XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 302–308-m.

Mehnat intizomi (2/3)

Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar

302-modda. Xizmat tekshiruvi tushunchasi

Xizmat tekshiruvi xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida xodimning aybini, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshirishdir.

303-modda. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish

Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun ommaviy axborot vositalarining xabarlari, xodimning bevosita rahbarining bildirgisi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos beradigan boshqa ma’lumotlar asos bo‘ladi.

Ish beruvchi xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi.

O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladigan xodim ish beruvchining xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqidagi buyrug‘i hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha komissiya tarkibi bilan imzo qo‘ydirib tanishtirilishi kerak.

304-modda. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzish

Xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun ish beruvchining buyrug‘i bilan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuziladi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi).

Komissiya kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘lishi kerak, ularning bir nafari komissiyaning raisi bo‘ladi. Komissiya tarkibiga tashkilotda mavjud bo‘lgan taqdirda kasaba uyushmasi qo‘mitasining a’zosi kiradi. Komissiya raisi komissiya ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi. Uning o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruvi doirasidagi qonuniy talablari komissiya a’zolari tomonidan bajarilishi majburiydir. Komissiya raisi xizmat tekshiruvini tashkil etish, tayyorlash va o‘tkazish sifati, uning natijalari, xulosalari va takliflarining xolisligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Komissiya tarkibiga quyidagi shaxslarning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan mansabdor shaxs;

harakatlari tekshirilishi zarur bo‘lgan xodimlar bo‘ysunuvidagi xodimlar;

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim bilan qarindoshlik aloqalarida bo‘lgan shaxslar;

xizmat tekshiruvi natijalaridan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar, shu jumladan xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga yoki intizomiy qilmishning yashirilishiga daxldor ekanligi to‘g‘risida asoslangan gumonlar mavjud bo‘lgan shaxslar;

murojaati xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan shaxslar;

304-modda. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzish (davomi)

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimlar.

Xizmat tekshiruvini o‘tkazishga maxsus bilimlar sohasida maslahat olish uchun shartnoma asosida ekspertlar sifatida mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.

305-modda. Komissiyaning huquq va majburiyatlari

Komissiya quyidagi huquqlarga ega:

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimlarga yozma shaklda tushuntirishlar taqdim etishni, shuningdek xizmat tekshiruvi masalalarining mohiyati yuzasidan boshqa axborotni ma’lum qilishni taklif etish;

xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlanishi kerak bo‘lgan holatlar haqida biror-bir ma’lumotdan xabardor bo‘lishi mumkin bo‘lgan xodimlarga ular yuzasidan yozma tushuntirishlar berishni taklif etish;

agar xodimning ish joyida hozir bo‘lishi xizmat tekshiruviga xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud bo‘lsa, xizmat tekshiruvi vaqtida xodimni ishdan chetlatish to‘g‘risida ish beruvchiga takliflar kiritish;

xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun muhim bo‘lgan hujjatlar bilan tanishish va zarurat bo‘lganda ularning ko‘chirma nusxalarini xizmat tekshiruvi materiallariga qo‘shib qo‘yish;

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim foydalanadigan xizmat va ishlab chiqarish xonalarini, shu jumladan uning ish joyini, joy uchastkalarini, omborlarni, stollarni, javonlarni, papkalarni va maxfiy axborotni tashuvchi jism mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa predmetlarni ish beruvchining roziligi bilan ko‘zdan kechirishni amalga oshirish, shuningdek ish beruvchidagi maxfiy axborot mavjud bo‘lgan barcha jismlarni hamda ularning kelib tushishi va harakatlanishini aks ettiruvchi hisobga olish hujjatlarini (hisobga olish daftarlari va jurnallarini) ish beruvchining roziligi bilan tekshirish;

305-modda. Komissiyaning huquq va majburiyatlari (davomi)

inventarizatsiya, taftish, audit o‘tkazish haqida iltimosnoma kiritish;

ilmiy, texnikaviy va boshqa maxsus bilimlarni talab etadigan masalalar bo‘yicha mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish hamda ulardan maslahat olish.

Komissiya qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Komissiya:

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimning hamda xizmat tekshiruvida ishtirok etish uchun jalb qilingan boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya etishi;

xizmat tekshiruvi materiallarining but saqlanishini va maxfiyligini ta’minlashi, tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etmasligi;

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;

xizmat tekshiruvi o‘tkazilishining borishi haqida ish beruvchini xabardor qilishi;

intizomiy qilmish sodir etilganligi fakti aniqlangan taqdirda, ushbu intizomiy qilmish sodir etilgan sana va vaqtni, intizomiy qilmishni sodir etgan xodimning javobgarligi darajasi va xususiyatiga ta’sir qiladigan, uning aybini ham og‘irlashtiradigan, ham yengillashtiradigan holatlarni hujjat bilan tasdiqlashi;

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimning shaxsiy, ishbilarmonlik va axloqiy sifatlarini tavsiflovchi hujjatlar va materiallarni to‘plashi;

ilgari o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi materiallarini, shuningdek o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim tomonidan ilgari sodir etilgan intizomiy qilmish to‘g‘risidagi axborotni o‘rganishi;

305-modda. Komissiyaning huquq va majburiyatlari (davomi)

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimga o‘tkazilayotgan tekshiruvga bevosita aloqador bo‘lgan masalalarning mohiyati yuzasidan tushuntirish berishni taklif qilishi, u tushuntirish berishni rad etgan taqdirda esa komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuzishi;

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligiga guvoh bo‘lganlar xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlangan taqdirda, ularni so‘roq qilishi;

xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan ish beruvchiga mehnat majburiyatlarining aniqlangan va bartaraf etilishi talab qilinadigan buzilishlari haqida darhol xabar berishi;

xodimning intizomiy qilmishni sodir etishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni taklif qilishi;

xizmat tekshiruvi o‘tkazishning ish beruvchi buyrug‘ida ushbu Kodeksning 308-moddasiga muvofiq belgilangan muddatiga rioya etishi;

xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risida dalolatnoma tayyorlashi va uni ushbu Kodeks 310-moddasining yettinchi qismida belgilangan muddatda ish beruvchiga taqdim etishi;

o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan xodimni xizmat tekshiruvini o‘tkazish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi, tanishish rad etilgan yoki tanishganlik to‘g‘risida imzo qo‘yish rad etilgan taqdirda esa komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuzishi shart.

305-modda. Komissiyaning huquq va majburiyatlari (davomi)

Komissiyaning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

306-modda. O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimning huquq va majburiyatlari

O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim:

xizmat tekshiruvi nima sababli o‘tkazilayotganini bilishga;

komissiya a’zolarini rad etish to‘g‘risida arz qilishga;

xizmat tekshiruvi masalalari bo‘yicha yozma tushuntirishlar berishga;

xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi davomida iltimosnomalar berishga;

xizmat tekshiruvi materiallariga qo‘shib qo‘yish uchun hujjatlar, ashyoviy dalillar taqdim etishga;

guvohlarni xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi davomida keyinchalik ularni so‘rovdan o‘tkazish uchun taqdim etishga;

xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishishga, ulardan ko‘chirmalar, ko‘chirma nusxalar olishga;

xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnoma bilan tanishishga;

komissiyaning qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yakka tartibdagi mehnat nizolari uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqlidir.

Xodim o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotni rad etish uchun xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini talab qilishga haqlidir. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ish beruvchiga yozma shaklda beriladi va u taqdim etilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.

O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim o‘ziga berilgan huquqlardan vijdonan foydalanishi, xizmat tekshiruvi o‘tkazilishiga monelik qilmasligi, shu jumladan xizmat tekshiruvida ishtirok etishdan bo‘yin tovlamasligi, haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, boshqa g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etish yo‘li bilan monelik qilmasligi shart.

307-modda. Komissiya a’zosini rad etish

O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim ushbu Kodeks 304-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda komissiya a’zosini rad etish to‘g‘risida yozma shaklda arz qilishga haqli.

Komissiya a’zosini rad etish asoslangan bo‘lishi kerak va komissiya xizmat tekshiruvi natijalari haqida dalolatnoma qabul qilguniga qadar xizmat tekshiruvining har qanday bosqichida arz qilinishi mumkin.

Komissiya a’zosini rad etish to‘g‘risidagi ariza xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan ish beruvchiga beriladi. Rad etish haqidagi arizaga doir qarorni xizmat tekshiruvi o‘tkazishni tayinlagan mansabdor shaxs (organ) rad etish haqidagi ariza berilgan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay qabul qilishi kerak. Ushbu qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay xodim va komissiya a’zolari e’tiboriga yetkazilishi kerak.

Ushbu Kodeks 304-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lsa, komissiya a’zosi darhol o‘zini o‘zi rad etishi shart.

Xodimning komissiya a’zosini rad etish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgan taqdirda yoki ushbu komissiya a’zosi o‘zini o‘zi rad etganda ish beruvchi komissiyaning yangi a’zosini tayinlaydi.

308-modda. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati

Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati o‘n besh ish kunidan oshmasligi kerak.

Xizmat tekshiruvini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda, obyektiv sabablarga ko‘ra tugallash mumkin bo‘lmagan alohida hollarda, ish beruvchi komissiyaning asoslantirilgan vajlari asosida xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddatini yana o‘n besh ish kunigacha uzaytirishga haqlidir.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 302-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mehnat uchun rag‘batlantirish
  2. Xizmat tekshiruvi tushunchasi
  3. Komissiya a’zosini rad etish
  4. Mehnat intizomi tushunchasi va uni ta’minlash usullari

To‘g‘ri javob: Xizmat tekshiruvi tushunchasi. 302-modda: Xizmat tekshiruvi tushunchasi.

Mehnat kodeksi: «Xizmat tekshiruvi tushunchasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 299-modda
  2. 307-modda
  3. 302-modda
  4. 295-modda

To‘g‘ri javob: 302-modda. 302-modda: Xizmat tekshiruvi tushunchasi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, xizmat tekshiruvi nimani aniqlash maqsadida o‘tkaziladi?
  1. Xodimning kasbiy malakasi darajasini va attestatsiyadan o‘tish muddatini aniqlash uchun
  2. Intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini va xodimning aybini aniqlash uchun
  3. Ish haqini to‘lashda kechikish faktini va ish beruvchining aybini aniqlash uchun
  4. Soliq majburiyati buzilganligi faktini va ish beruvchining aybini aniqlash uchun

To‘g‘ri javob: Intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini va xodimning aybini aniqlash uchun. 302-moddaga ko‘ra xizmat tekshiruvi intizomiy qilmish faktini va xodimning aybini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

Mehnat kodeksiga muvofiq, xizmat tekshiruvi quyidagilardan qaysi birini aniqlash maqsadida ham amalga oshiriladi?
  1. Xodimning ish haqi to‘lashdagi kechikish sabablari va uning oilaviy ahvolini
  2. Xodimning avvalgi ish joyidagi lavozimi va kasbiy malakasining pasayish darajasini
  3. Ish beruvchining mulk huquqi buzilgan holatlarning xususiyati va soliq miqdorini
  4. Ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini

To‘g‘ri javob: Ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini. 302-moddaga ko‘ra tekshiruv moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida ham o‘tkaziladi.

Mehnat kodeksi — 303-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma
  2. Xodimning intizomiy javobgarligi
  3. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish vaqtida xodimni ishdan chetlashtirish
  4. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish

To‘g‘ri javob: Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish. 303-modda: Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish.

Mehnat kodeksi: «Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 309-modda
  2. 303-modda
  3. 300-modda
  4. 310-modda

To‘g‘ri javob: 303-modda. 303-modda: Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish.

Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishga kim haqli?
  1. Ish beruvchi
  2. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi
  3. Mehnat inspektori
  4. Xodimning bevosita rahbari

To‘g‘ri javob: Ish beruvchi. 303-moddaga ko‘ra ish beruvchi xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli.

Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qanday shaklda rasmiylashtiriladi?
  1. Bildirgi bilan
  2. Dalolatnoma bilan
  3. Tegishli buyruq bilan
  4. Og‘zaki ko‘rsatma bilan

To‘g‘ri javob: Tegishli buyruq bilan. 303-moddaga ko‘ra qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMehnat intizomi (1/3)Keyingi →Mehnat intizomi (3/3)