XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 272–278-m.

Mehnatni normalashtirish

Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar

272-modda. Mehnatni normalashtirish tushunchasi

Mehnatni normalashtirish muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida aniq ishni yoki operatsiyani bajarish uchun eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan vaqt miqdorini aniqlash, shuningdek xodimlarning turli toifalari (guruhlari) soni va asbob-uskunalar soni o‘rtasidagi maqbul o‘zaro nisbatni aniqlash imkonini beradigan, mehnat natijalari va mehnatga haq to‘lash o‘lchovi o‘rtasidagi tenglashtirilgan o‘zaro nisbatlarni belgilash hisoblanadi.

273-modda. Mehnat normasining turlari

Mehnat normasining turlari quyidagilardan iborat:

vaqt normasi — muayyan tashkilot uchun eng ma’qul bo‘lgan tashkiliy-texnik sharoitlarda bir xodim yoki tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan muayyan ish birligini (bitta mahsulot, bitta operatsiyani) bajarish uchun zarur bo‘lgan ish vaqti miqdori. Qoida tariqasida, norma-soatda, kishi-soatda, kishi-daqiqada, soniyalarda hisoblab chiqiladi.

ishlab chiqarish normasi — muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda vaqt birligida bir xodim yoki muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan smena davomida bajarilishi kerak bo‘lgan ish hajmi;

xodimlar soni normasi — muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda ishlab chiqarish topshirig‘ini bajarish uchun zarur bo‘lgan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni;

xizmat ko‘rsatish normasi — smena davomida muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda bir xodim yoki tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan xizmatlar ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan asbob-uskunalar, hududlarning maydonlari va xizmat ko‘rsatish obyektlarining belgilangan birligi soni;

alohida lavozimlarni kiritish normasi — tegishli davlat boshqaruvi organi tomonidan tashkilotning alohida vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan, budjet tashkilotlari uchun belgilangan xodimlar soni;

boshqariluvchanlik normasi — bevosita bitta rahbarga bo‘ysunishi kerak bo‘lgan xodimlar soni;

273-modda. Mehnat normasining turlari (davomi)

malaka normasi — xodimning mehnat vazifasini bajarishi uchun zarur bo‘lgan malaka (bilim, mahorat, ko‘nikma) darajasi;

davlat kasbiy standartlari (kasbiy faoliyat standartlari) — xodimga muayyan bir kasbiy faoliyat turini amalga oshirish, shu jumladan muayyan mehnat vazifasini bajarish uchun zarur bo‘lgan malaka tavsiflari;

zarur mehnat sarflarini belgilovchi boshqa normalar.

Mehnatni tashkil etish va haq to‘lashning jamoaviy shakllari sharoitlarida mahsulotning aniq hajmiga, umuman texnologik jarayonga yoki muayyan ishlar (xizmatlar) hajmiga nisbatan belgilanadigan yiriklashtirilgan mehnat normalari, shuningdek qabul qilingan mehnat normalari negizida hisoblab chiqilgan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ishlar ko‘lamini tavsiflovchi pirovard yiriklashtirilgan o‘lchov (kub metr, kvadrat metr, mahsulotning mingta birligi va boshqalar) bo‘yicha belgilanadigan yiriklashtirilgan mehnat normalari qo‘llanilishi mumkin.

Mehnat normalari to‘liq ish vaqti davomida tegishli malakaga ega bo‘lgan xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasini to‘liq bajarishga qodir bo‘ladigan tarzda belgilanishi kerak.

Bir turdagi ishlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan namunaviy (tarmoq, tarmoqlararo, kasbiy va boshqa) mehnat normalari tasdiqlanadi.

274-modda. Mehnat normalarini ishlab chiqish, joriy etish, almashtirish va qayta ko‘rib chiqish

Mehnat normalarini ishlab chiqish ish beruvchi tomonidan mehnatning aniq tashkiliy-texnologik sharoitlarida xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishi uchun mehnat sarflarini tahlil etish asosida amalga oshiriladi.

Mehnat normalarini ishlab chiqishda quyidagilar ta’minlanishi kerak:

mehnat normalarining sifati, ularni zarur mehnat sarflariga maqbul ravishda yaqinlashtirish;

o‘xshash tashkiliy-texnik sharoitlarda bajariladigan ayni bir ish uchun bir xil mehnat normalarini belgilash;

fan va texnika yutuqlari asosida mehnat normalarining ilg‘orligi;

mehnat normalarini belgilash mumkin bo‘lgan va maqsadga muvofiq hisoblanadigan ish turlarini mehnatni normalashtirish bilan qamrab olish;

mehnat normalarining texnik (ilmiy) jihatdan asoslanganligi.

Mehnat normalarini joriy etish, almashtirish va qayta ko‘rib chiqish jamoa shartnomasida belgilanadi, jamoa shartnomasi bo‘lmaganda esa ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Mehnat normalarining joriy etilishi, almashtirilishi va qayta ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida xodim ular joriy etiladigan, almashtiriladigan, qayta ko‘rib chiqiladigan kundan kamida ikki oy oldin ogohlantirilgan bo‘lishi kerak.

Mehnat normalari ish o‘rinlarining ratsionalizatsiya qilinishiga, mehnat unumdorligining o‘sishini ta’minlovchi yangi texnika, texnologiyalarning joriy etilishiga va tashkiliy-texnik tadbirlar o‘tkazilishiga qarab almashtirilishi va qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

274-modda. Mehnat normalarini ishlab chiqish, joriy etish, almashtirish va qayta ko‘rib chiqish (davomi)

Ayrim xodimlar yoki ularning jamoaviy tuzilmalari (brigadalari) tomonidan o‘z tashabbusi bilan mehnatning yangi yo‘llari va usullari qo‘llanilishi hamda ish o‘rinlarini takomillashtirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishning (xizmatlar ko‘rsatishning) yuqori darajasiga erishish ilgari belgilangan mehnat normalarini qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘la olmaydi.

Namunaviy mehnat normalarini almashtirish va qayta ko‘rib chiqish ularni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

275-modda. Mehnat normalarining amal qilish muddati

Mehnat normalari doimiy bo‘lishi mumkin, bunda ular nomuayyan muddatga belgilanadi va ushbu Kodeksning 274-moddasiga muvofiq almashtirilguniga va qayta ko‘rib chiqilguniga qadar amal qiladi, mehnat normalari vaqtinchalik ham bo‘lishi mumkin, bunda ular mahsulot ishlab chiqarishni, texnika, texnologiyalarni o‘zlashtirish davri uchun yoki ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etish davri uchun uch oygacha bo‘lgan muddatga belgilanadi. Mazkur muddat tugaganidan keyin vaqtinchalik normalar doimiy normalar bilan almashtirilishi lozim.

Ayrim hollarda vaqtinchalik normalarning amal qilish muddati ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda uzaytirilishi mumkin.

Texnologiya o‘zgartirilganda, baxtsiz hodisalar va avariyalar yuzaga kelishi xavfi bilan bog‘liq ishlarni bajarishda, shuningdek bir martalik xususiyatga ega boshqa shunga o‘xshash ishlarni bajarishda mehnat normalari har bir aniq holatda tegishli ishlarni bajarish davri uchun belgilanadi.

276-modda. Ish beruvchining mehnat normalarini bajarish uchun zarur mehnat shart-sharoitlarini ta’minlash majburiyatlari

Ish beruvchi mehnat normalarining bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart. Bunday shart-sharoitlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

binolar, inshootlar, mashinalar, texnologik jihozlar va boshqa asbob-uskunalarning soz holatda bo‘lishi;

ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan texnik hujjatlar va boshqa zarur hujjatlar bilan o‘z vaqtida ta’minlash;

mehnat shartnomasida shartlashilgan ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan materiallar, asboblar, boshqa vositalar va buyumlarning lozim darajada sifatli bo‘lishi, ularning xodimga o‘z vaqtida taqdim etilishi;

mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligi talablariga javob beradigan mehnat shart-sharoitlari.

277-modda. Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida narxlarni aniqlash

Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq to‘lash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga ko‘paytirish yo‘li bilan ham aniqlanishi mumkin.

Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq to‘lashning razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.

278-modda. Normalashtirilgan topshiriqlarni va xizmat ko‘rsatish normalarini belgilash

Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida normalashtirilgan topshiriqlarni, shu jumladan alohida vazifalarni va ish hajmini bajarish maqsadida xodimlarga nisbatan xizmat ko‘rsatish normasi va xodimlar soni normasi belgilanishi mumkin.

Muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida normalashtirilgan topshiriqlar va xizmat ko‘rsatish normalarini belgilashda mahsulot birligiga qilingan mehnat sarflari normalaridan, xodimlar soni normalaridan, ish vaqtining rejali fondlaridan va boshqa ma’lumotlardan foydalaniladi.

Budjet tashkilotlarida xizmat ko‘rsatish normalarini va lavozimlarni joriy etish normalarini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, shuningdek tegishli tarmoq kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan amalga oshiriladi.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 272-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Xodimning xohishiga ko‘ra amalga oshiriladigan ish haqini tasarruf etish
  2. Mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda mehnatga haq to‘lash
  3. Mehnatni normalashtirish tushunchasi
  4. Yaroqsiz bo‘lgan mahsulot tayyorlanganda mehnatga haq to‘lash

To‘g‘ri javob: Mehnatni normalashtirish tushunchasi. 272-modda: Mehnatni normalashtirish tushunchasi.

Mehnat kodeksi: «Mehnatni normalashtirish tushunchasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 272-modda
  2. 265-modda
  3. 271-modda
  4. 267-modda

To‘g‘ri javob: 272-modda. 272-modda: Mehnatni normalashtirish tushunchasi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnatni normalashtirish nimani aniqlash imkonini beradi?
  1. muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida aniq ishni yoki operatsiyani bajarish uchun eng kam yo‘l qo‘yiladigan vaqt miqdorini
  2. muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida xodimlarning har oylik ish haqining eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan miqdorini va o‘zgarishini
  3. muayyan tashkilot sharoitlarida xodimning ish joyidagi tanaffuslari va dam olish vaqtining eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan miqdorini
  4. muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida aniq ishni yoki operatsiyani bajarish uchun eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan vaqt miqdorini

To‘g‘ri javob: muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida aniq ishni yoki operatsiyani bajarish uchun eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan vaqt miqdorini. 272-moddaga ko‘ra, mehnatni normalashtirish aniq ishni bajarish uchun eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan vaqt miqdorini aniqlash va boshqa nisbatlarni belgilashdir.

Mehnat kodeksi — 273-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Normalashtirilgan topshiriqlarni va xizmat ko‘rsatish normalarini belgilash
  2. Mehnat normasining turlari
  3. Kafolatli to‘lovlar va kafolatli qo‘shimcha to‘lovlar tushunchalari
  4. Mehnatni normalashtirish tushunchasi

To‘g‘ri javob: Mehnat normasining turlari. 273-modda: Mehnat normasining turlari.

Mehnat kodeksi: «Mehnat normasining turlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 278-modda
  2. 279-modda
  3. 272-modda
  4. 273-modda

To‘g‘ri javob: 273-modda. 273-modda: Mehnat normasining turlari.

Mehnat normasining qaysi turi muayyan ish birligini (bitta mahsulot, bitta operatsiyani) bajarish uchun zarur bo‘lgan ish vaqti miqdori hisoblanadi?
  1. ishlab chiqarish normasi
  2. boshqariluvchanlik normasi
  3. xizmat ko‘rsatish normasi
  4. vaqt normasi

To‘g‘ri javob: vaqt normasi. 273-moddaga ko‘ra, vaqt normasi muayyan ish birligini bajarish uchun zarur ish vaqti miqdoridir.

Vaqt normasi va ishlab chiqarish normasining farqi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. vaqt normasi — smena davomida bajarilishi kerak bo‘lgan ish hajmi, ishlab chiqarish normasi — ish birligi uchun zarur vaqt
  2. vaqt normasi — ish birligi uchun zarur vaqt, ishlab chiqarish normasi — smena davomida bajarilishi kerak bo‘lgan ish hajmi
  3. vaqt normasi — xodimlarning ish kunidagi tanaffuslari soni, ishlab chiqarish normasi — ishlab chiqarilgan mahsulot narxi
  4. vaqt normasi va ishlab chiqarish normasi bir xil tushuncha bo‘lib, ular faqat smena davomiyligi bilan o‘lchanadi

To‘g‘ri javob: vaqt normasi — ish birligi uchun zarur vaqt, ishlab chiqarish normasi — smena davomida bajarilishi kerak bo‘lgan ish hajmi. 273-moddaga ko‘ra, vaqt normasi ish birligi uchun vaqt, ishlab chiqarish normasi smena davomidagi ish hajmidir.

Xodimlar soni normasi nima?
  1. ishlab chiqarish topshirig‘ini bajarish uchun zarur bo‘lgan muayyan kasbiy malakaga ega rahbarlar soni
  2. ishlab chiqarish jarayonida bitta rahbarga bo‘ysunadigan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni
  3. ishlab chiqarish topshirig‘ini bajarish uchun zarur bo‘lgan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni
  4. ish beruvchi tomonidan bir yilda ishga qabul qilinishi mumkin bo‘lgan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni

To‘g‘ri javob: ishlab chiqarish topshirig‘ini bajarish uchun zarur bo‘lgan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni. 273-moddaga ko‘ra, xodimlar soni normasi ishlab chiqarish topshirig‘ini bajarish uchun zarur bo‘lgan muayyan malakali xodimlar sonidir.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMehnatga haq to‘lash (3/3)Keyingi →Kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari (1/2)