Mehnat shartnomasi (7/8)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
163-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni taqiqlash
Mehnat shartnomasini:
- 1) ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha;
- 2) ushbu Kodeksning mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash talabini buzadigan;
- 3) xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlarida, u mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan davrlarda;
- 4) xodim davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan davrda;
- 5) xodim xizmat safarida bo‘lgan davrda;
- 6) homilador ayollar (ushbu Kodeks 408-moddasi) va uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar (ushbu Kodeks 409-moddasi) uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.
Ushbu Kodeksning 147-moddasiga muvofiq xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davrda avvalgi ish joyi bo‘yicha tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanadi.
Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun ushbu modda birinchi qismining 3 — 6-bandlarida nazarda tutilgan cheklovlar tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganda qo‘llanilmaydi.
164-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish
Agar jamoa kelishuvida yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, mehnat shartnomasini bunday roziliksiz bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra quyidagi hollarda bekor qilinganda kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi talab etilmaydi:
tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganligi munosabati bilan;
ushbu Kodeks 161-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan istalgan asoslardan biriga ko‘ra tashkilot rahbari, alohida bo‘linma rahbari bilan;
tashkilot mulkdori o‘zgarganligi munosabati bilan ushbu Kodeks 489-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter va tashkilotning alohida bo‘linmasi rahbari bilan.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga roziligi masalasi bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning yozma taqdimnomasi olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda ish beruvchiga xabar qilishi kerak. Agar ko‘rsatilgan muddat tugaganidan keyin kasaba uyushmasi qo‘mitasi qabul qilingan qaror haqida xabar qilmasa, ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligisiz bekor qilishga haqli.
164-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish (davomi)
Ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir.
165-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish
Ish beruvchi o‘zining mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni quyidagi muddatlarda yozma shaklda (imzo qo‘ydirib) ogohlantirishi shart:
- 1) mehnat shartnomasi:
tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoxud ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi;
texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati o‘zgarganligi;
tashkilot rahbariga, uning o‘rinbosarlariga, bosh buxgalterga va tashkilotning alohida bo‘linmasi rahbariga nisbatan tashkilot mulkdorining o‘zgarganligi munosabati bilan bekor qilinganda kamida ikki oy oldin;
- 2) mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi tufayli bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi munosabati bilan bekor qilinganda kamida ikki hafta oldin;
- 3) mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) munosabati bilan bekor qilinganda kamida uch kun oldin.
Xodimni mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra kelgusida bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirishning ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlari barcha hollarda qo‘llaniladi, bundan ushbu Kodeksning VI bo‘limida ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan boshqa ogohlantirish muddatlari belgilangan hollar mustasno.
165-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish (davomi)
Ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xodimni ogohlantirish muddatlarini ogohlantirish muddatining davomiyligiga muvofiq keladigan pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqlidir. Xodimga ogohlantirish muddatiga mutanosib pulli kompensatsiya to‘lash ish beruvchini qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lovlarni amalga oshirish majburiyatidan, shuningdek o‘zga to‘lovlarni, agar ular mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, amalga oshirishdan ozod etmaydi.
Xodimni ogohlantirish muddati ichida, bundan mehnatga oid munosabatlarni uning aybli harakatlari (harakatsizligi) munosabati bilan tugatish to‘g‘risidagi ogohlantirish mustasno, xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi.
Xodimni ogohlantirish muddatiga xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlari, shuningdek uning davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajargan vaqti kiritilmaydi, bundan mehnatga oid munosabatlarning tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilganligi munosabati bilan tugatilishi mustasno.
166-modda. Ish beruvchining xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi
Ish beruvchi ushbu Kodeks 137-moddasining to‘rtinchi qismida, 146-moddasining beshinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlarida, 168-moddasi birinchi qismining 6-bandida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha qaysi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish niyatida bo‘lsa, o‘sha xodim ishdan bo‘shatiladigan xodimdir.
Ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yoxud kasaba uyushmalari tegishli birlashmasiga xodimlarning ehtimol tutilgan ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi axborotni o‘z vaqtida, kamida ikki oy oldin taqdim etadi va ishdan bo‘shatish oqibatlarini yumshatishga qaratilgan maslahatlashuvlar o‘tkazadi.
Ish beruvchi har bir xodimning kelgusida ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning kasbi, mutaxassisligi, malakasini va mehnatiga haq to‘lash miqdorini ko‘rsatgan holda ikki oydan kechiktirmay “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuasiga kiritish orqali mahalliy mehnat organi e’tiboriga ham yetkazishi shart.
167-modda. Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq
Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq holda tashkilot, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi bo‘yicha bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi.
Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil bo‘lgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:
qaramog‘ida ikki yoki undan ortiq kishi bo‘lgan xodimlarga;
oilasida mustaqil ish haqi oluvchi boshqa xodimlar mavjud bo‘lmagan shaxslarga;
mazkur ish beruvchidagi uzoq muddatli ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasiga ko‘ra tegishli mutaxassislik bo‘yicha o‘z malakasini oshirayotgan xodimlarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan shaxslarga o‘qishni tamomlaganidan keyin mutaxassisligi bo‘yicha ishlash sharti bilan uch yil mobaynida;
ushbu tashkilotda mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga uchragan shaxslarga;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlar bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
mehnatdagi yutuqlari uchun rag‘batlantirishlarga ega bo‘lgan va intizomiy jazolarga ega bo‘lmagan xodimlarga;
167-modda. Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq (davomi)
atom obyektlaridagi avariyalar oqibatida kelib chiqqan yuqori radiatsiyaviy nurlanish bilan bog‘liq bo‘lgan nurlanish kasalligiga va boshqa kasalliklarga yo‘liqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga, o‘ziga nisbatan boshlangan nogironligining atom obyektlaridagi avariyalar bilan bog‘liqligi aniqlangan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ushbu avariyalar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishtirokchilariga, shuningdek mazkur obyektlardan evakuatsiya qilingan yoki ko‘chirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.
Malaka va mehnat unumdorligi teng bo‘lgan taqdirda, hisobga olinadigan aksariyat holatlar soni bo‘yicha afzallikka ega bo‘lgan xodim ishda qolishga doir imtiyozli huquqdan foydalanadi. Bu holatlarning ushbu modda ikkinchi qismida sanab o‘tilgan ketma-ketligi ahamiyatga ega emas.
Jamoa shartnomasida mavjud bo‘lgan taqdirda xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan boshqa holatlar ham nazarda tutilishi mumkin. Ushbu holatlar, agar xodimlar teng malakaga va mehnat unumdorligiga ega bo‘lsa hamda ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishda qoldirishda bir-birining oldida afzalliklarga ega bo‘lmasa, hisobga olinadi.
168-modda. Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish
Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:
- 1) xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi;
- 2) shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganligi;
- 3) xodim sudning qaysi hukmi bilan avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan jazoga hukm qilingan bo‘lsa, o‘sha sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi, shuningdek sudning qaroriga binoan xodimning ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yuborilganligi;
- 4) ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilganligi, agar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni bo‘lmasa va u ishni davom ettirishga to‘sqinlik qilsa;
- 5) qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganligi (xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga to‘liq qobiliyatsiz deb e’tirof etilganligi, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish huquqi bekor qilinganligi, agar bajarilayotgan ish shunday foydalanish huquqini talab qilsa, muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnomadan yoki litsenziyadan mahrum etilganligi va boshqalar);
- 6) tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
- 7) xodimni ishga tiklash haqidagi sud qarori bekor qilinganligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining qarori bekor qilinganligi (qonunga xilof deb e’tirof etilganligi);
168-modda. Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish (davomi)
- 8) xodim vafot etganligi, shuningdek sud tomonidan xodimning bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etilganligi yoki vafot etgan deb e’lon qilinganligi;
- 9) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy asosda ishlagan Senat a’zosining vakolatlari muddati tugaganligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilganligi munosabati bilan avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytganligi;
- 10) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar.
Mehnat shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilingan deb hisoblanadi:
jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchi vafot etganda, shuningdek jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchi sud tomonidan vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etilganda;
xodim yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb e’tirof etilganda, agar bu jismoniy shaxsning ish beruvchining vazifalarini bajarish, xodimning esa avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan bo‘lsa.
Ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismining 6-bandida nazarda tutilgan asos bo‘yicha xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida kamida ikki oy oldin yozma ravishda (imzo qo‘ydirib) ogohlantirishi yoki xodimga ogohlantirish muddatining davomiyligiga mos keladigan pul kompensatsiyasini to‘lashi shart.
Agar xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa ishga o‘tkazish mumkin bo‘lmasa, mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 2 va 9-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilishga yo‘l qo‘yiladi.
168-modda. Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish (davomi)
Agar ish beruvchi tomonidan xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa ishga o‘tkazish bo‘yicha choralar ko‘rilgan, lekin xodim bunday o‘tkazishni rad etgan bo‘lsa, ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybisiz buzilgan hollarda mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Agar ish beruvchi tomonidan xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa ishga o‘tkazish bo‘yicha choralar ko‘rilgan, lekin xodim bunday o‘tkazishni rad etgan bo‘lsa, mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar xodimning aybisiz yuzaga kelgan hollarda (bundan xodimni tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga to‘liq layoqatsiz deb e’tirof etish mustasno) mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Xodimni ushbu moddaning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan boshqa ishga o‘tkazish ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
169-modda. Mehnat shartnomasini yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan o‘tmaganlik yoxud saylashda, tanlovda ishtirok etishni rad etganlik munosabati bilan bekor qilish
Agar qonunda xodimni muayyan muddatga saylab qo‘yiladigan lavozimga saylash yoki muayyan lavozimni egallash uchun davriy tanlov o‘tkazish nazarda tutilgan bo‘lsa, tegishli lavozimni egallab turgan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodim yangi muddatga saylanmaganligi yoki tanlovdan o‘tmaganligi yoxud saylashda, tanlovda ishtirok etishni rad etganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.
Agar saylov yoki tanlov bo‘lib o‘tmagan deb e’tirof etilsa, tegishli lavozimni egallagan xodim bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etadi. Bunday holda saylov yoki tanlov bo‘lib o‘tmagan deb topilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay (agar qonunda boshqacha muddat belgilanmagan bo‘lsa) yangi saylov yoxud tanlov o‘tkazilishi kerak.
Avval saylangan yoki tegishli lavozimga tanlov bo‘yicha o‘tgan xodim, agar u saylashda yoki tanlovda ishtirok etish uchun qonunchilikka muvofiq zarur bo‘lgan hujjatlarni belgilangan muddatda topshirmagan bo‘lsa, saylovda, tanlovda ishtirok etishni rad qilgan deb e’tirof etiladi.
170-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish
Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kundir. Agar oxirgi ish kuni dam olish kuniga yoxud ishlanmaydigan bayram kuniga yoki boshqa ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni oxirgi ish kuni deb hisoblanadi.
Ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari ushbu Kodeksning yoxud tegishli qonunning moddasiga (bandiga) havola qilingan holda ushbu Kodeks yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar moddalarining (bandlarining) ta’riflariga aniq muvofiq tarzda ko‘rsatilishi kerak.
Mehnat shartnomasi shartnomada nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinganda, ish beruvchining ushbu modda uchinchi qismining talablariga rioya etilgan holda chiqarilgan buyrug‘ida ushbu xodim bilan mehnat shartnomasi qaysi asosga muvofiq bekor qilingan bo‘lsa, mehnat shartnomasining ushbu asosni nazarda tutuvchi bandiga havola bo‘lishi kerak.
Mehnat shartnomasi xodim tomonidan mehnat majburiyatlari bir marta qo‘pol ravishda buzilganligi munosabati bilan bekor qilinganda, ish beruvchining buyrug‘ida ichki mehnat tartib qoidalarining bandi, tashkilot rahbariga nisbatan mehnat shartnomasining bandi, o‘ziga nisbatan intizom to‘g‘risidagi ustavlar yoki nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan xodimlarga nisbatan esa xodim bilan mehnat shartnomasi qaysi mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishini sodir etganlik uchun bekor qilingan bo‘lsa, o‘sha qoidabuzarlikni nazarda tutuvchi intizom to‘g‘risidagi tegishli ustavning yoki nizomning moddasi (bandi) qo‘shimcha ravishda ko‘rsatilishi kerak.
170-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish (davomi)
Ish beruvchining mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 168-moddasi birinchi qismining 4-bandiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘ida ishga qabul qilishning qanday qoidalari buzilganligi, nima uchun ularni bartaraf etib bo‘lmasligi va ular qaysi sababga ko‘ra mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga to‘sqinlik qilayotganligi ko‘rsatilishi kerak.
Ish beruvchining mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 168-moddasi birinchi qismining 5-bandiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘ida qonunchilikda nazarda tutilgan qanday holatlarning yuzaga kelishi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qilayotganligi ko‘rsatilishi kerak.
171-modda. Mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish
Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ham berishi shart.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim yo‘q bo‘lganligi yoki hujjatlarni olishni rad etganligi munosabati bilan unga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani hamda mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay xodimga mehnat daftarchasini olish uchun kelishi yoxud mehnat daftarchasi pochta orqali yuborilishiga rozilik berishi zarurligi haqida bildirishnoma yuborishi shart.
Ish beruvchi bildirishnoma yuborilgan kundan e’tiboran mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi uchun javobgarlikdan ozod etiladi. Xodim tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan mehnat daftarchasi ish beruvchi tomonidan xodim mehnat daftarchasini berish to‘g‘risida murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berilishi kerak.
Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini xodimning buyruqning ko‘chirma nusxasini pochta orqali yuborish uchun roziligini olmagan holda pochta jo‘natmasini topshirish haqidagi bildirishnoma bilan yuborishga haqli. Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning xodimga berilgan ko‘chirma nusxasi yo‘qolgan yoki buzilgan taqdirda, xodim ish beruvchiga bunday buyruqning yangi ko‘chirma nusxasini berish uchun murojaat qilishga haqli bo‘lib, ushbu ko‘chirma nusxa xodimga u ish beruvchiga murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berilishi kerak.
172-modda. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilish
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilinishi kerak.
Hisob-kitob xodimga:
oxirigacha olinmagan ish haqini;
xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyalarni;
agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida boshqa to‘lovlarni to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni to‘lashni o‘z ichiga oladi.
Ish beruvchi tomonidan xodimga tegishli bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunda amalga oshiriladi.
Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan bo‘lsa, tegishli summalar hisob-kitob qilish to‘g‘risida xodim tomonidan talab qo‘yilganidan keyin uch kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak.
O‘zi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyingi davrda biror-bir to‘lovlar (oy, chorak, yil yakunlari bo‘yicha mukofotlar) hisoblangan taqdirda, ushbu to‘lovlar xodim tomonidan tegishli talab qo‘yilganidan keyin uch kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli bo‘lgan summalarning miqdorlari to‘g‘risida nizo chiqqan taqdirda, ish beruvchi unga shak-shubhasiz tegadigan summani ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda to‘lashi shart.
Mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 173-moddasi ikkinchi qismida sanab o‘tilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinganda, hisob-kitob qilish chog‘ida ish beruvchi xodimga ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan to‘lovlardan tashqari ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lashi shart.
172-modda. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilish (davomi)
Xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirishning ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan muddati mutanosib pulli kompensatsiya bilan almashtirilgan taqdirda mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda ish beruvchi xodimga tegishli kompensatsiyani to‘lashi shart.
Bilimingizni sinang
Mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishda kafolatlarga rioya qilish talab etiladigan xodimlar qaysi yoshgacha bolasi bo‘lganlar (Mehnat kodeksi 409-moddasi)?
- bir yoshgacha
- uch yoshgacha
- ikki yoshgacha
- yetti yoshgacha
To‘g‘ri javob: uch yoshgacha. Homilador ayollar va uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar uchun kafolatlarga rioya qilmasdan shartnomani bekor qilish taqiqlanadi.
Mehnat kodeksi — 163-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish
- Muddatli mehnat shartnomasini uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish
- Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish
- Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni taqiqlash
To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni taqiqlash. 163-modda: Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni taqiqlash.
Mehnat kodeksi: «Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni taqiqlash» qaysi moddada belgilangan?
- 165-modda
- 158-modda
- 164-modda
- 163-modda
To‘g‘ri javob: 163-modda. 163-modda: Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni taqiqlash.
Kazus. «Zargar» MChJda ishlovchi Dildora uch haftalik mehnat ta’tilida. Ish beruvchi shtat qisqarishi bahonasida uni ta’til davomida ishdan bo‘shatmoqchi. Tashkilot tugatilmayapti. Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Ta’til davrida ish beruvchi tashabbusi bilan shartnomani bekor qilish taqiqlanadi
- Ikki oy oldin ogohlantirilsa, ta’til davrida ham bekor qilish mumkin
- Faqat kasaba uyushmasi roziligi bo‘lsa, ta’til davrida bekor qilish mumkin
- Pulli kompensatsiya to‘langanda ta’til davrida ham bekor qilish mumkin
To‘g‘ri javob: Ta’til davrida ish beruvchi tashabbusi bilan shartnomani bekor qilish taqiqlanadi. 163-moddaga ko‘ra, xodim ta’tilda bo‘lgan davrda ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi (tashkilot tugatilishi bundan mustasno).
Kazus. Savdo korxonasi muassislarning qaroriga binoan tugatilmoqda. Xodim Sardor hozir vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi bilan kasallik ta’tilida. Ish beruvchi uni boshqalar qatori ishdan bo‘shatmoqchi. Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Sardorni kasallik ta’tilidagi davrda bo‘shatish tashkilot tugatilganda ham taqiqlanadi
- Ish beruvchi Sardor sog‘ayib ishga chiqquniga qadar kutib, keyin ogohlantirishi shart
- Tashkilot tugatilishi tufayli bekor qilishda kasallik davridagi cheklov qo‘llanilmaydi
- Sardor bilan shartnoma faqat yozma roziligi bilan, kasallik ta’tili tugagach bekor qilinadi
To‘g‘ri javob: Tashkilot tugatilishi tufayli bekor qilishda kasallik davridagi cheklov qo‘llanilmaydi. 163-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, tashkilot muassislar qaroriga binoan tugatilganda 3–6-bandlardagi cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi mehnat shartnomasini bekor qilishga roziligi haqidagi qarorni mansabdor shaxsning yozma taqdimnomasi olingan kundan qancha muddatda ish beruvchiga xabar qilishi kerak?
- o‘n kunlik
- besh kunlik
- o‘n besh kunlik
- bir oylik
To‘g‘ri javob: o‘n kunlik. Qo‘mita qarorini yozma taqdimnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda ish beruvchiga xabar qilishi kerak.
Mehnat kodeksi — 164-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish
- Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish
- Mehnat shartnomasini yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan o‘tmaganlik yoxud saylashda, tanlovda ishtirok etishni rad etganlik munosabati bilan bekor qilish
- Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq
To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish. 164-modda: Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodim bilan shartnomani bekor qilishga roziligi haqidagi qarorini ish beruvchiga qancha muddatda xabar qilishi kerak?
- Yozma taqdimnoma olingan kundan boshlab uch kunlik muddatda
- Yozma taqdimnoma olingan kundan boshlab o‘n kunlik muddatda
- Yozma taqdimnoma olingan kundan boshlab bir oylik muddatda
- Yozma taqdimnoma olingan kundan boshlab ikki haftalik muddatda
To‘g‘ri javob: Yozma taqdimnoma olingan kundan boshlab o‘n kunlik muddatda. 164-moddaga ko‘ra, qaror taqdimnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda xabar qilinadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash