Mehnat shartnomasi (8/8)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
173-modda. Ishdan bo‘shatish nafaqasi
Ishdan bo‘shatish nafaqasi xodim bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshiriladigan, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bir yo‘la beriladigan pulli to‘lovdir.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda quyidagi hollarda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi:
ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, bundan shartnoma xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha hamda bank sanatsiya qilinayotganligi sababli bekor qilinganligi mustasno;
ushbu Kodeks 168-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6 (tashkilotni tugatish qismida) va 9-bandlarida nazarda tutilgan taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, bundan jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchi muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan hollar mustasno. Mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 168-moddasi birinchi qismining 4 va 5-bandlariga muvofiq bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi, bundan ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybi bilan buzilgan (sudning muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi hukmini yashirish, soxta hujjatlar taqdim etish va boshqalar) yoxud xodimning harakatlari qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga to‘sqinlik qiladigan holatlarning yuzaga kelishiga olib kelgan hollar mustasno;
173-modda. Ishdan bo‘shatish nafaqasi (davomi)
xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan;
xodim tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘ziga qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazishni rad etganligi yoxud ish beruvchida tegishli ish bo‘lmaganligi munosabati bilan;
xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga ko‘chishni rad etganligi munosabati bilan;
xodim tashkilotning mulkdori almashganligi, uning qayta tashkil etilganligi, idoraviy taalluqliligi (bo‘ysunuvi) o‘zgarganligi munosabati bilan ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan.
Ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq bo‘ladi va u:
uch yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan;
uch yildan besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan;
besh yildan o‘n yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining yuz foizidan;
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining bir yuz ellik foizidan;
o‘n besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining ikki yuz foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida xodimlarga ish beruvchining mablag‘lari hisobidan ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash chog‘ida qo‘shimcha kafolatlar (ushbu moddaning uchinchi qismida mustahkamlanganlariga nisbatan ishdan bo‘shatish nafaqasining oshirilgan miqdorlari, ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdoriga ta’sir ko‘rsatadigan ish stajiga xodimlarning muayyan tarmoqdagi yoki muayyan kasbga doir mehnat faoliyati davrlarini kiritish, ushbu tashkilotga ish beruvchining taklifi bilan ishga kirgan xodimlarning ko‘rsatilgan stajida xodim ilgari mehnat qilgan tashkilotda ishlagan vaqtni hisobga olish), belgilanishi mumkin.
173-modda. Ishdan bo‘shatish nafaqasi (davomi)
Xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq bo‘lgan asoslarga ko‘ra xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida yoxud ish beruvchining, yuridik shaxs vakolatli organlarining, tashkilot mulkdorining yoki mulkdorlar tomonidan vakolat berilgan shaxslarning qarorlarida xodimlarga ishdan bo‘shatish nafaqalarini, kompensatsiyalarni to‘lash va (yoki) ularga har qanday shaklda biror-bir boshqa to‘lovlarni tayinlash nazarda tutilishi mumkin emas.
174-modda. Mehnat shartnomasini qonunga xilof ravishda bekor qilishning huquqiy oqibatlari
O‘zi bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan deb hisoblaydigan xodim bevosita ish beruvchiga murojaat qilishi yoki mehnat shartnomasining bekor qilinishi ustidan belgilangan tartibda, shu jumladan sud tartibida ham shikoyat qilishi mumkin.
O‘zi bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan xodimning unga avvalgi ishini taqdim etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni (agar mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi natijasida xodimga ma’naviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan bo‘lsa) kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligini qonunga xilof deb e’tirof etgan ish beruvchi xodimni avvalgi ishiga (lavozimiga) tiklashi hamda xodimning o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablarini qanoatlantirishi shart. Bunday holda xodimga tegishli bo‘lgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdori to‘g‘risidagi masala xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra hal etiladi. Bunda xodimga moddiy zararning o‘rnini qoplash ushbu Kodeksda nazarda tutilgan miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas. Agar mehnat shartnomasining taraflari xodimga moddiy zararning o‘rnini qoplash va (yoki) ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdori haqida kelishuvga erisha olmagan bo‘lsa, ish beruvchi xodimga shak-shubhasiz tegadigan summani to‘lashi shart, yakka tartibdagi mehnat nizosi esa ushbu Kodeksning VII bo‘limida nazarda tutilgan tartibda mediatsiya tartib-taomilidan foydalangan holda yoki sudda hal etiladi (tartibga solinadi).
174-modda. Mehnat shartnomasini qonunga xilof ravishda bekor qilishning huquqiy oqibatlari (davomi)
Xodim bilan mehnat shartnomasi taraflarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) natijasida, shu jumladan xodimning qonunga xilof ravishda hukm qilinishi natijasida bekor qilingan taqdirda, unga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi oqibatida xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash:
majburiy progul vaqti uchun haqni majburiy ravishda to‘lashdan;
mehnat shartnomasi bekor qilinganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni (mutaxassislarning maslahatlari, ish yuritishga doir xarajatlar va boshqalar) kompensatsiya qilishdan iborat.
Ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdori ish beruvchining harakatlarini baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Sud ishga tiklash o‘rniga xodimning iltimosiga ko‘ra uning foydasiga uch oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha tovon (ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilganidan tashqari) undirishi mumkin.
Nizolarni ko‘rib chiqish chog‘ida mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
174-modda. Mehnat shartnomasini qonunga xilof ravishda bekor qilishning huquqiy oqibatlari (davomi)
6-§. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish
175-modda. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlari
Mehnatga oid munosabatlar sababli ish beruvchiga taqdim etilgan, xodimning, shuningdek uning oila a’zolarining hayotidagi faktlar, voqealar va holatlar to‘g‘risidagi axborot xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridir.
Shaxsga doir ma’lumotlar jumlasiga xodim to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar kiradi:
familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lsa);
ma’lumoti (qachon va qaysi ta’lim tashkilotlarini tugatganligi, diplomlari raqamlari, diplom bo‘yicha tayyorgarlik yo‘nalishi yoki mutaxassisligi, malakasi);
mehnat faoliyati boshlanganidan e’tiboran bajarilgan ishlari (harbiy xizmatni qo‘shib hisoblaganda);
doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manzili;
pasportiga oid ma’lumotlar (seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilganligi) va identifikatsiya ID-karta ma’lumotlari;
shaxsiy telefon raqami, elektron pochta manzili;
harbiy majburiyatga daxldorligi, harbiy ro‘yxatga olish bo‘yicha ma’lumotlar (zaxirada bo‘lgan fuqarolar va harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan shaxslar uchun);
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ining raqami;
majburiy tibbiy ko‘rik natijalari;
xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari;
oilaviy ahvoli, yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan sanalari;
xodimning va (yoki) uning oila a’zolarining hayotidagi ish beruvchiga ma’lum bo‘lib qolgan faktlar, voqealar hamda holatlar haqidagi boshqa ma’lumotlar.
175-modda. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlari (davomi)
Xodimning shaxsga doir ma’lumotlari to‘g‘risidagi axborot maxfiy axborot toifasiga taalluqlidir.
176-modda. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish chog‘idagi umumiy talablar va ularni himoya qilish kafolatlari
Ish beruvchi va uning vakillari shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida (shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bitta harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirganda):
xodimning ishlov berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlarining hajmi va mazmunini belgilashda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalariga amal qilishi;
xodimning shaxsga doir barcha ma’lumotlarini xodimning o‘zidan olishi shart. Agar xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini faqat uchinchi shaxslardan olish mumkin bo‘lsa, xodimga bu haqda oldindan yozma ravishda xabar qilinishi va undan yozma rozilik olinishi kerak, bundan shaxsga doir ma’lumotlarni (tibbiy ko‘rik natijalari, malaka oshirish doirasida malakaviy va boshqa baholashlar natijalari bo‘yicha xulosa va boshqalar) xodim mazkur ish beruvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq qaysi uchinchi shaxslarga yuborilgan bo‘lsa, o‘sha uchinchi shaxslardan olish hollari mustasno;
shaxsga doir ma’lumotlarni olishning maqsadlari, taxmin qilinayotgan manbalari va usullari, shuningdek olinishi lozim bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning xususiyati hamda xodimning ularni olish uchun yozma rozilik berishni rad etishi oqibatlari to‘g‘risida xodimga xabar qilishi;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy ravishda foydalanilishdan yoki yo‘qolishdan ish beruvchining shaxsiy mablag‘lari hisobidan himoya qilishni ta’minlashi;
176-modda. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish chog‘idagi umumiy talablar va ularni himoya qilish kafolatlari (davomi)
xodimlarni va ularning vakillarini ish beruvchida mavjud bo‘lgan, xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish tartibini belgilaydigan, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;
xodimlarning vakillari bilan birgalikda xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqishi shart.
Agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va uning vakillari xodimning jamoat birlashmalaridagi a’zoligi yoki kasaba uyushmasidagi faoliyati to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarini olish hamda ularga ishlov berish huquqiga ega emas.
Ish beruvchining vakillari tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish faqat xodimning mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ish beruvchining xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirayotgan vakillari o‘zlariga ishonib topshirilgan yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
177-modda. Xodimning o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari himoya qilinishini rad etishi to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi shartlarining, ichki hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari himoya qilinishini rad etishini nazarda tutuvchi yoki xodimning o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish sohasidagi holatini qonunchilikka nisbatan yomonlashtiruvchi mehnat shartnomasining, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi boshqa kelishuvlarning shartlari, ichki hujjatlarning qoidalari haqiqiy emasdir.
178-modda. Xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish
Xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish tartibi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlar talablariga rioya etgan holda ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
Xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini berish chog‘ida ish beruvchi quyidagi talablarga rioya etishi kerak:
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini uning yozma roziligisiz uchinchi shaxsga xabar qilmaslik, bundan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga bo‘lgan tahdidning oldini olish maqsadida, shuningdek ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda xabar qilish zarur bo‘lgan hollar mustasno;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini uning yozma roziligisiz tijorat maqsadlarida xabar qilmaslik;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini oladigan shaxslarni ushbu ma’lumotlardan faqat ular xabar qilingan maqsadlarda foydalanish mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish va ushbu shaxslardan bu qoidaga rioya etilganligining tasdig‘ini talab qilish. Xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini oladigan shaxslar maxfiylik rejimiga rioya etishi shart. Mazkur qoida ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini almashishga nisbatan tatbiq etilmaydi;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini bitta tashkilot doirasida, bitta yakka tartibdagi tadbirkorda xodim imzo qo‘ygan holda tanishtirilishi kerak bo‘lgan ichki hujjatga muvofiq berishni amalga oshirish;
xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanishga faqat maxsus vakolatli shaxslarga ruxsat berish, bunda mazkur shaxslar xodimning faqat muayyan mehnat vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarini olish huquqiga ega bo‘lishi kerak;
178-modda. Xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish (davomi)
xodimning sog‘lig‘i holati haqidagi axborotni so‘rab olmaslik, bundan xodim tomonidan mehnat vazifasini bajarish imkoniyati to‘g‘risidagi masalaga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar mustasno;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda xodimlarning vakillariga topshirishi hamda ushbu axborotni faqat ko‘rsatilgan vakillar tomonidan o‘z vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar bilan cheklash.
179-modda. Xodimning ish beruvchida saqlanayotgan o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari himoya qilinishini ta’minlashga doir huquqlari
Ish beruvchida saqlanayotgan shaxsga doir ma’lumotlarining himoya qilinishini ta’minlash maqsadida xodim quyidagi huquqlarga ega:
o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari va ushbu ma’lumotlarga ishlov berish to‘g‘risida to‘liq axborot olish;
o‘zining shaxsga doir ma’lumotlaridan erkin bepul foydalanish, shu jumladan xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan har qanday yozuvning ko‘chirma nusxalarini olish huquqi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish uchun vakil belgilash;
sog‘lig‘ining holatini aks ettiruvchi tibbiy hujjatlardan foydalanish;
shaxsga doir noto‘g‘ri ma’lumotlarni chiqarib tashlash, to‘g‘rilash yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek ushbu Kodeks yoki boshqa qonun talablarini buzgan holda ishlov berilgan ma’lumotlarni to‘ldirish to‘g‘risida talab qilish;
ilgari xodimning noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan shaxsga doir ma’lumotlari o‘ziga xabar qilingan barcha shaxslarga ushbu ma’lumotlarda amalga oshirilgan barcha istisnolar, tuzatishlar yoki to‘ldirishlar haqida ish beruvchi tomonidan xabar qilinishi to‘g‘risida talab qilish;
o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish chog‘ida ish beruvchining barcha g‘ayriqonuniy qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish, shu jumladan sudga ham shikoyat qilish.
Ish beruvchi xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini chiqarib tashlashni, tuzatishni yoki to‘ldirishni rad etgan taqdirda, u ish beruvchiga o‘zining tegishli asosga noroziligi haqida yozma shaklda ma’lum qilish huquqiga ega.
180-modda. Ish beruvchi tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish tartibi buzilishining huquqiy oqibatlari
Agar ish beruvchi tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish tartibi buzilganligi xodimning mehnat qilish imkoniyatidan qonunga xilof ravishda mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lsa yoki xodimning mehnatiga haq to‘lash miqdorining pasayishiga olib kelsa, xodimning mahrum bo‘lgan ish haqi o‘rnini qoplash majburiyati o‘z aybi bilan mazkur qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi.
Ish beruvchi tomonidan xodimning nomiga dog‘ tushiradigan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilgan taqdirda, ish beruvchi ushbu ma’lumotlarni rad etishi shart.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 173-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat shartnomasini yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan o‘tmaganlik yoxud saylashda, tanlovda ishtirok etishni rad etganlik munosabati bilan bekor qilish
- Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish
- Mehnat shartnomasini qonunga xilof ravishda bekor qilishning huquqiy oqibatlari
- Ishdan bo‘shatish nafaqasi
To‘g‘ri javob: Ishdan bo‘shatish nafaqasi. 173-modda: Ishdan bo‘shatish nafaqasi.
Mehnat kodeksi: «Ishdan bo‘shatish nafaqasi» qaysi moddada belgilangan?
- 173-modda
- 169-modda
- 174-modda
- 168-modda
To‘g‘ri javob: 173-modda. 173-modda: Ishdan bo‘shatish nafaqasi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishdan bo‘shatish nafaqasi nima?
- Xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida har oy to‘lanadigan davriy pulli to‘lov
- Xodimning mehnat ta’tilidan foydalanmagan kunlari uchun beriladigan bir yo‘la pulli kompensatsiya to‘lovi
- Xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida beriladigan bir yo‘la pulli to‘lov
- Xodimning tibbiy ko‘rik va davolanish xarajatlarini qoplash maqsadida beriladigan bir yo‘la pulli to‘lov
To‘g‘ri javob: Xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida beriladigan bir yo‘la pulli to‘lov. 173-moddaga ko‘ra, nafaqa ishdan mahrum bo‘lish oqibatlarini yumshatish uchun beriladigan bir yo‘la pulli to‘lovdir.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasi quyidagi qaysi asosda bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanmaydi?
- Xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha
- Xodimlar soni (shtati) qisqartirilganda, xodimning aybi bo‘lmagan holda
- Tashkilot muassislar qaroriga binoan tugatilganda, aybsiz xodim bilan
- Xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli, xodim aybsiz bo‘lganda
To‘g‘ri javob: Xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha. 173-moddaga ko‘ra, aybli harakatlar bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha bekor qilinganda nafaqa to‘lanmaydi.
Kazus. Nodir ishga kirishda sud hukmi bilan lavozim egallash huquqidan mahrum etilganini yashirib, ishga qabul qilindi. Keyin bu aniqlanib, ishga qabul qilish qoidalari uning aybi bilan buzilgani tufayli 168-modda 4-bandi bo‘yicha shartnoma bekor qilindi. Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nafaqa to‘liq to‘lanadi
- Ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanmaydi
- Nafaqa yarmi to‘lanadi
- Nafaqa faqat sud qarori bilan to‘lanadi
To‘g‘ri javob: Ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanmaydi. 173-moddaga ko‘ra, ishga qabul qilish qoidalari xodimning aybi bilan (hukmni yashirish, soxta hujjat va h.k.) buzilgan hollarda nafaqa to‘lanmaydi.
Ishdan bo‘shatish nafaqasi uch yilgacha ish stajiga ega xodimlar uchun o‘rtacha oylik ish haqining necha foizidan kam bo‘lishi mumkin emas?
- yuz foizidan
- ellik foizidan
- yigirma besh foizidan
- yetmish besh foizidan
To‘g‘ri javob: ellik foizidan. Uch yilgacha ish stajiga ega xodimlar uchun ishdan bo‘shatish nafaqasi o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, mazkur ish beruvchida ish staji ikki yil bo‘lgan xodimga ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori kamida qancha bo‘lishi kerak?
- O‘rtacha oylik ish haqining yigirma besh foizi
- O‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizi
- O‘rtacha oylik ish haqining yuz foizi
- O‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi
To‘g‘ri javob: O‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi. 173-moddaga ko‘ra, uch yilgacha ish stajiga ega xodimlar uchun nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan kam bo‘lmaydi.
Kazus. Xodim Bahodir mazkur ish beruvchida to‘rt yil ishlagan. Tashkilot muassislar qaroriga binoan tugatildi va u bilan shartnoma bekor qilindi. Mehnat kodeksiga ko‘ra unga to‘lanadigan ishdan bo‘shatish nafaqasi kamida qancha?
- O‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi
- O‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizi
- O‘rtacha oylik ish haqining yuz foizi
- O‘rtacha oylik ish haqining bir yuz ellik foizi
To‘g‘ri javob: O‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizi. 173-moddaga ko‘ra, uch yildan besh yilgacha ish stajida nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash