XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 455–463-m.

Ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (8/9)

Vi Bo‘Lim. Ayrim Toifadagi Xodimlar Mehnatini Huquqiy Jihatdan Tartibga Solishning O‘Ziga Xos Xususiyatlari

455-modda. Masofadan turib ishlashning aralash rejimi

Masofadan turib ishlashning aralash rejimi statsionar ish joyida ishlashni va masofadan turib ishlashni o‘z ichiga oladi. Statsionar ish joyida va masofadan turib ishlash muddatlari hamda ularning navbat bilan almashinishi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan aniqlanadi.

Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra xodim uchun doimiy yoki vaqtincha masofadan turib ishlashning aralash rejimi belgilanishi mumkin.

456-modda. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi

Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi va taraflar belgilagan masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi shartlarining o‘zgarishi to‘g‘risidagi kelishuvlar umumiy tartibda yoki elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuzilishi mumkin. Bunda masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi, taraflar belgilagan mehnat shartnomasi shartlarining o‘zgarishi to‘g‘risidagi kelishuvlar tuzilgan joy sifatida ish beruvchining joylashgan yeri ko‘rsatiladi.

Elektron hujjatlar almashinuvi orqali ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan masofadan turib ishlovchi xodimning talabiga ko‘ra, ish beruvchi tegishli tarzda rasmiylashtirilgan mazkur mehnat shartnomasining nusxasini masofadan turib ishlayotgan xodimga bu talabni olgan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan qog‘ozda pochta orqali yuborishi shart.

Elektron hujjatlar almashinuvi orqali masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasini tuzishda ushbu Kodeksning 124-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar ish beruvchiga masofadan turib ishlashga kirishayotgan shaxs tomonidan elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin. Ish beruvchining talabiga ko‘ra mazkur shaxs ish beruvchiga ushbu hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan qog‘ozda pochta orqali yuborishi shart.

Mehnat shartnomasi taraflarining har biri boshqa tarafga ular tomonidan imzolangan mehnat shartnomasining nusxasini olganligi haqida elektron shaklda xabar qiladi.

456-modda. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi (davomi)

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar ham kiritiladi:

masofadan turib ishlash jadvali — masofadan turib ishlash rejimida xodimga taqdim etiladigan ish kunlarining hamda ish soatlarining soni va davriyligi;

taraflar o‘rtasida ishlab chiqarish vazifalari va ularning bajarilishi to‘g‘risida axborot almashish usullari;

masofadan turib ishlashning aralash rejimi belgilanganda statsionar ish joyida ishlash va masofadan turib ishlash davrlari, shuningdek ularning navbat bilan almashinishi;

agar masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan mehnat vazifasini amalga oshirishi uchun tegishli asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika zarur bo‘lsa, masofadan turib ishlovchi xodimga asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika berish tartibi, bundan masofadan turib ishlovchi xodim o‘ziga tegishli bo‘lgan yoki o‘zi ijaraga olgan asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnikadan foydalanishi to‘g‘risida taraflar kelishuvga erishgan hollar mustasno;

ish beruvchining mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasini bajarishi uchun masofadan turib ishlovchi xodimga berilgan asbob-uskunalarni va (yoki) tashkiliy texnikani ta’mirlashni amalga oshirishga doir majburiyatlari;

xodimni ish beruvchi bilan muntazam ravishda hamkorlik qilish uchun zarur bo‘lgan aloqa vositalari bilan, shu jumladan uning Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishini ta’minlash;

456-modda. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi (davomi)

xodimning aybi bilan ish beruvchi tomonidan masofadan turib ishlovchi xodimga topshirilgan uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika buzilganligi tufayli ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash shartlari;

masofadan turib ishlovchi xodimga foydalanish uchun berilgan uskunalar, tashkiliy texnika, dasturiy-texnik vositalar, aloqa vositalari, axborotni muhofaza qilish vositalarini va boshqa vositalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi;

mehnat majburiyatlarini bajarish uchun masofadan turib ishlovchi xodim o‘z asbob-uskunalari va (yoki) tashkiliy texnikasidan foydalangan taqdirda, masofadan turib ishlovchi xodimga xarajatlarning o‘rnini qoplash tartibi va shartlari;

mehnat majburiyatlarini bajarish uchun aloqa vositalaridan foydalanganligi munosabati bilan masofadan turib ishlovchi xodimga xarajatlarning o‘rnini qoplash tartibi va shartlari;

masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchining elektron hujjatlar almashinuvi orqali hamkorlik qilishi tartibi;

ishlab chiqarish topshirig‘ida shart qilib ko‘rsatilgan ishlarni mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda bajarish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, masofadan turib ishlovchi xodimning ishlarni o‘z vaqtida bajarishiga monelik qilayotgan sababni ko‘rsatgan holda ish beruvchini xabardor qilish majburiyati;

ish beruvchi va masofadan turib ishlovchi xodimning zarur mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda xavfsizlik shartlariga rioya etish majburiyatlari.

456-modda. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi (davomi)

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asoslar ham nazarda tutilishi mumkin.

Ish beruvchi joylashgan hududda yashaydigan masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodim o‘zining ish beruvchi va boshqa xodimlar bilan bevosita hamkorlik qilishi uchun zarur bo‘lgan ish vaqtining bir qismida ish beruvchining ish joyida, qolgan ish vaqtida esa masofadan turib ishlashi nazarda tutilishi mumkin. Agar uning ish vaqtining kamida ellik foizi masofadan turib ishlashga to‘g‘ri kelsa, xodim masofadan turib ishlovchi bo‘lib hisoblanadi.

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan yozma mehnat shartnomasining namunaviy shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

457-modda. Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilishni va o‘tkazishni rasmiylashtirish

Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilish va o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi xodimni masofadan turib ishlashga nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasiga ko‘ra qabul qilish haqidagi ish beruvchining buyrug‘i e’lon qilinishi uchun asosdir. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan cheklovlarga amal qilgan holda yo‘l qo‘yiladi.

Mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv doimiy ravishda masofadan turib ishlashga o‘tish to‘g‘risida buyruqni e’lon qilish uchun asos bo‘ladi.

Xodimning vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishi haqida buyruqni e’lon qilish uchun xodimning masofadan turib ishlashga o‘tishga va ishni masofadan turib bajarish rejimi shartlariga roziligini aks ettiradigan arizasi asos bo‘ladi.

458-modda. Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishga yoki masofadan ishlashga o‘tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo‘lgan xodimlarning toifalari

Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchida tegishli texnik va tashkiliy imkoniyatlar mavjud bo‘lganda vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish yoki o‘tkazish uchun ustuvor huquq beriladigan xodimlarning toifalari quyidagilardan iborat:

homilador ayollar;

o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari, vasiylari;

nogironligi bo‘lgan shaxslar;

yoshga doir pensionerlar;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan bemor a’zolarini parvarishlayotgan xodimlar.

Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki hujjatda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan xodimlarning boshqa toifalari ham vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish yoki o‘tkazish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘lishi mumkin.

459-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari

Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun masofadan turib ishlovchi xodimlarni zarur uskunalar, dasturiy-texnik vositalar, axborotni himoya qilish vositalari va boshqa vositalar bilan ta’minlash tartibi hamda muddatlari, masofadan turib ishlovchi xodimlar tomonidan bajarilgan ishlar haqidagi hisobotlarni topshirish tartibi va muddatlari, masofadan turib ishlovchi xodimlar tomonidan ularga tegishli bo‘lgan yoki ijaraga olingan uskunalar, tashkiliy texnika, dasturiy-texnik vositalar, aloqa vositalari, axborotni himoya qilish vositalaridan hamda boshqa vositalardan foydalanganlik uchun kompensatsiyaning miqdori, uni to‘lash tartibi va muddatlari, masofadan turib ishlash bilan bog‘liq boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash tartibi jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida belgilanadi.

Masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining buyrug‘iga muvofiq ish beruvchi joylashgan yerga qilgan safari, agar xodim yashash joyiga har kuni qaytish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, xizmat safari hisoblanadi.

460-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi

Xodim va ish beruvchi masofadan turib ishlovchi xodimning masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasida belgilangan ish vaqti ichida mehnat vazifasini bajarishi uchun muayyan vaqtni nazarda tutuvchi hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.

Hamkorlik qilish tartibi kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda, masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida belgilanadi. Hamkorlik qilish tartibida masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va boshqa shaklda amalga oshirilgan so‘rovlariga javob berish majburiyati, shuningdek masofadan turib ishlovchi xodim o‘z mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchining so‘rovlariga javob berishi shart bo‘lgan muddat nazarda tutilishi mumkin.

Hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari ish beruvchining telefon qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan so‘rovlariga xodimning javob berishi shart emas.

Agar hamkorlik qilish tartibi masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan kelishilmagan bo‘lsa yoxud xodim ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda tegishli ichki hujjat bilan tanishtirilmagan bo‘lsa, xodim o‘z vaqtida javob bermaganligi yoki mehnat vazifasini bajarishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchining so‘rovlariga javob bermaganligi uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

460-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi (davomi)

Masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlik ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarda yoxud masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan xabarni jo‘natgan shaxsni ishonchli aniqlash imkonini beradigan barcha usullardan foydalangan holda, elektron hujjatlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi. Mazkur almashinuv taraflarining har biri masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda boshqa tarafdan elektron hujjatni olganligi haqidagi tasdiqnomani yuborishi shart.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq xodim o‘zining mehnat faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qabul qilinayotgan ichki hujjatlar, ish beruvchining buyruqlari, bildirishnomalari, talablari va boshqa hujjatlari bilan yozma shaklda, shu jumladan imzo qo‘ydirib tanishtirilishi kerak bo‘lgan hollarda, masofadan turib ishlovchi xodim ular bilan ish beruvchi va masofadan turib ishlovchi xodim o‘rtasidagi elektron hujjat almashinuvi orqali tanishtirilishi mumkin.

Masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchiga ariza bilan murojaat qilishga, ish beruvchiga tushuntirishlar, o‘zi amalga oshirayotgan mehnat faoliyati bilan bog‘liq boshqa axborotni elektron shaklda taqdim etishga haqli.

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha boshqa to‘lovlarni olish uchun masofadan turib ishlovchi xodim qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarning aslini, agar xodim o‘rindosh bo‘lsa, hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini ish beruvchiga ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yuboradi.

460-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi (davomi)

Ish beruvchi tomonidan masofadan turib ishlovchi xodimga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli tartibda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari ushbu Kodeksning 117-moddasiga muvofiq beriladi. Ish beruvchi xodim tomonidan ariza berilgan uch ish kunidan kechiktirmay hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yoki agar bu arizada ko‘rsatilgan bo‘lsa, elektron hujjat tarzida yuborishi shart.

461-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti

Masofadan turib ishlovchi xodim uchun ishlab chiqarish topshirig‘ini belgilash chog‘ida ish beruvchi ishlarning ayrim turlarini bajarish vaqti normativlarini inobatga olishi, bunda bir oyga mo‘ljallangan ishning butun majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi ish vaqtining normal yoki qisqartirilgan davomiyligidan oshmasligi kerak.

Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchi bilan aloqada bo‘lishi (bevosita hamkorlik qilishi) kerak bo‘lgan, qayd etilgan ish vaqtini. Masofadan turib ishlashning aralash tartibida qayd etilgan ish vaqti mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida nazarda tutilgan statsionar ish joyidagi ish vaqtini;

foydalanish tartibi masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan ishlab chiqarish vazifasining hajmidan va mehnat shartnomasida belgilangan boshqa sharoitlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtini.

Foydalanish tartibi masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtiga bir hissa miqdorida haq to‘lanadi hamda unga nisbatan ishdan tashqari ish, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, shuningdek tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etilmaydi, bundan ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Masofadan turib ishlovchi xodimning dam olish vaqti davrida ish beruvchi bilan xodimning hamkorlik qilishiga xodimni dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishga jalb etish uchun belgilangan tartibda, ayrim hollarda yo‘l qo‘yiladi. Ish beruvchining xodim uchun belgilangan qayd etilgan ish vaqti davomiyligidan tashqari vaqtda xodim bilan hamkorlik qilishi ishdan tashqari ish bo‘lib, bunga xodimni ishdan tashqari ishga jalb qilish uchun belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.

461-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti (davomi)

Ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida, tungi vaqtda, shuningdek masofadan turib ishlovchi xodim uchun qayd etilgan ish vaqtidan tashqari vaqtda ish beruvchining xodim bilan hamkorlik qilganligi uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda oshirilgan haq to‘lanadi.

462-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat ta’tili

Agar masofadan turib ishlovchi xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi uzoqroq bo‘lgan har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega bo‘lmasa, uning har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas.

Masofadan turib ishlovchi xodimga har yilgi mehnat ta’tilini va boshqa turdagi ta’tillarni berish tartibi masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida ushbu Kodeksga hamda mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.

463-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash

Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida haqiqatda ishlab berilgan vaqt uchun, mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida esa haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar ishlarni bajarish uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqtidan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra belgilanadi.

Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash miqdori ish beruvchining ishlab chiqarishida band bo‘lgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash shartlari bilan taqqoslanadigan bo‘lishi kerak.

Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash, basharti u mehnat normalarini va mehnat vazifalarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi va biron-bir eng katta miqdor bilan cheklanmasligi kerak.

Masofadan turib ishlovchi xodim o‘z mehnatini amalga oshirayotgan joyda ish haqiga nisbatan hududiy koeffitsiyent belgilangan bo‘lsa, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 455-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat ta’tili
  2. Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishga yoki masofadan ishlashga o‘tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo‘lgan xodimlarning toifalari
  3. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti
  4. Masofadan turib ishlashning aralash rejimi

To‘g‘ri javob: Masofadan turib ishlashning aralash rejimi. 455-modda: Masofadan turib ishlashning aralash rejimi.

Mehnat kodeksi: «Masofadan turib ishlashning aralash rejimi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 455-modda
  2. 458-modda
  3. 462-modda
  4. 461-modda

To‘g‘ri javob: 455-modda. 455-modda: Masofadan turib ishlashning aralash rejimi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, masofadan turib ishlashning aralash rejimi nimani o‘z ichiga oladi?
  1. Statsionar ish joyida ishlashni ham, masofadan turib ishlashni ham
  2. Faqat xodimning uyida ishlashni va ish beruvchi ish joyiga bormaslikni
  3. Faqat ish beruvchining ish joyida, ikki smenada ishlashni nazarda tutadi
  4. Faqat xizmat safarida va boshqa shaharda ishlashni nazarda tutadi

To‘g‘ri javob: Statsionar ish joyida ishlashni ham, masofadan turib ishlashni ham. 455-moddaga ko‘ra aralash rejim statsionar ish joyida va masofadan turib ishlashni o‘z ichiga oladi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, aralash rejimda statsionar ish joyida va masofadan turib ishlash muddatlari hamda ularning navbat bilan almashinishi qanday aniqlanadi?
  1. Ish beruvchining yakka tartibdagi buyrug‘i bilan
  2. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan
  3. Kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarori bilan
  4. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan

To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan. 455-moddaga ko‘ra bu muddatlar va almashinish taraflarning kelishuviga binoan aniqlanadi.

Elektron hujjatlar almashinuvi orqali shartnoma tuzgan masofadan ishlovchi xodim talabiga ko‘ra, ish beruvchi shartnoma nusxasini talab olingan kundan boshlab qancha muddatda pochta orqali yuborishi shart?
  1. Besh ish kunidan kechiktirmay
  2. Uch ish kunidan kechiktirmay
  3. O‘n ish kunidan kechiktirmay
  4. Bir ish kunidan kechiktirmay

To‘g‘ri javob: Uch ish kunidan kechiktirmay. Ish beruvchi talab olingan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay shartnoma nusxasini buyurtma xat bilan yuborishi shart.

Mehnat kodeksi — 456-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishga yoki masofadan ishlashga o‘tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo‘lgan xodimlarning toifalari
  2. Masofadan turib ishlash
  3. Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi
  4. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi

To‘g‘ri javob: Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi. 456-modda: Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi.

Mehnat kodeksi: «Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 458-modda
  2. 456-modda
  3. 452-modda
  4. 460-modda

To‘g‘ri javob: 456-modda. 456-modda: Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi.

Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuzilganda, shartnoma tuzilgan joy sifatida nima ko‘rsatiladi?
  1. Xodimning yashash joyi
  2. Shartnoma elektron imzolangan hudud
  3. Ish beruvchining joylashgan yeri
  4. Xodim masofadan ishlayotgan manzil

To‘g‘ri javob: Ish beruvchining joylashgan yeri. 456-moddaga ko‘ra tuzilgan joy sifatida ish beruvchining joylashgan yeri ko‘rsatiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiIjtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (7/9)Keyingi →Ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (9/9)