Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish (4/6)
Vii Bo‘Lim. Xodimlarning Mehnat Huquqlarini Himoya Qilish. Mehnat Nizolarini Ko‘Rib Chiqish
568-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifi noto‘g‘ri deb yoki qonunchilikka muvofiq emas deb topilgan taqdirda, sud ushbu ta’rifni o‘zgartiradi va qarorda mehnat shartnomasini bekor qilish asosini qonunchilikka qat’iy muvofiq ravishda qonunning tegishli moddasiga (qismiga, bandiga, xatboshiga) havola qilgan holda ko‘rsatadi.
Sud qonunchilikda nazarda tutilgan kafolatlarni berish to‘g‘risidagi va xodimga tegishli ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori haqidagi masalani bir vaqtning o‘zida hal qiladi.
Agar sud mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifi xodimning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazadi deb topsa, unda sud xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni uning talabiga ko‘ra kompensatsiya qilish masalasini hal etadi.
569-modda. Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi
O‘zi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimni ishga tiklash, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish to‘g‘risidagi sud qarori yoxud g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash haqidagi yoxud g‘ayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilgan xodimga avvalgi ishini berish to‘g‘risidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organning qarori darhol ijro etilishi lozim. Ish beruvchi tomonidan bunday qarorning ijrosi kechiktirilgan taqdirda, qarorni qabul qilgan mehnat nizosini ko‘rib chiquvchi organ, xodimning murojaatiga ko‘ra, ajrimning yoki qarorning ijrosi kechiktirilgan butun vaqt uchun xodimga o‘rtacha ish haqini yoki ish haqidagi farqni to‘liq miqdorda to‘lash to‘g‘risida tegishincha ajrim yoki qaror chiqaradi.
Ish beruvchi mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning qarorini o‘z vaqtida ijro etmagan taqdirda, g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan yoki g‘ayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilgan xodim o‘ziga ish beruvchi tomonidan komissiya qarorining ijrosi kechiktirilishi sabab bo‘lgan majburiy progulning butun vaqti uchun o‘rtacha ish haqi yoki ish haqidagi farq to‘lanishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.
Mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organning xodimga ish haqini to‘lash, lekin uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun to‘lash to‘g‘risidagi qarori ham darhol ijro etilishi lozim.
569-modda. Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi (davomi)
Sud hujjatlari yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlardan kelib chiquvchi talablarga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, agar bekor qilingan sud hujjati da’vogar xabar qilgan yolg‘on ma’lumotlarga yoki uning tomonidan taqdim etilgan qalbaki hujjatlarga asoslangan bo‘lsa, sud hujjatining qaytarma ijro etilishiga yo‘l qo‘yiladi.
6-§. Jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish)
570-modda. Asosiy tushunchalar
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini dastlab yarashtirish komissiyasida, unda kelishuvga erishilmaganda esa mehnat arbitrajida, shuningdek taraflarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra mediatsiya tartib-taomillarini qo‘llagan holda tadrijiy hal etishdan (tartibga solishdan) iboratdir.
Yarashtirish komissiyasi jamoaviy mehnat nizosini taraflarni yarashtirish yo‘li bilan hal etish (tartibga solish) uchun ish beruvchi va xodimlar (ularning vakillari) o‘rtasidagi kelishuv asosida tuziladigan organdir.
Mehnat arbitraji yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda jamoaviy mehnat nizosi taraflari tomonidan nizoni hal etish uchun vakolatli shaxslarni jalb etgan holda tuziladigan vaqtincha yoki doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi organdir.
Ish beruvchining (uning vakilining) xodimlar (ularning vakillari) talablarining barchasini yoki bir qismini rad etish to‘g‘risidagi qarori xabar qilingan kun yoki ish beruvchi (uning vakili) ushbu Kodeks 572-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarda o‘z qarori haqida xabar qilmagan kun jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kun hisoblanadi.
Ish tashlash — bu xodimlarning mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish beruvchi bilan jamoaviy mehnat nizosini hal etish usuli sifatida mehnat majburiyatlarini vaqtincha, ixtiyoriy va birgalikda to‘liq yoki qisman bajarishni to‘xtatishdir.
571-modda. Xodimlarning va ular vakillarining talablar qo‘yishi
Ushbu Kodeksning 42-moddasiga muvofiq belgilangan xodimlar va ularning vakillari talablar qo‘yish huquqiga ega.
Tashkilot (tashkilotning alohida bo‘linmasi) xodimlari va (yoki) ularning vakillari tomonidan qo‘yilgan talablar xodimlarning tegishli umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) tasdiqlanadi, yozma shaklda bayon qilinadi hamda xodimlarning jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun ular vakolat bergan vakillar tomonidan ish beruvchiga yuboriladi.
Ish beruvchi xodimlarga yoki xodimlarning vakillariga talablar qo‘yish yuzasidan umumiy yig‘ilish (konferensiya) o‘tkazish uchun zarur xona berishi shart va uni o‘tkazishga to‘sqinlik qilishga haqli emas.
Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining talablari ularning saylab qo‘yiladigan kollegial organlari tomonidan qo‘yiladi va ijtimoiy sheriklik taraflariga yuboriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha tegishli davlat organiga yuborilishi, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin. Bu holda jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha davlat organi talablarni jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi olganligini tekshirishi shart.
572-modda. Xodimlarning va ular vakillarining talablarini ko‘rib chiqish
Ish beruvchilar xodimlarning o‘zlariga yuborilgan talablarini ko‘rib chiqish uchun qabul qilishi shart.
Ish beruvchi qabul qilingan qaror to‘g‘risida kasaba uyushmasi qo‘mitasiga xodimlarning talablari olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida yozma shaklda xabar beradi.
Ish beruvchilarning (ish beruvchilar birlashmalarining) vakillari kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining, agar tegishli darajada kasaba uyushmalari mavjud bo‘lmasa, xodimlar boshqa birlashmalarining o‘zlariga yuborilgan talablarini ko‘rib chiqishi va qabul qilingan qaror haqida ularga ko‘rsatilgan talablar olingan kundan e’tiboran bir oy ichida xabar berishi shart.
573-modda. Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari
Jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) tartibi quyidagi bosqichlardan iborat:
nizoni yarashtirish komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqishdan;
nizoni mediator ishtirokida ko‘rib chiqishdan;
nizoni mehnat arbitrajida ko‘rib chiqishdan.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining hech biri yarashtiruv tartib-taomilida ishtirok etishdan bosh tortishga haqli emas.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining vakillari, yarashtirish komissiyasi, mediator, mehnat arbitraji, jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organi yuzaga kelgan jamoaviy mehnat nizosini hal etish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalanishi shart.
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari ushbu paragrafda nazarda tutilgan muddatlarda o‘tkaziladi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarini o‘tkazish uchun nazarda tutilgan muddatlar jamoaviy mehnat nizosi taraflarining roziligiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. Muddatni uzaytirish to‘g‘risidagi qaror yarashtirish komissiyasi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
574-modda. Jamoaviy mehnat nizosini yarashtirish komissiyasi tomonidan hal etish (tartibga solish)
Ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida jamoaviy mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kundan e’tiboran ikki ish kunigacha bo‘lgan muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida jamoaviy mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda esa jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kundan e’tiboran uch ish kunigacha bo‘lgan muddatda yarashtirish komissiyasi tuziladi.
Jamoaviy mehnat nizosini ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida hal etish chog‘ida yarashtirish komissiyasini tuzish haqidagi qaror ish beruvchining tegishli buyrug‘i (farmoyishi) va kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida jamoaviy mehnat nizolarini hal etish chog‘ida yarashtirish komissiyalarini tuzish to‘g‘risidagi qarorlar tegishli darajadagi ish beruvchilar vakillarining va xodimlar vakillarining tegishli hujjatlari (buyrug‘i, farmoyishi, qarori) bilan rasmiylashtiriladi.
Yarashtirish komissiyasi jamoaviy mehnat nizosi taraflarining vakillaridan teng asosda shakllantiriladi.
Ish beruvchi (ish beruvchilarning vakili) yarashtirish komissiyasining ishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
Ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasidagi jamoaviy mehnat nizosi yarashtirish komissiyasi tomonidan besh ish kunigacha bo‘lgan muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalaridagi jamoaviy mehnat nizosi esa yarashtirish komissiyasini tuzish haqida tegishli hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
574-modda. Jamoaviy mehnat nizosini yarashtirish komissiyasi tomonidan hal etish (tartibga solish) (davomi)
Yarashtirish komissiyasining qarori jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuvi asosida qabul qilinadi, bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bu nizo taraflari uchun majburiy kuchga ega hamda yarashtirish komissiyasining qarorida belgilangan tartibda va muddatlarda ijro etiladi.
Yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining taraflari kelishmovchiliklarning bayonnomasini tuzadi va jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida ko‘rib chiqish to‘g‘risida muzokaralarga kirishadi.
Agar kelishmovchiliklar bayonnomasi tuzilganidan keyin uch ish kuni ichida jamoaviy mehnat nizosining taraflari muzokaralarga kirishmasa, jamoaviy nizoni mediator ishtirokida ko‘rib chiqish haqidagi masala taraflar kelishuvga erishmaganligi sababli olib tashlanadi. Bu holda taraflar nizoni mehnat arbitrajiga ko‘rib chiqish uchun topshirish to‘g‘risidagi muzokaralarga o‘tadi.
575-modda. Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish)
Yarashtirish komissiyasi kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosi taraflari jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) haqida muzokaralar o‘tkazishi shart. Jamoaviy mehnat nizosi taraflari kelishuvga erishmagan taqdirda, taraflar yoki taraflardan biri bu yarashtiruv tartib-taomilini rad etganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi va taraflar jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) haqidagi muzokaralarga kirishadi.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risidagi roziligi bo‘lgan taqdirda tegishli kelishuv tuziladi, shundan so‘ng jamoaviy mehnat nizosining taraflari mediator nomzodini ikki ish kunidan oshmagan muddatda kelishib olishi shart. Zarur hollarda, jamoaviy mehnat nizosining taraflari mediatorlikka nomzodni tavsiya qilishni so‘rab jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha tegishli davlat organiga murojaat qilishi mumkin. Agar mazkur muddat mobaynida jamoaviy mehnat nizosining taraflari mediator nomzodi xususida kelishuvga erishmagan bo‘lsa, unda ular jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) bo‘yicha muzokaralarga kirishadi.
Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) tartibi qonunga muvofiq jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
575-modda. Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) (davomi)
Mediator jamoaviy mehnat nizosining taraflaridan ushbu nizoga taalluqli zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rashga hamda olishga haqlidir.
Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida besh ish kunigacha muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida esa mediator tanlangan kundan e’tiboran o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi va jamoaviy mehnat nizosining taraflari tomonidan kelishilgan qarorni yozma shaklda qabul qilish yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzish bilan yakunlanadi.
576-modda. Jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish)
Mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha organdir. Vaqtinchalik mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosi taraflari tomonidan mazkur jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha tegishli davlat organi bilan birgalikda tuziladi. Tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyaning qaroriga ko‘ra komissiya huzurida taraflarning kelishuvi asosida hal etish (tartibga solish) uchun o‘ziga topshiriladigan jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji tuzilishi mumkin.
Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) yakunlanganidan keyin kelishmovchiliklar bayonnomasi tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay yoxud mediator nomzodi xususida jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuviga erishilishi kerak bo‘lgan muddat tugagach yoki taraflarning yoki taraflardan biri jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etishni (tartibga solishni) rad etganligi to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin jamoaviy mehnat nizosining taraflari jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi shart.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflari jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etishga (tartibga solishga) rozi bo‘lgan taqdirda, ular tomonidan mehnat arbitrajining qarorlarini bajarish majburiyligi to‘g‘risidagi shartni o‘z ichiga olgan tegishli kelishuv tuziladi. Shundan so‘ng jamoaviy mehnat nizosining taraflari ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ikki ish kunigacha bo‘lgan muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) esa to‘rt ish kunigacha bo‘lgan muddatda jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha tegishli davlat organi bilan birgalikda ushbu jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun vaqtinchalik mehnat arbitrajini tuzishi yoxud uni tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya huzurida tashkil etilgan doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitrajiga hal etish (tartibga solish) uchun topshirishi shart.
576-modda. Jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) (davomi)
Vaqtinchalik mehnat arbitrajining tarkibi va reglamenti ish beruvchining (ish beruvchilar vakilining), xodimlar vakilining hamda jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha davlat organining qarori bilan belgilanadi. Doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitrajida jamoaviy mehnat nizosini hal qilish (tartibga solish) uchun mehnat arbitrajining tarkibini shakllantirish tartibi hamda uning reglamenti tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya tomonidan tasdiqlanadigan doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitrajining namunaviy nizomi tasdiqlanishi mumkin.
Jamoaviy mehnat nizosi ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ushbu nizo taraflarining vakillari ishtirokida besh ish kunigacha bo‘lgan muddatda, jamoaviy mehnat nizosini ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida hal etishda esa vaqtinchalik mehnat arbitraji tuzilgan yoki jamoaviy mehnat nizosi doimiy asosda faoliyat ko‘rsatayotgan mehnat arbitrajiga hal etish (tartibga solish) uchun topshirilgan kundan e’tiboran o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda mehnat arbitrajida hal etiladi (tartibga solinadi).
576-modda. Jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) (davomi)
Mehnat arbitraji:
jamoaviy mehnat nizosi taraflarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
jamoaviy mehnat nizosiga taalluqli bo‘lgan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni oladi;
zarur bo‘lgan hollarda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini jamoaviy mehnat nizosining ehtimol tutilgan ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa oqibatlari to‘g‘risida xabardor qiladi;
jamoaviy mehnat nizosining mohiyatiga ko‘ra qaror qabul qiladi.
Mehnat arbitraji qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Mehnat arbitrajining jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) to‘g‘risidagi qarori ushbu nizo taraflariga qaror qabul qilingan kunning keyingi ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda topshiriladi.
Agar ushbu Kodeks 589-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga binoan jamoaviy mehnat nizosini hal qilish uchun ish tashlash o‘tkazib bo‘lmaydigan bo‘lsa, jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida ko‘rib chiqish majburiy hisoblanadi va mehnat arbitrajining qarori taraflar uchun, ularning ushbu masala bo‘yicha kelishuvi mavjudligidan qat’i nazar, majburiy hisoblanadi.
Agar taraflar vaqtincha mehnat arbitrajini tuzish, uning tarkibi va qoidalari to‘g‘risida yoki jamoaviy mehnat nizosini doimiy mehnat arbitrajiga o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishmasa, ushbu masalalar yuzasidan qaror jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 568-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish
- Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya qarorining ijro etilishi
- Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish)
- Da’vo miqdoriga va uni ta’minlashga doir cheklovlarning mavjud emasligi
To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish. 568-modda: Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish.
Mehnat kodeksi: «Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish» qaysi moddada belgilangan?
- 575-modda
- 563-modda
- 568-modda
- 566-modda
To‘g‘ri javob: 568-modda. 568-modda: Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirish.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifi noto‘g‘ri yoki qonunchilikka muvofiq emas deb topilgan taqdirda sud nima qiladi?
- Ta’rifni o‘zgartirmasdan qoldiradi va xodimni ishga tiklash to‘g‘risida qaror qabul qiladi
- Mehnat shartnomasini avtomatik tarzda qayta tuzadi va asosni ish beruvchining ichki hujjatiga havola qiladi
- Ushbu ta’rifni o‘zgartiradi va asosni qonunning tegishli moddasiga havola qilgan holda ko‘rsatadi
- Ishni qo‘shimcha tekshiruv uchun ish beruvchiga qaytaradi va ta’rifni o‘zgartirishdan voz kechadi
To‘g‘ri javob: Ushbu ta’rifni o‘zgartiradi va asosni qonunning tegishli moddasiga havola qilgan holda ko‘rsatadi. 568-moddaga ko‘ra, sud ta’rifni o‘zgartiradi va bekor qilish asosini qonunning tegishli moddasiga (qismiga, bandiga, xatboshiga) havola qilib ko‘rsatadi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining ta’rifini o‘zgartirayotganda sud bir vaqtning o‘zida yana qaysi masalani hal qiladi?
- Xodimga tegishli ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori haqidagi masalani
- Ish beruvchining ma’muriy jarimaga tortilishi va uning miqdori haqidagi masalani
- Xodimning boshqa kasb bo‘yicha majburiy qayta o‘qitilishi haqidagi masalani
- Xodimning kasaba uyushmasi a’zoligini davom ettirish haqidagi masalani
To‘g‘ri javob: Xodimga tegishli ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori haqidagi masalani. 568-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, sud kafolatlar va ishdan bo‘shatish nafaqasi miqdori masalasini bir vaqtda hal qiladi.
Mehnat kodeksi — 569-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi
- Xodimlarning va ular vakillarining talablar qo‘yishi
- Jamoaviy mehnat nizosini yarashtirish komissiyasi tomonidan hal etish (tartibga solish)
- Asosiy tushunchalar
To‘g‘ri javob: Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi. 569-modda: Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi.
Mehnat kodeksi: «Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi» qaysi moddada belgilangan?
- 569-modda
- 570-modda
- 571-modda
- 574-modda
To‘g‘ri javob: 569-modda. 569-modda: Ayrim yakka tartibdagi mehnat nizolari bo‘yicha qarorlarning darhol ijro etilishi.
Quyidagi qarorlardan qaysi biri Mehnat kodeksiga ko‘ra darhol ijro etilishi lozim?
- Ish haqini oshirish to‘g‘risidagi talab rad etilganligi haqidagi sud qarori
- Ish beruvchining jarima solish to‘g‘risidagi ichki buyrug‘i va uning ijrosi
- Yillik ta’til jadvalini tasdiqlash to‘g‘risidagi ish beruvchi qarori
- G‘ayriqonuniy bo‘shatilgan xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi sud qarori
To‘g‘ri javob: G‘ayriqonuniy bo‘shatilgan xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi sud qarori. 569-moddaga ko‘ra, ishga tiklash to‘g‘risidagi qaror darhol ijro etilishi lozim.
Ish beruvchi ishga tiklash to‘g‘risidagi qarorning ijrosini kechiktirsa, xodimga nima to‘lanadi?
- Ijro kechiktirilgan vaqtning faqat birinchi oyi uchun o‘rtacha ish haqi
- Ijro kechiktirilgan butun vaqt uchun o‘rtacha ish haqi yoki ish haqidagi farq
- Ijro kechiktirilgan butun vaqt uchun mehnat ta’tili kompensatsiyasi va jarima
- Ijro kechiktirilgan vaqt uchun hech narsa to‘lanmaydi, qaror ixtiyoriy ijro etiladi
To‘g‘ri javob: Ijro kechiktirilgan butun vaqt uchun o‘rtacha ish haqi yoki ish haqidagi farq. 569-moddaga ko‘ra, ijro kechiktirilgan butun vaqt uchun xodimga o‘rtacha ish haqi yoki farq to‘liq miqdorda to‘lanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash