modda: Xodimni ishdan chetlashtirishni rasmiylashtirish.
Xodimni ishdan chetlashtirish buyrug‘ida nima ko‘rsatilishi kerak?
- Xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan aniq sabab
- Chetlashtirish muddati va chetlashtirish davrida ish haqi saqlanishi
- Xodimning intizomiy jazo turi va oldingi nojo‘ya harakatlari ro‘yxati
- Mehnat inspeksiyasiga yuborilgan xabarnoma va chetlashtirish sanasi
To‘g‘ri javob: Xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan aniq sabab. 153-moddaga ko‘ra, buyruqda chetlashtirish uchun asos bo‘lgan aniq sabab ko‘rsatilishi kerak.
Xodim ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishni rad etsa, bu qanday rasmiylashtiriladi?
- Xodimning yozma tushuntirish xati bilan, guvohlarsiz
- Hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan
- Mehnat inspektori ishtirokida tuzilgan bayonnoma bilan
- Ish beruvchining ikkinchi buyrug‘i bilan, tanishtirmasdan
To‘g‘ri javob: Hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan. 153-moddaga ko‘ra, tanishishni rad etish guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchi ishdan chetlashtirish buyrug‘ining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini xodimning talabiga ko‘ra qancha muddatda berishi shart?
- Xodim murojaat qilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay
- Xodim murojaat qilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay
- Xodim murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay
- Buyruq chiqarilgan kundan e’tiboran bir kundan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Xodim murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay. 153-moddaga ko‘ra, ko‘chirma nusxa murojaat kundan uch kundan kechiktirmay beriladi.
Xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish imkoni bo‘lmasa, ish beruvchi nima qilishi shart?
- Buyruq chiqarilgan kundan o‘n kun ichida uning ko‘chirma nusxasini mahalliy mehnat organiga yuborishi
- Buyruq chiqarilgan kundan bir oy ichida ko‘chirma nusxani xodimning yashash joyiga tashrif bilan topshirishi
- Buyruq kuchga kirishini to‘xtatib, xodim paydo bo‘lguncha ko‘chirma nusxani saqlab turishi
- Buyruq chiqarilgan kundan uch ish kuni ichida ko‘chirma nusxani bildirish xati bilan yuborishi
To‘g‘ri javob: Buyruq chiqarilgan kundan uch ish kuni ichida ko‘chirma nusxani bildirish xati bilan yuborishi. 153-moddaga ko‘ra, tanishtirish imkoni bo‘lmasa, uch ish kuni ichida bildirish xati bilan ko‘chirma yuboriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash