Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish (5/6)
Vii Bo‘Lim. Xodimlarning Mehnat Huquqlarini Himoya Qilish. Mehnat Nizolarini Ko‘Rib Chiqish
577-modda. Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlaridir.
Ish beruvchi jamoaviy mehnat nizosi boshlangan paytdan e’tiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organini tashkilotda nizo yuzaga kelganligi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
ijtimoiy sheriklikning tarmoq va respublika darajasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizolarining hisobini yuritadi;
jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga ko‘maklashadi;
mehnat arbitrlarini hisobga olish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yuritadi;
mehnat arbitrlarini tayyorlashni tashkil etadi;
jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida ko‘rib chiqishga doir ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyalarni tasdiqlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari.
ijtimoiy sheriklikning birlamchi va hududiy darajasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizolarining hisobini yuritadi;
jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga ko‘maklashadi.
577-modda. Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari (davomi)
Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida:
zarur bo‘lgan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosi taraflari vakillarining vakolatlarini tekshiradi;
jamoaviy mehnat nizolarining yuzaga kelish sabablarini aniqlaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
jamoaviy mehnat nizosining taraflariga uni ko‘rib chiqish va tartibga solishning barcha bosqichlarida uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga doir ishlarni tashkil etish chog‘ida xodimlar va ish beruvchilarning vakillari bilan hamkorlik qiladi.
Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarining vakolatli xodimlari tashkilotdagi jamoaviy mehnat nizosi to‘g‘risida xabar olingan paytdan boshlab ish beruvchining ish joyiga jamoaviy mehnat nizosini hal qilish, nizoning sabablarini aniqlash va hal qilishga ko‘maklashish uchun xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan holda moneliksiz tashrif buyurish huquqiga ega.
578-modda. Jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etuvchi shaxslar uchun kafolatlar
Yarashtirish komissiyasining a’zolari, mehnat arbitrlari jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etish vaqtida nizoni hal etish (tartibga solish) vaqti uchun o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda asosiy ishidan ozod qilinadi.
Xodimlarning, ular birlashmalarining jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etayotgan vakillari jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) davrida intizomiy jazoga tortilishi, boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emas, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ularning vakilligiga vakolat bergan organning oldindan roziligini olmay turib, ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin emas.
579-modda. Yarashtiruv tartib-taomillarida ishtirok etishdan bo‘yin tovlash
Jamoaviy mehnat nizosi taraflaridan biri yarashtirish komissiyasini tuzishda yoki uning ishida ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazishni talab qilishga haqli.
Jamoaviy mehnat nizosining taraflaridan biri jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risidagi muzokaralardan bo‘yin tovlagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay, jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazishni talab qilishga haqli.
Ish beruvchi (ish beruvchining vakili) vaqtinchalik mehnat arbitrajini tuzishdan, jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitrajiga o‘tkazishdan yoki jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, yarashtiruv tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini hal etishga (tartibga solishga) olib kelmagan deb hisoblanadi.
580-modda. Jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) jarayonida mehnat nizosining taraflari erishgan kelishuvlar va ularning bajarilishi ustidan nazorat
Nizoni hal etish (tartibga solish) jarayonida jamoaviy mehnat nizosi taraflari erishgan kelishuvlar yozma shaklda rasmiylashtiriladi va jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun majburiy kuchga ega. Ularning bajarilishi ustidan nazorat jamoaviy mehnat nizosining taraflari, shuningdek mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
581-modda. Ish tashlash huquqi
Agar ushbu Kodeksda belgilangan yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, shuningdek ish beruvchi yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillaridan bosh tortgan yoki jamoaviy mehnat nizosini hal qilish paytida erishilgan kelishuvni bajarmagan bo‘lsa, mehnat jamoasi jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning usuli sifatida ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriydir. Hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilinishi mumkin emas.
Ish tashlash, qoida tariqasida, xodimlarning doimiy ish joyida amalga oshiriladi.
582-modda. Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish
Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror tashkilot (filial, vakolatxona yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linma) xodimlarining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) qatnashayotgan xodimlarning (delegatlarning) ellik foizidan ko‘prog‘i yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi.
Tashkilot (filial, vakolatxona yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linma) xodimlarining umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi) tomonidan ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin ushbu Kodeksning 36-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
ish tashlashni e’lon qilish va o‘tkazish uchun asos bo‘lgan jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishmovchiliklari ro‘yxati;
ish tashlash boshlanadigan sana, vaqt va joy;
ish tashlashga rahbarlik qiluvchi va uning ish tashlash chog‘idagi vakolatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
xodimlarning yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarida ishtirok etuvchi vakillari ro‘yxati.
583-modda. Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida xabardor qilish
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida ish beruvchini ushbu qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
Ish beruvchi bo‘lajak ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida yozma xabarnomani olgan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay bu haqda jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.
Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorda belgilangan vaqtda ish tashlash boshlanmagan bo‘lsa, jamoaviy mehnat nizosini hal qilish ushbu Kodeksning 573-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
584-modda. Ish tashlashga rahbarlik qilish
Ish tashlashga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi.
Ish tashlashga rahbarlik qiluvchi:
xodimlar umumiy yig‘ilishlarini (konferensiyalarini) chaqirishga;
ish beruvchidan xodimlarning manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha ma’lumot olishga;
ish tashlashni e’lon qilish va o‘tkazish uchun asos bo‘lgan kelishmovchiliklarni hal qilishda xodimlar nomidan ish yuritishga;
kelishib olinishi zarur bo‘lgan masalalar bo‘yicha fikrlarni tayyorlash uchun mutaxassislarni jalb qilishga;
ish tashlashda ishtirok etayotgan xodimlarning ellik foizidan ko‘prog‘ining roziligi bilan ish tashlashni to‘xtatib qo‘yishga haqli.
Ish tashlashga rahbarlik qiluvchi:
ish tashlash amalga oshirilayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashi;
jamoaviy mehnat nizosini tinch yo‘l bilan hal etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi;
ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorda nazarda tutilgan ish tashlash boshlanadigan sana, vaqt va joyga doir talablarga amal qilinishini ta’minlashi;
jamoaviy mehnat nizosi taraflariga, davlat organlari va tashkilotlariga yolg‘on yoki buzib ko‘rsatilgan axborot taqdim qilmasligi;
o‘ziga berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqmasligi shart.
585-modda. Xodimlarga ish tashlash munosabati bilan beriladigan kafolatlar
Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Ish tashlash paytida unda ishtirok etadigan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi.
Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini to‘lamaslik huquqiga ega.
Ish tashlashda ishtirok etmagan, biroq ish tashlash o‘tkazilayotganligi sababli bekor turib qolgan xodimlarga haq to‘lash ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ish tashlashda ishtirok etmagan xodimlar bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 577-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida xabardor qilish
- Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari
- Xodimlarning va ular vakillarining talablarini ko‘rib chiqish
- Jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etuvchi shaxslar uchun kafolatlar
To‘g‘ri javob: Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari. 577-modda: Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari.
Mehnat kodeksi: «Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari» qaysi moddada belgilangan?
- 583-modda
- 572-modda
- 577-modda
- 578-modda
To‘g‘ri javob: 577-modda. 577-modda: Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari.
Quyidagilardan qaysi biri Mehnat kodeksiga ko‘ra jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlari hisoblanadi?
- Davlat soliq qo‘mitasi hamda uning viloyat va tuman hududiy boshqarmalari
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari
- Adliya vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari va notarial idoralari
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning hududiy moliya bo‘limlari
To‘g‘ri javob: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari. 577-moddaga ko‘ra, jamoaviy nizolarni tartibga solish bo‘yicha davlat organlari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va uning hududiy tuzilmalaridir.
Ish beruvchi jamoaviy mehnat nizosi boshlangan paytdan e’tiboran qancha muddatda davlat organini nizo haqida xabardor qiladi?
- Uch ish kuni ichida yozma ravishda
- Besh ish kunidan kechiktirmay
- Bir hafta ichida yozma ravishda
- Keyingi ish kunidan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Keyingi ish kunidan kechiktirmay. 577-moddaga ko‘ra, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay davlat organini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ijtimoiy sheriklikning qaysi darajalarida yuzaga keladigan jamoaviy nizolarning hisobini yuritadi?
- Tarmoq va respublika darajasida
- Faqat birlamchi daraja doirasida
- Faqat hududiy daraja doirasida
- Faqat korxona va tuman darajasida
To‘g‘ri javob: Tarmoq va respublika darajasida. 577-moddaga ko‘ra, Vazirlik tarmoq va respublika darajasidagi jamoaviy nizolar hisobini yuritadi.
Mehnat arbitrlarini hisobga olish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini kim yuritadi?
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi mehnat nizolari departamenti
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi hududiy bo‘limlar
- O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi
- O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi va uning bo‘limlari
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi. 577-moddaga ko‘ra, mehnat arbitrlarini hisobga olish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini Vazirlik yuritadi.
Viloyatlar va Toshkent shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari ijtimoiy sheriklikning qaysi darajalarida yuzaga keladigan nizolar hisobini yuritadi?
- Birlamchi va hududiy
- Faqat respublika
- Faqat tarmoq
- Tarmoq va respublika
To‘g‘ri javob: Birlamchi va hududiy. 577-moddaga ko‘ra, bosh boshqarmalar birlamchi va hududiy darajadagi jamoaviy nizolarning hisobini yuritadi.
Ish beruvchi jamoaviy nizo boshlangan kunning ertasi kuni davlat organini xabardor qilmadi, uch kun o‘tgach xabar berdi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Muddat buzilmagan, chunki ish beruvchi uch kun ichida xabar berishga haqli edi
- Muddat buzilgan, chunki keyingi ish kunidan kechiktirmay xabar berishi shart edi
- Muddat buzilmagan, chunki jamoaviy nizo haqida xabar berish ish beruvchi uchun ixtiyoriy
- Muddat buzilgan, chunki bir oy ichida yozma xabar berish shart bo‘lgan edi
To‘g‘ri javob: Muddat buzilgan, chunki keyingi ish kunidan kechiktirmay xabar berishi shart edi. 577-moddaga ko‘ra, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay davlat organini xabardor qilishi shart.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash