XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 181–190-m.

Ish vaqti (1/2)

Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar

181-modda. Ish vaqtining tushunchasi va turlari

Xodim ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga bo‘linib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak bo‘lsa, o‘sha vaqt ish vaqtidir.

Ish vaqtiga quyidagilar kiradi:

xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt;

ushbu Kodeksda nazarda tutilgan vaqt davrlari (xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar va boshqalar), shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari, shu jumladan asosiy va tayyorgarlik-yakuniy ishlarni bajarish vaqti (kiyim, materiallar, asbob-uskunalar olish, texnika, hujjatlar bilan tanishish, ish o‘rnini tayyorlash va tozalash, tayyor mahsulotni topshirish va boshqalar).

Ish vaqtining turlari quyidagilardan iboratdir:

ish vaqtining normal davomiyligi;

ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi;

to‘liqsiz ish vaqti.

182-modda. Ish vaqtining normal davomiyligi

Xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

183-modda. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi

Ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi:

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga (ushbu Kodeksning 415-moddasi);

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga (ushbu Kodeks 427-moddasining birinchi qismi);

noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga (ushbu Kodeksning 477-moddasi);

ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglarga va boshqa toifadagi xodimlarga (ushbu Kodeksning 184-moddasi);

uch yoshgacha bo‘lgan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) (ushbu Kodeks 397-moddasining birinchi qismi).

184-modda. Ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi

Ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan, ya’ni alohida xususiyatga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan o‘ttiz olti soat qilib belgilanadi. Bunday xodimlarning ro‘yxati va ular ish vaqtining aniq davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, biroq ushbu moddada belgilangan ish vaqtining davomiyligidan oshmaydigan tarzda belgilanadi.

185-modda. Har kungi ishning (smenaning) davomiyligi

Har kungi ishning (smenaning) davomiyligi:

olti kunlik ish haftasida — yetti soatdan;

besh kunlik ish haftasida — sakkiz soatdan;

Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan ro‘yxatlariga muvofiq har kungi ishning (smenaning) davomiyligi qonunchilikka, ichki hujjatlarga, jamoa shartnomasiga yoxud mehnat shartnomasiga muvofiq belgilanishi mumkin.

Tashkilotda ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy etilgan taqdirda, ushbu Kodeksning 199-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

186-modda. To‘liqsiz ish vaqti

Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishga qabul qilish chog‘ida va keyinchalik to‘liqsiz ish vaqti (to‘liqsiz ish kuni (smena) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga bo‘lgan holda) belgilanishi mumkin. To‘liqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin.

Ish beruvchi:

ushbu Kodeksning 398-moddasiga muvofiq;

nogironligi bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, agar mazkur shaxs uchun ish vaqtini belgilash ushbu Kodeks 424-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalarida nazarda tutilgan bo‘lsa;

ushbu Kodeksda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan o‘zga hollarda to‘liqsiz ish kunini belgilashi shart.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab o‘tilgan shaxslar uchun to‘liqsiz ish vaqti xodim uchun qulay bo‘lgan muddatga, biroq to‘liqsiz ish vaqtini majburiy ravishda belgilash uchun asos bo‘lgan holatlar mavjud bo‘lgan davrdan ortiq bo‘lmagan muddatga belgilanadi, ish vaqtining va dam olish vaqtining rejimi, shu jumladan har kungi ishning (smenaning) davomiyligi, ishning boshlanish va tugash vaqti, ishdagi tanaffuslar vaqti esa ushbu ish beruvchidagi ishlab chiqarish (ish) sharoitlari hisobga olingan holda xodimning istaklariga muvofiq belgilanadi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liqsiz ish vaqtining davomiyligi va ish rejimi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanishi kerak.

186-modda. To‘liqsiz ish vaqti (davomi)

To‘liqsiz ish vaqti shartlarida ishlaganda xodimning mehnatiga haq to‘lash u ishlab bergan vaqtga mutanosib ravishda yoki u bajargan ishning hajmiga qarab amalga oshiriladi.

To‘liqsiz ish vaqti shartlarida ishlash xodimlar uchun har yilgi asosiy mehnat ta’tili davomiyligining, mehnat stajini hisoblab chiqarishning va boshqa mehnat huquqlarining biror-bir cheklanishlariga sabab bo‘lmaydi.

187-modda. Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasidagi ishning davomiyligi

Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.

188-modda. Tungi vaqtdagi ishning davomiyligi

Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi.

Agar xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) davomiyligining kamida yarmi tungi vaqtga to‘g‘ri kelsa, tungi vaqtdagi ishning davomiyligi ish haftasining davomiyligi tegishli ravishda qisqartirilgan, keyinchalik ishlab berilmagan holda bir soatga qisqartiriladi.

Agar jamoa shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan xodimlar uchun, shuningdek tungi vaqtda ishlashga maxsus qabul qilingan xodimlar uchun tungi vaqtdagi ishning (smenaning) davomiyligi qisqartirilmaydi.

Mehnat sharoitlariga ko‘ra zarur bo‘lgan hollarda, shuningdek olti kunlik ish haftasidagi smenali ishlarda tungi vaqtdagi ishning davomiyligi kunduzgi vaqtdagi ishning davomiyligi bilan tenglashtiriladi. Mazkur ishlar ro‘yxati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanishi mumkin.

Xodimlarni tungi vaqtdagi ishga jalb etish ushbu Kodeks 396-moddasining ikkinchi qismida, 417-moddaning birinchi qismida va 428-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Tungi vaqtdagi mehnatga haq to‘lash ushbu Kodeksning 264-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

189-modda. Ish vaqtidan tashqari ish

Ish beruvchi tomonidan xodimni xodim uchun belgilangan ish vaqti davomiyligidan tashqari ishga jalb etish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.

Ish vaqtidan tashqari ishning soatlari miqdorini aniqlash tartibi ish vaqtini hisobga olish turiga bog‘liqdir.

Ish vaqti kunlik hisobga olinganda xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) vaqtining davomiyligidan oshadigan ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.

Ish vaqti haftalik hisobga olinganda xodim uchun belgilangan haftalik ish vaqtining davomiyligidan oshadigan ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.

Ish vaqti jamlab hisobga olinganda bir haftadan oshadigan hisobga olish davri uchun xodimga belgilangan ish vaqtining davomiyligidan tashqari ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.

Ish beruvchi tomonidan xodimni uning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

189-modda. Ish vaqtidan tashqari ish (davomi)

Ushbu modda oltinchi qismining 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchi tomonidan xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga xodimning mehnat vazifasi doirasida yo‘l qo‘yiladi.

Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollardan tashqari ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga xodimning yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Ish smenasining davomiyligi o‘n ikki soat bo‘lganida, shuningdek mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta xavfli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish ushbu Kodeks 396, 417-moddalarining birinchi qismida va 428-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Ish vaqtidan tashqari ish uchun kompensatsiya va haq to‘lash ushbu Kodeksning 262-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

190-modda. Ish vaqtidan tashqari ishlarning eng ko‘p davomiyligi

Ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) oshmasligi kerak.

Ish beruvchi xodimning ish vaqtidan tashqari ishining davomiyligi aniq hisobga olinishini ta’minlashi shart.

2-§. Ish vaqti rejimi va uni hisobga olish

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 181-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ishdan bo‘shatish nafaqasi
  2. Ish vaqtining tushunchasi va turlari
  3. Mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish
  4. Ish beruvchi tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish tartibi buzilishining huquqiy oqibatlari

To‘g‘ri javob: Ish vaqtining tushunchasi va turlari. 181-modda: Ish vaqtining tushunchasi va turlari.

Mehnat kodeksi: «Ish vaqtining tushunchasi va turlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 181-modda
  2. 180-modda
  3. 173-modda
  4. 171-modda

To‘g‘ri javob: 181-modda. 181-modda: Ish vaqtining tushunchasi va turlari.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri ish vaqtiga kiradi?
  1. Xodimning tushlik va shaxsiy ishlar uchun ketgan vaqti
  2. Xodim ishga kelish uchun yo‘lda sarflagan vaqt
  3. Xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt
  4. Xodimning ta’tilda bo‘lgan vaqti

To‘g‘ri javob: Xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt. 181-moddaga ko‘ra, xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt ish vaqtiga kiradi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri ish vaqtining turi hisoblanadi?
  1. To‘liqsiz ish vaqti
  2. Uzaytirilgan ish vaqti
  3. Moslashuvchan ish vaqti
  4. Mavsumiy ish vaqti

To‘g‘ri javob: To‘liqsiz ish vaqti. 181-moddaga ko‘ra, ish vaqtining turlari: normal, qisqartirilgan davomiylik va to‘liqsiz ish vaqti.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi haftasiga necha soatdan oshmasligi kerak?
  1. O‘ttiz olti soatdan
  2. Qirq to‘rt soatdan
  3. Qirq sakkiz soatdan
  4. Qirq soatdan

To‘g‘ri javob: Qirq soatdan. 182-moddaga ko‘ra, besh yoki olti kunlik ish haftasida normal davomiylik haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lmaydi.

Kazus. Ish beruvchi oddiy xodim Akmal uchun besh kunlik ish haftasida haftasiga qirq besh soatlik ish jadvali belgilamoqchi. Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Xodim rozi bo‘lsa, istalgan davomiylik normal hisoblanadi
  2. Bunday jadval normal davomiylikdan oshadi va belgilanishi mumkin emas
  3. Ish beruvchi buyrug‘i bilan qirq besh soat normal hisoblanadi
  4. Faqat besh kunlik haftada bunga yo‘l qo‘yiladi

To‘g‘ri javob: Bunday jadval normal davomiylikdan oshadi va belgilanishi mumkin emas. 182-moddaga ko‘ra, normal davomiylik haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi majburiy tartibda qaysi yoshga to‘lmagan xodimlarga belgilanadi (Mehnat kodeksi 415-moddasi)?
  1. o‘n besh yoshga
  2. yigirma yoshga
  3. o‘n sakkiz yoshga
  4. o‘n olti yoshga

To‘g‘ri javob: o‘n sakkiz yoshga. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga majburiy tartibda belgilanadi.

Budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onadan biriga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi qaysi yoshgacha bo‘lgan bola uchun belgilanadi?
  1. besh yoshgacha
  2. uch yoshgacha
  3. yetti yoshgacha
  4. bir yarim yoshgacha

To‘g‘ri javob: uch yoshgacha. Uch yoshgacha bolasi bo‘lgan, budjet tashkilotida ishlaydigan ota-onadan biriga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMehnat shartnomasi (8/8)Keyingi →Ish vaqti (2/2)