XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Mehnat kodeksi · 464–472-m.

Ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (9/9)

Vi Bo‘Lim. Ayrim Toifadagi Xodimlar Mehnatini Huquqiy Jihatdan Tartibga Solishning O‘Ziga Xos Xususiyatlari

464-modda. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda belgilangan asoslarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.

Agar masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishib chiqishi elektron hujjat tarzida amalga oshirilsa, ish beruvchi masofadan turib ishlovchi xodimga mazkur mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni lozim darajada rasmiylashtirilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali qog‘ozda yuborishi shart.

4-§. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari

465-modda. Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

Vaxta usulida ishlash xodimlarning doimiy yashash joyiga kunlik qaytishini ta’minlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, ularning doimiy yashash joyidan tashqarida mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shaklidir.

Vaxta usulida ishlash ish joyi xodimlarning doimiy yashash joyidan yoki ish beruvchining joylashgan yeridan sezilarli darajada uzoqda joylashganida ishlab chiqarish obyektlarini, ijtimoiy va boshqa obyektlarni qurish, ta’mirlash yoki rekonstruksiya qilish muddatlarini qisqartirish, aholi yashamaydigan, olis hududlarda yoxud alohida tabiiy sharoitlarga ega bo‘lgan hududlarda ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek boshqa ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘llaniladi.

Vaxta usulidagi ishlarga jalb qilinadigan xodimlar ishlarni bajarish obyektida bo‘lish davrida ish beruvchi tomonidan maxsus tashkil etiladigan, mazkur xodimlarning ishlarni bajarishi vaqtida hayot faoliyatini va smenalar o‘rtasida dam olishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan binolar va inshootlar majmuidan iborat bo‘lgan vaxta shaharchalarida yoxud shu maqsadlar uchun moslashtirilgan va ish beruvchining hisobidan haqi to‘lanadigan yotoqxonalarda, boshqa turar joylarda yashaydi.

Agar vaxta obyektida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodim har kuni o‘z doimiy yashash joyiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bunday ishni bajarish vaxta usulida ishlash hisoblanmaydi.

465-modda. Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (davomi)

Ishning vaxta usulini qo‘llash tartibi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Ishni vaxta usulida tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

466-modda. Xodimlarning ayrim toifalarini vaxta usulidagi ishlarga jalb qilishni cheklash

Vaxta usulida bajariladigan ishlarga quyidagilar jalb qilinishi mumkin emas:

o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar;

homilador ayollar;

uch yoshgacha bo‘lgan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan biri (vasiy);

tibbiy xulosaga muvofiq vaxta usulidagi ishlarni bajarishiga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgan shaxslar.

467-modda. Vaxtaning davomiyligi

Vaxta obyektda ishlarni bajarish vaqtini va smenalar o‘rtasida dam olish vaqtini o‘z ichiga oluvchi umumiy davrdir.

Vaxtaning davomiyligi bir oydan oshmasligi kerak.

Jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida belgilangan alohida hollarda ayrim obyektlarda vaxtaning davomiyligi uch oyga qadar uzaytirilishi mumkin.

468-modda. Vaxta usulida ishlash chog‘ida ish vaqtini hisobga olish

Vaxta usulida ishlash chog‘ida ish vaqtini bir oy, chorak yoki boshqa uzoqroq muddatli davr uchun, lekin o‘n ikki oydan ko‘p bo‘lmagan davr uchun jamlab hisobga olish belgilanadi.

Hisobga olish davri quyidagilarni qamrab oladi:

xodimning vaxtada bo‘lgan davridagi ish vaqtini;

ish beruvchining joylashgan yeridan yoki to‘planish joyidan to ish bajariladigan joyga borish va ortga qaytish chog‘ida yo‘lda bo‘lish vaqtini;

mazkur kalendar davrga to‘g‘ri keladigan dam olish vaqtini.

Ish beruvchi vaxta usulida ishlaydigan har bir xodim ish vaqtining va dam olish vaqtining hisobini oyma-oy hamda butun hisobga olish davri uchun yuritishi shart.

469-modda. Vaxta usulida ishlash chog‘ida mehnat va dam olish rejimlari

Hisobga olish davri doirasida ish vaqti va dam olish vaqti ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan va amalga kiritilguniga qadar ikki oydan kechiktirmay xodimlar e’tiboriga yetkaziladigan jadval bilan tartibga solinadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan jadvalda quyidagilar nazarda tutiladi:

hisobga olish davrining davomiyligi;

xodimlarni vaxtaga olib borish va u yerdan qaytarib olib kelish uchun zarur bo‘lgan vaqt. Ish joyiga borish va u yerdan qaytib kelish chog‘ida yo‘lda bo‘lish kunlari ish vaqtiga kiritilmaydi hamda vaxtalar o‘rtasidagi dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin;

xodimning vaxtada bo‘lgan davrida har kunlik ishning davomiyligi. Bunda shunday ishning cheklangan davomiyligi o‘n ikki soatdan oshmasligi kerak;

vaxtada dam olish vaqti, bu xodimga quyidagilarni taqdim etishni o‘z ichiga oladi: ish kuni davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus (agar kunlik ishning (smenaning) davomiyligi sakkiz soatdan oshsa, ikkita tanaffus), ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra bunday tanaffusning imkoni bo‘lmagan hollarda esa ish vaqtida xodimlarning ovqatlanish vaqtini belgilash va tashkil etish; har kunlik (smenalar o‘rtasidagi) dam olish, uning davomiyligi dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusni hisobga olgan holda kamida o‘n ikki soatni tashkil etishi kerak; vaxta davrida haftalik dam olish kunlari, agar ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra buning imkoni bo‘lsa;

469-modda. Vaxta usulida ishlash chog‘ida mehnat va dam olish rejimlari (davomi)

vaxta oralig‘idagi dam olish vaqti, bunga jadvalda nazarda tutilgan ish vaqti normasidan ortiq ishlaganlik uchun otgul kunlari va bu davrga to‘g‘ri keladigan dam olish kunlari kiradi. Otgul kunlari soni xodimning vaxtada bo‘lgan davrida jadvalga muvofiq ortiqcha ishlangan umumiy soatlar sonini ish kuni davomiyligining belgilangan normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.

Vaxtadagi ish jadvali doirasida to‘liq ish kuniga yetmaydigan ish vaqtining ortiqcha ishlangan soatlari kalendar yil mobaynida yig‘ilib borishi va to‘liq ish kunlarigacha jamlanib, keyinchalik vaxta oralig‘idagi qo‘shimcha dam olish kunlari berilishi mumkin.

470-modda. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning ish vaqtidan tashqari ishi

Hisobga olish davrida xodim uchun jadvalda belgilangan ish vaqti davomiyligidan tashqari ishlash vaxta usulida ishlovchi shaxslar uchun ish vaqtidan tashqari ishdir.

Vaxta usulida ishlovchi shaxslarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilish ushbu Kodeks 189-moddasining oltinchi — o‘ninchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda ushbu Kodeks 190-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan ish vaqtidan tashqari ishning cheklangan davomiyligiga rioya qilgan holda amalga oshiriladi va ushbu Kodeksning 262-moddasiga muvofiq unga haq to‘lanishi lozim.

471-modda. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarga yillik mehnat ta’tili berishning o‘ziga xos xususiyatlari

Vaxta usulida ishlovchi shaxslarga yillik mehnat ta’tili ular vaxtalar oralig‘idagi dam olish kunlaridan foydalanganidan keyin berilishi kerak.

Ushbu moddaning birinchi qismidagi talab vaxta usulida ishlovchi shaxslarning ta’tillar jadvalini tuzish chog‘ida hisobga olinishi kerak.

Agar vaxta usulida ishlovchi shaxsning yillik mehnat ta’tilining tugashi vaxtalar oralig‘idagi dam olish kunlariga to‘g‘ri kelsa, unda ish beruvchi xodimning roziligi bilan:

vaxta boshlanguniga qadar xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishi;

vaxta boshlanguniga qadar xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishi;

xodimni vaxtaning boshqa smenasiga o‘tkazishi mumkin.

472-modda. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash, kafolatlar va kompensatsiyalar

Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

vaxta vaqtida bajarilgan ish uchun haq to‘lashni;

vaxtada ortiqcha ishlangan vaqt uchun vaxtalar oralig‘idagi qo‘shimcha dam olish kunlariga haq to‘lashni;

vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama haqni va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan o‘zga to‘lovlarni.

Agar jamoa shartnomasida, ichki hujjatda yoki mehnat shartnomasida yuqoriroq haq to‘lash belgilanmagan bo‘lsa, vaxtadagi ish jadvali doirasidagi ish vaqtida ortiqcha ishlaganlik munosabati bilan har bir dam olish kuni (vaxtalar oralig‘idagi dam olish kuni) uchun kunlik tarif stavkasi, kunlik stavka (bir kunlik ish uchun maoshining bir qismi) miqdorida haq to‘lanadi.

Vaxta usulida ishlovchi shaxslar uchun vaxta davrida ishlarni bajarish joylarida bo‘lgan har bir kalendar kun uchun, shuningdek ish beruvchining joylashgan yeridan (yig‘ilish punktidan) ish joyigacha borish va orqaga qaytish chog‘ida yo‘lda bo‘lingan haqiqiy kunlar uchun sutkalik o‘rniga vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama to‘lanadi.

Budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama miqdori va to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Boshqa ish beruvchilarda vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama miqdori va to‘lash tartibi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoki mehnat shartnomasida belgilanadi.

472-modda. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash, kafolatlar va kompensatsiyalar (davomi)

Hududida ish haqiga hududiy koeffitsiyentlar qo‘llaniladigan tumanlarga vaxta usulida ishlarni bajarish uchun chiqadigan xodimlarga bu koeffitsiyentlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi huquqiy hujjatlarga muvofiq hisoblanadi.

Vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan, ish beruvchining joylashgan yeridan (yig‘ilish punktidan) ish bajariladigan joygacha borish va u yerdan qaytish chog‘ida yo‘lda bo‘lish vaqti uchun, shuningdek meteorologik sharoitlar yoki transport tashkilotlarining aybi tufayli yo‘lda qolib ketish vaqti uchun xodimga o‘tgan oy uchun hisoblangan ish haqi asosida aniqlanadigan o‘rtacha kunlik stavka miqdoridan kelib chiqqan holda kompensatsiya to‘lanadi.

Bilimingizni sinang

Mehnat kodeksi — 464-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Vaxta usulida ishlash chog‘ida ish vaqtini hisobga olish
  2. Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilishni va o‘tkazishni rasmiylashtirish
  3. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish
  4. Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi

To‘g‘ri javob: Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish. 464-modda: Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish.

Mehnat kodeksi: «Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 460-modda
  2. 457-modda
  3. 464-modda
  4. 468-modda

To‘g‘ri javob: 464-modda. 464-modda: Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qanday asoslarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin?
  1. Ushbu Kodeksda belgilangan asoslarga ko‘ra
  2. Faqat ish beruvchi xohishi bilan bekor qilinadi
  3. Faqat xodimning arizasiga ko‘ra bekor qilinadi
  4. Faqat sud qaroriga ko‘ra bekor qilinadi

To‘g‘ri javob: Ushbu Kodeksda belgilangan asoslarga ko‘ra. 464-moddaga ko‘ra shartnoma Kodeksda belgilangan asoslarga ko‘ra bekor qilinadi.

Masofadan turib ishlovchi Shaxzod bekor qilish haqidagi buyruq bilan elektron hujjat tarzida tanishdi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi shartnoma bekor qilingan kuni nima qilishi shart?
  1. Hech narsa yubormasligi mumkin, chunki xodim buyruq bilan elektron hujjat tarzida tanishgan
  2. Buyruqning ko‘chirma nusxasini oddiy elektron pochta orqali yuborishi, pochta orqali qog‘ozda emas
  3. Buyruqning ko‘chirma nusxasini ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali qog‘ozda yuborishi
  4. Xodimni buyruq nusxasini olish uchun ofisga chaqirishi va uni shaxsan topshirishi shart

To‘g‘ri javob: Buyruqning ko‘chirma nusxasini ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali qog‘ozda yuborishi. 464-moddaga ko‘ra elektron tanishuvda ish beruvchi ko‘chirma nusxani buyurtma xat bilan pochta orqali qog‘ozda yuborishi shart.

Mehnat kodeksi — 465-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
  2. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti
  3. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning ish vaqtidan tashqari ishi
  4. Vaxta usulida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lash, kafolatlar va kompensatsiyalar

To‘g‘ri javob: Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. 465-modda: Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar.

Mehnat kodeksi: «Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 465-modda
  2. 461-modda
  3. 470-modda
  4. 472-modda

To‘g‘ri javob: 465-modda. 465-modda: Vaxta usulida ishlash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, vaxta usulida ishlash nima?
  1. Xodimlarning doimiy yashash joyiga kunlik qaytishi ta’minlanadigan, doimiy yashash joyida mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shakli
  2. Xodimlarning faqat uyda yoki ish beruvchining ofisidan tashqarida, axborot tarmoqlari orqali mehnat jarayonini amalga oshirish shakli
  3. Doimiy yashash joyiga kunlik qaytish imkoni bo‘lmaganda, doimiy yashash joyidan tashqarida mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shakli
  4. Xodimlarning faqat chet elda, doimiy yashash joyidan tashqarida, mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shakli, ish beruvchining buyrug‘i bilan

To‘g‘ri javob: Doimiy yashash joyiga kunlik qaytish imkoni bo‘lmaganda, doimiy yashash joyidan tashqarida mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shakli. 465-moddaga ko‘ra vaxta usuli doimiy yashash joyidan tashqarida mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shaklidir.

Karomat vaxta obyektida ishlaydi, lekin har kuni o‘z doimiy yashash joyiga qaytish imkoniyatiga ega. Mehnat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Bunday ish baribir vaxta usuli hisoblanadi
  2. Bunday ish vaxta usulida ishlash hisoblanmaydi
  3. Bunday ish faqat ish beruvchi roziligi bilan vaxta hisoblanadi
  4. Bunday ish faqat bir oydan keyin vaxta hisoblanadi

To‘g‘ri javob: Bunday ish vaxta usulida ishlash hisoblanmaydi. 465-moddaga ko‘ra kunlik qaytish imkoniyati bo‘lsa, bunday ish vaxta usulida ishlash hisoblanmaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiIjtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (8/9)Keyingi →Xodimning mehnat sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan mehnatni huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari (1/2)