Mehnatga haq to‘lash (3/3)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
263-modda. Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash
Dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun quyidagilarga kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi:
ishbay ishlovchilarga — kamida ikki hissali ishbay baholar bo‘yicha;
mehnatiga kunbay va soatbay tarif stavkalari bo‘yicha haq to‘lanadigan xodimlarga — kunbay yoki soatbay tarif stavkasining kamida ikki hissasi miqdorida;
maosh oladigan xodimlarga — har bir ishlangan kun yoki soat uchun maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkasining kamida bir hissasi miqdorida.
Jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun qo‘shimcha to‘lovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin.
Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilingan taqdirda, bunday ish uchun haq to‘lash kamida bir hissa miqdorida amalga oshiriladi, dam olish kuni uchun esa haq to‘lanmaydi.
Agar xodim jadvalga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq umumiy belgilangan dam olish kunlarida (besh kunlik ish haftasida shanba yoki yakshanba kunlari yoki olti kunlik ish haftasida yakshanba kuni) mehnat qilgan bo‘lsa, dam olish kunlari esa unga ish haftasining boshqa kunlarida berilgan bo‘lsa, umumiy belgilangan dam olish kunlaridagi ish uchun bir hissa miqdorida haq to‘lanadi.
263-modda. Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash (davomi)
Ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun, ushbu ish jadvalga binoan amalga oshirilganligidan yoki xodim mazkur Kodeksning 210-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etilganligidan qat’i nazar, kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi yoxud xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish va bir hissa miqdorida haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.
264-modda. Tungi vaqtdagi mehnat uchun haq to‘lash
Quyidagi hollarda tungi vaqtdagi mehnat uchun haq to‘lash kamida bir yarim baravar miqdorida amalga oshiriladi:
mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida — tungi vaqtdagi ishning har bir soati uchun 1,5 yoki undan ortiq koeffitsiyentni qo‘llagan holda;
mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida — tegishli razryadga (malakaga) ega bo‘lgan vaqtbay ishlovchining soatlik tarif stavkasining (maoshining) ellik foizi yoki undan ortiq miqdorida ishbay ish haqi va qo‘shimcha to‘lov to‘liq to‘lanadi.
Tungi vaqtdagi ish uchun oshirilgan miqdorda haq to‘lash tarif stavkalariga (maoshlarga) kiritilmaydi.
Tungi vaqtdagi, shuningdek ko‘p smenali rejimdagi ish uchun ish haqiga doir qo‘shimcha to‘lovning aniq miqdori jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilanadi.
265-modda. Mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda mehnatga haq to‘lash
Ish beruvchining aybi bilan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, mehnatga haq to‘lash xodimning haqiqatda ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.
Ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, xodimning haqiqatda ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi saqlanib qoladi.
Xodimning aybi bilan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, ish haqining normalashtirilgan qismiga haq to‘lash bajarilgan ish hajmiga muvofiq amalga oshiriladi.
266-modda. Bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lash
Ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun (iqtisodiy, texnologik, texnik yoki tashkiliy sabablarga ko‘ra ishni vaqtincha to‘xtatib turish) xodimning o‘rtacha ish haqi miqdorida haq to‘lanadi.
Ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolingan vaqt uchun bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanadi.
Xodimning aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lanmaydi.
Asbob-uskunaning buzilishi va xodim tomonidan o‘z mehnat vazifalarini bajarishni davom ettirishni imkonsiz qiladigan boshqa sabablar yuzaga keltirgan bekor turib qolingan vaqt boshlanganligi haqida xodim darhol o‘zining bevosita rahbariga, ish beruvchining boshqa vakiliga xabar berishi shart.
267-modda. Yaroqsiz bo‘lgan mahsulot tayyorlanganda mehnatga haq to‘lash
Ishlov beriladigan materialdagi yashirin nuqson tufayli paydo bo‘lgan yaroqsiz mahsulot uchun, shuningdek xodimning aybisiz tayyorlangan yaroqsiz mahsulot uchun yaroqli mahsulotlar bilan teng ravishda haq to‘lanadi.
Xodimning aybi bilan tayyorlangan qisman yaroqsiz mahsulot uchun mahsulotning yaroqliligi darajasiga qarab kamaytirilgan ishbay baholar bo‘yicha haq to‘lanadi.
Xodimning aybi bilan tayyorlangan to‘liq yaroqsiz mahsulot uchun haq to‘lanmaydi.
268-modda. Ayrim toifadagi xodimlarning mehnatiga haq to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari
Ayrim toifadagi xodimlar (tashkilot rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar, zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar, o‘rindoshlik asosida ishlaydiganlar va boshqalar) uchun ushbu Kodeksning VI bo‘limiga muvofiq mehnatiga haq to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanadi.
3-§. Ish haqidan ushlab qolish
269-modda. Ish haqidan ushlab qolishni cheklash
Umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi bo‘lmagan taqdirda esa ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin.
Quyidagi hollarda, xodimning yozma roziligidan qat’i nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi:
- 1) soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun;
- 2) “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
- 3) ish haqi hisobiga berilgan bo‘nakni ushlab qolish uchun, boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va o‘z vaqtida qaytarilmagan bo‘nakni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi bo‘nakni qaytarish, qarzdorlikni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoki to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim bo‘nakni to‘lash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga e’tiroz bildirayotgan bo‘lsa, qarzni to‘lash sud tartibida amalga oshiriladi;
- 4) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa;
269-modda. Ish haqidan ushlab qolishni cheklash (davomi)
- 5) ushbu Kodeks 312-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun;
- 6) xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun;
- 7) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Har yilgi mehnat ta’tilining ishlab berilmagan kunlari uchun ushlab qolishlar mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 137-moddasining to‘rtinchi qismida, 143-moddasining ikkinchi qismida, 146-moddasining beshinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 2 va 3-bandlarida, 168-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6, 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek xodimning tashabbusi bilan ushbu Kodeks 160-moddasining sakkizinchi qismida ko‘rsatilgan uzrli sabablar mavjud bo‘lganda bekor qilingan taqdirda amalga oshirilmaydi. Basharti ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilishi yoxud yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatning davom etishiga monelik qiluvchi holatlarning yuzaga kelishi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq bo‘lmasa, mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 168-moddasining 4 va 5-bandlariga ko‘ra bekor qilinganda ham bunday ushlab qolish amalga oshirilmaydi.
Xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi (shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llanilganda) undan undirilishi mumkin emas, bundan quyidagi hollar mustasno:
269-modda. Ish haqidan ushlab qolishni cheklash (davomi)
hisoblashdagi xatolik;
agar yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organ tomonidan xodimning mehnat normalarini bajarmaganlikdagi aybi e’tirof etilgan bo‘lsa;
xodimning sud tomonidan belgilangan g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) sababli xodimga ortiqcha ish haqi to‘langan bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq soliq solinmaydigan to‘lovlardan ushlab qolishlar amalga oshirilishi mumkin emas.
270-modda. Ish haqidan ushlab qolish miqdorlarini cheklash
Har bir to‘lov chog‘ida ish haqidan ushlab qolingan mablag‘larning umumiy summasi xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining ellik foizidan oshishi mumkin emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan cheklov aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek axloq tuzatish ishlari tarzida jazo tayinlangan xodimning ish haqini ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazodan va aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikdan ushlab qolish miqdori xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining yetmish foizidan oshishi mumkin emas.
271-modda. Xodimning xohishiga ko‘ra amalga oshiriladigan ish haqini tasarruf etish
Xodimning xohishiga ko‘ra ish haqi yoki uning muayyan qismi xodimning yozma arizasida ko‘rsatilgan miqdorlarda va muddatlarda kreditorlarga bank muassasalaridan olingan ssudalar, kreditlar, kommunal to‘lovlar va boshqa xarajatlarni to‘lash uchun yuborilishi mumkin.
Ushbu Kodeksning 270-moddasida nazarda tutilgan cheklovlar mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bilimingizni sinang
Qaysi ish haftasida umumiy belgilangan dam olish kuni faqat yakshanba kuni hisoblanadi?
- To‘rt kunlik ish haftasida
- Besh kunlik ish haftasida
- Olti kunlik ish haftasida
- Yetti kunlik ish haftasida
To‘g‘ri javob: Olti kunlik ish haftasida. Olti kunlik ish haftasida umumiy belgilangan dam olish kuni yakshanba hisoblanadi.
Mehnat kodeksi — 263-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ayrim toifadagi xodimlarning mehnatiga haq to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari
- Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash
- Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganda va ish hajmi ko‘payganda mehnatga haq to‘lash
- Har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda mehnatga haq to‘lash
To‘g‘ri javob: Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash. 263-modda: Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash.
Mehnat kodeksi: «Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash» qaysi moddada belgilangan?
- 263-modda
- 268-modda
- 259-modda
- 260-modda
To‘g‘ri javob: 263-modda. 263-modda: Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq to‘lash.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun kamida qancha miqdorda haq to‘lanadi?
- ikki hissa miqdorida
- bir yarim hissa miqdorida
- bir hissa miqdorida
- uch hissa miqdorida
To‘g‘ri javob: ikki hissa miqdorida. 263-moddaga ko‘ra, dam olish va bayram kunlaridagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
Kazus: Ishbay haq oluvchi xodim Salim dam olish kunida ishladi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, unga qanday haq to‘lanadi?
- oddiy ishbay baholar bo‘yicha
- tarif stavkasining bir hissasi bo‘yicha
- ishbay baholarning yarmi bo‘yicha
- kamida ikki hissali ishbay baholar bo‘yicha
To‘g‘ri javob: kamida ikki hissali ishbay baholar bo‘yicha. 263-moddaga ko‘ra, ishbay ishlovchilarga dam olish kunidagi ish kamida ikki hissali ishbay baholar bo‘yicha to‘lanadi.
Maosh oladigan xodimga dam olish kunidagi ish uchun qanday haq to‘lanadi?
- har bir ishlangan kun yoki soat uchun maosh doirasida kunbay yoki soatbay stavkasining kamida yarim hissasi miqdorida
- har bir ishlangan kun yoki soat uchun maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkasining kamida bir hissasi miqdorida
- har bir ishlangan kun yoki soat uchun maosh doirasida to‘lanadi, kunbay yoki soatbay stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov to‘lanmaydi
- faqat soatbay stavkasining kamida bir hissasi miqdorida, kunbay stavka esa maoshli xodimlarga qo‘llanmaydi
To‘g‘ri javob: har bir ishlangan kun yoki soat uchun maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkasining kamida bir hissasi miqdorida. 263-moddaga ko‘ra, maosh oluvchilarga maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkaning kamida bir hissasi to‘lanadi.
Kazus: Xodim Jasmina dam olish kunida ishladi va xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni berildi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, unga qanday haq to‘lanadi?
- dam olish kunidagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi, berilgan dam olish kuni uchun ham haq to‘lanadi
- dam olish kunidagi ish uchun haq to‘lanmaydi, chunki xodimga ish kunining o‘rniga boshqa dam olish kuni berilgan
- dam olish kunidagi ish uchun kamida bir hissa miqdorida haq to‘lanadi, berilgan dam olish kuni uchun haq to‘lanmaydi
- dam olish kunidagi ish uchun kamida bir hissa haq to‘lanadi, berilgan dam olish kuni uchun ham bir hissa haq to‘lanadi
To‘g‘ri javob: dam olish kunidagi ish uchun kamida bir hissa miqdorida haq to‘lanadi, berilgan dam olish kuni uchun haq to‘lanmaydi. 263-moddaga ko‘ra, kompensatsiya sifatida dam olish kuni berilsa, ish uchun kamida bir hissa to‘lanadi, dam olish kuni uchun esa haq to‘lanmaydi.
Kazus: Besh kunlik ish haftasida xodim Doniyor shanba kuni (umumiy dam olish kuni) ishladi, dam olish kuni unga ish haftasining boshqa kunida berildi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, shanba kunidagi ish uchun qanday haq to‘lanadi?
- bir hissa miqdorida
- ikki hissa miqdorida
- bir yarim hissa miqdorida
- haq to‘lanmaydi
To‘g‘ri javob: bir hissa miqdorida. 263-moddaga ko‘ra, umumiy dam olish kunida ishlangan, dam olish kuni boshqa kunda berilgan bo‘lsa, bir hissa miqdorida haq to‘lanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash