XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 359–366-m.

Mehnatni muhofaza qilish (2/2)

Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar

359-modda. Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari

Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega:

xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borishga doir normalarga, qoidalarga hamda yo‘riqnomalarga rioya etilishini talab qilish;

alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlarining og‘ir-yengilligi, ularda jarohatlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar bor-yo‘qligi, shuningdek alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida bo‘lgan-bo‘lmaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish;

mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish;

mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;

mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish.

Ish beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Ish beruvchi:

har bir ish joyidagi mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini ta’minlashi;

mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini yaratishi va uning ishlashini ta’minlashi;

359-modda. Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari (davomi)

binolar, inshootlar, asbob-uskunalardan foydalanishda, texnologik jarayonlarni amalga oshirishda, shuningdek xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llashda, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda xodimlarning xavfsizligini ta’minlashi;

ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holati ustidan, ayniqsa zararli ishlab chiqarish omillari va xavfli ishlab chiqarish omillari ustidan nazoratni amalga oshirishi;

xodimlarni mehnat sharoitlari, shu jumladan kasb kasalliklari va boshqa kasalliklar xavfi mavjudligi, muayyan ish joylaridagi hamda ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilish holati, shuningdek shu munosabat bilan ularga berilishi lozim bo‘lgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishi;

mehnatni muhofaza qilish xizmatini va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etishi;

belgilangan normalarga ko‘ra xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan sho‘r suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, shuningdek jamoaviy himoya vositalari bilan ta’minlashi;

qonunchilik hujjatlariga, shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq xodimlarga sanitariya-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi;

xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tishini, o‘qitishni, qayta tayyorlashni, malakasini oshirishni va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha bilimlarini tekshirishni ta’minlashi;

359-modda. Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari (davomi)

mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘quvdan, yo‘l-yo‘riqdan o‘tmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qo‘ymasligi;

zararli, xavfli va boshqa mehnat sharoitlarida ishlayotgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanadigan, imtiyozli sharoitlarda pensiyaga chiqish huquqi beriladigan, nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish joylarini qonunchilikda belgilangan tartibda ulardagi mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazishi;

dastlabki (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etishi;

mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarga, shuningdek kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan nazorat qilish, tekshirish va monitoring qilish, ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarini tekshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va materiallarni taqdim etishi;

avariya holatlarining oldini olish, bunday holatlar yuz berganda xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, shu jumladan jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi;

mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarishi hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining taqdimnomalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi;

359-modda. Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari (davomi)

xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni ta’minlashi;

ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari tekshiruvini amalga oshirishi, shuningdek ularning hisobini yuritishi shart.

Ish beruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

360-modda. Majburiy tibbiy ko‘riklar

Ish beruvchi quyidagilarni dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etishi shart:

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni;

umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslarni;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni;

mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport vositalarining harakati bilan bog‘liq ishlarda band bo‘lganlarni;

oziq-ovqat sanoatida, savdoda va bevosita aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tarmoqlarda ish bilan band bo‘lganlarni;

umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga ta’lim yoki tarbiya berish bilan band bo‘lgan pedagog xodimlarini va boshqa xodimlarini.

Mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarning hamda bajarilayotganda dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladigan boshqa ishlarning ro‘yxati va ushbu ko‘riklarning o‘tkazilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular bo‘lmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.

Majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish majburiyati qonunchilikka muvofiq majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan shaxslar boshqa ishga o‘tkazilgan taqdirda ham ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

360-modda. Majburiy tibbiy ko‘riklar (davomi)

Xodimlar majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi munosabati bilan chiqimdor bo‘lmaydi.

Xodimlar majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishdan bo‘yin tovlashga haqli emas.

Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.

Agar xodim sog‘lig‘ining yomonlashishi mehnat sharoitlari bilan bog‘liq deb hisoblasa, u navbatdan tashqari majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishni talab qilish huquqiga ega.

Majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

361-modda. Ish joylariga qo‘yiladigan talablar

Ish joylari joylashtiriladigan binolar (inshootlar) tuzilishiga ko‘ra ularning belgilangan funksional maqsadiga hamda mehnat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga mos bo‘lishi kerak.

Ishlash uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar mazkur turdagi asbob-uskunalar uchun belgilangan xavfsizlik normalariga mos bo‘lishi, tegishli texnik pasportlarga (sertifikatga), ogohlantiruvchi belgilarga ega bo‘lishi va ish joylarida xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun to‘siqlar yoki himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

Xodimlarning binodan chiqishi uchun avariya yo‘llari va chiqish joylari belgilangan bo‘lishi, bo‘sh qolishi hamda ochiq havoga yoxud xavfsiz hududga olib chiqishi kerak.

Xavfli zonalar aniq belgilangan bo‘lishi kerak. Agar ish joylari ishning xususiyati tufayli xodim uchun xavf mavjud bo‘lgan xavfli zonalarda joylashgan bo‘lsa, bunday joylar begona kishilarning bu zonalarga kirishiga to‘siq bo‘ladigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.

Tashkilot hududida piyodalar va texnologik transport vositalari xavfsiz sharoitlarda harakatlanishi kerak.

Ish vaqti davomida ish o‘rinlari joylashgan xonada harorat, yorug‘lik, shuningdek ventilyatsiya sanitariya normalari va qoidalariga mos bo‘lishi kerak.

Quyidagilar mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlari attestatsiyasidan o‘tkaziladi:

qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarga mehnat sharoitlariga ko‘ra imtiyozlar va kompensatsiyalar nazarda tutilgan ish o‘rinlari;

361-modda. Ish joylariga qo‘yiladigan talablar (davomi)

nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlari;

imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarida ko‘rsatilgan ish o‘rinlari;

xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi ish o‘rinlari.

Qonunchilikda, shuningdek jamoa kelishuvlarida va jamoa shartnomasida mehnat sharoitlariga ko‘ra boshqa ish o‘rinlarini ham attestatsiyadan o‘tkazish nazarda tutilishi mumkin.

362-modda. Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish va o‘qitish

Ishga yangi kirayotgan barcha xodimlar, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilayotgan xodimlar uchun ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berishni amalga oshirishi, ishlarni bajarishning xavfsiz uslublari va usullari hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga oid o‘quvni tashkil etishi shart.

Yuqori xavfga ega bo‘lgan ishlab chiqarishga yoki kasbiy tanlov talab etiladigan ishga kiruvchi xodimlar uchun ishni xavfsiz uslublar va usullar bilan bajarish bo‘yicha dastlabki tayyorgarlik, kasb bo‘yicha bir oy davomida mehnatni muhofaza qilishga doir o‘quv o‘tkazilib, imtihon topshiriladi va keyinchalik mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha majburiy davriy attestatsiya o‘tkaziladi.

Tashkilotlarning xodimlari, shu jumladan rahbarlari mehnatni muhofaza qilishning davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan ushbu xodimlar va rahbarlarning kasbi hamda ish turlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitilishi, yo‘l-yo‘riq olishi, bilimlarining tekshiruvidan o‘tkazilishi shart.

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan tartibda o‘quvdan o‘tmagan, yo‘l-yo‘riq olmagan va bilimlari tekshiruvdan o‘tkazilmagan shaxslarni ish beruvchi ishdan chetlashtirishi shart.

363-modda. Xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan sho‘r suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlash

Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlar belgilangan normalar bo‘yicha sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari), davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan sho‘r suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun), maxsus kiyim-bosh, sanitar kiyim-bosh, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Bunday ishlarning ro‘yxati, beriladigan narsalarning normalari, ta’minot tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qonunchilikda belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.

Xodimlarning shaxsiy himoya vositalarini olish, saqlash, yuvish, tozalash, ta’mirlash, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

364-modda. Xodimni sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazish

Ish beruvchi sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazishga muhtoj xodimni uning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamagan holda, shunday ishga o‘tkazishi shart.

Xodim sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan, kamroq haq to‘lanadigan ishga o‘tkazilganda shunday ishga o‘tkazilgan kundan e’tiboran ikki hafta mobaynida uning avvalgi o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Sil kasalligiga yoki boshqa kasb kasalligiga chalinganligi sababli kamroq haq to‘lanadigan boshqa ishga vaqtincha o‘tkazilgan xodimga shu ishga o‘tgan vaqt uchun, lekin ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddat davomida yangi ishda beriladigan ish haqiga xodimning avvalgi ishidagi haqiqatda olgan ish haqidan oshib ketmaydigan miqdorda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi. Agar ish beruvchi mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan muddatda boshqa ish topib berolmagan bo‘lsa, buning oqibatida bekor o‘tgan kunlar uchun mazkur nafaqa umumiy asoslarda to‘lanadi.

Mehnatda mayib bo‘lganligi yoki ish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi munosabati bilan vaqtincha kamroq haq to‘lanadigan ishga o‘tkazilgan xodimlarga ularning sog‘lig‘i shikastlanganligi uchun javobgar bo‘lgan ish beruvchi avvalgi ish haqi bilan yangi ishda oladigan ish haqi o‘rtasidagi farqni to‘laydi. Bunday farq mehnat qobiliyati tiklanguniga qadar yoki nogironlik belgilanguniga qadar to‘lanadi.

364-modda. Xodimni sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazish (davomi)

Qonunchilikda sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan, kamroq haq to‘lanadigan ishga o‘tkazilganda avvalgi o‘rtacha ish haqini saqlab qolishning yoki davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lashning boshqa hollari ham nazarda tutilishi mumkin.

365-modda. Xodimlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni davolash-profilaktika muassasalariga olib borish

Ish beruvchi ish joyida kasal bo‘lib qolgan xodimlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan choralar ko‘rishi shart.

Ish joyida kasal bo‘lib qolgan xodimlarni davolash-profilaktika muassasalariga olib borish, zarur hollarda, ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.

366-modda. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari majburiy ravishda tekshirilishi va hisobga olib borilishi lozim.

Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini o‘z vaqtida tekshirishi hamda hisobga olishi shart.

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 359-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Majburiy tibbiy ko‘riklar
  2. Xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan sho‘r suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlash
  3. Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
  4. Xodimni sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazish

To‘g‘ri javob: Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari. 359-modda: Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari.

Mehnat kodeksi: «Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 363-modda
  2. 360-modda
  3. 364-modda
  4. 359-modda

To‘g‘ri javob: 359-modda. 359-modda: Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari.

Kazus: Direktor xodim Karimning ish joyida mast holatda ekanidan shubhalanib, uni tibbiy ko‘rikka yubordi. Mehnat kodeksiga ko‘ra ish beruvchi bunga haqlimi?
  1. Ha, mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ish beruvchining huquqi
  2. Yo‘q, mastlik holatini tekshirish uchun xodimni tibbiy ko‘rikka yuborish faqat sud buyrug‘i bilan mumkin
  3. Yo‘q, bunday ko‘rikka yuborish faqat kasaba uyushmasi qo‘mitasining yozma talabi bilan amalga oshiriladi
  4. Ha, lekin mastlik holatini tekshirish uchun ko‘rik faqat xodim yozma rozilik bergan taqdirdagina o‘tkaziladi

To‘g‘ri javob: Ha, mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ish beruvchining huquqi. 359-moddaga ko‘ra ish beruvchi mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish huquqiga ega.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarga nisbatan qanday huquqqa ega?
  1. Ularni jarimaga tortish va ish haqidan ushlash choralarini ko‘rish huquqiga
  2. Ularni ishdan bo‘shatish va lavozimdan tushirish choralarini ko‘rish huquqiga
  3. Ularning ish haqini kamaytirish va ta’tilini qisqartirish huquqiga
  4. Ularni mukofotlash va moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish huquqiga

To‘g‘ri javob: Ularni mukofotlash va moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish huquqiga. 359-moddaga ko‘ra ish beruvchi talablarga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va rag‘batlantirishga haqli.

Kazus: Xodim Botir mehnatni muhofaza qilish talablarini qo‘pol buzdi. Ish beruvchi unga qanday choralarni ko‘rishga haqli?
  1. Hech qanday chorani
  2. Faqat og‘zaki gap bilan kifoyalanish
  3. Intizomiy javobgarlikka tortishga
  4. Faqat ish haqini oshirishga

To‘g‘ri javob: Intizomiy javobgarlikka tortishga. 359-moddaga ko‘ra ish beruvchi talablarni buzganlikda aybdor xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortishga haqli.

Ish beruvchi davlat nazorati organlarining qarori ustidan qayerga shikoyat qilishga haqli?
  1. Faqat kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning umumiy yig‘ilishiga, sudga shikoyat qilish mumkin emas
  2. Faqat bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, bevosita sudga shikoyat qilish mumkin emas
  3. Faqat mehnat inspeksiyasiga yoki jamoatchilik vakillari kengashiga, sudga murojaat qilmasdan
  4. Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga

To‘g‘ri javob: Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga. 359-moddaga ko‘ra qarorlar ustidan yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish mumkin.

Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha qaysi tizimni yaratishi va uning ishlashini ta’minlashi shart?
  1. Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini
  2. Ish haqini hisoblash va hisobot berish tizimini
  3. Mahsulotni sotish va reklama qilish tizimini
  4. Soliq hisobini yuritish va audit tizimini

To‘g‘ri javob: Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini. 359-moddaga ko‘ra ish beruvchi mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini yaratishi shart.

Kazus: Xodim Dilnoza ish joyida kasb kasalligi xavfi borligini bilmasdan ishlayapti. Ish beruvchining qaysi majburiyati buzilgan?
  1. Ish haqini oshirish va xodimni boshqa ish joyiga o‘tkazish haqida o‘z vaqtida xabardor qilish majburiyati
  2. Xodimlarni mehnat sharoitlari, jumladan kasb kasalliklari xavfi haqida o‘z vaqtida xabardor qilish majburiyati
  3. Xodimni ishdan bo‘shatish va unga ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash haqida o‘z vaqtida xabardor qilish majburiyati
  4. Xodimga ta’til berish va uning ta’til haqini oldindan to‘lash haqida o‘z vaqtida xabardor qilish majburiyati

To‘g‘ri javob: Xodimlarni mehnat sharoitlari, jumladan kasb kasalliklari xavfi haqida o‘z vaqtida xabardor qilish majburiyati. 359-moddaga ko‘ra ish beruvchi xodimlarni kasb kasalliklari xavfi mavjudligi haqida o‘z vaqtida xabardor qilishi shart.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMehnatni muhofaza qilish (1/2)Keyingi →Umumiy qoidalar