Ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (6/9)
Vi Bo‘Lim. Ayrim Toifadagi Xodimlar Mehnatini Huquqiy Jihatdan Tartibga Solishning O‘Ziga Xos Xususiyatlari
437-modda. O‘rindoshlik asosida ishlash chog‘idagi ish vaqtining davomiyligi va uni hisobga olish
O‘rindoshlik asosida ishlash chog‘ida o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (bundan sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarining shifokor xodimlari mustasno).
Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan bo‘shagan kunlarda o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi mumkin.
O‘rindoshlar uchun ish vaqti davomiyligining har kunlik yarim normasiga rioya etilishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritishga yo‘l qo‘yiladi. Ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritish chog‘ida o‘rindoshlik asosidagi ish vaqtining (smenaning) umumiy davomiyligi hisobga olinayotgan davr uchun o‘rindoshlik lavozimi bo‘yicha ish vaqti normasining yarmidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Bunda hisobga olinadigan davrning cheklangan davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Ichki o‘rindoshlik chog‘ida ish vaqtini hisobga olish asosiy ish va o‘rindoshlik asosidagi ish bo‘yicha alohida-alohida yuritiladi.
438-modda. O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash
O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoxud mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlarga qarab amalga oshiriladi.
Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay shaklida o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga normalangan topshiriqlar belgilansa, mehnatga haq to‘lash haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun yakuniy natijalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ish haqiga tuman koeffitsiyentlari belgilangan tumanlarda o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnatga haq to‘lash ushbu koeffitsiyentlarni hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
O‘rindoshlik asosida ishlash uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shartlarga qarab qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori asosida hisob-kitob qilingan miqdordan kam bo‘lmasligi kerak.
Xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishda, ushbu hisoblab chiqarishning maqsadlaridan qat’i nazar, asosiy ish joyi bo‘yicha ish uchun va o‘rindoshlik asosida ish uchun ish haqi alohida-alohida hisob-kitob qilinadi.
Agar jamoa shartnomasida yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan o‘zga ichki hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlovchilar mehnatiga haq to‘lash shakllari va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha haq, ustamalar, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lash mazkur ish o‘zi uchun asosiy ish bo‘lgan xodimlarga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
439-modda. O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik mehnat ta’tillari
O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik asosiy ta’tillar, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha mehnat ta’tillari asosiy ish joyidagi yillik mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.
Agar o‘rindoshlik asosida ishning birinchi ish yilida xodim olti oydan kam ishlagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishda yillik mehnat ta’tili uchun ishlangan vaqtga mutanosib ravishda haq to‘lanadi.
Birinchi ish yilida olti oy ishlagan o‘rindoshlarning yillik mehnat ta’tiliga, shuningdek ishning keyingi yillari uchun yillik mehnat ta’tiliga o‘rindoshlik asosida ishning o‘rtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq to‘lanadi.
Asosiy ish joyi bo‘yicha yillik mehnat ta’tilining davomiyligi o‘rindoshlik asosidagi ishdagi mehnat ta’tilining davomiyligidan ko‘p bo‘lgan hollarda, ish beruvchi o‘rindoshning iltimosiga ko‘ra unga o‘rindoshlik asosidagi ishdagi yillik mehnat ta’tilidan tashqari asosiy ishidagi yillik mehnat ta’tili va o‘rindoshlik asosidagi ishning yillik mehnat ta’tili davomiyligi o‘rtasidagi farqni tashkil etuvchi kunlarga ish haqi saqlanmaydigan ta’til ham berishi shart.
440-modda. O‘rindoshlik asosida ishda kafolatli to‘lovlarni va kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari
Ishni ta’lim olish bilan birga olib boruvchi shaxslarga kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari faqat asosiy ish joyida beriladi.
Mehnat shartnomasini alohida asoslarga ko‘ra bekor qilish chog‘ida xodimlarning ishga joylashish davri uchun o‘rtacha ish haqi faqat asosiy ish joyidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganda saqlanadi. O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan o‘zga kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari to‘liq hajmda beriladi.
441-modda. O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asoslari
O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslardan tashqari quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
- 1) mazkur ishga o‘zi uchun asosiy ish joyi bo‘lgan xodim qabul qilingan taqdirda, ish beruvchi bu haqda o‘rindoshni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida ikki hafta oldin yozma shaklda ogohlantiradi yoxud mutanosib miqdorda pulli kompensatsiya to‘laydi;
- 2) qonunchilikda yoki ushbu Kodeks 433-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq o‘rindoshlik asosida ishlashga cheklovlar joriy etilganligi munosabati bilan.
442-modda. O‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash
O‘rindoshlik (ichki yoki tashqi) asosida ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 173-moddasining ikkinchi qismida hamda 441-moddasida nazarda tutilgan qo‘shimcha asoslar bo‘yicha bekor qilinganida xodimga ishdan bo‘shatish nafaqasi ikki haftalik o‘rtacha ish haqi miqdorida to‘lanadi.
2-§. Kasanachilarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
443-modda. Kasanachilik tushunchasi
Kasanachilik tuziladigan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs (kasanachi) tomonidan o‘z yashash joyi bo‘yicha yoki kasanachiga yoxud uning oila a’zolariga tegishli bo‘lgan yoki kasanachi tomonidan ijaraga olingan boshqa xonalarda ish beruvchining buyurtmalari bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish borasida amalga oshiriladigan ishdir.
Kasanachilarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi ushbu Kodeksda hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan Kasanachilik to‘g‘risidagi nizomda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda tatbiq etiladi.
444-modda. Kasanachilarni ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh
O‘n olti yoshga to‘lgan jismoniy shaxs kasanachi bo‘lishi mumkin.
Agar kasanachilikning xususiyati kasanachi bilan yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzish zaruratini taqozo etsa, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslarning kasanachilikni amalga oshirishiga yo‘l qo‘yiladi.
445-modda. Kasanachilikni qo‘llash shartlari
Kasanachilikni qo‘llashga, basharti agar kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachilikni bajarish uchun zarur binolarga, shu jumladan turar joylarga, shuningdek ishni bajarish uchun amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lsa yoxud ishni bajarishga o‘qitilgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Kasanachilik amalga oshiriladigan turar joylarni yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish talab etilmaydi.
Kasanachilik texnologiya jarayoni va boshqa shart-sharoitlar uy sharoitlarida butlovchi buyumlarning, yarim tayyor mahsulotlarning, mahsulotlarning hamda ishlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish imkonini beradigan sanoat tarmoqlarida va xizmat ko‘rsatish sohalarida tashkilotlar hamda ularning buyurtmalari bo‘yicha uyda tovarlar ishlab chiqarayotgan yoki xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar o‘rtasidagi kooperatsiya asosida tashkil etiladi.
Kasanachining quyidagilarni talab qiladigan ishlarni (xizmatlarni) bajarishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
qonunchilikda belgilangan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya (ruxsatnoma) olishni;
uyda kuch sarflab ishlatiladigan, ko‘p energiya sarflanadigan va texnik jihatdan murakkab asbob-uskunalardan, shuningdek xavfli kimyoviy komponentlardan foydalanishni;
uy sharoitlarida nazorat qilib bo‘lmaydigan maxsus texnika xavfsizligiga rioya etishni.
Kasanachilik sharoitlarida foydalanish mumkin bo‘lmagan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar va mahsulotlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
445-modda. Kasanachilikni qo‘llash shartlari (davomi)
Yong‘in xavfsizligi qoidalariga, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, shuningdek kasanachilarning uy-joy-maishiy sharoitlarining o‘ziga xos xususiyatlariga muvofiq kasanachilik ishlarining (xizmatlarining) ayrim turlariga yong‘in va sanitariya nazorati davlat organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Kasanachilar uchun ishlarning (xizmatlarning) muayyan turlari ularning amaliy ko‘nikmalari va sog‘lig‘ining holati hisobga olingan holda (ishning xususiyati, foydalaniladigan uskunalar va asboblar, xom ashyoning va materiallarning xossalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan esa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalari e’tiborga olinadi) ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining qanchasidan oshishi mumkin emas?
- Yarmidan
- Uchdan birdan
- Uchdan ikkisidan
- To‘liq normadan
To‘g‘ri javob: Yarmidan. 437-moddaga ko‘ra, o‘rindoshlik ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (shifokor xodimlar mustasno).
Kazus. Xodim Botir asosiy ish joyida dam olish kuni mehnat majburiyatlarini bajarishdan bo‘shagan. Shu kuni u o‘rindoshlik asosida qancha ishlashi mumkin?
- Faqat ish kunining yarmida ishlaydi
- To‘liq ish kunida ishlashi mumkin
- Faqat ikki soat ishlashi mumkin
- Umuman ishlay olmaydi, ruxsat yo‘q
To‘g‘ri javob: To‘liq ish kunida ishlashi mumkin. 437-moddaga ko‘ra, asosiy ishdan bo‘shagan kunlarda o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlash mumkin.
O‘rindoshlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritishga qachon yo‘l qo‘yiladi?
- Faqat xodim yozma ariza bergan taqdirda
- Faqat ish beruvchi iltimosiga ko‘ra, har qanday sharoitda
- Har kunlik yarim normaga rioya etilishi mumkin bo‘lmagan taqdirda
- Faqat shifokor xodimlar uchun
To‘g‘ri javob: Har kunlik yarim normaga rioya etilishi mumkin bo‘lmagan taqdirda. 437-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, har kunlik yarim normaga rioya mumkin bo‘lmasa jamlab hisob yuritiladi.
Ichki o‘rindoshlik chog‘ida ish vaqtini hisobga olish qanday yuritiladi?
- Ikkala ish bo‘yicha birgalikda, bitta jadvalda yuritiladi
- Faqat asosiy ish bo‘yicha, o‘rindoshlik vaqti hisobga olinmaydi
- Faqat o‘rindoshlik asosidagi ish bo‘yicha, asosiy ishdan alohida emas
- Asosiy ish va o‘rindoshlik asosidagi ish bo‘yicha alohida-alohida
To‘g‘ri javob: Asosiy ish va o‘rindoshlik asosidagi ish bo‘yicha alohida-alohida. 437-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, hisob alohida-alohida yuritiladi.
Mehnat kodeksi — 438-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asoslari
- O‘rindoshlik asosida ishlashga doir cheklovlar
- O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimning ish haqi saqlanmagan holda ta’til olish huquqi
To‘g‘ri javob: O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash. 438-modda: O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash.
Mehnat kodeksi: «O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash» qaysi moddada belgilangan?
- 438-modda
- 430-modda
- 433-modda
- 441-modda
To‘g‘ri javob: 438-modda. 438-modda: O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash.
O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash qanday amalga oshiriladi?
- Ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoki shartnomadagi boshqa shartlarga qarab
- Faqat qat’iy oylik maosh asosida, ishlangan vaqtdan va ish natijasidan qat’i nazar, shartnomadagi boshqa shartlarsiz
- Faqat asosiy ish haqining yarmi miqdorida, ishlab berilgan vaqtga va ish natijasiga bog‘liq bo‘lmagan holda
- Faqat ish beruvchi xohishiga ko‘ra, ishlab berilgan vaqtga mutanosiblikni hisobga olmasdan va shartnomasiz
To‘g‘ri javob: Ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoki shartnomadagi boshqa shartlarga qarab. 438-moddaga ko‘ra, haq ishlab berilgan vaqtga mutanosib, natija yoki shartlarga qarab to‘lanadi.
Kazus. O‘rindosh Madina qisqa vaqt ishlagani uchun ish beruvchi unga qonunda belgilangan eng kam miqdordan ancha past haq to‘lamoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Haq ishlab berilgan vaqtga mutanosib hisoblansa ham, eng kam miqdordan past bo‘lishi mumkin
- Haq ishlab berilgan vaqtga mutanosib hisoblangan eng kam miqdordan kam bo‘lmasligi kerak
- Haq mutlaqo to‘lanmasligi mumkin, chunki o‘rindosh qisqa vaqt ishlagan, shartnoma muddati esa kichik
- Haq faqat asosiy ish haqiga qo‘shib to‘lanadi, eng kam miqdor talab etilmaydi
To‘g‘ri javob: Haq ishlab berilgan vaqtga mutanosib hisoblangan eng kam miqdordan kam bo‘lmasligi kerak. 438-moddaga ko‘ra, haq eng kam miqdor asosida mutanosib hisoblangan miqdordan kam bo‘lmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash