Mehnatga haq to‘lash (1/3)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
243-modda. Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari
Mehnatga haq to‘lash ish beruvchi tomonidan xodimga uning mehnati uchun to‘lovlar belgilash va ularni amalga oshirish yuzasidan mehnat shartnomasi taraflari o‘rtasidagi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan tartibga solingan munosabatlar tizimidir.
Ish beruvchi tomonidan xodimning malakasiga, bajaradigan ishining murakkabligiga, miqdoriga, sifati va sharoitlariga qarab to‘lanadigan mehnat uchun mukofot summasi, shuningdek kompensatsiya xususiyatiga ega to‘lovlar (kompensatsiya xususiyatiga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, shu jumladan normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun shunday qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar hamda kompensatsiya xususiyatiga ega boshqa to‘lovlar) va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar (rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega qo‘shimcha to‘lovlar hamda ustamalar, mukofotlar va taqdirlovchi to‘lovlar) ish haqidir.
Normal ish sharoitlarida oddiy ishlarni bajarish chog‘ida ish vaqtining normasini to‘liq ishlab bergan xodimning malaka talab etmaydigan mehnati uchun qonunchilikda kafolatlangan, Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridir.
244-modda. Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi quyidagi asosiy kafolatlar nazarda tutiladi:
mehnatga haq to‘lash sohasida kamsitishni taqiqlash;
teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini ta’minlash;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash;
ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qo‘yish;
mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash;
ish haqini to‘lash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish;
normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik (ish vaqtidan tashqari, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari, tungi vaqtda ishlash) uchun mehnatga haq to‘lashning kafolatlangan miqdorlarini belgilash;
ushbu Kodeks 100-moddasining oltinchi va yettinchi qismlariga muvofiq ish beruvchining faoliyati tugatilgan hamda u to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lgan taqdirda xodim tomonidan ish haqi olinishini ta’minlash;
budjet tashkilotlari xodimlari uchun mehnatga haq to‘lashning davlat tariflarini belgilash;
xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash;
xodimning ishlab topilgan mablag‘larni erkin tasarruf etishini cheklashni taqiqlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
244-modda. Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar (davomi)
xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash.
Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda qonunchilikda belgilanganiga nisbatan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
Jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari jamoa kelishuvida belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
245-modda. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hamda Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning o‘zida belgilanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir.
Ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning mehnatiga haq to‘lashning oylik miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas.
O‘z mehnat majburiyatlarini bajargan xodimning mehnatiga soatbay haq to‘lashning eng kam miqdori tegishli kalendar yilda olti kunlik ish haftasidagi ish soatlarining o‘rtacha oylik miqdoriga bo‘lingan, bir oyda mehnatga haq to‘lashning qonunchilikda belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas.
Mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofotlar, ish haqiga ustamalar, boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, shuningdek ish vaqtidan tashqari ish, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, tungi vaqtdagi ish uchun to‘lovlar, tuman koeffitsiyentlariga doir to‘lovlar hamda boshqa kompensatsiyaga oid va ijtimoiy to‘lovlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga kiritilmaydi.
246-modda. Mehnatga haq to‘lash shartlarini va miqdorini belgilash
Mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdori ish beruvchi hamda xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, bajariladigan ishning murakkabligi va shartlari, xodimning kasbiy-malakaviy va ishchanlik sifatlari, uning mehnati hamda tashkilotning xo‘jalik faoliyati natijalari hisobga olingan holda ushbu ish beruvchida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash tizimlariga muvofiq belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lash tizimlari, shu jumladan tarif stavkalari, maoshlar, kompensatsiya xususiyatiga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, shu jumladan normal sharoitlardan chetga chiquvchi sharoitlardagi ish uchun shunday qo‘shimcha to‘lovlar hamda ustamalar miqdorlari, rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar tizimlari hamda mukofotlash tizimlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasida belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lash miqdori biror-bir eng ko‘p miqdor bilan cheklanmaydi.
247-modda. Mehnatga haq to‘lash shartlarini o‘zgartirish
Mehnatga haq to‘lash shartlari qanday tartibda belgilangan bo‘lsa, xuddi shunday tartibda o‘zgartiriladi.
Mehnatga haq to‘lash shartlarini xodim uchun noqulay tomonga o‘zgartirishga xodimning roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi. Istisno tariqasida:
texnologiyada, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishda o‘zgarishlar yuz berganda, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmi qisqarganda, basharti mehnatga haq to‘lashning avvalgi shartlarini saqlab qolish mumkin bo‘lmasa;
qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda shunday o‘zgartirish mumkin.
Ish beruvchi mehnatga haq to‘lashga doir amaldagi shartlarning yomonlashtirish tomonga qaratilgan yangi yoki kelgusidagi o‘zgarishlari haqida xodimni ular kiritilishidan kamida ikki oy oldin imzo qo‘ydirib ogohlantirishi kerak.
248-modda. Ish haqining tuzilishi
Ish haqi asosiy (bazaviy) va qo‘shimcha (o‘zgaruvchan) qismlardan iborat bo‘ladi.
Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi ushbu ish beruvchida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash tizimi asosida belgilanadi va qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak. Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi uning doimiy tarkibiy qismi bo‘lib, xodimga belgilangan mehnat normalariga (tarif stavkalariga, maoshlarga) ko‘ra haqiqatda ishlab berilgan vaqt yoki haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblanadi.
Ish haqining qo‘shimcha (o‘zgaruvchan) qismini qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, shuningdek mukofotlar va kompensatsiya yoki rag‘batlantirish xususiyatiga ega boshqa to‘lovlar tashkil etadi.
249-modda. Mehnatga haq to‘lash tizimi va uni belgilash tartibi
Mehnatga haq to‘lash tizimi xodimlar ish haqi miqdorining mehnatning miqdori va sifatiga, ularning shaxsiy va jamoaviy natijalariga bog‘liqligini belgilash usulidir.
Xodimlar mehnatiga haq to‘lash tizimi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi, bundan ushbu Kodeksda ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashkilotda ayrim toifadagi xodimlarga yoki tarkibiy bo‘linmalarga nisbatan mehnatga haq to‘lashning bir nechta tizimi qo‘llanilishi mumkin.
Xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga ko‘ra haq to‘lanadi.
Faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga va muayyan iqtisodiy sharoitlarga qarab mehnatga haq to‘lanishini tashkil etish uchun xodimlar mehnatiga haq to‘lashning tarifli va (yoki) tarifsiz tizimlari qo‘llanilishi mumkin.
Budjet tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimlari va turlari qonunchilikda belgilanadi.
250-modda. Mehnatga haq to‘lashning tarifli tizimi
Mehnatga haq to‘lashning tarifli tizimi turli toifadagi xodimlarning ish haqini differensiyalashning tarifli tizimiga asoslangan mehnatga haq to‘lash tizimidir.
Tarifli tizim tarif setkasini, tarif stavkalarini (maoshlarni), tarif razryadlarini, tarif koeffitsiyentlarini o‘z ichiga oladi.
Tarif setkasi ishning murakkabligiga va xodimlarning malakasiga doir talablarga qarab tarif koeffitsiyentlari yordamida belgilangan ishlar (kasblar, lavozimlar) tarif razryadlarining majmuidir.
Tarif razryadi ishlarning murakkabligini va xodimning malaka darajasini aks ettiradigan qiymatdir.
Tarif stavkasi (maosh) kompensatsiyaga oid, rag‘batlantiruvchi va ijtimoiy to‘lovlar hisobga olinmagan holda vaqt birligi uchun muayyan murakkablikdagi (malakadagi) mehnat normasi (mehnat majburiyatlari) bajarilganligi uchun xodimning mehnatiga haq to‘lashning qat’iy belgilangan miqdoridir.
Tarif koeffitsiyenti keyingi razryadlar tarif stavkasining birinchi razryad tarif stavkasiga nisbatan karrali ko‘paytirilishini aks ettiradigan, xodimlar malaka darajasining razryadlar bo‘yicha nisbatidir.
Malaka razryadi xodimning kasbiy tayyorgarligi darajasini aks ettiradigan qiymatdir.
Ishlarni tarifikatsiyalash mehnat turlarini ishlarning murakkabligiga qarab tarif razryadlariga yoki malaka toifalariga kiritishdir.
Bajariladigan ishlarning murakkabligi ularni tarifikatsiyalash asosida aniqlanadi.
Ishlarni tarifikatsiyalash va xodimlarga tarif razryadlari berish kasbga oid standartlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
251-modda. Mehnatga haq to‘lashning tarifsiz tizimi
Mehnatga haq to‘lashning tarifsiz tizimi mehnatga haq to‘lashni differensiyalash usulini ifodalaydi, bunda xodimning mehnatiga haq to‘lash miqdori uning ishining va jamoa ishining oxirgi natijalariga bog‘liq bo‘ladi hamda ushbu xodim ishining natijadorligi bahosini aks ettiradigan, xodimga berilgan koeffitsiyent asosida belgilanadigan, xodimning butun jamoa tomonidan ishlab topilgan mehnatga haq to‘lash jamg‘armasidagi ulushini ifodalaydi.
Xodimning shaxsiy kasbiy yutuqlarini baholash mezonlari va normalari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Xodimning shaxsiy kasbiy yutuqlarini baholash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnatga haq to‘lashning tarifsiz tizimi qo‘llanilganda mehnatga haq to‘lashning qonunchilik bilan kafolatlangan eng kam miqdoridan kam bo‘lgan haq to‘lash darajasini belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
252-modda. Rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar
Rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar jumlasiga xodimlarga mehnatdagi yuksak yutuqlari, kasbiy mahorati, energiya resurslarini, materiallarni tejaganligi, oldindan belgilangan boshqa ko‘rsatkichlarga erishganligi uchun beriladigan mukofotlar, ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va boshqa to‘lovlar kiradi.
Mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofot xodimni oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishishga undash maqsadida ish haqining tarkibiga kiritilgan hamda xodimga asosiy maoshidan (tarif stavkasidan) tashqari to‘lanadigan pul mukofotidir.
Mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirig‘ini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofotidir.
Ustama xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ish bajarilganligi uchun amalga oshiriladigan va rag‘batlantiruvchi (kasbiy mahorat, uzoq muddat xizmat qilganlik, muayyan tashkilotdagi yoki tarmoqdagi ish staji uchun ustamalar va boshqalar) yoxud kompensatsiya xususiyatiga ega (ishning ko‘chma yoxud sayyor xususiyati, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish yoxud zararli yoki og‘ir mehnat sharoitlaridagi ish, mehnatning jadalligi uchun ustamalar va boshqalar) pul to‘lovidir.
252-modda. Rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar (davomi)
Ish haqiga qo‘shimcha to‘lov xodim tomonidan uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatlariga kirmaydigan qo‘shimcha vazifalar bajarilishini kompensatsiya qilish (bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik, bajariladigan ish hajmining ko‘payganligi, xizmat ko‘rsatish doirasining kengayganligi, yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarganlik uchun qo‘shimcha to‘lov va boshqalar) uchun hisoblanadigan yoki kafolatli xususiyatga ega bo‘lgan hamda mehnatning normal sharoitlaridan chetga chiqilgan hollarda yoxud ish haqi xodimning aybisiz kamaytirilgan taqdirda xodimga ish haqining bir qismini saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladigan (tungi vaqtdagi, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, ish vaqtidan tashqari ish uchun qo‘shimcha to‘lovlar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, bekor turib qolish, ishlab chiqarish zaruriyati munosabati bilan kam haq to‘lanadigan ishga o‘tkazilgan xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar va boshqalar) pul to‘lovidir.
Mukofotlash, ish haqi asosiy qismiga doir qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar tizimlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Budjet tashkilotlarida rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni qo‘llash tartibi va shartlari qonunchilikda belgilanadi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 243-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari
- Ijtimoiy ta’tillar tushunchasi
- Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash
- Ijtimoiy ta’tillar berish asoslari va xodim tomonidan ulardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari
To‘g‘ri javob: Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari. 243-modda: Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari.
Mehnat kodeksi: «Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari» qaysi moddada belgilangan?
- 243-modda
- 236-modda
- 239-modda
- 245-modda
To‘g‘ri javob: 243-modda. 243-modda: Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori qanday ish haqi miqdori hisoblanadi?
- xodimning o‘rtacha oylik ish haqining yarmi
- Yagona tarif setkasining oxirgi razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik ish haqi miqdori
- Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik ish haqi miqdori
- tarmoqdagi o‘rtacha ish haqining uchdan bir qismi
To‘g‘ri javob: Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik ish haqi miqdori. 243-moddaga ko‘ra, eng kam miqdor Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq oylik ish haqi miqdoridir.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi xodimga to‘laydigan mehnat uchun mukofot summasi qaysi omillarga qarab belgilanadi?
- xodimning yoshiga, ish stajiga, oilaviy ahvoliga va ish joyi manziliga
- xodimning ta’limiga, jinsiga, milliyatiga va ish beruvchining daromadiga
- ish beruvchining moliyaviy ahvoliga, bozor kon’yukturasiga va xodimlar soniga
- xodimning malakasiga, ish murakkabligiga, miqdori, sifati va sharoitlariga
To‘g‘ri javob: xodimning malakasiga, ish murakkabligiga, miqdori, sifati va sharoitlariga. 243-moddaga ko‘ra, ish haqi xodimning malakasi, ish murakkabligi, miqdori, sifati va sharoitlariga qarab to‘lanadi.
Kazus: Dilnoza malaka talab etmaydigan oddiy ishda, normal sharoitda ish vaqti normasini to‘liq ishlab berdi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, uning mehnati uchun kafolatlangan oylik ish haqi qaysi miqdorga mos bo‘lishi kerak?
- Yagona tarif setkasining ikkinchi razryadiga muvofiq miqdorga, ya’ni o‘rtacha miqdorga
- Yagona tarif setkasining eng yuqori razryadiga muvofiq miqdorga, ya’ni eng ko‘p miqdorga
- Hududdagi o‘rtacha oylik ish haqiga muvofiq miqdorga, ya’ni tarifdan yuqori miqdorga
- Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq miqdorga, ya’ni eng kam miqdorga
To‘g‘ri javob: Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq miqdorga, ya’ni eng kam miqdorga. 243-moddaga ko‘ra, bunday xodimning kafolatlangan oylik ish haqi birinchi razryadga mos eng kam miqdordir.
Mehnat kodeksi — 244-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar
- Mehnatga haq to‘lash shartlarini o‘zgartirish
- Mehnatga haq to‘lashning tarifli tizimi
- Mehnatga haq to‘lash va ish haqi tushunchalari
To‘g‘ri javob: Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar. 244-modda: Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar.
Mehnat kodeksi: «Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar» qaysi moddada belgilangan?
- 247-modda
- 244-modda
- 250-modda
- 243-modda
To‘g‘ri javob: 244-modda. 244-modda: Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri mehnatga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlardan biri hisoblanadi?
- mehnatga faqat natura shaklida haq to‘lashni joriy etish
- mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash
- ish haqi miqdorini yuqori chegara bilan cheklash
- ish beruvchining ish haqini xohlagan paytda to‘lashi
To‘g‘ri javob: mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash. 244-modda kafolatlari qatorida mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash ko‘rsatilgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash