Mehnatga haq to‘lash (2/3)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
253-modda. Ish haqini to‘lash muddatlari
Xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ish haqi oyiga bir marta to‘lanadigan xodimlarning ayrim toifalari belgilanishi mumkin.
Ish haqi to‘lanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida to‘lanadi.
Xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.
Ish beruvchi xodimning so‘roviga ko‘ra uni ish beruvchi tomonidan xodimning ish haqini hisob-kitob qilish chog‘ida amalga oshirilgan hisoblashlar va ushlab qolishlar to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Ish beruvchi ish haqini to‘lash kechiktirilganligi uchun xodim oldida ushbu Kodeksning 333-moddasida belgilangan miqdorda moddiy javobgar bo‘ladi.
254-modda. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda hisob-kitob qilish muddatlari
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda ish beruvchidan xodimga berilishi kerak bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni amalga oshiriladi. Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan bo‘lsa, tegishli summalar ushbu xodim tomonidan hisob-kitob qilish to‘g‘risidagi talab taqdim etilganidan keyin uch kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli bo‘lgan summalar miqdorlari to‘g‘risida nizo chiqqan taqdirda, ish beruvchi xodimga shak-shubhasiz tegadigan summani ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda to‘lashi shart.
Ichki hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda xodim, agar u hatto mukofot to‘lanayotgan paytda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda bo‘lmasa ham, bir yildagi ish yakunlariga ko‘ra mukofot olish huquqiga ega bo‘ladi.
255-modda. Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqini berish
Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqi uning oila a’zolariga yoki xodim vafot etgan kunda marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxsga beriladi. Ish haqini to‘lash ish beruvchiga tegishli ariza, xodimning vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi berilgan hamda uning asl nusxasi taqdim etilgan kundan e’tiboran yetti kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
256-modda. Ish haqini to‘lash shakllari va joyi
Ish haqi milliy valyutada (so‘mda) to‘lanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalardan istisnolar qonunchilikda belgilanishi mumkin.
Ish haqini qarz majburiyatlari, tilxatlar, kuponlar tarzida to‘lash taqiqlanadi.
Mehnatga natura shaklida haq to‘lash taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar mustasno.
Xodimga ish haqini to‘lash, qoida tariqasida, bevosita u ishni bajargan joyda amalga oshiriladi.
Xodimning yozma roziligi bilan ish haqini yoki uning bir qismini bank muassasalari yoki pochta bo‘limlari orqali to‘lashga yo‘l qo‘yilib, ularning xizmatlari uchun ish beruvchining hisobidan haq to‘lanadi.
Agar xodim ish haqi to‘lanadigan kuni ish beruvchining topshirig‘ini ish joyidan tashqarida (xizmat safarida, malaka oshirish kurslarida bo‘lsa va boshqalar) bajarayotgan bo‘lsa, xodimning iltimosiga ko‘ra ish beruvchi xodimga tegishli ish haqini o‘z hisobidan yuborishi yoki xodimning ishonchli shaxsiga to‘lashi shart.
257-modda. O‘rtacha ish haqi va uni hisoblab chiqarish tartibi
Ushbu Kodeksda va qonunchilikda nazarda tutilgan barcha hollar uchun o‘rtacha ish haqi u hisoblanadigan oydan oldingi o‘n ikki oyni tashkil etuvchi hisob-kitob davri yoxud agar xodim o‘n ikki oydan kam ishlagan bo‘lsa, amalda ishlangan davr uchun xodimga hisoblangan ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda tegishli oyning 1-kunidan 30 (31)-kuniga qadar (fevralda — 28 (29)-kunga qadar) bo‘lgan davr oxirgi kunni ham qo‘shganda kalendar oy deb hisoblanadi.
O‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda to‘langan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.
Mehnatga haq to‘lashning barcha tizimlaridagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi o‘n ikki kalendar oy uchun xodimga hisoblangan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar summasining o‘n ikkidan bir qismi miqdorida belgilanadi.
O‘rtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda hisob-kitob davridan vaqt, shuningdek ushbu vaqtda hisoblangan summalar chiqarib tashlanadi, agar:
qonunchilikka muvofiq xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolgan bo‘lsa, bundan ushbu Kodeksning 407-moddasida nazarda tutilgan bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar mustasno;
xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olgan bo‘lsa;
257-modda. O‘rtacha ish haqi va uni hisoblab chiqarish tartibi (davomi)
xodim ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolish munosabati bilan ishlamagan bo‘lsa;
xodimga ushbu Kodeksning 399-moddasiga muvofiq nogironligi bo‘lgan bolalarni va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlash uchun qo‘shimcha haq to‘lanadigan dam olish kunlari berilgan bo‘lsa;
xodim qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ish haqi to‘liq yoki qisman saqlanadigan yoki haq to‘lanmaydigan ishdan ozod etilgan bo‘lsa.
Agar xodim hisob-kitob davri uchun va hisob-kitob davri boshlanguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki ishlab berilgan kunlarga ega bo‘lmagan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi xodim tomonidan o‘rtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa yuz bergan oyda haqiqatda ishlab berilgan kunlar uchun hisoblangan ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Agar xodim hisob-kitob davri uchun, hisob-kitob davri boshlanguniga qadar va o‘rtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa yuz berguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki haqiqatda ishlab berilgan kunlarga ega bo‘lmagan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi unga belgilangan tarif stavkasidan (maoshidan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Agar hisob-kitob davrining bir oyi yoki bir necha oyi to‘liq ishlab berilmagan yoki ushbu moddaning to‘rtinchi qismiga muvofiq undan vaqt chiqarib tashlangan bo‘lsa, o‘rtacha kunlik ish haqi hisob-kitob davri uchun haqiqatda hisoblangan ish haqi summasini to‘liq kalendar oylar soniga hamda to‘liq bo‘lmagan kalendar oylardagi kalendar kunlar soniga ko‘paytirilgan ish kunlarining o‘rtacha oylik sonining (25,3) summasiga bo‘lish orqali hisoblab chiqariladi. To‘liq bo‘lmagan kalendar oydagi ish kunlarining soni ish kunlarining o‘rtacha oylik sonini (25,3) ushbu oydagi ish kunlarining haqiqiy soniga bo‘lish hamda mazkur oyda ishlab berilgan vaqtga to‘g‘ri keladigan ish kunlari soniga ko‘paytirish orqali hisoblab chiqiladi.
257-modda. O‘rtacha ish haqi va uni hisoblab chiqarish tartibi (davomi)
O‘rtacha kunlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan o‘rtacha ish haqi summasini ish kunlarining o‘rtacha oylik soniga (25,3) bo‘lish orqali belgilanadi.
O‘rtacha soatlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan o‘rtacha ish haqi summasini xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oyda ishlab berilgan soatlar soniga bo‘lish orqali belgilanadi.
Alohida hollar (ish vaqti jamlab hisobga olinganda, uni hisoblab chiqarish uchun qabul qilingan davrda ish vaqti to‘liq ishlab berilmaganda, ushbu davrda ish haqi bo‘lmaganda va boshqa hollarda) uchun xodimlarning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Barcha hollarda ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi qonunchilikda belgilangan hisoblash kunidagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas.
Hisob-kitob davrida tariflarni qayta ko‘rib chiqish chog‘ida o‘rtacha oylik ish haqi o‘zgartirilgan tarifni hisobga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishi lozim.
2-§. Mehnatga haq to‘lashning alohida shartlari
258-modda. Qisqartirilgan va to‘liqsiz ish vaqtida mehnatga haq to‘lash
Qisqartirilgan ish vaqti sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarning ish haqi normal ish vaqti uchun belgilangan to‘liq hajmda to‘lanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoida mazkur Kodeks 415-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan, o‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlaydigan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda yoki ishlab chiqargan mahsulotiga qarab amalga oshiriladigan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
To‘liqsiz ish vaqtida (to‘liqsiz ish kuni, to‘liqsiz ish haftasi, to‘liqsiz ish kunining va to‘liqsiz ish haftasining qo‘shilishi) ishlaydigan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda yoki haqiqatda ishlab chiqargan mahsulotiga qarab amalga oshiriladi.
259-modda. Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganda va ish hajmi ko‘payganda mehnatga haq to‘lash
Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganda, ish hajmi ko‘payganda xodimning asosiy lavozimdagi ish haqiga quyidagilar uchun qo‘shimcha to‘lov belgilanadi va to‘lanadi:
budjetdan moliyalashtirilmaydigan tashkilot xodimlari uchun — bir necha kasbda (lavozimda) haqiqatda bajarilgan ishga doir ish haqi miqdorida;
budjet tashkilotlari xodimlari uchun — bir necha lavozimda ishlaganlik uchun tarif stavkasining (maoshining) ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vazifasi shtatdagi uning o‘rnini bosadigan shaxs zimmasiga asosiy ishdan ozod etilmagan holda yuklatilganda qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilmaydi.
260-modda. Har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda mehnatga haq to‘lash
Mehnatiga vaqtbay haq to‘lanadigan xodim tomonidan har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda uning mehnatiga yuqoriroq malakali ish bo‘yicha haq to‘lanadi.
Mehnatiga ishbay haq to‘lanadigan xodim tomonidan har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda uning mehnatiga u bajargan ishning baholari bo‘yicha haq to‘lanadi.
Ishlab chiqarish xususiyatini hisobga olgan holda mehnatiga ishbay haq to‘lanadigan xodimlarga o‘ziga berilgan razryadlardan pastroq tarifikatsiya qilinayotgan ishlarni bajarish topshiriladigan hollarda ish beruvchi ularga razryadlar o‘rtasidagi farqni to‘lashi shart.
261-modda. Yangi ishlab chiqarishlar (mahsulot) o‘zlashtirilganda mehnatga haq to‘lash
Jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida yangi ishlab chiqarish (mahsulot) o‘zlashtiriladigan davrda xodimning oldingi ish haqini saqlab qolish nazarda tutilishi mumkin.
262-modda. Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash
Ish vaqtidan tashqari ishning bir kundagi birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida ikki hissa miqdorida (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda — har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorida) haq to‘lanadi.
Jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida ish vaqtidan tashqari ish uchun qo‘shimcha to‘lovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin.
Xodimning xohishiga ko‘ra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq to‘lash o‘rniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qo‘shimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Bunday holda ish vaqtidan tashqari ish uchun bir hissa miqdorida haq to‘lanadi, dam olish vaqti uchun esa haq to‘lanmaydi.
Bilimingizni sinang
Ish haqi to‘lash muddatlari har yarim oyda kamida necha marta to‘lanishini ta’minlashi kerak?
- Kamida bir martadan
- To‘rt martadan
- Ikki martadan
- Uch martadan
To‘g‘ri javob: Kamida bir martadan. Ish haqi to‘lash muddatlari har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.
Oylik ish haqi qoida tariqasida ikki qismga bo‘lib to‘langanda, qismlar orasidagi tanaffus necha kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak?
- O‘n kundan
- Yigirma kundan
- O‘n olti kundan
- O‘n besh kundan
To‘g‘ri javob: O‘n olti kundan. Oylik ish haqi (bo‘nak va qolgan qismi) o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lib to‘lanadi.
Mehnat kodeksi — 253-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- O‘rtacha ish haqi va uni hisoblab chiqarish tartibi
- Ish haqini to‘lash muddatlari
- Mehnatga haq to‘lash tizimi va uni belgilash tartibi
- Rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar
To‘g‘ri javob: Ish haqini to‘lash muddatlari. 253-modda: Ish haqini to‘lash muddatlari.
Mehnat kodeksi: «Ish haqini to‘lash muddatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 257-modda
- 253-modda
- 252-modda
- 249-modda
To‘g‘ri javob: 253-modda. 253-modda: Ish haqini to‘lash muddatlari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari qanday bo‘lishi mumkin emas?
- har haftada bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas
- har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas
- oyiga ikki martadan ko‘p bo‘lishi mumkin emas
- har chorakda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas
To‘g‘ri javob: har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. 253-moddaga ko‘ra, ish haqi to‘lash muddatlari har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.
Oylik ish haqi qoida tariqasida qanday to‘lanadi?
- o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan uch qismga bo‘lingan holda (haftalik bo‘nak va qolgan qismlari)
- o‘ttiz kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida)
- o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida)
- oyiga bir marta, ish oyi tugagandan keyin barcha summani to‘liq miqdorda, bo‘nak berilmasdan va qisman to‘lovlarsiz
To‘g‘ri javob: o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida). 253-moddaga ko‘ra, oylik qoida tariqasida o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lib to‘lanadi.
Kazus: Korxonada ish haqi har oyning 20-kuni to‘lanadi. Bu oyda 20-kun ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri keldi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish haqi qachon to‘lanishi kerak?
- ushbu kunlar arafasida
- bayramdan keyingi birinchi ish kunida
- oyning oxirida
- xodim so‘raganda
To‘g‘ri javob: ushbu kunlar arafasida. 253-moddaga ko‘ra, to‘lov kuni dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, ish haqi ushbu kunlar arafasida to‘lanadi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimga tegishli ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori nimaga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak?
- ish beruvchining moliyaviy natijalariga hamda soliq navbatiga
- ish beruvchining boshqa shartnomalar bo‘yicha majburiyatlariga
- mahsulot sotilishiga va tushumlar kelib tushish muddatiga
- boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga
To‘g‘ri javob: boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga. 253-moddaga ko‘ra, ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishi boshqa to‘lovlar va ularning navbatiga bog‘liq qilinmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash