Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi
V Bo‘Lim. Xodimlarni Kasbga Tayyorlash, Qayta Tayyorlash Va Ularning Malakasini Oshirish
373-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi ish beruvchi va o‘quvchi (ish beruvchida ishlayotgan shaxs yoki ish qidirayotgan shaxs) o‘rtasida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralgan yoki ajralmagan holda ta’lim olish uchun tuzilgan, kasbiy bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni o‘rganish to‘g‘risidagi yoki qayta tayyorlash haqidagi kelishuvdir.
374-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
taraflarning nomi;
o‘quvchi tomonidan olinadigan aniq malaka;
ish beruvchining o‘quvchiga ishlab chiqarish ta’limini o‘tash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash majburiyati;
o‘quvchining ishlab chiqarish ta’limini o‘tash va olingan malakaga muvofiq ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida belgilangan muddat davomida ishlab berish majburiyati;
ishlab chiqarish ta’limining muddati;
o‘qish davrida mehnatga haq to‘lash miqdori;
taraflarning rekvizitlari.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida taraflarning kelishuvi bilan belgilangan boshqa shartlar ham bo‘lishi mumkin.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida belgilangan, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab berish muddati ishlab chiqarish ta’limi muddatiga hamda ish beruvchining uni o‘tkazishga doir chiqimlariga mutanosib bo‘lishi va har qanday holda ham ushbu Kodeksning 110-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisiga muvofiq belgilangan muddatli mehnat shartnomasining eng ko‘p davridan oshib ketmasligi kerak.
375-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining muddati va shakli
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi muayyan ishni bajarish uchun talab etiladigan malakani olish uchun zarur bo‘lgan muddatga tuziladi.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi kamida ikki nusxada, yozma shaklda tuzilib, bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi va ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining har bir nusxasi o‘quvchining va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi. Ish beruvchining muhri mavjud bo‘lganda ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining barcha nusxalarida mansabdor shaxsning imzosi muhr bilan tasdiqlanadi.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining bir nusxasi o‘quvchiga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining nusxasi o‘quvchi tomonidan olinganligi o‘quvchining ish beruvchida saqlanadigan ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi nusxasidagi qo‘shimcha imzosi bilan tasdiqlanadi.
376-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi ushbu shartnomada ko‘rsatilgan sanadan e’tiboran unda nazarda tutilgan muddat mobaynida amal qiladi. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilish davrida o‘quvchilarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalari tatbiq etiladi.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi o‘quvchi kasal bo‘lgan vaqtga, harbiy yig‘inlarni o‘tash vaqtiga yoxud taraflarning kelishuviga ko‘ra uzaytiriladi.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilish muddati davomida uning mazmuni faqat taraflarning kelishuviga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin.
377-modda. Ishlab chiqarish ta’limining shakllari
Ishlab chiqarish ta’limi yakka tartibda, brigada, kurs mashg‘ulotlari shaklida va boshqa shakllarda tashkil etiladi.
378-modda. Ishlab chiqarish ta’limining vaqti
O‘quvchining hafta ichidagi ishlab chiqarish ta’limi vaqti xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasidan oshmasligi kerak.
Tashkilotda ishlab chiqarish ta’limini o‘tayotgan o‘quvchilar, ish beruvchi bilan kelishilgan holda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan to‘liq ozod qilinishi yoki bu ishni to‘liq bo‘lmagan ish vaqti shartlarida bajarishi mumkin.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi davrida o‘quvchi ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilinmasligi, shuningdek ishlab chiqarish ta’limi bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmat safarlariga yuborilmasligi kerak.
379-modda. Ishlab chiqarish ta’limi davrida o‘quvchilarga haq to‘lash
O‘quvchilarga ishlab chiqarish ta’limi davrida stipendiya to‘lanadi, uning miqdori ishlab chiqarish ta’lim shartnomasida belgilanadi va olinayotgan malakaga bog‘liq bo‘ladi, lekin qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
380-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining o‘quvchining holatini ushbu Kodeksda, qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan shartlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlari haqiqiy emasdir.
381-modda. Ishlab chiqarish ta’limi tugallanganidan keyin o‘quvchilarning huquq va majburiyatlari
Ishlab chiqarish ta’limini muvaffaqiyatli tamomlagan ish qidirayotgan shaxslarga o‘zi ta’limni o‘tagan ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilganda sinov muddati belgilanmaydi.
Agar o‘quvchi ishlab chiqarish ta’limi tugaganidan keyin ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi bo‘yicha va (yoki) mehnat shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini uzrli sabablarsiz bajarmasa, shu jumladan ishga kirishmasa, u ishlab chiqarish ta’limi vaqtida olingan stipendiyani ish beruvchiga uning talabiga ko‘ra qaytarib beradi, shuningdek ish beruvchining ishlab chiqarish ta’limi o‘talishi munosabati bilan qilingan, o‘qish tugaganidan keyin haqiqatan ishlab berilmagan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarilgan boshqa xarajatlarining o‘rnini ushbu Kodeksning 348-moddasiga muvofiq qoplaydi.
382-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasini bekor qilish asoslari
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi ishlab chiqarish ta’limining muddati tugaganidan keyin yoki ushbu shartnomada nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinadi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 373-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi
- Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi
- Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining muddati va shakli
- Ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir huquq va majburiyatlari
To‘g‘ri javob: Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi. 373-modda: Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi.
Mehnat kodeksi: «Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi» qaysi moddada belgilangan?
- 373-modda
- 376-modda
- 375-modda
- 370-modda
To‘g‘ri javob: 373-modda. 373-modda: Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi tushunchasi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi nima?
- Ish beruvchi va o‘quvchi o‘rtasida ta’lim olish uchun tuzilgan, kasbiy bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni o‘rganish yoki qayta tayyorlash haqidagi kelishuv
- Ish beruvchi va davlat organi o‘rtasida xodimni ishga joylashtirish va uning kasbiy bilimlarini oshirish uchun tuzilgan kelishuv, o‘quvchi ishtirokisiz
- Ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasida stipendiya to‘lash hamda ta’lim olish tartibini belgilash haqida tuzilgan shartnoma, ish beruvchi ishtirokisiz
- Ish beruvchi va xodim o‘rtasida kasaba uyushmasi roziligisiz tuziladigan, kasbiy bilimlarni o‘rganish haqidagi muddatli mehnat shartnomasi
To‘g‘ri javob: Ish beruvchi va o‘quvchi o‘rtasida ta’lim olish uchun tuzilgan, kasbiy bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni o‘rganish yoki qayta tayyorlash haqidagi kelishuv. 373-moddaga ko‘ra, bu ish beruvchi va o‘quvchi o‘rtasida ta’lim olish uchun tuzilgan kelishuvdir.
Mehnat kodeksi — 374-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir huquq va majburiyatlari
- Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi
- Xodimning malakasi va kasbiy standart tushunchalari
- Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni
To‘g‘ri javob: Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni. 374-modda: Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni.
Mehnat kodeksi: «Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni» qaysi moddada belgilangan?
- 376-modda
- 370-modda
- 369-modda
- 374-modda
To‘g‘ri javob: 374-modda. 374-modda: Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining mazmuni.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida albatta ko‘rsatilishi kerak?
- Ish beruvchining yillik foydasi miqdori
- O‘qish davrida mehnatga haq to‘lash miqdori
- O‘quvchining oldingi ish joyidagi oylik maoshi
- Ta’lim tugagach beriladigan lavozim nomi
To‘g‘ri javob: O‘qish davrida mehnatga haq to‘lash miqdori. 374-moddaga ko‘ra, shartnomada o‘qish davrida mehnatga haq to‘lash miqdori ko‘rsatilishi shart.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida o‘quvchi zimmasiga qanday majburiyat yuklanishi kerakligi Mehnat kodeksida qanday belgilangan?
- Ishlab chiqarish ta’limini o‘tash va ta’limdan keyin boshqa ish beruvchiga o‘tmaslik uchun kafolat pulini belgilangan miqdorda oldindan to‘lash majburiyati
- Ishlab chiqarish ta’limini o‘tash va ta’lim davrida olinadigan stipendiyaning yarmini ish beruvchiga har oy qaytarib turish, ammo ishlab berish majburiyatisiz
- Ishlab chiqarish ta’limini o‘tash va olingan malakaga muvofiq ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha belgilangan muddat davomida ishlab berish
- Faqat ishlab chiqarish ta’limi kurslariga muntazam qatnashish va imtihonlarni topshirish, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab berish majburiyatisiz
To‘g‘ri javob: Ishlab chiqarish ta’limini o‘tash va olingan malakaga muvofiq ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha belgilangan muddat davomida ishlab berish. 374-moddaga ko‘ra, o‘quvchi o‘qishni o‘tash va olingan malakaga muvofiq mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab berishi shart.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasida belgilangan ishlab berish muddati qanday talabga javob berishi kerak?
- Har doim ishlab chiqarish ta’limi muddatidan kamida ikki baravar uzun bo‘lishi hamda muddatli mehnat shartnomasining eng ko‘p davridan oshishi mumkinligi
- Faqat taraflarning xohishiga qarab, ish beruvchining chiqimlari va ta’lim muddatini hisobga olmasdan, hech qanday chegarasiz belgilanishi
- Doimo bir yilga teng bo‘lishi, ishlab chiqarish ta’limi muddati va ish beruvchining chiqimlariga bog‘liq bo‘lmagan holda, belgilangan tartibda
- Ishlab chiqarish ta’limi muddatiga va ish beruvchining chiqimlariga mutanosib bo‘lishi hamda muddatli mehnat shartnomasining eng ko‘p davridan oshmasligi
To‘g‘ri javob: Ishlab chiqarish ta’limi muddatiga va ish beruvchining chiqimlariga mutanosib bo‘lishi hamda muddatli mehnat shartnomasining eng ko‘p davridan oshmasligi. 374-modda oxirgi qismiga ko‘ra, ishlab berish muddati mutanosib bo‘lishi va 110-modda bo‘yicha muddatli shartnomaning eng ko‘p davridan oshmasligi kerak.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash