Kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari (2/2)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
287-modda. Xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlari
Xizmat safari xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safaridir. Doimiy ishi ko‘chib yurish yoki sayyor xususiyatga ega bo‘lgan xodimlarning xizmat safarlariga chiqishi xizmat safarlari hisoblanmaydi.
Xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish beruvchi xodimga quyidagilarni qoplashi shart:
yo‘lkira xarajatlari;
turar joy ijarasi xarajatlari;
doimiy yashash joyidan tashqarida yashash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar (sutkalik);
xodim tomonidan ish beruvchining ruxsati yoki roziligi bilan qilingan boshqa xarajatlar.
Xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplash miqdorlari jamoa shartnomasi yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjat bilan belgilanadi. Bunda xarajatlar o‘rnini qoplash miqdori budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas.
288-modda. Ish sayyor va ko‘chib yurish xususiyatiga ega bo‘lganda, shuningdek dala sharoitlarida va vaxta usulida ishlanganda kompensatsiya to‘lovlari
Sayyor xususiyatga ega ish uchun ustamalar quyidagi eng kam miqdorlarda belgilanadi:
tashkilot joylashgan joydan ish joyiga (obyektga) yetib borish va orqaga qaytish uchun safar kun davomida uch soatdan kam bo‘lmagan va ish vaqtidan tashqari vaqtda amalga oshirilgan hollarda, — qonunchilikda belgilangan sutkalik stavkaning sakson foizigacha va sakson foizi miqdorida, uch soatdan kam bo‘lgan hollarda esa qirq foizigacha va qirq foizi miqdorida;
ishlarni yo‘lda bajarish bilan bog‘liq safar chog‘ida — yo‘lda o‘tgan har bir kun uchun oylik tarif stavkasining (maoshning) bir yarim foizi, yo‘lovchi poyezdlariga, pochta-bagaj poyezdlariga, yo‘lovchi poyezdlari va pochta vagonlarining restoran-vagonlarida (kafe-bufetlarda) xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga esa uch foizi miqdorida;
agar xodimlar bir oyda o‘n ikki va undan ortiq kun safarda bo‘lsa, — qonunchilikda belgilangan sutkalik normaning yigirma foizigacha, agar bir oyda o‘n ikki kundan kam safarda bo‘lsa, — sayyor xususiyatga ega sharoitlardagi ishning bir sutkasi uchun oylik tarif stavkasining (maoshning) o‘n besh foizigacha miqdorda.
Ko‘chib yurish xususiyatiga ega ish uchun ustama quyidagi eng kam miqdorlarda belgilanadi:
olis obyektlarda bo‘lish kunlarida — har bir to‘liq ishlangan ish kuni (smena) uchun xodim kunlik stavkasining o‘ttiz foizigacha;
obyekt joylashgan yerga borish va orqaga qaytish kunlarida — xodimning kunlik tarif stavkasi miqdorida.
288-modda. Ish sayyor va ko‘chib yurish xususiyatiga ega bo‘lganda, shuningdek dala sharoitlarida va vaxta usulida ishlanganda kompensatsiya to‘lovlari (davomi)
Dala sharoitlaridagi ish uchun dala nafaqasi quyidagi miqdorlardan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi:
bevosita dala ishlari o‘tkaziladigan obyektlarda, tashkilotning daladagi bazaviy shaharchasidan tashqarida ishlaganda — kunlik mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yetti foizi;
tashkilotlarning daladagi bazaviy shaharchalarida bajariladigan ish uchun — kunlik mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki foizi.
Vaxta usulidagi ish uchun oylik mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ellik foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ustama belgilanadi.
Jamoa shartnomasi yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan ichki hujjat yoxud xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bilan ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilganidan ko‘proq miqdorda kompensatsiyalar belgilanishi mumkin. Bunda ushbu moddada belgilangan miqdorlardan ortiq bo‘lgan to‘lovlarga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq soliq solinishi lozim.
289-modda. Xodim boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tayotganda kompensatsiya to‘lovlari
Ish beruvchi bilan oldindan kelishuv bo‘yicha boshqa joyga ishga ko‘chib o‘tgan xodimlarga, shuningdek taqsimot bo‘yicha yashash joylaridan tashqarida ish joyi berilgan ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilariga quyidagilar kompensatsiya qilinadi:
xodim va oila a’zolari (er, xotin, ular bilan birga yashaydigan, ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolari) yo‘lkirasining yo‘l chiptalarini olish uchun qilingan haqiqiy xarajatlari miqdoridagi qiymati;
temir yo‘l yoki avtomobil transportida xodimning o‘ziga besh yuz kilogrammgacha va u bilan birga ko‘chib o‘tayotgan oila a’zolariga jami besh yuz kilogrammgacha bo‘lgan mol-mulkni tashish xarajatlari;
yo‘lda bo‘lishning har bir kuniga xizmat safarlari uchun nazarda tutilgan miqdorda sutkalik to‘lovlar;
agar ko‘chib o‘tayotgan xodimning ushbu joyda shaxsiy uy-joyi mavjud bo‘lmasa hamda ish beruvchi ushbu xodimga va uning oila a’zolariga tegishli uy-joy taqdim etmasa, uy-joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlar;
yangi ish joyi bo‘yicha bir oylik tarif stavkasi (maosh) miqdorida bir martalik nafaqa (ko‘tarma pul), shuningdek xodim bilan birga ko‘chib o‘tayotgan har bir oila a’zosiga ko‘chib o‘tayotgan xodim tarif stavkasining (maoshning) uchdan bir qismi, basharti ushbu oila a’zolari xodimga alohida uy-joy berilgan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida ko‘chib o‘tsa.
Agar xodim boshqa joydagi ishga kelmasa, xuddi shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda uzrli sababsiz ishga kirishmasa, shuningdek, agar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning tashabbusi bilan yoki ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, xodim (bitiruvchi) olingan mablag‘ni qaytarib berishi shart.
289-modda. Xodim boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tayotganda kompensatsiya to‘lovlari (davomi)
Agar xodim uzrli sababga ko‘ra (ishning davom etishiga to‘sqinlik qiladigan kasallik, ish joyi joylashgan hududdan tashqarida istiqomat qiluvchi o‘z qaramog‘idagi shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish zarurati va boshqalar) ish boshlamagan bo‘lsa yoki ish boshlagan kunidan e’tiboran bir yil o‘tguniga qadar mehnat shartnomasini bekor qilsa, olingan mablag‘larni ish beruvchiga qaytarishi kerak, bundan yo‘lkira qiymati mustasno.
Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda boshqa joyda ishlash uchun ketayotgan xodimlar uchun to‘lovlarning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilganidan yuqoriroq miqdorlari belgilanishi mumkin.
290-modda. Ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishda xodimlar uchun kompensatsiya to‘lovlari
Agar ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.
Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) to‘lovi belgilanishi mumkin.
291-modda. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida xodimda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yuz bergan taqdirda xarajatlarni kompensatsiya qilish
Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida yuz bersa, ish beruvchi xodimga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini to‘lash bilan birga uning tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya uchun qilgan xarajatlarining o‘rnini tegishli hujjatlar (cheklar, ma’lumotnomalar va boshqalar) bilan tasdiqlangan, haqiqatda qilingan xarajatlar miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda qoplaydi.
292-modda. Xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilish
Xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan u dastlabki (ishga qabul qilish chog‘ida) yoki davriy (ish jarayonida) xususiyatga ega bo‘lishidan qat’i nazar, o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
293-modda. Xodimga tegishli mol-mulkdan ish beruvchining manfaatlarini ko‘zlab foydalanilganda xarajatlarni kompensatsiya qilish
Ish jarayonida xodimga tegishli yoxud uning tomonidan uchinchi shaxslardan ijaraga olingan mol-mulkdan ish beruvchining roziligi bilan foydalanilganda, ish beruvchi transport vositalarining amortizatsiyasi (eskirishi) va ulardan foydalanish xarajatlarining, shuningdek asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalar yoki o‘zga mol-mulk amortizatsiyasi (eskirishi) o‘rnini qoplaydi. Ushbu xarajatlarning o‘rnini qoplash miqdorlari va tartibi xodim hamda ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
294-modda. Kompensatsiya to‘lovlarini moliyalashtirish manbalari
Ushbu Kodeksning 286-moddasida sanab o‘tilgan kompensatsiya to‘lovlarini moliyalashtirish manbalari ish beruvchining mablag‘laridan, budjet tashkilotlarida esa budjet mablag‘laridan iboratdir.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 287-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlari
- Kompensatsiya to‘lovlari tushunchasi
- Kafolatli to‘lovlarni moliyalashtirish manbalari
- Ish beruvchining xodimga kafolatli to‘lovlarni amalga oshirish majburiyati
To‘g‘ri javob: Xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlari. 287-modda: Xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlari.
Mehnat kodeksi: «Xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlari» qaysi moddada belgilangan?
- 285-modda
- 287-modda
- 280-modda
- 284-modda
To‘g‘ri javob: 287-modda. 287-modda: Xizmat safarlari chog‘idagi kompensatsiya to‘lovlari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, xizmat safari nima?
- xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy yashash joyidan tashqarida dam olish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safari
- xodimning o‘z xohishiga ko‘ra doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘isiz boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan shaxsiy safari
- xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyi doirasida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun bir kunga qiladigan qisqa yo‘li
- xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safari
To‘g‘ri javob: xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safari. 287-moddaga ko‘ra, xizmat safari ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida topshiriqni bajarish uchun ma’lum muddatga qilinadigan safardir.
Quyidagi xodimlardan qaysi birining safarlari xizmat safarlari hisoblanmaydi?
- doimiy ishi boshqa viloyatga xizmat topshirig‘i bilan bog‘liq xodimlarning
- ish beruvchi farmoyishiga binoan boshqa shaharga yuborilgan xodimlarning
- ish beruvchi topshirig‘i bilan boshqa joyga yuborilgan rahbar xodimlarning
- doimiy ishi ko‘chib yurish yoki sayyor xususiyatga ega bo‘lgan xodimlarning
To‘g‘ri javob: doimiy ishi ko‘chib yurish yoki sayyor xususiyatga ega bo‘lgan xodimlarning. 287-moddaga ko‘ra, doimiy ishi ko‘chib yurish yoki sayyor xususiyatga ega xodimlarning safarlari xizmat safari hisoblanmaydi.
Xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish beruvchi xodimga quyidagilardan qaysi birini qoplashi shart?
- faqat shaxsiy xarajatlar va sovg‘alar xarajatlarini
- yo‘lkira, turar joy ijarasi va sutkalik xarajatlarini
- dam olish va ko‘ngilochar tadbirlar xarajatlarini
- xodimning shaxsiy avtomobilini ta’mirlash xarajatlarini
To‘g‘ri javob: yo‘lkira, turar joy ijarasi va sutkalik xarajatlarini. 287-moddaga ko‘ra, ish beruvchi yo‘lkira, turar joy ijarasi, sutkalik va ruxsat bilan qilingan boshqa xarajatlarni qoplashi shart.
Kazus: Budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilot o‘z ichki hujjatida xizmat safari xarajatlarini qoplash miqdorini Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdordan past qilib belgiladi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- bunday belgilash mumkin, budjet tashkilotlari uchun miqdor Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdordan past bo‘lishi mumkin
- bunday belgilash mumkin, chunki ichki hujjat Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan ustun va tashkilot miqdorni o‘zi belgilaydi
- bunday belgilash mumkin emas, budjet tashkilotlari uchun miqdor Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas
- bunday belgilash mumkin emas, budjet tashkilotlari uchun miqdor Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdordan ikki baravar ko‘p bo‘lishi shart
To‘g‘ri javob: bunday belgilash mumkin emas, budjet tashkilotlari uchun miqdor Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas. 287-moddaga ko‘ra, budjet tashkilotlari uchun qoplash miqdori Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas.
Xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplash miqdorlari qayerda belgilanadi?
- jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda
- faqat Vazirlar Mahkamasi qarorida yoki ish beruvchi tomonidan xodimlar bilan kelishmasdan qabul qilingan ichki hujjatda
- mehnat shartnomasida yoki mahalliy mehnat organi tomonidan ish beruvchi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda
- jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan Mehnat vazirligi bilan kelishilgan holda qabul qilingan buyruqda
To‘g‘ri javob: jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda. 287-moddaga ko‘ra, miqdorlar jamoa shartnomasi yoki kasaba qo‘mitasi bilan kelishilgan ichki hujjat bilan belgilanadi.
Sayyor xususiyatli ishda ish joyiga borib-kelish safari ish vaqtidan tashqarida kamida necha soat davom etsa, sutkalik stavkaning sakson foizigacha ustama beriladi?
- Besh soat
- Bir soat
- Uch soat
- Ikki soat
To‘g‘ri javob: Uch soat. Safar kun davomida uch soatdan kam bo‘lmasa va ish vaqtidan tashqarida bo‘lsa, ustama sutkalik stavkaning sakson foizigacha belgilanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash