Ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (7/9)
Vi Bo‘Lim. Ayrim Toifadagi Xodimlar Mehnatini Huquqiy Jihatdan Tartibga Solishning O‘Ziga Xos Xususiyatlari
446-modda. Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi
Kasanachilikni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan jismoniy shaxs bilan ish beruvchi o‘rtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi.
Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar ham kiritiladi:
kasanachi tomonidan mehnat vazifalarini amalga oshirish uchun asbob-uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlarni berish tartibi;
xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi;
moddiy javobgarlik shartlari;
ish beruvchi va kasanachining mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat shartlariga rioya etishga doir majburiyatlari;
kasanachiga ta’tillar berish, uni ijtimoiy sug‘urta qilish, uning pensiya ta’minoti shartlari;
ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun kasanachi o‘z uskunasi, asbobi va jihozidan foydalangan taqdirda uning xarajatlari o‘rnini qoplash tartibi va shartlari;
ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan kasanachi foydalangan energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarning o‘rnini qoplash (kompensatsiya qilish) tartibi;
kasanachi mehnat shartnomasida shartlashilgan mehnat vazifalarini amalga oshirishi uchun unga berilgan uskuna, asbob va jihozni ta’mirlash yuzasidan ish beruvchining majburiyatlari;
kasanachining aybiga ko‘ra materiallar, uskunalar, asboblarning buzilishi, shuningdek mahsulotning to‘liq yoki qisman yaroqsizligi bilan bog‘liq moddiy zararning o‘rnini ish beruvchiga qoplash shartlari;
446-modda. Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi (davomi)
kasanachiga foydalanish uchun berilgan uskunalar, asboblarni, jihozlarni, butlovchi buyumlarni, xom ashyoni va materiallarni inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi hamda ish beruvchining vakillarini kasanachilik amalga oshirilayotgan xonalarga kiritish shartlari;
kasanachiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (elektr energiyasining, suv, gazning mavjud emasligi va boshqalar) munosabati bilan ish beruvchining buyurtmasini belgilangan muddatlarda bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda, kasanachining bu haqda ish beruvchini xabardor qilishga doir majburiyatlari.
Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasida boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Kasanachi bilan yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
447-modda. Mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishda kasanachi oila a’zolarining ishtirok etishi (yordamlashishi)
Kasanachi tomonidan ishlarni bajarish ish beruvchining roziligi olinmagan holda kasanachining oila a’zolari ishtirokida (yordamida) amalga oshirilishi mumkin. Bunda kasanachining oila a’zolari va ish beruvchi o‘rtasida yakka tartibdagi mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. Kasanachi o‘ziga yordam beradigan oila a’zolari tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) sifati uchun ish beruvchi oldida javobgardir.
448-modda. Kasanachining ish vaqti
Ish beruvchi kasanachi uchun ishlab chiqarish topshirig‘ini belgilashda butun ishlar majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi normal yoki qisqartirilgan ish vaqti davomiyligidan oshib ketmasligi uchun ishlarning ayrim turlarini bajarishga doir vaqt normativlarini hisobga olishi kerak.
Kasanachi ishlab chiqarish topshirig‘i hajmidan hamda mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda o‘zi uchun ish vaqti davomiyligini, ish jadvalini va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Kasanachi ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlashini inobatga olib, u bajargan barcha ish uchun bir hissa miqdorda haq to‘lanadi va unga nisbatan ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganligi uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etilmaydi.
449-modda. Kasanachining yillik mehnat ta’tili
Kasanachining yillik mehnat ta’tili davomiyligi, agar kasanachi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi ko‘proq bo‘lgan yillik mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega bo‘lmasa, yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas.
Kasanachilarga yillik mehnat ta’tilini berish vaqti va navbati kasanachi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan jadvalda belgilanadi.
450-modda. Kasanachining mehnatiga haq to‘lash
Kasanachilarning ishiga, qoida tariqasida, ishbay haq to‘lanadi. Haq to‘lash amalda bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun yoki sifati bo‘yicha belgilangan talablarga javob beruvchi ishlab chiqarilgan mahsulot uchun amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar taraflarning kelishuviga ko‘ra tegishli ishlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqti hisobidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Ishbay haq to‘lanadigan muayyan ish uchun kasanachining ish haqi miqdori ish beruvchining o‘z ishlab chiqarishida band bo‘lgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash shartlariga taqqoslanadigan bo‘lishi kerak.
Kasanachining ish haqi, basharti kasanachi mehnat normalarini va mehnat majburiyatlarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi.
Kasanachining mehnatiga har bir tugallangan ish topshirig‘i, ishlar hajmi topshirilayotganda yoki mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muntazam vaqt oralig‘ida haq to‘lanishi kerak.
Mehnat shartnomasida kasanachining mehnatiga bo‘nak tarzida haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
Agar kasanachi o‘z mehnatini bajaradigan joyda ish haqiga hudud koeffitsiyenti belgilangan bo‘lsa, kasanachi mehnatiga haq to‘lash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
451-modda. Kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish
Kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda, shuningdek mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.
3-§. Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
452-modda. Masofadan turib ishlash
Masofadan turib ishlash mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan yerdan, tashkilotning alohida tuzilmasidan (shu jumladan boshqa yerda joylashganlaridan) ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida bo‘lgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki obyektdan tashqarida bajarishdan iborat bo‘lib, bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish shart bo‘ladi.
Masofadan turib ishlovchi xodimlarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi ushbu paragrafda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi.
Masofadan turib ishlash rejimi quyidagi hollarda belgilanishi mumkin:
xodimni ishga qabul qilishda;
xodim odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilgan taqdirda ish jarayonida.
Muayyan ish beruvchida ishlayotgan shaxsning avvalgi mehnat vazifasini davom ettirgan holda odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi mehnat shartlarining o‘zgarishidir.
Xodimning odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi, agar bunda xodimning mehnat vazifasi o‘zgarsa, boshqa ishga o‘tkazish hisoblanadi.
453-modda. Doimiy va vaqtincha masofadan turib ishlash
Ish beruvchi bilan:
mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishning butun vaqti davomida masofadan turib ishlash to‘g‘risida nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi;
ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan statsionar ish joyidan tashqarida doimiy asosda ishlash haqidagi shartni o‘z ichiga olgan mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv tuzgan shaxslarning ishi doimiy asosda masofadan turib ishlashdir.
Vaqtincha masofadan turib ishlash xodim tomonidan mehnat vazifasini uning roziligi bilan ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan statsionar ish joyidan tashqarida vaqtincha bajarilishini nazarda tutuvchi ish rejimidir. Vaqtincha masofadan turib ishlashda mehnat shartnomasi taraflarining roziligi bilan masofadan turib ishlash rejimining muddati shart qilib ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Masofadan turib ishlash rejimining muddati quyidagilar vositasida aniqlanishi mumkin:
kun, oy va boshqa muddatlarda masofadan turib ishlashning umumiy muddati davomiyligini ko‘rsatish;
masofadan turib ishlash boshlanadigan va tugallanadigan kalendar sanani belgilash;
yuz berishi bilan masofadan turib ishlash rejimi muddati tugashiga olib keladigan hodisani aniqlash (epidemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin choralarining bekor qilinishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarish avariyasi oqibatlarining bartaraf etilishi va boshqalar).
Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishning eng ko‘p muddati bir yildan oshmasligi kerak.
453-modda. Doimiy va vaqtincha masofadan turib ishlash (davomi)
Vaqtincha masofadan turib ishlash muddati tugagach, ish beruvchi xodim uchun u masofadan turib ishlash rejimiga o‘tguniga qadar ishlagan avvalgi ish rejimini belgilashi shart. Agar masofadan turib ishlashga o‘tish vaqtincha bo‘lgan bo‘lsa, ish beruvchi xodimning o‘tkazilish muddati tugashi bilan unga avvalgi mehnat vazifasi bo‘yicha ishini ham berishi shart.
454-modda. Ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish
Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning roziligisiz uning vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishiga yoki o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Agar statsionar ish joyida xodim tomonidan bajariladigan ishning o‘ziga xos xususiyati ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan alohida hollarda uni ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra masofadan turib ishlashga vaqtincha o‘tishini yoki o‘tkazilishini amalga oshirish imkonini bermasa yoxud ish beruvchi xodimni masofadan turib ishlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, dasturiy-texnik vositalar, axborotni muhofaza qilish vositalari va boshqa vositalar bilan ta’minlay olmasa, ish beruvchi:
xodimga ta’tillar jadvaliga muvofiq yillik mehnat ta’tilini berishga;
ta’tillar jadvalida nazarda tutilgan ta’tillar berish navbatidan qat’i nazar, xodimga uning roziligi bilan tegishli ish yili uchun yillik mehnat ta’tilini berishga;
xodimning roziligi bilan unga ish haqini qisman saqlab qolgan holda ta’til berishga;
ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarni hisobga olmay turib, xodimga uning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishga;
454-modda. Ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish (davomi)
xodim uchun to‘liqsiz ish vaqtini belgilashga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda ish beruvchi kamida ikki hafta oldin yozma ravishda ogohlantirgan holda xodim uchun to‘liqsiz ish vaqtini joriy etishga haqli.
Agar statsionar ish joyida xodim bajarayotgan ishning o‘ziga xos xususiyati uni vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishini yoki o‘tkazilishini amalga oshirish imkonini bermasa va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni ko‘rish imkoni bo‘lmasa, mazkur xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarmayotgan vaqt ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolish hisoblanadi hamda bu vaqt uchun ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar kattaroq to‘lov miqdori jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda nazarda tutilmagan bo‘lsa, haq to‘lanadi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 446-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- O‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash
- Kasanachining mehnatiga haq to‘lash
- Kasanachining ish vaqti
- Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi
To‘g‘ri javob: Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi. 446-modda: Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi.
Mehnat kodeksi: «Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
- 442-modda
- 450-modda
- 446-modda
- 448-modda
To‘g‘ri javob: 446-modda. 446-modda: Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi.
Kasanachilikni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan jismoniy shaxs bilan ish beruvchi o‘rtasida mehnat shartnomasi qanday shaklda tuziladi?
- Yozma shaklda
- Og‘zaki shaklda
- Elektron xabar orqali, yozma shartnomasiz
- Faqat notarial tasdiqlangan shaklda
To‘g‘ri javob: Yozma shaklda. 446-moddaga ko‘ra, kasanachi bilan yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi.
Quyidagilardan qaysi biri kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga kiritiladigan shartlarga kiradi?
- Kasanachining oila a’zolari ro‘yxati va ularning daromadlari haqidagi ma’lumotlar
- Xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi
- Kasanachi yashaydigan uyning kadastr qiymati va uni qayta baholash tartibi
- Ish beruvchining yillik foyda rejasi va uni kasanachiga taqsimlash tartibi
To‘g‘ri javob: Xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi. 446-moddaga ko‘ra, xom ashyo va mahsulotni qabul qilish-topshirish tartibi shartnomaga kiritiladi.
Kazus. Kasanachi Zarina ish beruvchining buyurtmasini bajarishda o‘z tikuv mashinasidan foydalanmoqda. Mehnat kodeksiga ko‘ra, bu holda shartnomada nima belgilanishi kerak?
- Mashinani ish beruvchiga bepul topshirish majburiyati
- Mashinadan foydalanganlik uchun kasanachiga jarima solish shartlari
- Uning xarajatlari o‘rnini qoplash tartibi va shartlari
- Mashinadan faqat ish beruvchi vakili foydalanishi tartibi
To‘g‘ri javob: Uning xarajatlari o‘rnini qoplash tartibi va shartlari. 446-moddaga ko‘ra, o‘z uskunasidan foydalanganda xarajatlarni qoplash tartibi belgilanadi.
Ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan kasanachi foydalangan qaysi xarajatlar o‘rnini qoplash tartibi shartnomaga kiritiladi?
- Kasanachining oziq-ovqat xarajatlari
- Kasanachining bolalari ta’lim xarajatlari
- Kasanachining kommunal qarzlari
- Energiya, suv va aloqa uchun xarajatlar
To‘g‘ri javob: Energiya, suv va aloqa uchun xarajatlar. 446-moddaga ko‘ra, energiya, suv, aloqa xarajatlari kompensatsiya qilinadi.
Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasida kasanachiga berilgan buyumlar bo‘yicha qanday tartib ko‘rsatiladi?
- Inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi hamda ish beruvchi vakillarini xonalarga kiritish shartlari
- Buyumlarni kasanachiga sovg‘a qilish tartibi hamda ularni qaytarib olish huquqi bekor qilinishi
- Buyumlarni uchinchi shaxslarga sotish tartibi hamda ularni o‘z xohishicha tasarruf etish shartlari
- Buyumlarni sug‘urta qilmaslik shartlari hamda ish beruvchi vakillarini xonalarga kiritmaslik tartibi
To‘g‘ri javob: Inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi hamda ish beruvchi vakillarini xonalarga kiritish shartlari. 446-modda (davomi)ga ko‘ra, inventarizatsiya tartibi va vakillarni kiritish shartlari ko‘rsatiladi.
Kazus. Kasanachi Odil yashayotgan uyda ikki kun elektr energiyasi bo‘lmadi, shu sabab buyurtmani muddatida bajara olmaydi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, Odilning majburiyati nima?
- Buyurtmani o‘zining hisobidan jarima bilan to‘lash
- Bu haqda ish beruvchini xabardor qilish
- Shartnomani o‘zi bekor qilish
- Buyurtmani sukut bilan kechiktirish
To‘g‘ri javob: Bu haqda ish beruvchini xabardor qilish. 446-moddaga ko‘ra, kasanachiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda ish beruvchini xabardor qilish majburiyati bor.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash