XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 343–350-m.

Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi (4/4)

Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar

343-modda. To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar

Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida o‘ziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini ta’minlamaganlik uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan tuzilgan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qilishga oid xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan ishga qabul qilinayotgan yoki ishni bajarayotgan o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxs ishga qabul qilinayotganda yoki keyinchalik mehnat shartnomasiga qo‘shimcha tariqasida ushbu shaxs bilan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma tuzilishi mumkin.

Agar xodim talabgor bo‘lgan ish (lavozim) to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzishni talab qilsa, xodim esa bunday shartnomani tuzishga rozi bo‘lmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishni rad etishga haqli.

Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim bilan ish beruvchi yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli, xodimlar o‘ziga topshirilgan qimmatliklarni saqlash, ularga ishlov berish, ularni sotish (chiqarish), tashish, qo‘llash yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan alohida ish turlarini birgalikda bajarayotgan, har bir xodimning zarar yetkazganlik uchun javobgarligini chegaralash va u bilan yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa ish beruvchi jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli.

343-modda. To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar (davomi)

Yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomaga binoan qimmatliklar ularning but saqlanishini ta’minlash uchun shaxsan javobgar bo‘ladigan aniq bir xodimga topshiriladi. O‘zi bilan mazkur shartnoma tuzilgan xodim javobgarlikdan ozod bo‘lish uchun o‘zining aybi yo‘qligini isbotlab berishi kerak.

Jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi shartnoma ish beruvchi va jamoaning (brigadaning) barcha a’zolari o‘rtasida tuziladi.

Jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq qimmatliklar ularning but saqlanishini ta’minlash uchun to‘liq moddiy javobgarlik o‘z zimmasiga yuklatiladigan, oldindan belgilangan shaxslar guruhiga, jamoaga (brigadaga) topshiriladi. Javobgarlikdan ozod bo‘lish uchun jamoaning (brigadaning) ayrim a’zosi o‘zining aybi yo‘qligini isbotlab berishi kerak.

Yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi shartnomada mehnat shartnomasi taraflarining xodimga, jamoaga (brigadaga) ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini ta’minlashga doir vazifalari aniqlashtiriladi hamda ularning qo‘shimcha huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilab qo‘yiladi.

To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida o‘zi bilan shartnoma tuziladigan xodimlarning toifalari ro‘yxati jamoa shartnomasida, agar jamoa shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga binoan ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qiluvchi xodimlar tomonidan ishlar birgalikda bajariladigan, jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin bo‘lgan bo‘linmalar ro‘yxati ham xuddi shunday tartibda belgilanadi.

343-modda. To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar (davomi)

Xodim bilan to‘liq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risida shartnoma tuzish bo‘yicha tavsiyalar, ushbu shartnomalarning namunaviy shakli, shuningdek to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida o‘zi bilan yozma shartnomalar tuzilishi mumkin bo‘lgan xodimlar egallaydigan lavozimlar va ishlarning namunaviy ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Ushbu Kodeksning 346-moddasiga muvofiq ziyonning o‘rni ixtiyoriy ravishda qoplanganda jamoa (brigada) har bir a’zosining aybdorlik darajasi jamoaning (brigadaning) barcha a’zolari va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Sud tartibida ziyonni undirishda jamoa (brigada) har bir a’zosining aybdorlik darajasi sud tomonidan belgilanadi.

Qimmatbaho buyumlar bilan muomala qilishga oid xizmatlar ko‘rsatish (ularni saqlash, realizatsiya qilish, tashish, qayta ishlash) bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga binoan kamomadlarning o‘rnini qoplashga yo‘l qo‘yiladigan tavakkalchilik fondi tuzilishi mumkin.

Xodim bilan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida yozma shartnoma tuzilmagan, shuningdek bunday shartnoma pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish o‘z funksional majburiyatlariga kirmaydigan xodim, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs bilan yoxud ushbu moddaning to‘qqizinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlar toifasi ro‘yxatiga kirmaydigan shaxs bilan tuzilgan hollarda ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning zimmasiga cheklangan moddiy javobgarlik yuklatilishi mumkin. Bunday hollarda to‘liq moddiy javobgarlik xodimning zimmasiga faqat ushbu Kodeks 342-moddasi birinchi qismining 2 — 8-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarning zimmasiga esa faqat ushbu Kodeksning 341-moddasi uchinchi qismida ko‘rsatilgan hollardagina yuklatilishi mumkin.

344-modda. Ish beruvchining yetkazilgan zarar miqdorini va uning kelib chiqish sababini aniqlash majburiyati

Muayyan xodimlar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin ish beruvchi yetkazilgan zararning miqdorini va uning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida nazarda tutilgan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazishi shart.

Zararning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun xodimdan yozma tushuntirish talab qilish majburiydir. Xodimning tushuntirish berishdan bosh tortishi uning ish beruvchiga zarar yetkazganlik uchun moddiy javobgarlikka tortilishiga monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

345-modda. Yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash

Ish beruvchiga yetkazilgan zarar miqdori buxgalteriya hisobi ma’lumotlari asosidagi haqiqiy yo‘qotishlar bo‘yicha belgilanadi.

Ish beruvchining asosiy fondlarga (vositalarga) taalluqli bo‘lgan mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori belgilangan normalarga ko‘ra eskirish chegirib tashlangan, moddiy qimmatliklarning balans qiymatidan (tannarxidan) kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.

Ish beruvchining asosiy fondlarga (vositalarga) taalluqli mol-mulki o‘g‘irlangan, kamomad bo‘lgan, qasddan yo‘q qilingan yoki qasddan buzilgan taqdirda zararning miqdori zarar aniqlangan kunda ushbu hududda amalda bo‘lgan bozor narxlari bo‘yicha hisoblab chiqariladi. Boshqa hollarda zararning miqdori u yetkazilgan kuni mazkur hududda amalda bo‘lgan bozor narxlari bo‘yicha hisoblab chiqariladi.

Qonunchilikda ish beruvchiga o‘g‘rilik, mol-mulkning ayrim turlari va boshqa moddiy qimmatliklar kamomadi yoki yo‘qotilganligi tufayli yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashning alohida tartibi, shu jumladan ish beruvchiga yetkazilgan zararning haqiqiy miqdori uning nominal miqdoridan ko‘p bo‘lgan hollarda zararni bir necha karra baravar hisoblab chiqarishning alohida tartibi belgilanishi mumkin.

346-modda. Xodim tomonidan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplash

Ish beruvchiga zarar yetkazganlikda aybdor bo‘lgan xodim zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda to‘liq yoki qisman qoplashga haqli.

Zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplash ushbu Kodeksda nazarda tutilgan doirada amalga oshiriladi.

Xodimning va ish beruvchining kelishuviga binoan zararning o‘rnini bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida qoplashga yo‘l qo‘yiladi. Bunday holda xodim ish beruvchiga zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi yozma majburiyatni to‘lovlarning aniq muddatlarini ko‘rsatgan holda taqdim etadi. Agar zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplash to‘g‘risida notarial tasdiqlangan majburiyatni bergan xodim mehnat munosabatlarini tugatgan bo‘lsa va zararning o‘rnini qoplashdan bosh tortsa, qoplanmagan qarz notariusning ijro xatlariga asosan undiriladi.

Xodim yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun ish beruvchiga uning roziligi bilan bahosi teng bo‘lgan mol-mulk berishi yoki shikastlangan mol-mulkni tuzatib berishi mumkin.

347-modda. Xodimdan ish beruvchiga yetkazilgan zararni undirish tartibi

Ish beruvchiga o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda yetkazilgan zarar summasini aybdor xodimdan undirish ish beruvchining zarar aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirilmay qabul qilingan buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar yetkazilgan zararning xodimdan undirilishi lozim bo‘lgan summasi uning o‘rtacha oylik ish haqidan oshib ketsa yoki zarar aniqlangan kundan e’tiboran bir oylik muddat o‘tgan bo‘lsa, undirish sud tartibida amalga oshiriladi.

348-modda. Xodimni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplash

Xodim mehnat shartnomasini shartnomada yoki ish beruvchining hisobidan o‘qitish to‘g‘risidagi kelishuvda shartlashilgan muddatdan oldin uzrli sabablarsiz bekor qilingan taqdirda, xodim ish beruvchi uni o‘qitish uchun qilgan, o‘qish vaqti tugaganidan keyin haqiqatda ishlab bermagan vaqtiga mutanosib tarzda hisoblab chiqarilgan xarajatlarning o‘rnini, agar mehnat shartnomasida yoki o‘qitish to‘g‘risidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qoplashi shart.

349-modda. Tashkilotga uning rahbari tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

Tashkilotga uning mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlaydigan rahbari tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga rioya etilgan holda tashkilot mulkdorining yoki u vakolat bergan organning qarori asosida qoplanadi.

Rahbar zararning o‘rnini ixtiyoriy tartibda qoplashni rad etgan taqdirda, yetkazilgan zarar sud tartibida undiriladi.

350-modda. Xodimdan undiriladigan zarar miqdorining sud tomonidan kamaytirilishi

Sud aybning darajasi va shaklini, aniq holatlarni va xodimning moddiy ahvolini hisobga olib, undiriladigan zarar miqdorini kamaytirishi mumkin.

Sud xodimdan undiriladigan zarar miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi kelishuv bitimini tasdiqlashga haqlidir.

Agar zarar g‘arazli maqsad bilan sodir etilgan jinoyat sababli yetkazilgan bo‘lsa, xodimdan undiriladigan zararning miqdorini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bilimingizni sinang

Pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qilish xizmatlariga ishga qabul qilinayotgan shaxs bilan to‘liq moddiy javobgarlik shartnomasi tuzilishi uchun u kamida necha yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak?
  1. o‘n olti yoshga
  2. o‘n besh yoshga
  3. o‘n sakkiz yoshga
  4. yigirma bir yoshga

To‘g‘ri javob: o‘n sakkiz yoshga. To‘liq moddiy javobgarlik shartnomasi o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxs bilan tuzilishi mumkin.

Mehnat kodeksi — 343-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Xodim tomonidan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplash
  2. Yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash
  3. To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar
  4. Xodimning to‘liq moddiy javobgarligi

To‘g‘ri javob: To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar. 343-modda: To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar.

Mehnat kodeksi: «To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 346-modda
  2. 343-modda
  3. 345-modda
  4. 341-modda

To‘g‘ri javob: 343-modda. 343-modda: To‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida o‘ziga ishonib topshirilgan qimmatliklar uchun qaysi xodim to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi?
  1. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim
  2. Faqat rahbarlik lavozimini egallagan xodim, muomalada bo‘lishidan qat’i nazar
  3. Har qanday yangi qabul qilingan xodim, lavozimidan qat’i nazar
  4. Faqat ma’muriy-xo‘jalik xodimi, qimmatliklar bilan muomala qilmaydigan

To‘g‘ri javob: Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim. 343-moddaga ko‘ra pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim shartnoma asosida to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.

Kazus: Ish beruvchi faroshlik qiluvchi xodim Sevaraga to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolatdi. Sevaraning xizmat vazifasiga pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish kirmaydi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Shartnoma haqiqiy, chunki Sevara imzolagan
  2. Shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi
  3. Shartnoma faqat yarmi haqiqiy
  4. Shartnoma kasaba uyushmasi bilan kelishilsa haqiqiy

To‘g‘ri javob: Shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi. 343-moddaga ko‘ra qimmatliklar bilan muomala qilish xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan tuzilgan shartnoma haqiqiy emas.

Pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qilish bilan bog‘liq ishga qabul qilinayotgan shaxs bilan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma qaysi yoshdan tuzilishi mumkin?
  1. O‘n olti yoshga to‘lgan shaxs bilan
  2. O‘n yetti yoshga to‘lgan shaxs bilan
  3. O‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxs bilan
  4. Yigirma bir yoshga to‘lgan shaxs bilan

To‘g‘ri javob: O‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxs bilan. 343-moddaga ko‘ra shartnoma o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxs bilan tuziladi.

Kazus: Omborchi lavozimi to‘liq moddiy javobgarlik shartnomasini talab qiladi. Talabgor Murod shartnoma tuzishga rozi emas. Ish beruvchi qanday yo‘l tutishga haqli?
  1. Murodni majburan shartnoma imzolashga undashga
  2. Murodni ishga qabul qilib, shartnomasiz ishlatishga
  3. Murodni jarimaga tortishga
  4. Murodni ishga qabul qilishni rad etishga

To‘g‘ri javob: Murodni ishga qabul qilishni rad etishga. 343-moddaga ko‘ra xodim bunday shartnomani tuzishga rozi bo‘lmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishni rad etishga haqli.

Ish beruvchi qaysi holatda jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli?
  1. Xodimlar alohida ish turlarini birgalikda bajarib, har birining javobgarligini chegaralash va yakka shartnoma tuzish imkoni bo‘lmaganda
  2. Ish beruvchi xohlagan har qanday holatda, xodimlar rozilik bildirmasa ham va har birining javobgarligini aniqlash imkoni bo‘lsa ham
  3. Faqat yangi qabul qilingan xodimlar alohida ish turlarini bajarganda va ularning yakka shartnomasi tuzilishi mumkin bo‘lganda
  4. Faqat xodimlar soni o‘ndan oshganda, har birining javobgarligini chegaralash imkoni bo‘lsa ham, yakka shartnomalar tuzilmasdan

To‘g‘ri javob: Xodimlar alohida ish turlarini birgalikda bajarib, har birining javobgarligini chegaralash va yakka shartnoma tuzish imkoni bo‘lmaganda. 343-moddaga ko‘ra birgalikda ishlanganda va yakka shartnoma tuzish imkoni bo‘lmaganda jamoaviy shartnoma tuzilishi mumkin.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi (3/4)Keyingi →Mehnatni muhofaza qilish (1/2)