Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi (2/4)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
325-modda. Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish
Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi uchun javobgar bo‘lgan ish beruvchi ushbu Kodeksning 323-moddasida va 324-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan to‘lovlardan tashqari jabrlanuvchiga mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligi tufayli kelib chiqqan qo‘shimcha xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart. Davolanish, protezlash, qo‘shimcha ovqatlanish, dori vositalarini sotib olish, sanatoriy-kurortda davolanish xarajatlari, shu jumladan jabrlanuvchining, zarur hollarda esa uni kuzatib boruvchi shaxsning ham davolanish joyiga borish va qaytish yo‘lkirasi haqini to‘lash, o‘zgalarning parvarishi, maxsus transport vositalarini sotib olish va boshqa turdagi yordam uchun xarajatlar, agar u tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan ushbu turdagi yordamga muhtoj deb topilsa hamda ularni tegishli tashkilotlardan bepul olish huquqiga ega bo‘lmasa, shuningdek jabrlanuvchi va ish beruvchi o‘rtasida ziyonning o‘rnini qoplash bo‘yicha nizo yuzaga kelgan taqdirda hamda nizo jabrlanuvchining foydasiga hal bo‘lgan taqdirda ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun advokatga haq to‘lash xarajatlarining o‘rni qoplanishi lozim.
Dorilarni sotib olish xarajatlari davolovchi shifokor yozib bergan belgilangan shakldagi retsept va sotib olingan dorilar ko‘rsatilgan holdagi to‘lov cheki taqdim etilganidan keyin ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining uy sharoitida parvarishlash zarurati to‘g‘risidagi xulosasi talab etilmaydi (bundan ular maxsus tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan hollar mustasno).
325-modda. Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish (davomi)
Ushbu moddada ko‘rsatilgan bir necha yordam turiga muhtoj bo‘lgan jabrlanuvchiga har bir yordam turini olish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni qoplanadi.
326-modda. Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligi
Agar jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi ziyonning kelib chiqishiga yoki ko‘payishiga sabab bo‘lsa, o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan ziyon miqdori jabrlanuvchi aybining darajasiga qarab, muvofiq ravishda kamaytiriladi.
Jabrlanuvchi tomonidan qo‘pol ehtiyotsizlik qilingan va ish beruvchining aybi bo‘lmagan hamda ish beruvchining javobgarligi u aybliligidan yoki aybsizligidan qat’i nazar yuzaga keladigan hollarda, o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan zarar miqdori sud tomonidan ham kamaytirilishi mumkin. Bunda ziyonning o‘rnini qoplashni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aralash javobgarlik xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash chog‘idagi qo‘shimcha xarajatlarning o‘rnini qoplashga, bir yo‘la beriladigan nafaqani to‘lashga, shuningdek boquvchi bo‘lgan xodim vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashga tatbiq etilmaydi.
327-modda. Boquvchi bo‘lgan xodim vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslar doirasi
Boquvchi bo‘lgan xodim (bundan buyon matnda boquvchi deb yuritiladi) mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan mehnatda mayib bo‘lganligi, kasb kasalligi yoki sog‘liqqa yetkazilgan boshqa shikast tufayli vafot etgan taqdirda ish beruvchi quyidagi shaxslarga ziyonning o‘rnini qoplashi shart:
marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga yoki uning vafot etgan kuniga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga;
marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga;
ota-onasidan biriga (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsga), eriga (xotiniga) yoki boshqa oila a’zosiga, agar u ishlamayotgan bo‘lsa hamda marhumning o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan yoki bu yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, ammo tibbiy muassasalarning xulosasiga ko‘ra sog‘lig‘i holati bo‘yicha o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan bolalarini, aka-ukalarini, opa-singillarini yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band bo‘lsa.
Bolalarning qaramoqda ekanligi taxmin qilinadi va dalillar talab qilmaydi.
Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadi:
o‘n sakkiz yoshdan oshgan shaxslar, agar ularga shu yoshga to‘lguniga qadar nogironlik belgilangan bo‘lsa;
oltmish yoshga to‘lgan erkaklar va ellik besh yoshga to‘lgan ayollar;
o‘ziga nisbatan nogironlik belgilangan shaxslar.
Oila a’zosining mehnatga qobiliyatsizligi yuz bergan vaqt (boquvchining vafotidan oldin yoki keyin) uning ziyonning o‘rni qoplanishiga bo‘lgan huquqiga ta’sir qilmaydi.
327-modda. Boquvchi bo‘lgan xodim vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslar doirasi (davomi)
O‘n sakkiz yoshga to‘lgan va undan katta o‘quvchilar kunduzgi ta’lim tashkilotlarida o‘qishni tugatguniga, lekin ko‘pi bilan yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar ziyonning o‘rni qoplanishiga bo‘lgan huquqqa egadir.
328-modda. Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash muddati
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni quyidagicha qoplanadi:
voyaga yetmagan shaxslarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar;
o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — kunduzgi ta’limni tugatguniga, lekin ko‘pi bilan yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar;
ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga — nogironlik muddatiga;
marhumning qaramog‘ida bo‘lgan bolalarini, nabiralarini, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlash bilan band bo‘lgan ota-onasidan biriga, eriga (xotiniga) yoki boshqa oila a’zosiga — qaramog‘idagi shaxslar o‘n to‘rt yoshga to‘lguniga qadar.
329-modda. Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni ish beruvchi tomonidan qoplangan taqdirda amalga oshiriladigan to‘lovlar
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga quyidagilarni to‘lashni o‘z ichiga oladi:
bir yo‘la beriladigan nafaqani;
boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlarni;
qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishni.
330-modda. Mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligi tufayli boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori
Mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligi tufayli boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori marhumning o‘rtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
331-modda. Boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar miqdori
Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga nisbatan ziyonning miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida, uning o‘ziga tegishli bo‘lgan ulushni va uning qaramog‘ida bo‘lgan, ammo ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lmagan mehnatga qobiliyatli shaxslarning ulushi chegirib tashlangan holda belgilanadi.
Ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarning har biriga nisbatan ziyonning o‘rnini qoplash miqdorini aniqlash uchun boquvchi ish haqining ushbu shaxslarning barchasiga to‘g‘ri keladigan qismi ularning soniga bo‘linadi.
Marhumning qaramog‘ida bo‘lmagan, ammo ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar uchun uning miqdori quyidagi tartibda belgilanadi, agar:
ta’minot mablag‘i sud tartibida undirilgan bo‘lsa, u holda ziyonning o‘rnini qoplash sud tomonidan tayinlangan miqdorda belgilanadi;
ta’minot mablag‘i sud tartibida undirilmagan bo‘lsa, u holda ziyonning o‘rnini qoplash ularning moddiy ahvoli hamda marhumning hayotlik vaqtida ularga yordam ko‘rsatish imkoniyati hisobga olingan holda belgilanadi.
Agar marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar ham, uning qaramog‘ida bo‘lmagan shaxslar ham ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lsa, avvalo marhumning qaramog‘ida bo‘lmagan shaxslarga ziyonning o‘rnini qoplash miqdori belgilanadi. Ular uchun belgilangan ziyonning o‘rnini qoplash summasi boquvchining ish haqidan chegirib tashlanadi, so‘ngra ish haqining qolgan miqdoridan kelib chiqib, marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga ziyonning o‘rnini qoplash miqdori ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
331-modda. Boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar miqdori (davomi)
Boquvchini yo‘qotganligi munosabati bilan ziyonning o‘rni qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi, stipendiya va o‘zga daromadlar ziyonning o‘rnini qoplash hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramoqdagi har bir shaxsga tegishli ziyonning o‘rnini qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ellik foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshishi bilan qaramoqdagi har bir shaxs uchun ziyonning o‘rnini qoplash summasi ham mutanosib ravishda oshadi.
332-modda. Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish
Xodim mehnatda mayib bo‘lganligi munosabati bilan vafot etgan taqdirda ish beruvchi dafn etish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni qilgan shaxsga ushbu xarajatlarning o‘rnini qo‘shimcha ravishda qoplashi shart.
Dafn etish uchun zarur bo‘lgan xarajatlar zararning o‘rnini qoplash hisobiga kirmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xarajatlardan tashqari qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish vafot etgan xodimning jasadini tashish, ish beruvchining boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash rad etilganligi to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilish yoki nizo mazkur xarajatlarni qilgan shaxs foydasiga hal bo‘lgan taqdirda to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlarning miqdori xususida nizolashish bilan bog‘liq xarajatlarni (mutaxassislarning maslahatlari, ko‘rsatilgan yuridik xizmat uchun advokatga haq to‘lash xarajatlari va boshqalar) o‘z ichiga oladi.
333-modda. Xodimga ish haqi to‘lashni va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi
Ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.
Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan, xodimga to‘lanadigan pulli kompensatsiyaning miqdori jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasi bilan oshirilishi mumkin. Mazkur pulli kompensatsiyani to‘lash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lashning kechiktirilishida aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 325-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish
- Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash muddati
- Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar miqdori
- Xodimga o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan ziyon
To‘g‘ri javob: Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish. 325-modda: Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish.
Mehnat kodeksi: «Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish» qaysi moddada belgilangan?
- 324-modda
- 325-modda
- 319-modda
- 328-modda
To‘g‘ri javob: 325-modda. 325-modda: Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, sog‘liqqa ziyon yetkazilganda ish beruvchi jabrlanuvchiga quyidagi qo‘shimcha xarajatlardan qaysi birini qoplashi shart?
- Protezlash xarajatlarini
- Turar joy ijarasi xarajatlarini
- Bayram sovg‘alari xarajatlarini
- Shaxsiy avtomobil sug‘urtasi xarajatlarini
To‘g‘ri javob: Protezlash xarajatlarini. 325-moddaga ko‘ra davolanish, protezlash, qo‘shimcha ovqatlanish, dori sotib olish va boshqa xarajatlar qoplanadi.
Kazus: Mehnatda mayib bo‘lgan xodim Tohir dorilarni o‘z mablag‘iga sotib olib, xarajatlarni ish beruvchidan qoplashni so‘radi. Qaysi hujjatlar taqdim etilgach ish beruvchi dori xarajatlarini to‘laydi?
- Faqat dorixona tomonidan berilgan tavsiya xati va dorilar narxi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma
- Shifokor yozib bergan belgilangan shakldagi retsept va dorilar ko‘rsatilgan to‘lov cheki
- Jabrlanuvchining arizasi hamda dorilarni sotib olganligini tasdiqlovchi ikki guvoh ko‘rsatmasi
- Mahalla qo‘mitasi ma’lumotnomasi va dorilar nomi yozilgan tibbiy muassasa xulosasi
To‘g‘ri javob: Shifokor yozib bergan belgilangan shakldagi retsept va dorilar ko‘rsatilgan to‘lov cheki. 325-moddaga ko‘ra dori xarajatlari retsept va to‘lov cheki taqdim etilgandan keyin to‘lanadi.
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy sharoitida parvarishlash xarajatlari qoplanishida tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasi haqida qaysi hukm to‘g‘ri?
- Xulosa har qanday holatda ham talab etiladi, hech qanday istisnolar nazarda tutilmagan
- Xulosa talab etilmaydi, maxsus tibbiy yordamga muhtoj hollar bundan mustasno
- Xulosa faqat ish beruvchi roziligi bilan talab etiladi, aks holda yo‘q
- Xulosa talab etiladi va yilda ikki marta qayta olinishi shart, maxsus holatlarda ham
To‘g‘ri javob: Xulosa talab etilmaydi, maxsus tibbiy yordamga muhtoj hollar bundan mustasno. 325-moddaga ko‘ra I guruh nogironligi bo‘lganlar uchun uy parvarishi zarurati xulosasi talab etilmaydi (maxsus yordam hollari mustasno).
Kazus: Jabrlanuvchi Nilufar ish beruvchi bilan ziyonni qoplash bo‘yicha nizolashdi, nizo uning foydasiga hal bo‘ldi. U nizo uchun advokatga haq to‘lagan edi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nizo jabrlanuvchi foydasiga hal bo‘lsa ham advokatga haq to‘lash xarajatlari hech qachon qoplanmaydi
- Advokatga haq to‘lash xarajatlari faqat nizo ish beruvchi foydasiga hal bo‘lgan taqdirda qoplanishi lozim
- Nizo jabrlanuvchi foydasiga hal bo‘lgan taqdirda faqat sudga to‘lov xarajatlari qoplanadi, advokatniki emas
- Nizo jabrlanuvchi foydasiga hal bo‘lgan taqdirda advokatga haq to‘lash xarajatlari qoplanishi lozim
To‘g‘ri javob: Nizo jabrlanuvchi foydasiga hal bo‘lgan taqdirda advokatga haq to‘lash xarajatlari qoplanishi lozim. 325-moddaga ko‘ra nizo jabrlanuvchi foydasiga hal bo‘lsa, yuridik yordam uchun advokatga haq to‘lash xarajatlari qoplanadi.
Kazus: Jabrlanuvchi Sanjar protezlash va sanatoriy-kurortda davolanish kabi bir necha yordam turiga muhtoj. Ish beruvchi qaysi xarajatlarni qoplashi kerak?
- Har bir yordam turini olish bilan bog‘liq xarajatlarni
- Faqat bitta yordam turi bilan bog‘liq xarajatlarni
- Faqat qimmatroq yordam turi bilan bog‘liq xarajatlarni
- Faqat protezlash bilan bog‘liq xarajatlarni, sanatoriyni emas
To‘g‘ri javob: Har bir yordam turini olish bilan bog‘liq xarajatlarni. 325-moddaga ko‘ra bir necha yordam turiga muhtoj jabrlanuvchiga har bir yordam turi xarajatlari qoplanadi.
Mehnat kodeksi — 326-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar miqdori
- Mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligi tufayli boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori
- Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligi
- Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish
To‘g‘ri javob: Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligi. 326-modda: Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash