Ishni ta’lim bilan birga olib boruvchi xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar
V Bo‘Lim. Xodimlarni Kasbga Tayyorlash, Qayta Tayyorlash Va Ularning Malakasini Oshirish
383-modda. Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish
Ish beruvchi mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan o‘tayotgan, shuningdek ishlab chiqarish ta’limini o‘tayotgan xodimlarga ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan o‘zga kafolatlar beriladi.
Mehnat shartnomasi bo‘yicha ta’lim tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga yillik mehnat ta’tillarini ish beruvchi, ularning xohishiga ko‘ra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy ta’lim tashkilotlarida, kadrlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarida (kurslarida) mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda o‘qiyotgan, ishga yangi qabul qilingan xodimlar uchun, agar ular o‘z yillik mehnat ta’tillarini bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga moslashtirishmoqchi bo‘lsa, ularning xohishiga ko‘ra, yillik mehnat ta’tili mazkur ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi.
384-modda. Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirayotgan xodimlar uchun kafolatlar
Kirish imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan xodimlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun kamida o‘n besh kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi, ta’lim tashkilotlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi.
385-modda. Kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar
Oliy, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qiyotgan xodimlarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun o‘quv ta’tillari:
birinchi va ikkinchi kurslarda kechki ta’lim shaklida o‘qiyotganlar uchun oliy ta’lim tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida — kamida o‘n kalendar kun, oliy, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlaridagi sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha esa — kamida o‘ttiz kalendar kun;
uchinchi va undan yuqori kurslarda kechki ta’lim shaklida o‘qiyotganlar uchun oliy ta’lim tashkilotlarida — kamida o‘ttiz kalendar kun, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, oliy, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlaridagi sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha esa — kamida qirq kalendar kun muddatga har yili beriladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi ko‘proq bo‘lgan o‘quv ta’tillari nazarda tutilishi mumkin.
Ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat ta’tillari ular o‘quv ta’tillaridan foydalanganligidan qat’i nazar beriladi.
Ish beruvchi oliy ta’lim tashkilotlarida sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun ta’lim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yo‘lkira haqining ellik foizidan kam bo‘lmagan miqdorini to‘laydi. Davlat attestatsiyasidan o‘tish uchun xuddi shunday miqdorda yo‘lkira haqi to‘lanadi.
386-modda. Ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar berish tartibi
Ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi ta’lim olayotganda beriladi. Mazkur kafolatlar va kompensatsiyalar, shuningdek tegishli darajadagi ta’lim olgan hamda ish beruvchi tomonidan ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuzilgan alohida kelishuvga muvofiq ta’lim olishga yuborilgan xodimlarga ham berilishi mumkin.
Ishni bir vaqtning o‘zida ta’lim faoliyatini amalga oshiruvchi ikki tashkilotdagi o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimga faqat ushbu tashkilotlarning birida (xodimning tanloviga ko‘ra) olayotgan ta’limi munosabati bilan kafolatlar va kompensatsiyalar beriladi.
Ushbu Kodeks 383-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan o‘quv ta’tili ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
387-modda. Ijodiy ta’tillar
Mehnat faoliyatini yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan shaxslarga asosiy ish joyida o‘rtacha ish haqi va lavozimi saqlangan holda quyidagi muddatlarga ijodiy ta’tillar beriladi:
falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasini olishga doir dissertatsiyani yakunlash uchun hamda darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar qo‘lyozmalarining mualliflariga — uch oygacha;
fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasini olishga doir doktorlik dissertatsiyani yakunlash uchun — olti oygacha.
Mualliflar jamoalari tomonidan darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarini yozish chog‘ida mualliflar jamoasi a’zolaridan biriga mualliflar guruhining barcha a’zolari imzolagan yozma arizaga muvofiq ijodiy ta’til beriladi. Mualliflar ta’tilni o‘zaro taqsimlashga ham haqli.
Ilmiy daraja olishga da’vogarlarga, shuningdek darsliklarning yoki o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarining mualliflariga navbatdagi yillik mehnat ta’tillari ular ijodiy ta’tillardan foydalanganligidan qat’i nazar beriladi.
Ijodiy ta’tillar berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bilimingizni sinang
Ishdan ajralmagan holda o‘qiyotgan yangi qabul qilingan xodimning xohishiga ko‘ra, yillik mehnat ta’tili ish beruvchidagi mehnat faoliyatining qancha muddati tugaguniga qadar beriladi?
- uch oyi
- bir yili
- olti oyi
- ikki oyi
To‘g‘ri javob: olti oyi. Xodimning xohishiga ko‘ra, yillik ta’til mazkur ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi.
Mehnat kodeksi — 383-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar
- Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
- Ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar berish tartibi
- Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish
To‘g‘ri javob: Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish. 383-modda: Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Mehnat kodeksi: «Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish» qaysi moddada belgilangan?
- 386-modda
- 380-modda
- 385-modda
- 383-modda
To‘g‘ri javob: 383-modda. 383-modda: Ishni ta’lim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan xodimlarga nisbatan ish beruvchi qanday majburiyatga ega?
- Ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart
- Xodimning o‘qish haqini to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lab berishi shart
- Xodimni o‘qish davrida ishdan bo‘shatishi va uning o‘rniga boshqasini olishi shart
- Xodimga o‘qish davrida ikki baravar ish haqi to‘lashi va ta’til berishi shart
To‘g‘ri javob: Ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart. 383-moddaga ko‘ra, ish beruvchi ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimga qanday kafolatlar beriladi?
- O‘rtacha ish haqining yarmi saqlangan holda o‘quv ta’tili va ish haftasi qisqartirilmaydi
- O‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili va qisqartirilgan ish haftasi
- Ish haqi saqlanmagan holda o‘quv ta’tili va qisqartirilgan ish haftasi
- Faqat bir martalik moddiy yordam
To‘g‘ri javob: O‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili va qisqartirilgan ish haftasi. 383-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi saqlanib o‘quv ta’tili va qisqartirilgan ish haftasi beriladi.
Kazus. Ishchi Qodirov ishlab chiqarishdan ajralmagan holda magistraturada o‘qiydi. U yillik mehnat ta’tilini magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga to‘g‘rilab berishni so‘radi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Ish beruvchi buni faqat o‘z xohishiga ko‘ra qilishi mumkin, uning bunday majburiyati yo‘q
- Yillik ta’til magistrantlarga faqat yozgi oylarda beriladi, himoya vaqtiga to‘g‘rilab berilmaydi
- Ish beruvchi uning xohishiga ko‘ra yillik mehnat ta’tilini himoya vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart
- Magistrantlarga yillik mehnat ta’tili umuman berilmaydi, ularga faqat o‘quv ta’tili beriladi
To‘g‘ri javob: Ish beruvchi uning xohishiga ko‘ra yillik mehnat ta’tilini himoya vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart. 383-moddaga ko‘ra, ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra yillik ta’tilni himoya vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart.
Kazus. Yangi ishga qabul qilingan xodim Nazarova kechki o‘rta maxsus ta’limda o‘qiydi va yillik ta’tilini imtihon sessiyasiga moslashtirmoqchi. U ishga kirganiga uch oy bo‘ldi. Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Yillik ta’til ish beruvchidagi mehnat faoliyatining bir yili tugagandan keyingina beriladi, xohishga qaramasdan
- Yillik ta’til faqat ish beruvchining roziligi bilan va mehnat faoliyatining olti oyi tugagach beriladi
- Yillik ta’til umuman berilmaydi, faqat imtihon sessiyasi uchun o‘quv ta’tili beriladi, ish haqi saqlanmaydi
- Uning xohishiga ko‘ra yillik ta’til ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi
To‘g‘ri javob: Uning xohishiga ko‘ra yillik ta’til ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi. 383-modda to‘rtinchi qismiga ko‘ra, yangi qabul qilingan xodimga ta’til olti oy tugaguniga qadar beriladi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun xodimlarga ish haqi saqlanmagan holda kamida qancha muddatga ta’til beriladi?
- yetti kalendar kun
- o‘n besh kalendar kun
- yigirma kalendar kun
- o‘n kalendar kun
To‘g‘ri javob: o‘n besh kalendar kun. Kirish imtihonlariga ruxsat berilgan xodimlarga ish haqi saqlanmagan holda kamida o‘n besh kalendar kun ta’til beriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash